O`zbеkiston rеspublikasi oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi
2- MODUL. DINShUNOSLIK 10-mavzu. Din madanit fenomeni Reja.
1/ Dinshunoslik fanining predmeti, maqsadi va vazifalari.
2. Dinning kelib chiqishi haqidagi qarashlar. Urug‘-qabila va milliy dinlar
3.Buddaviylik diniy ta’limoti
4. Xristianlik diniy ta’limoti va muqaddas kitobi.
Tayanch so’z va iboralar : Diniy bag’rikenglik, Sog’lom e’tiqod, din shakllari, XIX asr G’arbiy Yevropa, Myuller, Taylor, Tille, xurfikrlilik.
Dinshunoslik fanining ham o’z o’rganish ob’ekti, ya’ni predmeti mavjud. Dinshunoslik – din, uning kelib chiqishi, tarixiy shakllari, evolyutsiyasi, muqaddas yozuvlari, kishilar va jamiyat hayotida tutgan o’rni, hurfikrlilik, diniy va dunyoviy dunyoqarashlarning o’zaro munosabatlari kabi masalalarni o’rganuvchi ilmiy-falsafiy o’quv predmeti sanaladi. Dinshunoslik fani ilohiyotdan farqli ravishda, u din haqida faqat arxeologiya, etnografiya, tarix, demografiya, psixologiya kabi fanlar beradigan ilmiy dalillarga suyanib ish yuritadi va uni bayon etadi, tushuntiradi. Dinshunoslik – kishilik jamiyati taraqqiyotining muayyan bosqichida paydo bo’lgan barcha din shakllarining ma’nosi, uning ma’naviy, ijtimoiy, gnoseologik, psixologik ildizlarini, ularning tarixi va g’oyalari, ta’limotlari mohiyatini, marosimlari, jamiyat hayotida tutgan o’rni va tamoyillarini ilmiy asosda o’rganuvchi, izohlovchi va o’rgatuvchi fandir. Dinshunoslik XIX asr o’rtalarida G’arbiy Evropada alohida fan tarmog’i sifatida vujudga kelgan. Uning asoschilari – Myuller, Taylor, Tile, Sosse, Freyzerlardir. O’zbekistonda dinshunoslik XX asrning 30-yillarida shakllana boshlagan. Oldin esa faqat islomshunoslik bor edi, xolos. Dinshunoslikni o’rganish g’oyat muhim nazariy va amaliy ahamiyatga egadir. Bular quyidagilardan iborat: - u dinga ob’ektiv, ya’ni xolisona, ilmiy, oqilona baho berishni o’rgatadi; uni ko’klarga ko’tarib, haddan oshirib yubormasdan va ayni vaqtda erga urmasdan baho berishni o’rgatadi; - u din, jumladan islom haqidagi asossiz ta’limotlarni rad etishni, uni buzib, sohtalashtirib baho berishlarning zararli ekanligini isbotlaydi; - dinni hurfikrlilik, ya’ni u haqida erkin fikr yuritish, dinni fandan ustun qo’ymasdan, u bilan yonma-yon turadigan ta’limot deb hisoblab, dindagi real, dunyoviy qadriyatlarga ijobiy baho berib, ulardan foydalanish yo’llarini belgilab beradi; 35 - dindan, jumladan islomdan siyosiy maqsadlarda foydalanishga urinayotgan fundamentalist, aqidaparast, ekstremistlarning asl qiyofasini, maqsadlarini ochib berib, ularga qarshi kurash yo’llari, usullarini o’rgatadi; - talabalarda falsafiy, ilmiy, hurfikrlilik dunyoqarashini shakllantirishga yordam beradi; - mustaqillik yillari diniy, jumladan islomiy qadriyatlarning real imkoniyatlari yaratilib, din va uning qadriyatlari xalqimiz turmush tarzi va ma’naviyatining ajralmas qismi bo’lib borayotganligini asoslab beradi; - xilma-xil diniy e’tiqodga ega bo’lgan kishilarning bir zamin, bir Vatanda olijanob g’oya va niyatlar yo’lida diniy bag’rikenglik asosida hamkor va hamjihat bo’lib yashab kelganligi va kelayotganligi, uning hayot taqozosi ekanligini ko’rsatib beradi va boshqalar. Dinshunoslik fani orqali talabalar, kishilarning diniy e’tiqodi, dinlar, ulardagi oqimlar va mazxablar, din jamiyatning ajralmas qismi ekanligi xaqida tasavvurga ega bo’lishi lazim. —Dinning umumiy ta’rifi, uning kelib chiqishi, ta’limoti muqaddas manbalari, oqimlari, jahonda mavjud bo’lgan dinlarning umumiy xususiyatlari, dunyo diniy xaritasi, dunyo xalqlarining dinga bog’liq qadriyatlari to’g’risida, din va qonun o’zaro munosabatlari, O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va "Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar tug’risida"gi qonun haqida habardor bo’lishi — Dinning insoniyat tarixiy taraqqiyotida tutgan o’rni, uning insoniyatga o’tkazgan ijtimoiy - psixologik ta’siri, birlashtiruvchilik, qonunlashtiruvchilik, tartibga soluvchilik, tasalli beruvchilik kabi jamiyagdagi vazifalari, dunyo madaniyati va san’at soxalarining shakllanishida dinning o’rnini xamda buddizm, xristianlik, islom kabi dunyo dinlari va konfutsiychilik, yaxudiylik, hinduiylik kabi millim dinlarning kelib chiqishi, ta’limoti, mukaddas manbalari va hozirgi zamonda tutgan o’rnini, diniy marosimlarni bilishi kerak — Diniy bag’rikenglik tamoyillariga amal qilish, dunyokarashlar erkinligini ta’minlash jarayonida jamiyatning boshka a’zolarini barkamol shaxs sifatida shakllanishiga ko’maklashish, Vataniga va millim kadriyatlarga sadoqatli, har tomonlama yetuk komil insonlarni tarbiyalash tajribasiga ega bo’lishi lozim. 36 2-masala bayoni: Dunyoda dini, diniy ishonchi bo’lmagan xalq, millat yo’q. Chunki muayyan xalq dinsiz, e’tiqodsiz, biron-bir narsaga ishonchsiz holda yashay olmaydi. Din qanday paydo bo’lgan degan savol hammani qiziqtiradi. Bu masalaga javob berishda avvalo, odamning kelib chiqishi, uning ongi, tafakkurining shakllanish jarayoni va u bilan birga diniy tasavvurlarning kelib chiqishi jarayoni ancha murakkab va ziddiyatlarga to’la muammo ekanligini e’tiborda tutmoq lozim. Bu kabi muammolarni echish, unga to’g’ri javob berish maqsadida ko’plab mutafakkirlar fikr yuritib, turli ta’limot va qarashlarni yaratganlar. Keyingi bir necha asr davomida olimlar o’rtasida ilmiy ijobiy bilimlar oldin paydo bo’lganmi yoki diniy, xurofiy tasavvurlar yuzaga kelganmi, diniy qarashlar abadiymi yoki insoniyat tarixida din bo’lmagan davrlar ham bo’lganmi degan savollar atrofida jiddiy tortishuvlar bo’lib kelmoqda. CHunonchi, g’ayri ilmiy ta’limotga berilgan G’arb dinshunoslari, ayniqsa ilohiyotchilar diniy tasavvurlar inson paydo bo’lishi bilan uning qalbi va ongiga singdirilgan, ya’ni tug’ma qarashlar deb isbot qilishga harakat qilmoqdalar. Ular dinning dastlabki shakllari, umuman din butun davrlarga va barcha xalqlarga xos universal holat, din inson bilan paydo bo’lgan, u bilan abadulabad yashaydi, diniy tasavvurlar tug’madir degan g’oyalarni isbotlashga urinmoqdalar. Dinning kelib chiqishi haqidagi bunday noto’g’ri qarashni isboti tariqasida Boburning nabirasi Akbarshoh, garchi g’ayriinsoniy bo’lsada o’tkazgan g’alati bir tajribani misol qilib keltirishni lozim topdik. U har xil dinga e’tiqod qiluvchi kishilarning endi tug’ilgan 12 ta farzandini tortib olib, ularga qarab turuvchi gung enagalari bilan birga baland devorlik ayrim qasrga qamab qo’yishni buyuradi. SHu tariqa bolalar tashqi dunyodan ajralgan holda 12 yil davomida qasr ichida yashaydilar. Bolalar 12 yoshga to’lgach, shoh huzuriga turli irqdagi va dindagi mashhur olimu ulamolar to’planishadi. Ularning deyarli hammasi diniy tasavvurlar tug’ma, inson muayyan dinga mansub bo’lib tug’iladi, degan fikrni himoya qilganlar. Akbarshoh bunday fikrga qarshi chiqib, inson kamolotida ta’lim-tarbiya, u yashaydigan muhit hal qiluvchi omil ekanligini aytadi va gunglar tarbiyasida bo’lgan bolalarni keltirishni buyuradi. 