Maktabga tayyorlov guruhidagi bolalar predmetlarning shaklini ancha yaxshi ta’riflaydilar, bu esa ular o‘yinchoqlar yasashda shaklni aniqroq chiqarishga intilishini vujudga keltiradi.
Bolalarga tegishli ta’lim berilsa, ular predmet shaklini topishga tobora ongliroq yondasha boshlaydilar. Goho ular o‘zlari yasagan o‘yinchoqni o‘zlariga yoqmagani uchun buzib tashlash va yangi variantda yasashga ahd qiladilar. Bu hol bolalar ijodkorligi yuqoriroq darajada namoyon bo‘layotganini ko‘rsatadi. Chunki endi bola o‘zi yasagan ishni mustaqil baholaydigan, o‘z bilim va ko‘nikmasi asosida tasvirni yaxshilay oladigan bo‘ladi.
Tayyorlov guruhida bolalar ijodkorligini rivojlantirish masalasi kengroq qo‘yiladi va u bolalarning rivojlanganligi, umumiy tayyorgarlik darajasi bilan belgilanadi.
Bolalarda faqat predmetning shaklini, mutanosibligini ifodalash istagi paydo bo‘lib qolmay, ular detallar, shaklning xususiyatlari, manzarali bezaklar va obrazni to‘ldiruvchi predmetlar hisobiga predmetni yanada ifodaliroq qilishga ham intiladilar.
Maktabgacha yoshdagi bolalar loy va plastilin o‘yinchoqlar yasashda ularni har doim predmetning harakati qiziqtiradi. Kichik guruhdagi bola hali obrazni harakatli tasvirlashni bilolmasligi sababli harakatni og‘zaki sharhlaydi va ayni bir vaqtda o‘yinchoqni bir joydan ikkinchi joyga surib o‘ynaydi. Bog’chaning katta guruhida bolalar predmetlarning uncha murakkab bo‘lmagan harakatini o‘yinchoqlarda tasvirlay boshlaydilar (masalan, oyoqlarni qadam qo‘yilayotgandek, qo‘lni yuqoriga ko‘tarilgan holda, gavdani sal oldinga engashtirib ishlaydilar). Tayyorlov guruhida harakatlarni tahlil qilishda umumiy tajribaga ega bo‘ladilar. Ular qadam tashlash va boshqa harakatlarni tasvirlash uchun faqat qo‘l va oyoqni ko‘tarib o‘rnatmay, ularni bukish ham kerakligini, shunda figura ifodaliroq bo‘lishini tushunadilar. Katta guruhda bolalar avval harakatsiz figuralarni yasagan, keyin esa uning qismlarini kerakli holatda o‘rnatib harakatlantira boshlagan bo‘lsalar, tayyorlov guruhida loyning asosiy hajmi «Filning xartumi yaxshi chiqayapti» tasvirlanadigan predmetning mo‘ljallangan holatiga yetish-yetmasligini darhol bila oladilar.
Shunday qilib, yetti yoshga qadam qo‘ygan bola predmetni tasvirlashda uning faqat shakliga emas, balki harakatlariga ham e’tibor beradi. Masalan, bola yotib olgan kuchukni yoki emaklab ketayotgan tulkini tasvirlashda loy bo‘lagining holatini darrov aniqlaydi: hayvonlarning mazkur harakatini ifodalashda lsyping butun hajmi to‘gri gorizontal chiziq bo‘ylab joylashtiriladi.
O‘zlashtirilgan texnik ko‘nikmalar 6-7 yoshli bolalar yasagan o‘yinchoqlar xilma-xil va ifodaliroq bo‘lishiga yordam beradi. Endi bolalar loyning umumiy massasini cho‘zib qismlarni yasash usulidan oldingi guruhdagiga qaraganda ko‘proq foydalanadilar. Shu sababli ular yasagan figuralarning shakli ham, harakatlari ham plastiklashadi. Bolalar yog‘och qalamni tez-tez qo‘llaydigan bo‘lib qoladilar, chunki ular bu asbob predmet sirtiga ishlov berish, ortiqcha loy yoki plastilinni olib tashlash, fakturani tasvirlashda chuqur relyef hosil qilish bilan mayda detallar tushirish uchun qulayligini anglay boshlaydilar.
