Birinchi kichik guruhdagi mashg‘ulotlardayoq zehnni rivojlantirishga doir vazifalarni qo‘yish mumkin. Chunonchi, bolalar bir nechta shaklni tasvirlashni o‘rganib olgach ularga tarbiyachi tayyorlab qo‘ygan shar, disk, silindrdan qandaydir predmetlar yasashni taklif qilinadi. Bunday topshiriq bolalarni predmetlarni tasvirlashda qismlarni mustaqil mujassamlashga o‘rgatishi kerak. Mashg‘ulotlarning dastlabki natijalari doimo muvaffaqiyatli bo‘lavermaydi. Lekin kichkintoylar bilimlarni o‘zlashtira borib, oddiy predmetlarni mustaqil holda tasvirlay boshlaydilar.
Tarbiyachining o‘zi bolalarga biror predmetni yasash jarayonini ko‘rsatib berishi mumkin. Bu ish maxsus mashg‘ulotlarda bajarilib, bolalar faqat tarbiyachining loy yoki plastilindan o‘yinchoq yasashini tomosha qilib turadilar. Tarbiyachining harakatlarini ko‘rish uchun hamma bolalar uning ro‘parasiga yarim doira shaklida o‘tiradilar. Tarbiyachi bolalarga murojaat qilib, hozir men jo‘ja yasayman, deydi (yoki qandaydir boshqa predmetning nomini aytadi). U avval predmetning alohida qismlarini ishlaydi, so‘ng ularni bir-biriga yopishtiradi va har doim bajarayotgan ishlarini tushuntirib boradi. Bolalar butun ish jarayonini kuzatib turadilar, tayyor bo‘lgan o‘yinchoqlarni tomosha qiladilar.
Bunday mashg‘ulotlar juda foydalidir: ularda kichkintoylar loydan har xil predmetlar yasash mumkinligiga ishonch hosil qiladilar, tarbiyachining aniq harakatlarini ko‘radilar, loy yoki plastilindan o‘yinchoq yasashdan oldin bajariladigan ishning mavzusini o‘ylab ko‘rishga odatlanadilar.
Dostları ilə paylaş: |