Loy va plastilindan o‘yinchoqlar yasashning yana bir xususiyati uning turli o‘yinlar bilan uzviy bog‘liqligidir. Bajarilgan figuraning hajmliligi bolalarni shu o‘yinchoq yordamida turli o‘yin harakatlariga rag‘batlantiradi. Kichkintoylar o‘zlari yasagan buyumlarni mashgulot jarayonidayoq darhol ishga solib turli o‘yinlarni boshlab yuboradilar. Bolalar yoshiga xos bu xususiyat anchagina mavzularni o‘yin bilan bog‘lab o‘tkazish imkonini beradi. Masalan, bolalar loy va plastilindan idish-tovoqlar va o‘z qo‘g‘irchoqlari uchun nozu ne’matlar, kosmodrom, hayvoyat bog‘i, xokkey va boshqa o‘yinlar uchun kichkina figuralar yasashlari mumkin. Mashg‘ulotlarni o‘yin shaklida tashkil etish bolalarning loy va plastilindan o‘yinchoqlar yasashga qiziqishini oshiradi, kattalar va o‘z tengdoshlari bilan muloqotga kirishish imkoniyatini kengaytiradi.
Loy va plastilindan o‘yinchoqlar yasashning xususiyatini mashg‘ulotda foydalaniladigan materiallar belgilaydi. Guash bilan bo‘yalgan (suyultirilgan) loy mufel pechida pishirishga moslashtirilgan bo‘ladi. Bolalar yasagan o‘yinchoqlarni shu pechda pishirib olinsa, u xuddi humdonda pishgandek haqiqiy sopol o‘yinchoqqa aylanadi. Buning natijasida bolalar idish va boshqa sopol buyumlar yasash usullarini bilib oladilar, bu esa ularning tevarak-atrofdagi narsalar to‘g‘risidagi tasavvurlarini kengaytiradi.
Loy va plastilindan o‘yinchoqlar yasash jarayonida bolalarda mehnat malakalari va yeng shimarib ishlash, ish o‘rnini ozoda va tartibli saqlash, aylanadigan doirali dastgohdan foydalanish odatlari hamda predmetni hamma tomoniga ishlov berish zarurligi haqidagi tushuncha hosil bo‘ladi.
Dostları ilə paylaş: |