Syujetli o‘yinchoqlar yasash ham rasm chizish bilan qiyoslanadigan rasm chizishga nisbatan o‘z xususiyatiga ega. Rasmda syujetli kompozitsiya ko‘pincha tasvirlashning shartli usullaridan foydalanish bilan bog‘liq bo‘lsa (masalan, odamning yonidan ko‘rinishi bitta ko‘rinadigan tomonidan tasvirlansa; birinchi rejadagi predmetlar ikkinchi rejadagi figuralarga qaraganda yirikroq tasvirlansa va hokazo), loy va plastilin o‘yinchoqlar yasash shakllarni shartli ravishda o‘zgartirishni va fazo to‘g‘risida tasavvur hosil qilish uchun nisbatlarni qisqartirishni taqozo etmaydi.
Bolalar odatda keng syujetli tasvirlashga intilmaydilar — buni bog‘chadagi kichik va o‘rta guruhda ham, ba’zan katta guruhda ham kuzatish mumkin. Bola, masalan qizcha va jo‘janing harakatsiz holatda ifodalash bilan cheklanishi mumkin, lekin o‘sha zahoti ularni o‘ynay boshlaydi. Figuralarni stol ustida harakatlantirish, o‘sha harakatlarga mos gaplarni aytish bola yasagan o‘yinchoqni dinamika bilan to‘ldiradi, figuralarni xayoliy epizod
ishtirokchilariga aylantiradi. Odatda syujetli o‘yinchoqlar yasash mana shunday o‘yindan boshlanadi. Bolalar o‘yinchoqning mazkur turiga qiziqishi, tasvirlash usullarini o‘rganishi tufayli keng syujetli o‘yinchoqlarni ham yasaydilar.
Syujetli o‘yinchoq yasash boladan ko‘p ishlashni talab qiladi, chunki u kompozitsiyaga kiruvchi har bir predmetni yasashi, uni taglikka yoki tagliksiz kerakli holatda o‘rnatishi, detallar bilan to‘ldirishi lozim.
Syujetli kompozitsiya tuzish uchun avval taglik, uning hajmi va shakli haqida o‘ylab ko‘rish, keyin uni yasash, ustiga predmetlarni taqsimlash va mustahkamlash kerak. Ko‘pincha bolalar dastlab taglikning hajmi va shaklini o‘ylamaydilar, unga predmetlarni mustahkamlamaydilar, uni yupqa qilib yasaydilar. Taglikning shakli va o‘lchami umumiy muzmunga, figuralarning shakli va o‘lchamiga bo‘ysunmaydi. Buning sababi shuki, mazkur yoshdagi bolalar nazarida taglik — faqat bir sirt (pol, yer) bo‘lib, ustiga predmetlar joylashtiriladi. Tarbiyachi bolalarga qalin, yetarlicha hajmli va chiroyli taglik yasashni, uning ustiga predmetlarni mantiqan to‘g‘ri joylashtirishni o‘rgatishi kerak. Bu kompozitsion xarakterdagi vazifalarni muvaffaqiyatli hal etish imkonini beradi.
Tevarak-atrofdagi hayot epizodlari, ba’zi ertaklar, hikoyalar mazmuni loy
va plastilindan o‘yinchoqlar uchun syujet bo‘lishi mumkin.
Syujetli kompozitsiyalarning ifodaliligi faqat bolalar shaklni qay darajada tasvirlay olishiga emas, balki harakat tasviri orqali figuralarning o‘zaro aloqasini ifodalay olishiga ham bog‘likdir.
Syujetli o‘yinchoqlar yasashdagi asosiy vazifa: bolalarga 2—3 predmetdan iborat kompozitsiyani o‘ylash va tavsirlashni; syujetni hal qilishga ijodiy yondashish va asosiy narsani bo‘rttirib ifodalashni; predmetlarning shakli va nisbatlari haqidagi bilimlaridan, jonli obyektlar harakati ustidagi o‘z kuzatishlaridan, o‘yinchoq yasashning turli usullaridan foydalanishni o‘rgatishdan iboratdir.
Loy va plastilindan syujetli o‘yinchoqlar yasash, bog‘chaning faqat katta va tayyorlov guruhlarida amalga oshiriladi. Chunki bola predmetlar to‘g’risida ko‘p narsalarni bilishi hamda tasvirlashning turli usullaridan foydalana olishi kerak.
Oldingi guruhlarda bolalar faqat syujetli o‘yinchoqlar yasashga tayyorlanadilar hamda kerakli bilim va ko‘nikmalarni egallab boradilar.
Dostları ilə paylaş: |