12 yil mobaynida jamiyatdan, odamlardan ajratib qo’yilgan bolalar na bir tilni, na bir dinni bilmaganlar. Ular qandaydir noaniq tovushlar chiqarib, o’z fikrlarini imo-ishoralar bilan tushuntirishga harakat qilganlar.1 Shu bilan birga, din abadiy tug’ma, doimiy zarur hodisa bo’lmasdan, u inson va jamiyat taraqqiyotining muayyan bosqichida vujudga kelgan degan qarash, g’oya ilmiy dinshunoslikning asosiy tamoyili ekanligini olg’a suruvchi qarashlar ham 1 Qarang. Jabborov I., Jabborov S. Jahon dinlari tarixi. Toshkent, «O‘zbekiston» 2002, 34-35-betlar. 37 mavjud. Bunday qarash kishilik jamiyati tarixida din bo’lmagan davrlar ham bo’lganligini ko’rsatadi. Xozirgi ilmiy dinshunoslik tarix, arxeologiya va boshqa fanlar bergan ma’lumotlarga asoslanib diniy qarashlar bundan 30-40 ming yil ilgari, ibtidoiy jamoa tuzumi davrida yuzaga kelgan degan xulosaga asoslanadi. Dinning kelib chiqishiga sabab esa ibtidoiy odamlarning tabiatning ko’pgina hodisalari oldida ojiz ekanliklari, ularning sabablarini bilmganliklari, ularni qandaydir ko’zga ko’rinmas ilohiy kuchlar boshqaradi va ular kishilar hayotiga ta’sir qiladi degan tasavvurlarga asoslanganliklaridir. Bular momaqaldiroq gumburlashi, chaqmoq chaqishi, zilzilalar, suv toshqinlari, dahshatli dovullar, kasallik, uyqu, tush ko’rish, o’lim, quyosh tutilishi, vulqon otilishi, ochlik, qashshoqlik va boshqalar. Xulosa shuki, din hamisha bo’lmagan; u urug’chilik-qabilachilik tuzumida, bundan taxminan 30-40 ming yillar oldin paydo bo’la boshlagan. Din abadiy va tug’ma, doimo zarur hodisa bo’lmasdan uni muayyan davrda jamiyat yaratgandir, degan g’oya ilmiy dinshunoslikning asosiy tamoyilidir. Jahonda turli davrda paydo bo’lgan yuzlab din shakllari mavjud bo’lib, ular dunyoqarash sifatida o’z dinini haq deb biladilar. 3- masala bayoni E’tiqod — (ishonch, iymon) — muayyan maqsad, g’oya, ta’limot yoki qadriyatning to’g’riligiga bo’lgan qat’iy ishonch hamda shu asosda shakllangan tafakkur tarzi. Ilmiy-falsafiy adabiyotlarda e’tiqod tushunchasi turlicha izohlanadi. Bilim e’tiqodni vujudga kelishi uchun asos vazifasini bajaradi. Lekin, e’tiqod va bilim biri ikkinchisiga uyqash tushunchalar emas. Bilimlarning chinligi e’tiqodni mustahkam bo’lishida hal qiluvchi ahamiyatga ega bo’ladi. Ammo, e’tiqod mustahkam bo’lishida bilimni yagona asos deb bo’lmaydi. Inson ongida qayta ishlangan, ya’ni tajribadan o’tgan, qayta o’rganilgan bilimlar(g’oyalar, nazariyalar)gina e’tiqodning mustahkam bo’lishini ta’minlaydi. Insoniyat tomonidan allaqachonlar yaratilgan bilimlar insonning o’zi uchun, o’z ehtiyojlari uchun qayta kashf etilgandagina chinakam e’tiqod darajasiga ko’tariladi. Bilim e’tiqodga aylanishi uchun bir necha bosqichlarni bosib o’tadi. Chunonchi, bilim o’z rivojining dastlabki bosqichida anglash holatini bosib o’tadi. Anglab olingan bilim, o’z rivojining ikkinchi bosqichida tushunish holatiga kiradi. Inson bilimlari ma’no va mohiyatini tushunib yetgach uning to’g’riligiga (yoki noto’g’riligiga) ishonch hosil qiladi. Faqat mustahkam e’tiqodga aylangan bilim (g’oya, nazariya) inson amaliy faoliyatini takomillashtiradi. Inson e’tiqodi nafaqat turli hodisalarni o’zida aks ettirgan bilimlarga, balki o’sha bilimlarga bergan bahosiga, unga bo’lgan munosabatiga ham bog’liq bo’ladi. E’tiqod quyidagi uch holatni bosib o’tadi: a)bilim, g’oya, nazariya (ya’ni aqliy holat); 38 b) bilimlarga berilgan baho, munosabat (ya’ni baholash holati); v) o’zlashtirilgan bilimlarni o’z faoliyatiga tatbiq etish, o’sha bilimlar asosida o’z xatti-harakatini tartibga solish (xohish-iroda bilan boshqarish holati) sanaladi. Inson dunyoqarashining asosiy komponenti sifatida e’tiqod bilish, baholash, boshqarish kabi funktsiyalarni bajaradi. Uning bilish funktsiyasi asosida olamdagi turli hodisalar, voqealar, jarayonlar sodir bo’lishiga doir bilimlar yotsa, baholash funktsiyasi o’zlashtirib olingan bilimlarga tayanib, sodir bo’layotgan o’zgarishlar ma’nosi va mohiyatini tushunib olish bilan bog’liq bo’ladi. Boshqarish funktsiyasi esa, insonni o’z xulq-atvori, hatti-harakatiga ko’rsatayotgan ta’siri, uni aniq maqsad tomon yo’naltira olish qobiliyati, malakasi bilan aloqador bo’ladi. E’tiqod inson dunyoqarashining eng barqaror elementidir. Insonning hayotiy pozitsiyasi, turmush tarzining mazmuni xuddi shu komponentning mustahkamligiga, barqarorligiga bog’liq. Chin ob’ektiv bilimga, turmush sinovlaridan o’tgan ilmiy g’oyaga, naz-yaga asoslanmagan e’tiqod g’ayriilmiy yoki nosog’lom e’tiqoddir. G’ayriilmiy qarashlarga tayanish ko’pincha kishilarni o’zi yoki yaqinlari manfaatiga zid ishlarga qo’l urishiga ham olib kelishi mumkin. Shu nuqtai-nazardan, g’ayriilmiylik bilan nosog’lom e’tiqod orasida aloqadorlik bor. Inson madaniyatining muhim elementi bo’lmish sog’lom e’tiqodning ahamiyati katta. Ko’plab odamlarning o’z mehnati yo’naltirilgan sohani sevishi, unga qadriyat sifatida qarashi sir emas. Shu ma’noda shaxsiy, ilmiy, diniy, siyosiy, iqtisodiy kabi e’tiqod turlari ham bor. E’tiqod inson bilan birga tug’ilmaydi, balki uning jamiyatda voyaga yetishi jarayonida shakllanadi. E’tiqod kishi xulqini izchil, mantiqli, maqsadga intiluvchan bo’lishini ta’minlaydi, insonni bunyodkor, fidoyi bo’lishga undaydi. Sog’lom e’tiqodning shakllanishida demokratik davlat, fuqarolik jamiyatida vijdon erkinligi masalasi alohida ahamiyat kasb etadi. Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar masalasi ijtimoiy hayotda har doim muhim va murakkab masala bo’lib kelgan. Binobarin, uning zamirida shaxsning huquqi, demokratiya, adolatparvarlik va insonparvarlik kabi katta ijtimoiy, siyosiy, huquqiy va axloqiy tushunchalar yotadi. Vijdon erkinligi kishilarning ruhiy olamiga, uning sog’lom va barkamolligiga bevosita ta’sir ko’rsatadi. Shu bois bu masalaning ijtimoiy hayotdagi o’rni va bajaradigan vazifalari g’oyat muhim. Birlashgan Millatlar Tashkilotining ustavidan tortib barcha xalqaro hujjat va shartnomalarda, hamma mamlakatlarning konstitutsiya va qonunlarida vijdon erkinligi o’z ifodasini topgan. Turli dunyoqarash, e’tiqodda bo’lgan kishilar o’rtasidagi, davlat bilan din, diniy tashkilotlar bilan davlat o’rtasidagi munosabatlarning amalda huquqiy ta’minlanishiga e’tibor qaratish zarur. Zero, odamlar doim turli dunyoqarash va e’tiqod bilan yashaganlar va yashaydilar. Har kimning o’z ichki dunyosi, o’z e’tiqodi bo’ladi.
