Dumaloq va silindr shaklidagi idishlarni yasash
Dastur mazmuni. Bolalarga sharsimon yoki silindrsimon shakldagi loyni o‘yib idish yasashni; idishning sirtini tekislash va ichki qismiga ishlov berishni; idishning chetini tekislash va uni naqshlar bilan bezashni o‘rgatish.
Jihozlar. Loy, angob, taxtalar, yog‘och qalamlar, mo‘yqalamlar.
Mashgulotni o‘tkazish metodikasi. Mashg‘ulotni boshlashdan oldin bolalarga dumaloq va silindr shaklidagi har xil idishlarni ko‘zdan kechirib chiqish taklif qilinadi. Ayni mahalda bolalar tarbiyachi bilan birgalikda u yoki bu detallar qanday yasalishini, idishga qanday biriktirib qo‘yilishini aniqlaydilar. Suhbat tamom bo‘lgandan keyin tarbiyachi dumaloq shakldagi loyni yog‘och qalam yordamida o‘yib osongina idish yasash mumkinligini ko‘rsatib beradi. Buning uchun u loyni olib, unda chuqurcha hosil qiladi va uni asta-sekin kengaytirib boraveradi: bunda chuqur kattalashib, idishning devorlari yupqalashib boradi. Pedagog loyni juda ehtiyotkorlik bilan o‘yish kerakligini, aks holda idish devorlari juda yupqa bo‘lishi va sinib ketishini aytib qo‘yadi.
Loyni olib tashlash uchun kurakcha va halqasimon yog‘och qalamlar qulay. Kurakcha bilan loo‘ning asosiy qismi olib tashlanadi, halqa bilan esa oxirgi ishlov beriladi va idishning ichki sirti tekislanadi.
Yasalgan kovak shakl stolga qo‘yiladi va bolalar idish chetlarining qanday tekislanishini ko‘radilar. Tarbiyachi bu ishning bir nechta usullarini ko‘rsatadi: idish chekkasini qo‘l bilan asta silliqlaydi; chuqurchaning chetiga ustunchani aylantirib qo‘yadi va idishga yopishtiradi — ensiz bo‘g‘izli vaza hosil qiladi; chukurcha og‘ziga oldin tayyorlab qo‘yilgan loy trubachani o‘rnatib, buyumga yopishtiradi, shunda bo‘gzi uzun ko‘za hosil bo‘ladi. Tarbiyachi qolgan barcha detallarni bolalarga mustaqil holda bajarishni tavsiya etadi.
Dostları ilə paylaş: |