Olti yoshli bolalar foydalanadigan barcha tasviriy vosita va usullar o‘ziga xos xussusiyatlarga ega. Lekin shakl har holda umumlashganicha qoladi, masalan, odam figurasining boshi shar shaklida, tanasi oval yoki konus shakllarida bo‘ladi. Bolalar hayvonlarni tasvirlashda shaklning xususiyatini katta guruhdagiga nisbatan bemalolroq yoritadilar. Chunonchi ular tulkining cho‘ziq va uchi ingichka tumshuqchasini yasashlari, boshining shaklidagi farqlarni ko‘rsatib har xil zotli itlarni tasvirlashlari mumkin.
Biroq, tayyorlov guruhidagi bolalar tuzilishi murakkab shakllarni hali yetarli darajada idrok eta olmaydilar va tasvirlay olmaydilar. Ular faqat shaklning asosini tasvirlab uning tuzilishidagi murakkabliklarni qoldirib ketadilar. Katta guruhda ham, tayyorlov guruhida ham bolalar shaklni tasvirlashda yo‘l qo‘ygan xatolarini kamdan-kam hollarda o‘zlari tuzatadilar, lekin tarbiyachining eslatishi va ko‘rsatmasidan keyin shaklning yaxlitligini kuzatadilar va vaqti-vaqti bilan uni to‘g‘rilaydilar. Berilgan ta’lim tufayli 6-7 yashar bolalar mavzuni anglashdan tashqari, biroz bo‘lsa-da, obraz va materiallar: loyning miqdori, karkas-cho‘plarning soni va kattaligi, taglikning o‘lchami va shakli haqida o‘ylaydigan bo‘ladilar. Mana shularning hammasi ijodiy tashabbusning boshlanishi bo‘lib, u bola tasvirlanadigan predmetning mavzusi va predmetning o‘zini yaqqol tasavvur etishiga asoslanadi.
Loy va plastilin o‘yinchoqlar yasash sohasida olib borilgan tadqiqotlar, bolalar figuralarga alohida ifodalilik baxsh etish uchun uzunligi va yo‘g‘onligi har xil karkaslardan ongli ravishda foydalanishini ko‘rsatadi. Masalan, ular hayvonning oyog‘ini, shoxlarini ifodalashda, shuningdek, havoda muallaq turadigan predmet (raketa, samolyot)lar mustahkam o‘rnashishi uchun karkaslarni qo‘llaydilar. Qandaydir obrazli figuraga detallar loydan va plastilindan o‘yinchoqlar yasash mashg‘uloti, yasash bola uchun o‘z fikro‘ylarini ifoda etishning alohida vositasi hisoblanadi. Bu, ayniqsa, bolalar uchun juda muhim predmetlarni yasashda namoyon bo‘ladi. Masalan, odatda Yalmogiz kampirning o‘giri, Qorboboning sovg‘alar solingan qopi bo‘lishi kerak va hokazo. Bunday detallarning tasvirlanishi bolaga obraz xarakterini ochishda yordam beradi. Bolalar predmetlarni mustaqil holda yasaydilar va shaklning xarakterli belgilarini (egilgan, botiq, bo‘rtgan), bir qismning ikkinchi qismga o‘tish joylarini ancha to‘g‘ri ifodalaydilar. Shaklning bunday belgilarini to‘g‘ri ifodalash uchun bolalar ularni juda yaxshi tasavvur qilishi kerak. Kuzatishlardan ma’lumki, bola predmetlarni to‘liq tasavvur qilgan hollarda ularning xususiyatlarini katta qiziqish va ishonch bilan tasvirlaydi. Bolalar shaklni ifodalashda uning tuzilishini, qismlari o‘rtasidagi mutanosiblikni to‘g‘ri yoritishga harakat hiladilar. Agar bola besh yashar vaqtida shaklini sxematik tarzda tasvirlagan bo‘lsa, tayyorlov guruhida predmetlarning obrazlarini qo‘shimcha detallar yordamida ancha to‘la tasvirlashi mumkin.