Totemizm. «Totem» so‘zi Shimoliy Amerikada yashaydigan Ojibva qabilasi tilida «uning urug‘i» ma’nosini anglatadi va mohiyatan «odamning hayvonot yoki o‘simlikning muayyan turlariga qarindoshlik aloqasi bor» deb e’tiqod qilish, ehtimol, ma’lum bir jamoaning avvalda asosiy oziqa manbaini tashkil qilgan hayvon yoki o‘simlikka nisbatan e’tibor keyinchalik vujudga kelgan qabila diniy tasavvurlarining asosiy shakllaridan biriga aylangan bo‘lishi mumkin. Urug‘dosh guruhlar o‘zlarini umumiy belgilari va totemlari bo‘lgan hayvon yoki o‘simlikdan kelib chiqqan deb bilar edilar. Urug‘dosh jamiyatning shakllanish jarayonida totemizm muhim rol o‘ynadi, ayniqsa, qarindosh guruhlarning boshqalardan ajralishiga, «o‘zimizniki», ya’ni «bir totemga tegishli» degan aniq taassurot paydo bo‘lishiga sabab bo‘ldi. Totemizm ta’sirida paydo bo‘lgan urf-odatlar va me’yorlar asrlar davomida qat’iy ravishda qo‘llanildi. Ayni totemga xos bo‘lmagan begonalar bu jamoa urf-odati va me’yorlaridan chetda hisoblangan. Urug‘ va qabilalar o‘z totemi nomi bilan, masalan, tuyaqush urug‘i, ilon urug‘i, burgut urug‘i, qurbaqa urug‘i, baliq urug‘i kabi nomlar bilan yuritilgan. Urug‘ a’zolari totem hisoblangan hayvon yoki o‘simlikni o‘ldirish, otish, ovlash, behurmat qilish yoki nobud qilish, taomga ishlatish taqiqlangan. Bunday odatga Tabu (taqiqlash) deyilgan. Keyinchalik bu taqiqlar yo‘qola borgan va totemning faqat ba’zi qismlari – kallasi, buyragi yoki jigarini iste’mol qilish taqiqlangan. Totem hisoblangan hayvonni so‘yish vaqtida undan uzr so‘raganlar, gunohini soqit qilishga uringanlar. 48 Shunday qilib ibtidoiy odam o‘zini tabiatdan ajratmagan, o‘zi va uni o‘rab olgan borliqdagi narsa va xodisalar orasida qon-qarindoshlik mavjud deb tasavvur qilgan. Hozirda qo‘llanilib kelinayotgan muchal yillari ham tarixan totemizm bilan bog‘liqdir. Chunonchi, sichqon, sigir, yo‘lbars, quyon, baliq, ilon, ot, qo‘y, maymun, tovuq, it, to‘ng‘iz yillari shu jumladandir. Insoniyat taraqqiyotining dastlabki bosqichlarida totemizmning asosiy vazifalari, yuqorida aytib o‘tilganidek, birlashtiruvchilik, tartibga soluvchilik edi. Totemizm diniy shakllarning dastlabkisi sanalsa-da, hozirda ham ko‘plab xalqlarning urf-odatlarida, e’tiqodlarida uning unsurlari saqlanib qolgan (masalan, Hindistonda sigir, Avstraliyada kenguru, qirg‘izlarda oq bug‘u afsonaviy baxt keltiruvchi hayvon sifatida ulug‘lanadi). Fetishizm. Fetishizm ham eng qadimgi, ya’ni ibtidoiy din shakllaridan biri. Fetishizm – portugalcha «fetisho», fransuzcha «fetish» so‘zidan olingan bo‘lib «sehrli narsa», «sehrli buyum» degan ma’noni bildiradi. Fetishizm – jonsiz narsalarda qandaydir g‘ayritabiiy kuch bor deb ularga ishonish, sig‘inish, ulardan madad kutish demakdir. Fetishizm xilma-xil shaklda namoyon bo‘lib kelgan va u xozirgi barcha dinlarda ham uchraydi. Bunday fetish tosh, tayoq, daraxt, birorta narsa, moddiy buyumlar bo‘lishi mumkin. Bunday fetishlashtirilgan buyumlar keyinchalik tumor, sanam, but qabilar bo‘lgan, ular xozir ham uchrab turadi. Ibtidoiy odamlar mazkur buyum-fetishlar mo‘jizali, o‘zlarining hayotiga ta’sir qilish qobiliyatiga ega ekanligiga ishonganlar, undan madad va yordam kutganlar. Shunday qilib fetishizmning mohiyati ibtidoiy odamlarning dahshatli tabiat kuchlari oldida ojizliklari natijasida xurofiy qo‘rqinch tuyg‘ulari asosida qandaydir g‘ayritabiiy kuchdan madad kutish, uning himoyasiga umid bog‘lashdan iborat diniy xis-tuyg‘udir, deb aytishimiz mumkin. Ikona (xudo tasviriga), «muqaddas» daraxt va toshlar, aziz avliyolar ularning qabrlariga, har xil tumorlarga, ko‘zmunchoq va boshqalarga sig‘inish, ularni muqaddas deb bilish fetishizmning bizgacha yetib kelgan qoldig‘idir. Animizm. Animizm ham ibtidoiy din shakllaridan biridir. Animizm – lotincha «anima» so‘zidan olingan bo‘lib, jon, ruh degan ma’noni anglatadi. Bu nom ingliz etnografi E.Teylor tomonidan kiritilgan. Animizmning mohiyati kishi ruhining, jonining borligi va uning o‘lmasligiga ishonishdir. Animizmda ruhlar tabiiy xodislarni boshqaradi, unga ta’sir o‘tkazadi deb hisoblanadi. Bu ruhlar yo sahiy yoki kishilar baxtiga, hayotiga tahdid soluvchi bo‘lishi mumkin deb tasavvur qilingan. Ibtidoiy odamlar vafot etgan kishilarning ruhlari abadiy, o‘lmas deb hisoblab, ularga sig‘inganlar. Ular o‘z tanalari tuzilishini, kishi o‘lishi, tush ko‘rishi va jasadlari bilan bog‘liq xodisalarni tushuna olmay, jonni mavjud bir narsa deb bilib, kishi o‘lishi bilan jon tanani tark etib ketadi, boshqa narsalarga ya’ni hayvonlarga, yosh chaqaloq bolalarga o‘tadi deb tasavvur qilganlar. Uyquni jonning kishi tanasini vaqtincha tashlab ketishi, tushni esa kishi uxlab yotganda jonning boshqa o‘lib ketgan kishilarning joni bilan uchrashuvi deb bilganlar. 49 Animizmga e’tiqod qilganlar odam o‘lgandan so‘ng jon tanadan chiqib ketadi va o‘lmaydi, abadiy yashaydi deb hisoblaganlar. Shu asosda ruhning o‘lmasligi to‘g‘risidagi tasavvurlar yuzaga kelgan. Shu bilan birga ibtidoiy odamlar har bir narsaning o‘z ruhi-joni bor deb tasavvur qilgan. Qadim Turkistonda marhumning jonini, ruhini «arvoh» deb atashgan. Arvoh esa uzoqqa ketmay shu joyda aylanib yuradi, uydagi barcha ishlardan xabardor bo‘lib turadi deb o‘ylaganlar. Arvohlarni rozi qilish, g‘azabini keltirmaslik maqsadida har xil qurbonlik marosimlarini o‘tkazganlar. O‘tgan ajdodlar arvohiga sajda qilish, ularni xotirlash, tabiat va tabiat kuchlariga sig‘inish natijasida muqaddas joylar, avliyolarning qabrlari vujudga kelgan. Shomanizm. Shomonizm ham kishilik jamiyatining eng qadimgi davrlaridagi dinlaridan biridir. «Shomon» tunguscha so‘z bo‘lib «o‘ta hayajonlangan», «jazavali kishi» degan ma’noni anglatadi. Bu dinning ruhoniysi shomon hisoblangan. Shomonizmda ayrim kishilar alohida ilohiy qudratga ega ekanligiga ishonadilar. Shomonlar o‘z qavmlarini, odam yaxshi va yovuz ruhlar, arvohlar panohida, homiyligida yashaydi, odamning sog‘lig‘i, baxti va taqdiri shularning qo‘lida, deb ishontiradilar. Shomonlar odamlar va ruhlar o‘rtasida vositachilik qila olish qudratiga ega bo‘lgan kishilardir. Odamlar shomonlar kelajakni oldindan aytib berish, uzoq joylardagi voqealarni bilish, kasalliklarni daf etish, tabiat xodisalarini