1.4. Mikroorganizmlarda modda almashinuvi Mikroorganizmlarda amalga oshadigan konstruktiv va energetik jarayonlar ko`p qirraliligi bilan ajralib turadi.
Konstruktiv modda almashinuvida foydalaniladigan uglerod birikmalariga ko`ra mikroorganizmlar avtotrof va getgerotroflarga ajratiladi. Geterotroflarning asosiy qismini saprofitlar tashkil qiladi.
Azot birikmalarining o`zlashtirilishida mikroorganizmlarning imkoniyatlari keng namoyon bo`ladi. Mikroorganizmlar orasida molekular azotni o`zlashtiruvchilar, tayyor aminokislotalarga muhtoj bo`lganlar va azotni anorganik birikmalardan o`zlashtiruvchilari bor.
Fosfor, oltingugurt kabi elementlarni mikroorganizmlar fosfat, sulfat va qaytarilgan oltingugurt birikmalaridan oladilar.
Mikroorganizmlar amalga oshiradigan energetik jarayonlar orasida fotosintez, bijg`ish, aerob va anaerob nafas olishlar ajratiladi.
1.5. Mikroorganizmlarning tarqalishi va ahamiyati Tabiatdagi ekologik sistemalarning butunligini ta'minlovchi muhim omillardan biri mikroorganizmlar yig`indisidir. Ma'lum sharoitlarda mikroorganizmlar yagona hayot shakli bo`lishi mumkin. Evolutsiya davomida ular orasida turli tipdagi munosabatlar takomillashib borgan (simbioz, mutualizm, parazitizm va hokazo).
Yerdagi bo`lib o`tadigan moddalar aylanishida mikroorganizmlar faol ishtirok etadi. Turli organik birikmalarni o`zlashtirib, SO va SO2ni yutib, metan hosil qilib va o`zlashtirib, ular uglerod aylanishida faol ishtirok etadi. Molekular azotni o`zlashtirib, ammiak va nitritlarni oksidlab, denitrifikatsiyani amalga oshiriladi. Ular tabiatdagi azot aylanishini ta'minlaydi, qaytarilgan oltingugurt birikmalarini oksidlab va oksidlangan birikmalarni qaytarib oltingugurt aylanishini amalga oshiradilar.
Ba'zi mikroorganizmlar inson va o`zga organizmlarda kasalliklar chaqiradi, qishloq xo`jaligi mahsulotlari, binolar, truboprovodlar, metallkonstruksiyalarining chirishiga olib keladi.
Bakteriya va zamburug`lar yordamida non, vino, pivo, kvas, turli sut mahsulotlari, atseton, butanol, sirka, limon kislotasi, vitaminlar, fermentlar, antibiotiklar va hokazolar olinadi. Mikroorganizmlarning amaliy ahamiyati beqiyosdir.