Bolalarning tasvirlashga turlicha yondashishida ham ijodiy ish namoyon bo‘ladi. Chunonchi, tadqiqotlar olti-yetti yashar bolalar ko‘ruv umumlashmasiga asoslanib ertak obrazlarini mustaqil ravishda hal qilishlari mumkinligini ko‘rsatadi. Masalan, «Masha bilan ayiq» ertagi bo‘yicha loy va plastilindan o‘yinchoq yasashda ko‘pchilik bolalar avval baland quti yasaydilar, uning ustiga Mashaning boshi va qo‘llarini o‘rnatadilar, ya’ni predmetning faqat ko‘rinadigan qismlarini yasaydilar, gavda va oyoqlarni tasvirlamaydilar va buni mantiqan juda to‘g‘ri tushuntirib: «Bari bir uyogi ko‘rinmaydiku» - deydilar. Bolalar qutini korzinka shaklida yasagan hollarda esa Mashaning figurasini to‘liq tasvirlaydilar. Bolalar ana shunday ishlashi uchun predmetning xususiyatlarni o‘zlashtirish, va ijodiy topshiriqlarni bajarish bo‘yicha rejali muntazam ishlar amalga oshiriladi.
Tayyorlov guruhida foydalaniladigan ijodiy ishlashni o‘rgatish usullari olti yoshli bolalar bilan ishlashdagi usullarga o‘xshab ketadi, lekin bu usullarning bir qismi o‘zgacha xarakter kasb etadi. Chunonchi, bolalarni endi san’at asarlari bilan tanishtiriladi, ularga ertaklar, hikoyalar o‘qib beriladi, lekin bu ishlarning hammasi katta guruhdagidan boshqacharoq tashkil etiladi, Masalan,
«Buratinoning sarguzashtlari» ertagini o‘qishdan oldin shu ertak mavzusida haykalcha yasashlari kerakligi aytib qo‘yiladi. Ertak o‘qilayotganda tarbiyachi bolalarning diqqat-e’tiborini rasmlarga qaratadi, qahramonlarning xattiharakatlarini izohlaydi, masalan, toshbaqa suvga tushib, kalitni topgani, sohilga chiqib kalitni Buratinoga berganini aytadi. Ertak qahramonlari harakatini bunday izohlab berish bolalarga syujetni tushunishda yordam beradi, ularning matn va rasmlarga qiziqishini oshiradi, bular o‘z navbatida bolalarning fikrlarini boyitadi.
Tayyorlov guruhidagi ishlar bolalar ijodiy xarakterdagi topshiriqlarni bajara borib, predmetlarni tasvirlashda mustaqil va rejali faoliyat ko‘rsatishga o‘rganadigan yo‘sinda tashkil qilinadi. Bunda bolalar ilgari ishlangan manzarali plastinkalar, idishlar va patnislarning eskizlari ham yordam beradi. Eskizlarni qalamda chiziladi. Masalan, bolalar naqshlar asosida eskiz tuzib, o‘zlari yasagan o‘yinchoqlarni unga taqqoslaydilar, keyin tayyorlangan buyumni guash bilap bo‘yab chiqadilar. Shunday qilib, bolalarni oldin qog‘ozga chizilgan eskiz bo‘yicha tasvirlash usullarini mustaqil izlash kerak bo‘lgan vaziyatga solib qo‘yiladi. Ishning bu xilda borishi ijodiy bo‘ladi, chunki u ishni oldin o‘ylab ko‘rish va tasvirlashdagi rejali izchillik elementlarini o‘z ichiga oladi.