o‘zgartirish va boshqalarga qodir deb qarab ularga ishonganlar. Shomonlar g‘ayritabiiy qobiliyatiga ega bo‘lib, ashula aytish, raqsga tushish, nog‘ora, childirma chalish yo‘li bilan jazavaga tushib, yovuz va sahiy ruhlar bilan bevosita aloqa va munosabatda bo‘lish orqali kasalliklarni davolash, tabiat kuchlarini jilovlash, pol boqish amallarni bajarishgan.5 Shomonlar odamlar diqqatini o‘ziga qaratish uchun turfa rasm-rusmlarga rioya qilishgan, turli buyumlar osilgan maxsus kiyimlarni kiyishgan, qo‘ng‘iroqli childirma va nog‘oralardan foydalanganlar. Xulosa shuki, shomonizmning totemizm, fetishizm, animizmdan farqi bor. Bu dinlarda odamlar hayvonlar, o‘simliklar, turli buyumlar va ruhlarga sig‘ingan bo‘lsa, shomonizmda odamlar odamga-shomonga ishongan va sig‘ingan. Sehrgarlik (magiya). Ibtidoiy din shakllaridan yana biri sehrgarlikdir. Sehrgarlik odamga, hayvonga, tabiatga ma’lum maqsadni ko‘zlagan holda g‘ayritabiiy yo‘l bilan ta’sir etish uchun qilinadigan hatti-harakatlar, duolar va ishlardir. Sehrgarlik yolg‘on va ko‘zga ko‘rinmaydigan sehrli aloqa va ta’sirlarning tabiatda mavjudligiga ishontirish, ayrim xollarda odam bilan tabiat orasidagi munosabatlarga ham o‘zaro ta’sir o‘tkazish, bir odamning ikkinchi bir shaxsga ta’sir qila bilish qobiliyatiga ega ekanligini uqtirishdan iborat diniy e’tiqoddir.6 5 Qarang. Abduraxmonov A. Saodatga eltuvchi bilim. Toshkent, «Movarounnahr», 2002. To‘ldirilgan ikkinchi nashri, 230-bet. 6 Қаранг. Жабборов И., Жабборов С. Жаҳон динлари тарихи. 48-бет. 50 Sehrgarlik yo‘li bilan ko‘pincha havf-xatardan saqlanish yoki dushmanga zarar yetkazish maqsadida uzoq masofadan bo‘lsada, jismoniy xamda nojismoniy ta’sir o‘tkazishga harakat qilingan. Bu ish bilan jodugarlar, azoyimxonlar, folbinlar, duoxonlar, baxshilar shug‘ullanganlar. Sehr-jodu qilishning turlari turli-tuman bo‘lib, unga asosan quyidagilar kiradi. Birovga yoki dushmanga ziyon-zahmat yetkazish, xarbiy sehrgarlik, muhabbat sehrgarligi, isitma-sovutma, kasallikdan davolash sehrgarligi, yomon yoki yovuzlikdan qo‘riqlash sehrgarligi va boshqalar. Sehrgarlik barcha dinlarda ham muhim o‘rin olganligi bilan ajralib turadi. Xulosa shuki, sehrgarlik odam, hayvon va tabiatga g‘ayritabiy yo‘l bilan ta’sir o‘tkazish maqsadida ma’lum kishilar tomonidan bajariladigan hattixarakatlardir. 2. Masala bayoni. Qadimgi Misr va Yunoniston dinlari Misr. Qadimgi Misr dinlari nomlarning rahnamo-xudolariga sig‘inishga asoslangan. Mil. av. IV asrda qabilalar nomlar deb atalgan. Nom xudolariga sig‘inish juda uzoq muddat davom etganligiga qaramasdan o‘zining qadimiy xususiyatlarini saqlab qolgan. Har bir qabila o‘z xudosiga ibodat qilish, uni e’zozlash bilan bir qatorda o‘sha xudo bilan qandaydir jihat bilan bog‘liq bo‘lgan muayyan hayvonni ham e’zozlagan va unga sig‘ingan. Ular ikkalasi yoki alohidaalohida shaklda yoxud zooantropomorf, ya’ni odam-hayvon shaklida tasvirlangan. Masalan, Elefantinda – qo‘yga, Denderada – sigirga, Siutda – chiyabo‘riga, Germopolda – ibis (laylakka o‘xshash uzun oyoqli qush) va pavianga (ittumshuq maymun), al-Fayyum vodiysida – timsohga, Bubastisda esa mushukka sig‘inganlar. Janubiy Misrning qadimiy birlashishiga asos bo‘lgan Nexenda kalxat ayol xudosiga, unga yaqin joylashgan Naxabda suv nilufariga sig‘inganlar. Shimoliy Misr birlashuvining qadimiy markazi Butoda muqaddas ilonga, qo‘shni Pe jamoasida asalariga sig‘inganlar. Ko‘rinib turibdiki, Qadimgi Misr dinlarida ko‘proq totemistik unsurlar saqlanib qolgan. Ko‘pchilik tadqiqotchilarning ta’kidlashlaricha, Misr totemizmi qabilaviy emas, balki mahalliy bo‘lgan. Shunga qaramay, Afrika etnografiyasi keltirgan ishonchli dalillar hayvonlarni ulug‘lash va ularga sig‘inish odatlari avval ma’lum bir qabila miqyosida bo‘lib, keyinchalik muayyan hudud doirasini qamrab olganligidan dalolat beradi. Deyarli barcha mahalliy rahnamo-xudolarga sig‘inish udumlari muqaddas hisoblangan hayvonga odam shaklini berish bilan kelib chiqqan. Masalan, mushuk keyinchalik mushuk boshli Bastet xudosiga, lochin – Gor xudosiga aylangan. Totaning ibis boshli, Anubisning it boshli, Sobekning timsoh boshli, Soxmetning urg‘ochi sher boshli, Xator xudosining sigir boshli qilib tasvirlanishi muqaddas 51 hayvonlarning keyinchalik yarim odam-yarim hayvon shakliga kirganidan darak beradi. Misr xudolari orasida Nexebt, Xator, Neyt, Soxmet, Neftida kabi ko‘p sonli ayol xudolarining mavjudligi Qadimgi Misrda matriarxal munosabatlar kuchli bo‘lganligining oqibatidir. Misrning birlashish davridan avvalroq butun Misrning umumiy xudolari kulti vujudga kelganligini kuzatish mumkin. Agar biron-bir qabila Misrning birlashtirilishida asosiy o‘rinni egallasa, o‘sha qabilaning xudosi umumdavlat ma’budiga aylangan. Misrning umumiy xudolari orasida eng qadimiylaridan biri lochin Gor xudosi bo‘lib, avval unga Ierakonpol va Edfuda sig‘inganlar. Bu mintaqadan chiqqan Gorga sig‘ingan podshohlar Misrning ilk birlashtiruvchilari bo‘lganlar (1- 2-sulola; mil. av. to‘rtinchi ming yillikning oxiri). Ular o‘z qabilaviy xudolarini umummisr quyosh xudosiga aylantirdilar. Mamlakat poytaxti Memfisga ko‘chirilgan vaqtda (3-sulola; mil. av. 3000 y. atrofi) Misrning asosiy rasmiy xudosi Ptax nomli Memfis xudosi bo‘lib qoldi. Mil. av. 2700 yillar atrofida 5- sulola hokimiyat tepasiga kelgan paytda On (Geliopol) shahri bilan bog‘liq bo‘lgan Atum (Ra) xudosi Misrning oliy xudosiga aylandi. 11-12-sulolalar davrida (mil. av. 2100-1800 y. ) juda ham mashhur bo‘lmagan Amon xudosi umummisr xudolarining asosiysiga aylandi va oldingi oliy xudo Ra bilan birlashib Amon-Ra shaklini oldi. Mamlakatning birlashtirilishi natijasida mahalliy xudolar ham ikkinchi darajali ma’budlarga aylanganlar. Germopol xudosi Tot (Ibis) olimlar va kotiblar rahnamosiga, Siut xudosi Anut narigi dunyo hukmdoriga, Latopolning ayol xudosi urush xudosiga, Koptos xudosi Min ajnabiylar rahnamosiga aylandi va h.k. Qadimgi Misr dinlari guruhlaridan biri xalq dehqonchilik e’tiqodlari va marosimlari bilan bog‘liq bo‘lgan. Ular haqida ma’lumotlar nisbatan kam, chunki qadimgi yozma yodgorliklarda xalq dinlari emas, balki davlat dinlari haqida xabar beriladi. Biroq davlat dinlariga ham xalq e’tiqodlari o‘z ta’sirini ko‘rsatgan. Bu ta’sirni rasmiy din xudolari timsolida ko‘rish mumkin: serhosillik xudosi avvalda Koptos xudosi Min, Fiva xudosi Amon, Elefantin xudosi Xnum, Delta ayol xudosi Isida va h.k. bo‘lgan. Ammo xalqning dehqonchilik dinlari asosiy xudosi Osiris bo‘lgan. Qadimgi Misrda podshohlar – fir’avnlarning ilohiylashtirilish holatlarini kuzatish mumkin. Mamlakatni birlashtirgan Gor xudosiga sig‘ingan qadimiy podshohlar o‘zlarini xudolarining panohida deb hisoblaganlar va hatto o‘zlarini uning nomi bilan ataganlar. 