Birinchi bosqichda bolalarga ulardan ijodiy faoliyatda dastlabki yo‘nalishni talab qiladigan topshiriqlar beriladi: tarbiyachining (hikoya to‘qi, bir narsa o‘yla, qidirib top, o‘zgartir kabi) ko‘rsatmalari bo‘yicha bolalar pedagog bilan birga ishlab, ijodkorlik elementlarini namoyon etadilar.
Ikkinchi bosqichda bolalarni aniq maqsadga muvofiq ishlashga va izlanishga da’vat etuvchi topshiriqlar beriladi. Bola tarbiyachi bilan birga ishlab, o‘zlashtirgan ko‘nikmalarni mujassamlash va o‘zgartirish mumkinligini tushuna boshlaydi.
Nihoyat, uchinchi bosqich — bolani turli faoliyatda fikrlash bo‘yicha mustaqil harakat qilishga, o‘z ishlarini rejalashtirishga, tasvirlash vositalarini tanlashga o‘rgatadigan topshiriqlardan iboratdir.
Bog‘chadagi birinchi kichik guruhda bolalar loy bilan ishlashning dastlabki ko‘nikmalarini o‘zlashtiradilar, bu ko‘nikmalardan keyinchalik predmetlarni tasvirlayotgan vaqtlarida foydalanadilar. Bolalarga beriladigan dastlabki topshiriqlar ta’limiy va tarbiyaviy xarakterda bo‘ladi, lekin bolalarga asta-sekin mo‘ljal bilan loy va plastilin o‘yinchoqlar yasashni va o‘zlashtirilgan shakllarni mujassamlashni o‘rgatib boriladi.
Kichik guruhdagi bolalarning fikrlash mashg‘ulotlaridagi tasvirlash jarayonining o‘ziga xos xususiyati shundan iboratki, ular o‘yinchoqlar yasashga kirishar ekanlar, tasvirlash uchun mavzu to‘g‘risida o‘ylab o‘tirmaydilar. Bir parcha loyni qo‘llariga oladilar-da, uni hamma barmoqlari bilan baravar ezg‘ilab o‘ynaydilar, undan kichik-kichik bo‘laklarni uzib oladilar, keyin bir-biriga qo‘shib yaxlit holga keltiradilar, so‘ng barmoqlarini unga tiqib o‘yiqlar qiladilar. Aslini olganda bolalar loyning o‘zini o‘yinchoq qilib o‘ynaydilar. Hosil bo‘lgan buyumni bolalar hech narsaga o‘xshata olmaydilar va faqat tarbiyachi ulardan: «Sen nima yasading?»—deb so‘rasagina javob beradilar. Avval bolalarning javoblari tasodifiy bo‘ladi, lekin asta-sekin hosil qilingan bilimlar asosida, o‘zlariga tanish predmetlarni yasashga o‘rganib olganlaridan keyin o‘z buyumlarining nomini aytib beradigan bo‘lib qoladilar.
Dostları ilə paylaş: |