2.3. Preparatni mikroskopda ko`rish
Mikroskopni talaba o`ziga nisbatan perpendikular holda qo`yadi. Ko`zgudan(yassi tomoni) va kondensorning iris diafragmasidan foydalanib, kunduzgi yorug`likda yoki maxsus yoritgichlar, masalan, OI-19 dan foydalanib yorug`lik topiladi. Preparatga bir tomchi immersiya moyi tomiziladi va mikroskopning buyum stolchasiga joylashtiriladi. Mikroskop revolveridagi 90x obyektiv (immersiya obyektivi) preparatni ko`rishga moslanadi, yon tomondan kuzatilgan holda obyektiv linzasi moyga botiriladi. Okulyarga qaragan holda makrovint yordamida ob'ekt topiladi. Aniq ko`rinishga erishish uchun mikrovintdan foydalaniladi. Mikrovintdan juda ehtiyotlik bilan foydalaniladi - soat mili yo`nalishida yoki aksincha, faqat 1-2,5 aylanishdan ortiq buralmaydi. Preparatni yoritilishini kondensorni vertikal yo`nalishda xarakatga keltirib, kamaytiriladi yoki ko`paytiriladi. Bo`yalgan preparatlarni kuzatganda kondensor taqalguncha tepaga ko`tariladi.
Mikrobiologiyadan amaliy mashg`ulotlar uchun tutilgan maxsus albomga ko`rish maydoniga o`xshash, 3-4 sm lik doira chiziladi. Unga o`rganilayotgan hujayralarning rasmi solinadi, o`lchamlari va shakllariga alohida ahamiyat beriladi, kerakli yozuvlar yoziladi.
Ish tugagandan so`ng obyektivdagi moy tozalanadi (toluol shimdirilgan paxta bilan artiladi), revolverdagi kichik obyektiv fiksirlanadi, tubus va kondensor tushiriladi hamda mikroskop va boshqa o`quv qurollari maxsus joyga qo`yiladi, ish joyi tartibga keltiriladi.
Adabiyotlar
1. Герхардт Ф. Методы общей бактериологии. М.: “Мир”, 1983. Т. I, С. 16-45.
2. Егоров Н.С. Руководство к практическим занятиям по микробиологии. М.: Изд-во МГУ, 1983. С. 33-41.
3. BAKTERIYALARNING MORFOLOGIYASI VA SITOLOGIYASI
3.1. Tayoqchasimon bakteriyalarning shakllari va spiroxetalar
Prokariot organizmlarining shakli tayoqchasimon, sharsimon, qiyshiq, burama va hokazo ko`rinishlarga ega. Odatda bir hujayrali tayoqchasimon microorganizmlar bakteriyalar (bacter – yunoncha tayoqcha) deb ataladi. Silindrsimon to`g`ri tayoqchalar keng tarqalgan. Ular spora hosil qilmaydigan tayoqchasimonlar bo`lib, chin bakteriyalar (eubakteriya), masalan tuproqda ko`p uchraydigan Pseudomonas avlodi vakillaridir. Spora hosil qiluvchilarning xarakterli vakillaridan Bacillus avlodi batsillalaridir. Organik moddalarga va boshqa substratlarga boy suv havzalarida kasal qo`zg`atuvchi spiralsimon buralgan tayoqchalar - vibrionlar, spirillalar va spiroxetalar uchraydi. Bakteriyalar, batsillalar, vibrionlar va spirillalar "qattiq" hujayra devoriga (po`sti) ega va shuning uchun ularning hujayra shakli o`zgarmaydi, u mustahkam, rigiddir. Spiroxetalar esa ulardan farq qilib, o`ziga xos shakl va o`lcham, tuzilishga va yashash muhitiga ega. Bu organizmlar ham bir hujayrali, ammo shakllari o`zgaruvchan, rigid emas. Spiroxetalarning buralganlik darajalari harakat vaqtida o`zgarib turadi. Tayoqchasimon bakteriya, spirilla va spiroxetalar bilan tanishish uchun fiksirlangan bo`yalgan preparat quyidagi mikroorganizmlardan tayyorlanadi.