5-sulola davridan boshlab, fir’avn quyosh xudosi Raning o‘g‘li deb sanaladigan bo‘ldi. Podsholarni xudoning o‘g‘li deb bilish milodning boshlarigacha davom etgan. Podshohning o‘zi asosiy diniy 52 marosimlarni shaxsan ijro qilgan: ibodatxonalarga asos solgan, uning yolg‘iz o‘zi xudoga atalgan qurbonliklarni ado etgan. Ruhoniylar faqatgina podshoh nomidangina ish yuritganlar. Fuqarolar uning huzurida yer o‘pib ta’zim qilganlar, podshoh nomini aytish taqiqlangan, diniy ramzlarda uning surati aks ettirilgan. Bularning hammasi podshoh nasabining xudoga tegishli deb e’tiqod qilinganidan darak beradi. Qadimgi Misrda dafn marosimlari asta-sekin taraqqiy etib bordi. Avvalda o‘lgan odam jasadini yonboshlatib, ba’zi ashyolar bilan birga ko‘mganlar. Ba’zan jasad bo‘laklarga bo‘lib ko‘milgan. Vaqt o‘tishi bilan, ayniqsa, podshohlar dafn rasm-rusumlari o‘zgarib borgan. Sag‘analar bora-bora keng va murakkab uslubda qurila boshlagan. Avval yerdan ozgina yuqori ko‘tarilgan piramida shaklida, keyinroq esa baland piramida shaklini olgan. Vafot etgan podshohning jasadi mumiyolanib dafn etilgan. Keyinchalik podshoh mulozimlari, so‘ngroq o‘rta tabaqa kishilari ham mumiyolanadigan bo‘lgan. Mumiyolashning murakkab texnologiyasi tobora rivojlanib borgan. Mumiyolash ruhoniylar tomonidan bajarilgan. Ular bu ishda juda mohir bo‘lganlar. Mana shuning uchun ham ular tomonidan mumiyolangan jasadlar bugungi kunga qadar saqlanib kelmoqda. Qadimgi Misrda jasadlarning mumiyolanishi o‘limdan keyingi hayotga bo‘lgan ishonchdan darak beradi. Qadimgi misrliklar e’tiqodlariga ko‘ra, odam o‘lishi bilan uning jasadidan uning nomi (ren), ruhi (ba), joni (ka) chiqib ketadi. Ka – insonning joni jasadning taqdiri bilan bog‘liq hisoblangan. Ka o‘lmas emas, agar jasad kerakli anjomlar bilan qo‘shib dafn etilmasa, ka ochlik va chanqoqdan o‘lishi mumkin. Agar turli sehrli duolar yozib qo‘yilmasa, kani narigi dunyodagi maxluqlar yeb qo‘yishi mumkin. Jasad yaxshilab mumiyolanib, uzoq saqlansa yoki hech bo‘lmasa, uning ustixoni qancha uzoq saqlansa, ruhi ham shuncha uzoq yashaydi. Misrliklarning esxatologik tasavvurlariga ko‘ra, oliy nasab, boy kishilar o‘lgandan keyin narigi dunyoda farovon hayot kechiradilar. Ushbu tasavvurlar haqida 6- sulola vakillari sag‘analarida aks ettirilgan suratlar xabar beradi. Bu kabi farovon hayotga, ularning fikrlaricha, bu dunyoda farovon hayot kechirganlar yetishganlar yoki bunday hayotga sehr-jodu bilan erishish mumkin bo‘lgan. Misrning qadimgi e’tiqodlarida o‘lganlar rahnamolari bo‘lgan xudolar haqida tasavvurlar mavjud bo‘lgan. O‘rta podshohlik davrida o‘lganlar ruhlari ustidan hukm chiqarish haqidagi tasavvurlar paydo bo‘lgan. Bu ta’limotlar piramidalar matnlarida uchramaydi. Ular Osiris xudosini ruhlar ustidan hukm qiluvchi xudo sifatida ta’riflaganlar. Qadimgi Misr dinlari tarixida sehr-jodu katta o‘rinni egallagan. Bizgacha yetib kelgan yozma va tasviriy manbalar, ashyoviy dalillar xalq hayotining turli sohalarida Misr tarixining barcha bosqichlarida sehrgarlikdan keng 53 foydalanilganligidan dalolat beradi. Jumladan, tibbiyot bilan bog‘liq davolashhimoyalash sehrgarligi bunga yaqqol misoldir. Misr tibbiyoti, xususan, dorishunosligi nisbatan yuqori o‘rinda turgan va ularning barchasi sehrgarlik tasavvurlari bilan bog‘liq bo‘lgan. Ebers papirusi (12-sulola davri, mil. av. 2000 y.) nomini olgan tibbiyotga oid nisbatan ilmiy asarda ham dorilar tarkibi haqida yozila turib, ular orasida bir qator kasallikni ketkazuvchi sehrli so‘zlar ham berilgan. Boshqa tibbiy asarlarda esa sehrgarlik yanada ko‘proq uchraydi. Bundan kelib chiqib aytish mumkinki, tibbiyot ruhoniylar qo‘lida bo‘lgan. Undan tashqari, ob-havo sehrgarligi ham amalda ko‘p qo‘llangan. Mana shunday marosimlardan biri Raning dushmani Apopga qarshi Fiva ibodatxonasi ruhoniylari doim quyosh porlab turishi uchun har kuni sehrgarlik marosimlarini o‘tkazar edilar. Shuningdek, dushmanga zarar yetkazish sehrgarligi mavjud edi. Bunda dushman timsoliga qarata zarar yetkazuvchi duolar o‘qilar edi. Shu bilan birga, yuqorida zikr etilganidek, o‘lganlarning ruhi narigi dunyoda rohatfarog‘atda yashashi uchun o‘tkaziladigan sehrgarlik marosimlari ham bo‘lgan. Misr diniy hayotida, ayniqsa, keyingi davrda ruhoniylik katta ahamiyatga ega bo‘lgan. Avval boshda bunday mansab bo‘lmagan. Qadimiy podshohlik davrida ruhoniylar juda kam bo‘lgan. Diniy marosimlarni asosan dunyoviy kishilar – hokimlar, oqsoqollar, markazda esa fir’avnlar amalga oshirgan. Ruhoniylar esa mazkur boshliqlar nomidan ish yuritganlar. Ruhoniylar orasida faqatgina Memfis xudosi Ptax, Geliopol xudosi Ra ibodatxonasi ruhoniylarigina nufuzli mavqega ega bo‘lganlar. Misr aholisining milliy hissiyotlari kuchaygan va podshohlikning zaiflashgan davrida (mil. av. 1700-1570 y. ) ruhoniylarning obro‘si oshdi. Keyinchalik ruhoniylik avloddan-avlodga meros tarzida o‘tadigan bo‘ldi. 19-20-sulolalar davriga kelib (mil. av. XIV – XI asrlar) nufuzi pasayib qolgan fir’avnlar ruhoniylar yordamisiz ish yurita olmas edilar. Shuning uchun ham ruhoniylarga katta-katta yer-mulklar berar edilar. Misr hayotining mafkuraviy sohasini o‘z qo‘liga olgan ruhoniylar mamlakat ijtimoiy hayotida sezilarli ta’sirga ega edilar. Yunoniston. Qadimgi yunon dinlari haqida ma’lumot beruvchi manbalar ko‘p, ular ichida qadimgi yunon dostonlari hamda yunon faylasuflarining bizgacha yetib kelgan asarlari yaxshi manba bo‘lib xizmat qiladi. Qadimgi yunonlar hayvonlar timsollarini ilohiylashtirganlar. Bunda ho‘kiz timsoli birinchi o‘rinda bo‘lib, xo‘kiz suratlari qadimgi yunon tasvirlarida tez-tez uchrab turadi. Shuningdek, yunonlar ilon timsolini, yana bir qator hayvon va qushlarni ilohiylashtirganlar. Demak, aytish mumkinki, qadimgi yunonlarda totemistik tushunchalar keng tarqalgan. 