Katta guruh bolalari obraz yaratishda shaklning aniqligiga kam e’tibor beradilar. Uni faqat detallar bilan to‘ldiradilar, Ular cho‘zish va yupqalashtirish usullarini doimo aniq bajaravermaydilar, yo‘l qo‘ygan xatolarini tuzatib o‘tirmaydilar. Buning birinchi sababi ular obrazga berilib ketib, figuracha tasvirlanayotgan predmetga o‘xshashi uchun uni zarur detallar bilan tezroq to‘ldirishga harakat qilishlari bo‘lsa, ikkinchi sababi bolalar uchun shaklning asosiy tashqi belgilari (bosh, oyoqlar, gavda va hokazolar) asosiy rol o‘ynashi, uni mufassal tasvirlash, tuzilishining barcha xususiyatlarini ifodalash bolalarga qiyinligidir.
5 yoshli bolalar plastilindan o‘yinchoq yasashda har doim ishni o‘zlari yoki kattalar rahbarligida kuzatgan obrazni yaratishdan boshlaydilar, lekin tasvirlashda mutanosiblikning noaniq chiqaradilar. Masalan, ular odam yoki hayvon figurasida boshni juda katta va oyoqlarni ingichka qilib qo‘yishlari mumkin. Chunki bolalar uchun qismlarni o‘zaro muvofiqlashtirish hali qiyinlik qiladi. Lekin ularda oyoq, qo‘llarning gavdaga nisbatan uzunligini qiyoslash ehtiyojini vujudga keltirish kerak.
Bolalar ko‘proq ifodalash vositalarining fakturani pardozlash usullaridan foyalanadilar. Bunda buyum sirtini yog‘och qalam bilan chizadilar (botiq relyef hosil qiladilar) yoki unga mayda loy bo‘laklarini yopishtiradilar. Bolalarning bu ishlari ularning obrazli tasvirlash faoliyatini belgilaydi, predmetni aynan o‘zidek tasvirlashga intilishlarini ko‘rsatadi. Bolalar o‘zlari yaratayotgan obrazni mayda detallar bilan to‘ldirishda ko‘pincha ularni hajmli qilib ifodalaydilar. Masalan, ular baliqning ko‘zlarini ikkita kichkina sharcha ko‘rinishida, qulog‘i, og‘zi va tangachalarini yassi yarim doirachalar shaklida yasaydilar.
Mazkur yoshdagi bolalar shaklni batafsil ishlashga harakat qilmasliklari sababli mashg‘ulot paytida ularning boshqa yoki bir xil predmetlarni yasash uchun vaqtlari qoladi (chunonchi, mushukni tasvirlayotgan bola likopcha yoki sut solish uchun tovoqcha ham yasashi mumkin). Besh yashar bolalar yasagan haykalchalarning o‘ziga xos xususiyati ularning qismlari bir-biriga mustahkam biriktirmasligidir. Bolalar boshni, qanotlarni va boshqa qismlarni zich qilib o‘rnatishni unutib qo‘yadilar, bunga unchalik e’tibor bermaydilar; faqat tarbiyachining maxsus ko‘rsatmasidan keyin bu ishni ancha puxta bajaradilar.
Loy va plastilindan obraz yaratishda tasvirlashning turli usullaridan foydalanish bo‘yicha egallangan ko‘nikmalar katta rol o‘ynaydi. Masalan, bolalar qismlardan predmetlarni konstruksiyalaydilar. Bundan tashqari, ular yaxlit loy bo‘lagidan predmetning biror qismini cho‘zib yasashga kirishishlarini, bu usulni o‘zlaricha yasagan predmetni tasvirlashga ko‘chirishlarini kuzatish mumkin. Besh yashar bolalar yaxlit bo‘lakdan jonivorlarning tanasi va oyoqlarini yasay oladilar; bunda ular haykaltaroshlar qalamchasi bilan kerakli joylarga botiq shakllar chizadilar.
Katta guruhdagi bolalar loy bilan ishlash tartiblilikni talab qilishini; loyni stol ustiga, polga tashlash mumkin emasligini yaxshi biladilar. Kichik va o‘rta guruhlarda bolalar taxta ustida o‘yinchoq yasashgan, katta guruhda esa ulardan murakkabroq tasviriy vositalarni ishga solish talab qilinadi va aylanadigan dastgohlardan foydalaniladi. Dastgohda ishlash bolalarga haykalchani qo‘l bilan aylantirmay, uning hamma tomonlariga ishlov berish uchun qulaydir. Bundan tashqari, bu ish bolalarga juda qiziqarli bo‘lib, ular dastgohlarda har xil o‘yinchoqlarni maroq bilan yasaydilar.
Shunday qilib, besh yoshli bolalarning ijodiy imkoniyatlari o‘rta guruhdagi bolalarning imkoniyatidan ancha kengligini ko‘rish mumkin. Ular endi loy va plastilindan o‘yinchoqlar yasashning ko‘proq usullarini, ifoda vositalarining shaklni tasvirlash, predmetni detallar byalan to‘ldirish kabi usullaridan foydalanish ko‘nikmalarini egallagan bo‘ladilar. Bularning hammasi fikrni aniqlash va hal qilishda, ifoda vositalaridan foydalanishda ko‘proq mustaqillik ko‘rsatish uchun katta imkoniyat yaratadi.
Masalan, bolalar tavsiya bo‘yicha «Oltin tojli xo‘rozcha» haykalini yasashda shaklga mumkin qadar ko‘proq ifodalilik baxsh etishga harakat qiladilar va barcha qismlarning nisbatini tezda bilib oladilar. Ularni juda ko‘p detallar, masalan, xo‘rozchaning toji, tumshugi, dumidagi, qanotidagi patlari qiziqtiradi, lekin shunda ham bolalar figuraning umumiy mutanosibligi to‘grisida hali o‘ylab ko‘rmaydilar.
Yasalgan figuralar turli holatlarda o‘rnatiladi. Chunki bolalarning javoblaridan ma’lum bo‘lishicha, ular tasvirlanayotgan harakatni oldin o‘ylab olmaydilar, balki hosil bo‘lgan figurani xo‘rozning qandaydir harakatiga o‘xshatadilar. Masalan, bola xo‘rozni yasaydi va uning boshini juda engashtirib qo‘yadi, bu holat unga donlayotgan xo‘rozning turishini eslatadi, bola uning bo‘yni va boshini yanada pastroqqa egib «mening xo‘rozim don yemoqda» deydi. Bolalar harakatni turli ifoda vositalaridan foydalanadilar. Masalan, ular figuraning boshini baland va orqaga tashlangan holda tasvirlab, buni «xo‘roz qichqirmoqda» deb izohlaydilar. Bular hammasi shundan dalolat beradiki, bolalar obrazni faol idrok etadilar va to‘la mustaqil holda ishlaydilar. Biroq, predmetning murakkab yaqqol harakatlarini unchalik yaxshi tasvirlay olmaydilar. Bolaning predmetlarni harakatda tasvirlashga intilishi katta guruhdagi bolalar to‘la shakllangan ko‘rish obrazlariga ega ekanini, bundan tashqari ular obrazlarni harakatda fikrlay olishlari va tasvirlay bilishlarini ko‘rsatadi.
Dostları ilə paylaş: |