Tavsiya bo‘yicha o‘tkaziladigan mashg‘ulotlar bolalardagi ijodkorlik tashabbusini rivojlantirishga yordam beradi. Bunday tashabbus katta guruh bolalarida ham, o‘rta guruhdagi bolalar kabi turli narsalar shaklini yasayotgan paptda ularni har xil detallar va boshqa predmetlar bilan mustaqil holda to‘ldirishda namoyon bo‘ladi. Bunday to‘ldirish mantiqan to‘g‘ri bo‘lsa, tarbiyachi bolalarni rag‘batlantirib qo‘yadi, asoslanmagan bo‘lsa, tarbiyachi bu detal ortiqcha ekanligiga bolani ishontirishga harakat qiladi. Masalan, bolalar loydan mushukni yasashar edi. Uning holatini tasvirlashda har bir bola o‘zicha ijodiy tashabbus ko‘rsatdi. Figuraning qismlarini har xil yo‘sinda tasvirladi. Bundan tashqari ko‘pchilik bolalar o‘yinchoqni qo‘shimcha predmetlar bilan to‘ldirdilar. Bu predmetlar ularga ishning mazmunini chuqurroq ochishda yordam beradi: gul tasvirlandi - mushuk gulning yonida turibdi, mushukning ro‘parasida bir koptok ishlandi - mushuk koptokni dumalatib o‘ynayapti va hokazo.
Bolalar obraz yaratishda mustaqillik ko‘rsatishlari, ongli va rejali ravishda harakat qilishni o‘rganishlari uchun tarbiyachi juda katta tayyorgarlik ishlari olib bordi: u bolalarni tez kunda mushukni yasaymiz, deb ogohlantirib qo‘ydi; bolalar bilan birga mushukni obdon tomosha qilib, uning biror harakatida gavdasi va tanasidagi a’zolari qanday holatda turishiga bolalar e’tiborini qaratdi: keyin bolalarga mushukning turli holatlari tasvirlangan suratlarni ko‘rsatdi; uyga borganda mushukni yaxshilab ko‘rishni tavsiya etdi. Bular mushukning ifodali figurani yasash uchun zarur taassurotlarni to‘plashda yordam berdi.
Ba’zi hollarda tasvirlash usullarini ko‘rsatib berish bolalar tashabbusini bo‘gib qo‘yishini esda tutgan tarbiyachi bolalarga atayin mushukni tasvirlash usullarini ko‘rsatmadi. Bunda bolalarda zarur ko‘nikmalar borligini hisobga oldi.
Mashgulot boshlanishida tarbiyachi faqat bolalardan o‘z uyida qanday mushukni kuzatgani va uni qay tarzda tasvirlamoqchi ekanini so‘rab chiqdi. Ish boshlanishidayoq har bir bolaning fikrini aniqlash mumkin edi. Bolalar mazmunan qiziqarli ko‘p figuralarni yasadilar: har bir bola uyida ko‘rgan mushukni o‘zi eslab qolgan holatida tasvirladi. Shunga ko‘ra, tarbiyachining topshirig‘i ish jarayonida bolalarni ijodiy tashabbus ko‘rsatishga yo‘naltirdi, deyish mumkin. Lekin baribir bolalar yasagan figuralarning shakli umumlashgan xarakter kasb etgan: mushukning boshi shar shaklida, quloqlari sal orqaga chimrilgan holatda, gavdasi oval yoki silindr, oyoqlari ham silindrlar shaklida tasvirlang‘an edi. Tasvirlashga bunday yondashish katta bog‘cha yoshidagi bolalar hali predmetniig shaklini to‘liq ifodalay olmasligini ko‘rsatadi.
Besh yashar bolalar bilan fikrlash bo‘yicha mashg‘ulot o‘tkazish o‘rta guruhdagi bolalarga nisbatan chuqurroq xarakter kasb etadi. Bu esa bolalarda atrofdagi narsalar to‘g‘risidagi bilimlar ko‘p bo‘lsa, loy va plastilindan o‘yinchoqlar yasash ko‘nikmalari ham ko‘p bo‘lishini bildiradi.
Odatda bolalar o‘ylab qo‘yilgan mavzuni yarim yo‘lda qoldirib
ketmaydilar, ular boshlagan ishlarini oxiriga yetkazadilar. O‘z harakatlarining to‘g‘riligini isbotlash uchun ko‘pincha bir predmetning shaklini kattalar aytmasa ham, o‘zlaricha qayta-qayta yasayveradilar va ularni bitta syujetga birlashtiradilar. «Mana bu ikkita kuchuk bir-biri bilan uchrashib qoldi. Mana bunisi mushuk, yonidagisi uning bolasi»,-deyishadi bolalar o‘z ishlari to‘g‘risida gapirganda. Bola o‘z ishiga obrazni kuchaytiradigan predmetlarni ko‘shadi. Masalan, qiz bola haykalchasini yasagan bolalar unga qalpoqcha kiygizib qo‘yadi. Uning yoniga kuchukcha, qushchani va hokazolarni yasaydi. Shu tariqa syujetni rivojlantirib, figurani taglikka yoki stol ustiga o‘rnatishlari mumkin. Bolalar o‘zlari yasagan narsalarni qiziqib o‘ynaydilar hamda nimalarni yasaganliklarini maroq bilan so‘zlaydilar. Bundan foydalangan tarbiyachi ularga oldin (mashgulotdan bir kun ilgari) haykalcha yasash uchun mavzu tanlab kelishni topshiradi. Masalan, «Bo‘g‘irsoq» ertagidagi epizodlar to‘g‘risida o‘ylab ko‘rishni taklif qilish mumkin. Shuni ta’kidlash kerakki, 5-6 yashar bolalar bunday takliflar ustida uzoq o‘ylab o‘tirmaydilar, lekin har holda tasvirlashga ma’lum darajada tayyor bo‘ladilar. Shu maqsadda tarbiyachi bolalarga ertakni o‘qib beradi, uning syujeti bo‘yicha nimalar yasash mumkinligini aytadi. Mashg‘ulotni boshlashdan oldin bolalarga ertakni yana bir bor eslashni taklif qiladi va tasvirlash uchun qiziqarli mavzu tanlashni aytadi.
Dostları ilə paylaş: |