54 Qadimgi yunonlarda odam shaklidagi xudo timsollari ko‘p uchraydi va ushbu xudolar ko‘pincha ayol timsolida bo‘ladi. Masalan, shunday tasvirlardan birida bir ayolning ikki qo‘lini osmonga ko‘tarib turgan itning oldida qo‘llarini yuqori ko‘targan holda turgani tasvirlangan. G‘ildiraksimon shakllar yordamida quyosh va oy timsollariga ishora qilganlar va buning bilan ularni ham ilohiylashtirganlar. Toshlarda ba’zi daraxtlarda ilohiy kuch mavjud deb hisoblaganlar, g‘orlar va ungurlarga esa o‘limdan keyingi hayot hamda turli marosimlarga bog‘lab diniy tus berganlar. Qadimgi yunon dinida totemizm singari ilk diniy tasavvurlarning ba’zi belgilari sezilib turadi: mirmadanlarning chumolidan tarqaganligi haqidagi afsona yoxud ilonoyoq Kekropning Afina asoschisi ekanligi haqidagi afsonalar shunga asos bo‘la oladi. Yana qadimgi ovchilik an’analariga oid marosimlar va sehrgarlik rasmrusumlari ob-havo bilan bog‘liq bo‘lgan. Masalan, Mefanax (Korinfika) shahrida jazirama issiq shamollarni haydash uchun ikki kishi bir oq xo‘rozni ikkiga bo‘lib, qo‘lga ko‘tarib tokzor atrofida har tomonga yugurganlar. Yoxud shunga o‘xshash yomg‘ir chaqirish ham alohida marosimni talab etgan. Yunonlar dinining mana shu qadimgi shaklida tabiatni o‘rab turgan turlituman mayda ruhlar: suv ruhlari, o‘rmon ilohlari, nayad, driad, tog‘ ruhlariga ishonish asosiy o‘rin tutgan. Ushbu xalqlarda ildizi qadim o‘tmishga borib taqaladigan yomonlik keltiruvchi sehrga ishonch mavjud bo‘lgan. Bunda yer ostidagi qora kuchlar haqidagi tasavvurlar nazarda tutiladi. Ulardan qahrli Gekata birinchi o‘rinda turgan. Agar odamlar biron kimsani dushman tutib yo‘q qilmoqchi bo‘lsalar, shu xudolar ismini tilga olib la’natlaganlar. La’nat yuborish va duoibad qilishning ham o‘ziga xos rasm-rusumlari bo‘lgan, biroq bunday yovuz sehrgarlik u qadar ahamiyatga ega sanalmagan. Yunonlar sehrdan keng foydalanganlar. Bemorlarni davolash, kasallikning muolajasida ham tabobat bilan bog‘liq urf-odatlar uzoq saqlangan. Tarixan juda ham qadim-qadimlarga borib taqaladigan yunon e’tiqodlaridan biri – bu o‘lim va undan keyingi holat haqidagi tasavvurlardir. Yunonlar odatiga ko‘ra, o‘lgan kishi tanasini yerga ko‘mishgan yoki sag‘anada saqlangan. Ularning fikricha, o‘lganlar ruhi yer osti makoni – Aidada to‘planadi. Inson qanday hayot kechirgan bo‘lishidan qat’i nazar, xoh u qo‘rqmas askar bo‘lsin, xoh dehqon, barcha birdek mana shu Aida deb atalgan joyda og‘ir mashaqqatlarga yo‘liqadi. Shuning uchun ham yunonlar bu qiyinchiliklar girdobiga tushadigan marhumni so‘nggi yo‘lga kuzatish marosimini o‘zlariga burch deb bilganlar va katta e’tibor bilan amalga oshirganlar. Yunonlar, garchi o‘limdan unchalik qo‘rqmagan bo‘lsalar-da, insonning o‘limidan keyingi taqdirini o‘ylab dafn etilmay itlar yoki biron boshqa yirtqichlarga yem bo‘lishini nihoyatda katta 55 fojia sanaganlar. Ular marhumlar oziq-ovqatga muhtoj bo‘ladilar deb, ularga maxsus oziqalar hozirlashgan. Yunon diniy qarashlarining yana bir o‘ziga xos jihati – aslzoda qahramonlarni ilohiylashtirish. Xalq qahramonlariga ishonchning shakllanishi biroz kechroq bo‘lgan. Bunday ishonchning yuzaga kelishiga xudolarga bo‘lgan ishonchning pasayishi sabab qilib ko‘rsatiladi. Ilk ko‘rinishida alohida urug‘ning madadkor ruhlari, boshlang‘ich ajdodlari qahramon sifatida talqin qilingan. Aslzoda xonadonlarning alohida ajratilishi bilan ularning ilk ajdodlari ham ulug‘lana boshladi. E’tiborli va kuchli xonadonlarning ajdodlari nomi boshqalarnikidan yuqori qo‘yilib, uni ulug‘lovchi va unga sig‘inuvchilar soni ham ortib borgan. Shu tariqa Gerakl, Iffikal, Ivrinom, Borea, Erota kabi qahramonlardan iborat xudolar panteoni vujudga keldi. Gerakl butun yunon o‘lkasida mashhur qahramon timsoli bo‘lib, uni quyosh xudosi deb bilganlar. Ammo ba’zi tadqiqotchilar uni tarixiy shaxs deb hisoblaydilar, ya’ni Gerakl timsoli xalq qahramoni shaxsining afsonaviylashtirib yuborilgan ko‘rinishidir. U doriylar qabilasiga mansub Geraklidlar sulolasining bobokaloni hisoblanadi. Doriylar tomonidan Peloponnessaning katta qismini bosib olinishiga sabab bo‘lgan «Geraklidlar yurishi» mil. av. XII – XI asrlarda bo‘lgan tarixiy voqeadir. Geraklning mana shu yurishlar davomida ko‘rsatgan qahramonliklari uning butun Yunoniston bo‘ylab mashhur bo‘lishiga va u haqda ko‘plab afsonalar to‘qilishiga olib keldi: uning hatto osmonga ko‘tarilib ketgani va Ellada xudolaridan biriga aylangani haqida afsona tarqaldi. Geraklning o‘g‘li Fest sikionliklarni o‘z otasini qahramon sifatida emas, xudo sifatida ulug‘lashga majbur qildi. Bundan tashqari, joylarda e’tiborli oilalar jamiyatda keng tarqalib ulgurgan marosimlarni qo‘llariga ushlab qolishga harakat qildilar. Jumladan, Afinada Erextey, Buta kabi qahramonlar kulti zodagon Butadlar xonadoni qo‘lida bo‘lgan. Qadimgi yunon xudolari mahalliy va umumiy xudolar toifasiga bo‘linadi. Mahalliy xudolarga o‘zaro urushlarda yordam beradi, deb e’tiqod qilingan bo‘lsa, umumiy xudolar tashqi dushmanga qarshi kurashlarda yordam beradi deb ishonilgan. Yunonistonda alohida shaharlarning o‘z xudolari bo‘lganligi bu mamlakatning siyosiy tarqoqligidan xabar beradi. Gomer davrida yunonlarning madaniy jamoasi umumyunon xudolari hisoblanmish Olimpiya xudolariga ibodat qilishi bilan ajralib turar edi. Olimpiya ulug‘ xudolari panteonining kelib chiqish masalasi juda murakkab. Ularning har biri o‘ziga xos bo‘lib, ba’zilari Ellada davridan avvalgi xudolarning yunonlar tomonidan o‘zlashtirib olinganidir. Ularning eng ulug‘i Zevsning xotini shahloko‘z Gera hisoblangan. U Mikenning qadimiy homiysi sigir-xudo ko‘rinishidadir. Ikkinchisi Poseydon 56 Peloponnessada qadimiy dengiz xudosi bo‘lib, unga sohildagi baliqchilar sig‘inishgan. Afina ham Olimpiya xudolaridan bo‘lib, shaharlar va qo‘rg‘onlar homiysi hisoblangan. Uning «Afina xudosi», «Afinalik ayol», «Pallada», «Poliada» kabi ellikka yaqin sifatlari bo‘lib, o‘z davrida Yunonistonning eng oliy xudolaridan biri bo‘lgan. «Ellada tavsifi» kitobida unga atab 73 ta ibodatxona, ziyoratgohlar qurilgani eslatiladi. Bu jihatdan Afina Artemidadan