Tayyorlov guruhida bolalarga loy va plastilin o‘yinchoqlar yasashdan oldin beriladigan topshiriqlar ancha chuqur va murakkab xarakterda bo‘ladi; ularga faqat yasash mumkin bo‘lgan narsalarni emas, balki mo‘ljallangan figuralarning shaklini, mutanosibligini, ayrim qo‘shimcha detallarini ham o‘ylab ko‘rish, shuningdek, kerakli loy hajmini oldindan aniqlash ham taklif qilinadi. Albatta, bu yoshdagi bolalar ana shularning hammasini batafsil o‘ylab ko‘ra olmaydilar. Lekin navbatdagi mashg‘ulot oldidan shunday topshiriq berish bolalarni mashg‘ulotgacha ijodiy ishlashga, keyin predmetni tasvirlash jarayonida u ijodkorlik ko‘rsatishga da’vat etadi.
Loy va plastilin bilan ishlash mashg‘ulotlarida bolalar ijodkorligi namoyon bo‘lishining xususiyatlarini va uni shakllantirishning ba’zi yo‘llarini ko‘rib chiqib aytish mumkinki, maktabgacha yoshdagi bolalar loy va plastilindan yaratadigan obrazlar tevarak-atrofni idrok etish va ta’limning ta’siri bilan astasekin shakllanadi. Bolalar birinchi kichik guruhdagi loy bilan qat’iyatsiz ishlashdan shaklni, mutanosiblikni, harakatni to‘la ongli ifodalashga o‘tadilar.
Bolalar ijodkorligining muvaffaqiyatli rivojlanishi ularga kattalarning to‘g‘ri rahbarlik qilishiga, ta’limning u yoki bu usullarini qo‘llashga bogliqdir. Maxsus tadqiqotlardan ma’lum bo‘lishicha, atrofni kuzatish, shu jumladan, san’at asarlarini tomosha qilish, maqsadli («Ertak bo‘yicha esa...» kabi) ko‘rsatmalar asosida badiiy adabiyotlarni o‘qish g‘oyaning vujudga kelishiga yaxshi ta’sir ko‘rsatadi. Bunday ko‘rsatmalar o‘qish yoki kuzatish jarayonida bolalarning tafakkurini faollashtiradi, shuningdek, o‘qishdan keyin ularni illyustratsiyalarni qayta va qayta ko‘rishga majbur etadi.
Mustaqil ishlash ko‘nikmalari asosida uyushtiriladigan jamoa bo‘lib o‘yinchoqlar yasash, tasvirlashning tanish usullarini qo‘llash bolalarda ijodkorlikning o‘sishiga yordam beradi.
Bolalar hajmli predmetning shakli bilan tanishsalargina o‘yinchoq yasashdan oldin obrazni shakllantirish uchun badiiy illyustratsiyalardan foydalanish yaxshi natija beradi. Aks holda bolalarning ishi garchi dinamik bo‘lsa-da, unda shaklning tasviri yomon chiqadi. Bola rasmga qarab shaklning umumiy belgilarini, predmetning tuzilishini, harakatlarini yaxshi eslaydi, lekin u hajmli shaklning xususiyatlarini idrok etishda qiynaladi.
Rasm bo‘yicha loy va plastilindan o‘yinchoq yasashni maxsus mashg‘ulotlarda bajarish mumkin. Bunday mashgulotlar ham bolalar ijodkorligini rivojlantirishda yordam beradi. Shaklki bilish asosida bolaga tekis, bir tomonlama tasvirlashdan foydalanib o‘yinchoq yasash taklif qilinadi. Bunda tasvirlashning qanday usulidan foydalanish bolaning o‘ziga havola qilinadi, chunki rasmdagi grafik vositalar haykal uchun muvofiq kelmaydi. Bolalar rasmga qarab mustaqil holda predmetning hajmini, barcha tomondan ko‘rinishini eslashlari, uni tasvirlash uchun qanday tasviriy va texnik usullardan foydalanish kerakligani o‘ylab ko‘rishlari kerak.
Dostları ilə paylaş: |