1. Pseudomonas sp - ingichka 0,3-0,4x 3-5 mkm, yakka, to`g`ri tayoqchalar, sporasiz. Pepton agarida (PA) o`rtacha tekislikda, rangsiz, yaltiroq, tekis holda shtrix bo`ylab o`sadi, muhitning rangi ko`kish-yashil rangga bo`yaladi. Kultura suvda oson emulsiya hosil qiladi. Tuproqdan ajratib olingan.
2. Tuproqda, suvda, o`simlik qoldiqlarida va boshqa substratlarda pichan tayoqchasi deb ataladigan Bac. subtilis uchraydi. Uning o`lchami o`rtacha 0,6-0,7x 3-5 mkmga teng bo`lib, spora hosil qiluvchi tayoqchadir. PA dagi shtrix bo`ylab o`sganda o`ziga xos tashqi ko`rinishga ega - tekis, ajinli, xira holatda bo`ladi. Avvalo rangsiz, so`ngra pushti, to`q jigarrang yoki qop-qora rangga bo`yaladi. Qiyin emulsiya hosil qiladi.
3. Katta tayoqchalarga tuproqda keng tarqalgan batsilla Bac. megaterium (yunoncha so`zlardan: mega - katta, teras - hayvon) kiradi. Bu spora hosil qiladigan eni 1,5 mkm, uzunligi 2-5 mkm bo`lgan tayoqchadir. PA dagi shtrixi moysimon, yaltiroq, sal qavariq, och sariq rangli, suvda oson emulsiya hosil qiluvchidir.
4. Agar 0,5 litr shisha stakandagi oddiy ariq suviga pishgan tovuq tuxumining oqidan solib, 7-10 kun 28-300S temperaturada inkubatsiya qilinsa suyuqlik loyqalanadi va ustida parda hosil bo`ladi. U stakandagi suyuqlikda yirikligi 1,5-2x 30-70 mkm li buralgan Spirillum avlodiga kiruvchi spirillalarni ko`rish mumkin. Fiksirlangan bo`yalgan preparatlarda 3-4 cho`lg`amga ega donador ko`rinishli hujayralarni ko`rish mumkin.
5. Buralgan, norigid shaklli tayoqchalar bilan tanishish uchun tish kiridan preparat tayyorlanadi. Ayniqsa, kasallangan, karies tishlardan tayyorlangan preparatlarda spiroxetalar oson ko`rinadi. Preparatni tayyorlash uchun misvok bilan tish kiri olinadi va surtma tayyorlanadi. Alangada yaxshilab fiksirlanadi, sovitiladi va ishqoriy fuksin bilan filtr qog`ozi orqali 2 minut davomida bo`yaladi. Mikroskopda ko`rilganda ko`rish maydonida og`iz bo`shlig`idagi har xil mikroorganizmlar, jumladan: juda ingichka eni 0,3 mkm, uzunligi 10-15 mkm, har xil buralishga ega bo`lgan tish spiroxetasini ko`rish mumkin. Ular Spirochaetaceae oilasining Treponema avlodiga kiradilar.
Hamma bakteriya va mikroorganizm preparatlari immersiya obyektivi orqali ko`riladi, rasm daftarga suratlari chiziladi, tagiga nomi yoziladi. Ish mikroskopini to`g`ri va ohistalik bilan shkafga joylashtirish va o`z ish joyini tartibga solish bilan tugallanadi. Bu qoidalarga mikrobiologiya darslarida doimo amal qilinadi.
Adabiyotlar
1. Егоров Н.С. Руководство к практическим занятиям по микробиологии. М.: Изд-во МГУ, 1983. С. 6-8.
2. Мишустин Е.Н. Емцев В.Т. Микробиология. М.: “Колос”, 2008. С. 36-39.
3. Хоулт Дж. Краткий определитель бактерий Берги. М.: “Мир” 1980.
Dostları ilə paylaş: |