keyingi o‘rinda turar edi. Qadimgi afsonalarga ko‘ra Afina jangovar xudo sifatida to‘la qurollangan holda tasvirlangan. Shuningdek, uning obrazida totemistik jihatlar ham saqlanib qolgan. U goho boyqush, goho ilon, gohida esa zaytun daraxti timsollarida tasavvur qilingan. Artemida yunon xudolari orasida buyuklaridan hisoblanar edi. Eng ko‘p ibodatxona va muqaddas qadamjolar unga atab qurilgan. Qadimiy afsonalar va turli tasvirlarda Artemida ovchi qiz shaklida tasvirlangan. Eng ko‘p tasvirlangan Apollon timsoli o‘ta murakkab va noaniq obrazdir. U Zevs va Letoning o‘g‘li, Artemidaning akasi hisoblanadi. Apollon so‘zining ma’nosi ba’zida «halok qiluvchi», ba’zida «chorva rahnamosi» sifatida talqin qilingan. Zevs esa «xudolar va odamlar» otasi hisoblangan. Unda ellikka yaqin mahalliy xudolarning sifatlari jamlangan bo‘lib, ular Zevsning sifatlari o‘laroq saqlangan. Zevs haqidagi afsonalar ko‘proq Krit va Fessaliyada tarqalgan. Zevs ismi «yog‘duli osmon» ma’nosini bildiradi. Bulardan tashqari, yunonlar Asklepiy, Pan, Afrodita, Ares, Gefest, Gestiya, Hermes kabi xudolarga sig‘inganlar. 3. Masala bayoni. Yahudiylik dini va ta’limoti Eng qadimgi milliy dinlardan biri Iudaizm (Yaxudiylik) dinidir. Iuda – Yaxudiy millatining eng qadimgi qabilalaridan birining nomidir. Bu dinning kelib chiqishi va shakllanishi yahudiylarning o‘tmishdagi og‘ir, mashaqqatli, jabrujafoli hayot yo‘li bilan bog‘liq holda kechgan. Chunonchi, yaxudiylar eramizdan avvalgi mingyilliklarda Misrliklar, Ossuriyaliklar, Vaviloniya, Eron shahonshoxlari, Rim imperiyasi kabi mamlakatlar asirligi va zulmi ostida g‘oyat ayanchli hayot kechirganlar. Shu tufayli bunday azob va uqubatlardan, quvg‘inliklardan qutilish, yaxudiylarni ozod qilish uchun xaloskorning kelishi (messiya) haqidagi g‘oya yuzaga kelgan. Buni messinizm deb yuritiladi. Bunga ko‘ra oxirzamonda Yaxve yaxudiylar orasidan bir xaloskorni chiqaradi va u quyidagi vazifalarni bajaradi: 1. dunyoni qaytadan, isloh qilgan holda qurish; 2. barcha yaxudiylarni Sinay tepaligi atrofida to‘plash; 3. ularning (yaxudiylarning) barcha dushmanlarini jazolash. 57 Yaxudiylik dinining yuzaga kelishi va shakllanishi davri eramizdan avvalgi XIII asrga, Falastin yerlarini Isroil qabilalari tomonidan bosib olinishi davriga to‘g‘ri keladi. Eramizdan avvalgi X asrga kelib Yaxudiy davlati vujudga keladi. Bu davlatning vujudga kelishida Iuda qabilasi muhim rol o‘ynagan. Mustaqil Yaxudiy davlati barpo bo‘lgandan so‘ng ana shu qabilaning xudosi Yaxvega sig‘inish joriy etilgan. Solomon (Sulaymon payg‘ambar) podsholigi davrida, ya’ni er.av X asrda hashamatli Yaxve ibodatxonasi qurilgan. Yangi eraning 133 yiliga kelib rimliklar tomonidan yaxudiylar Falastin yerlaridan xaydab chiqariladi. Shu tariqa yaxudiylar turli mamlakatlarga tarqalib ketadilar. Yahudiylar qaysi davlatga borib yashagan bo‘lsalar, u yerlarda o‘zlarining jamoalarini tuzganlar. Imkoni boricha o‘z dinlarini saqlab qolish maqsadida, to‘planib turadigan joy-sinagog (ibodat uylari) larni vujudga keltirdilar. Tarixiy manbalarda Yahudiylar eramizdan avvalgi quvg‘inlikka uchragan va O‘rta Osiyo eronliklar qaramog‘ida bo‘lgan davrlarda bu yerlarga Eron orqali kirib kelganligi qayd etiladi. Dastlab Iudaizm ko‘pxudolik (politeistik) din bo‘lgan. Er.av. X-VI asrlarda Iudaizm yakkaxudolik (monoteistik) dinga aylangan. Yahudiylik dinining muqaddas kitoblari Tavrot, Zabur va Talmud hisoblanadi. Tavrot qadimiy yahudiy tilidagi «Tora» so‘zidan olingan bo‘lib «qonun» degan ma’noni bildiradi. Tavrot er.av. 1586 yillarda Muso alayxissalomga nozil qilingan bo‘lib, uni «Musoning besh kitobi» deb ham yuritiladi. Tavrot er.av. 5- asrda kitobat qilinganligi manbalarda qayd etiladi. Muso alayhissalom Tur tog‘ida xudo Yaxve bilan uchrashganda unga 10 ta nasihat lavhani tushirgan bo‘lib, bular Yahudiylik dinining asosini tashkil etadi. Ularning qisqa mazmuni quyidagilar: 1. Yaxvedan boshqani iloh deb ishonmaslik; 2. But, sanam va rasmlarga sig‘inmaslik; 3. Bekordan bekorga xudo nomi bilan qasam ichmaslik; 4. Shanba kunini hurmat qilish va uni xudo uchun bag‘ishlash; 5. Ota-onani hurmat qilish; 6. Nohaq odam o‘ldirmaslik; 7. Zino qilmaslik; 8. O‘g‘rilik qilmaslik; 9. Yolg‘on guvohlik bermaslik; 10. Yaqinlarning narsalariga ko‘z olaytirmaslik.7 «Zabur» Dovud alayhissalomga Xudo tomonidan nozil etilgan bo‘lib er.av. 1050- 900 yillar orasida kitobat qilingan. 7 Qarang. Abdurahmonov A. Saodatga eltuvchi bilim. 97-bet. 58 Zabur qadimgi diniy-musiqaviy she’riyat bo‘lib, u asosan Xudoga bag‘ishlangan madhiyalar, diniy alqov qo‘shiqlar, duolar, shukronalar, xudoga iltijolar, nolayu fig‘onlar, dushmanlar ustidan shikoyat va boshqalardan iborat. Yahudiylik dinining muqaddas kitobi Talmud Tavrotga yozilgan tafsir ya’ni sharhlardan iborat. Talmud – yahudiycha so‘z bo‘lib «o‘rganish» degan ma’noni bildiradi. Uni og‘zaki qonun ham deb yuritiladi. Talmud Mishna va Gemara kitoblari majmuidan iborat bo‘lib, Mishna ravvinlar (ruhoniylar) tomonidan Tavrotga yozilgan sharhlar, Gemara esa Mishnaga yozilgan sharhlarni o‘z ichiga oladi. Talmudda yaxudiylarning g‘oyaviy, diniy, huquqiy, axloqiy qonun qoidalari, urf-odatlari, an’analari bayon qilingan. Tavrot va Zabur Bibliyaning «qadimgi ahd» qismiga kiradi. Bibliya – kitoblar degan ma’noni bildiradi. «Qadimgi ahd» yahudiylarning xudo bilan ahdlashuvini bildiradi. Iso alayxissalomga nozil bo‘lgan Injil Bibliyaga «Yangi ahd» bo‘lib kirgan. U xudo bilan yahudiylarning yangitdan ahdlashuvini bildiradi. Shunday qilib, Bibliya – «Eski ahd» va «Yangi ahd» deb nomlangan ikki qismdan iborat. Bibliyaning «Qadimgi ahd» qismi besh kitobdan iborat bo‘lib, u «Musoning Besh kitobi» deb ham ataladi. 1-kitob «Borliq» deb atalib, unda Olam va insonlarning xudo tomonidan yaratilganligi bayon qilingan. 2-kitob «Chiqish» deb atalib, unda Muso alayhissalomning hayoti, yahudiylarning Misr asirligidan ozod bo‘lishi bayon qilingan. 3-kitob «Sonlar» deb yuritilib, unda yahudiylarning misr asirligidan qutulib to Falastin yerlarini bosib olgunlariga qadar hayoti tasvirlangan. 4-kitob «Loviylar» bo‘lib oilaviy hayot masalalari bayon qilingan. 