Kichik guruhdagi bolalar o‘yinchoqlar yasashda biroz mustaqillik va faollik ko‘rsatishlari uchun ularni ishlarining natijasiga qarab maqtab qo‘yish lozim. Bunda o‘yin usullari tarbiyachiga qo‘l keladi. Bunda bolalar yasagan o‘yinchoqlardan foydalaniladi. Masalan, bolalar yasagan jo‘jalarni yashil qog‘oz varag‘i ustiga terib qo‘yish, qo‘g‘irchoq qo‘liga bayroqcha tutqazish, loy va plastilindan quyonchalar yasalayotganda ularni sabzi bilan ovqatlantirishni taklif qilish mumkin. Bu tadbirlar bolalarga ana shu qo‘shimchalar o‘yinchoqlarni yanada qiziqroq va ifodaliroq qilishini ko‘rsatadi. Kichik guruh bolalari qo‘shimcha predmetlar sifatida tarbiyachi loy yoki boshqa materiallardan yasagan detallardan foydalanadilar, kattaroq guruhlarda esa ularni o‘zlari yasaydilar.
Loy va plastilindan yasaladigan o‘yinchoqlarning obrazli bo‘lishiga erishish uchun tarbiyachi badiiy adabiyotga tayanadi. Bolalarga masalan bo‘g’irsoq obrazi yaxshi tanish va ular bo‘g‘irsoqning yo‘lda qanday dumalab borishini tasvirlashlari mumkin. Tarbiyachi xuddi shundan ustalik bilan foydalanadi: yasalgan hamma bo‘g‘irsoqlar stol ustiga terib chiqiladi. Stolda karton yoki fanerdan yasalgan archalar va so‘qmoqlar tayyorlab qo‘yilgan bo‘ladi. Bolalar tarbiyachi bilan birgalikda bo‘g‘irsoqlarni tomosha qiladilar va ularni o‘ynaydilar.
Har qanday mashg‘ulot oxirida bolalarga o‘zlari yasagan o‘yinchoq to‘g‘risida so‘zlab berishni taklif qilish mumkin. Bu ish bolaning tafakkuri va fantaziyasini rivojlantiradi.
Dostları ilə paylaş: |