5-kitob «Ikkinchi qonun» deyilib, diniy qonun-qoidalar bayon qilingan. Yahudiylik dinining marosimlari nihoyatda ko‘p bo‘lib, ularga amal qilish qattiq nazorat qilingan. Chunonchi, har bir dindor 248 ta amri-ma’ruf - yaxshi ishlarga undovchi buyruqni va 365 ta nahiy-munkar – yomon, gunoh ishlardan tiyilish, taqiqini yoddan bilishi, ularni bekamu-ko‘st bajarishi qattiq nazorat qilinadi. Yaxudiylarning bayramlari ichida eng e’tiborlisi pesah (Pasxa) bayrami bo‘lib, yahudiylarning Misrdagi qullikdan qutilib chiqqanliklarini nishonlashga bag‘ishlab o‘tkaziladi. Shabuot bayrami esa Sinay tog‘ida Muso alayhissalomga Yaxve tomonidan Toraning berilishini nishonlab o‘tkaziladigan bayram. Sentyabr oxiri Oktyabr oyining boshlarida yangi yil bayrami – Rosh – Ashona bayrami nishonlanadi. Poklanish bayrami Yom-Kipur deyiladi. Baxorda yahudiylarning Fors podshohi Homon zulmidan qutilganliklari sharafiga bag‘ishlab Purim bayrami o‘tkaziladi. 59 Yahudiylik dinida Saduqiylar, Farziylar, Yesseylar, Sionizm kabi oqimlar bor. Jumladan, Sionizm qadimgi Yahudiya poytaxti Ierusalim (Quddus) yaqinidagi Sion (Sinay) tepaliklarining biri nomidan olingan bo‘lib, dastlab bu oqimning maqsadi butun dunyoga tarqalib ketgan yahudiylarni bir yerga to‘plab yagona yahudiylar davlatini qayta barpo etish bo‘lgan. Keyinchalik bu oqim yahudiylarning reaksion-millatchilik, shovinistik mafkurasiga aylantirib yuborilgan. Xozirda Sionizm «Jahon yahudiy millati» - «Oliy millat» degan reaksion g‘oyani ilgari surib kelmoqda. Iudaizm diniga e’tiqod qiluvchilar 18 millionga yaqin bo‘lib, ularning uchdan bir qismi AShQdadir.8 Shunday qilib, Iudaizm (Yahudiylik) dini eng qadimgi milliy dinlardan bo‘lib u Xristianlik va Islom dinining vujudga kelishiga katta ta’sir o‘tkazgan. Bu dindagi ko‘plab talab va taqiqlar mavjudligi, undagi Sionizm kabi oqimda millatchilik, shovinizm kabi reaksion g‘oyalarning ilgari surilishi uning jahon dini darajasiga ko‘tarilishiga to‘sqinlik qildi. 4. .....................................................................................................Ma sala bayoni. Hindistonda milliy dinlarning shakllanishi Milliy dinlar deb ma’lum bir xalq, millat vakillari e’tiqod qiladigan, boshqa xalqlar va millatlar orasida deyarli yoyilmagan dinga aytiladi. Vedalar dini, Braxmanizm va Xinduizm qadimgi milliy dinlardan sanaladi. Vedalar dini er.av. 1-ming yillikda Xindistonda vujudga kelgan. U braxmanizm va xinduizm dini shakllanishining dastlabki bosqichi. Veda dinida dastlab tabiat kuchlari va xodisalari inson qiyofasiga o‘xshatib tasavvur etilgan. Bu dinda yaxshi va yomon xudolar, ruhlar haqidagi tasavvurlar asosiy o‘rin egallagan. Veda dinida ko‘pxudolik – poletizm hukmron bo‘lgan. Uning sig‘inish marosimlari asosan xudolarga qurbonlik qilish, ovqat, hayvonlar keltirish, maxsus ichimliklar ehson qilish va boshqa rasm-rusumlarni bajarishdan iborat bo‘lgan. Dastlab alohida ruhoniylar va ibodatxonalar bo‘lmagan. Keyinchalik diniy ibodatlarga boshchilik qiluvchi kohinlar, ularning yuqori tabaqalari-brahmanlar kelib chiqqan. «Veda» so‘zi sanskritcha bo‘lib «bashorat», «muqaddas bilim», «oliy donishmandlik» ma’nolarini anglatadi. Bu dinining ta’limoti qadimgi xindlarning to‘rt kitobdan iborat Vedalar to‘plamida bayon etilgan. Vedalar to‘plamlari er.av. 2-ming yillikning boshlarida yaratilgan. 8 Qarang. O‘zbekiston Milliy ensiklopediyasi. «O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi» Davlat ilmiy nashriyoti. Toshkent 2002, 4-jild, 295-bet. 60 Vedalar quyidagi to‘rt yirik to‘plamdan iborat: 1.Rigveda («Madhiyalar vedasi»); 2.Samaveda («Qo‘shiqlar vedasi»); 3.Yajurveda («Qurbonliklar vedasi»); 4.Atxarvaveda («Afsun va jodular vedasi»). Bu kitoblar ichida eng qadimgisi «Rigveda» hisoblanadi. Unda tabiatdagi narsa va xodisalar: osmon o‘zgarishi, quyosh, yulduzlar, momaqaldiroq, shamol, yomg‘ir, tog‘lar, daryolar ilohiy kuchlar sifatida gavdalantirilib, ular sharafiga qo‘shiqlar, madhiyalar to‘qilgan, ularga qurbonliklar keltirilgan. Insoniyat hayoti, uning qanday kun kechirishi, baxt-saodati ana shu kuchlarga bog‘liq holda tasavvur qilingan. «Rigveda» 1028 she’riy qo‘shiqdan iborat bo‘lib, unga ko‘ra Indra – momaqaldiroq; Mitra – quyosh; Varuna – osmon; Agni – olov; Yama – ajal, o‘lim keltiruvchi; Sama – oy; Rita – koinot tartibini ushlovchi xudo va mabudlar deb tasvirlangan.9 2-kitob «Samaveda» (qo‘shiqlar vedasi) 1549 qo‘shiqdan iborat bo‘lib, «Rigveda»ni to‘ldiradi. 3-kitob «Yajurveda» (qurbonlik vedasi) bo‘lib, unda qurbonlik qilish, olovga sig‘inish marosimlari kuylanadi. 4-kitob «Atxarvaveda» (Jodugarlik vedasi) 731 qo‘shiqdan iborat bo‘lib, unda dushmanlar, ilonlar, kasalliklar kabi insonga zarar keltiruvchi kuchlar la’natlaniladi, sihat-salomatlik tilash bilan bog‘liq duo-afsunlar bayon qilingan. Vedalar qiyin tilda yozilganligi sababli, keyinchalik ularga sharh va izohlar yozilgan. Vedalarga yozilgan bunday diniy-falsafiy izohlar «Upanishad» deb yuritiladi. «Upanishad» - sanskritcha so‘z bo‘lib, ustozning yonida haqiqatni bilish uchun o‘tirmoq degan ma’noni bildiradi. Upanishadlar er.av. VII-III asrlardan boshlab melodiy XIV-XV asrlargacha tuzib borilgan va ularga 250 ga yaqin asarlar kiritilgan. Upanishadlarda Braxma oliy ibtido, jism va xodisalar asosi va sababi, barcha borliqning boshi va oxiri deb ko‘rsatiladi. Braxma – qiyofasiz xudo, mutloq kuch deb talqin etilib, barcha narsalar o‘shandan – ya’ni Braxmadan paydo bo‘lgan, o‘sha bilan yashaydi va o‘lgach, yana o‘shanga qaytadi. Barcha narsalar braxmadir, braxma esa atmandir deyiladi. Atman – bu umumiy jon, ruh demakdir. Moddiy dunyo, jumladan, inson ham, atman – braxmadan paydo bo‘lgan va yana o‘shanga aylanadi, insonning joni avvalgi mohiyatiga butunlay qaytib, u bilan yana qo‘shilib ketadi. Har bir inson ilohiy kuch tomonidan belgilangan hayot kechirish qonuniga muvofiq yashashi kerak, kimki bu qonunni buzsa, uning joni kelgusida biron 9 Qarang. O‘zbek milliy ensiklopediyasi. Toshkent. 2001. 2-jild, 410-bet. 61 hayvon yoki xashorat tanasida qayta dunyoga keladi. Bu qonunni buzmagan odamning joni esa kelgusida yuqori tabaqa vakillariga mansub inson tanasida qayta paydo bo‘ladi, deb ta’lim beriladi. Insonning yashashdan maqsadi ham ana shunda deb tushuntiriladi. Braxmanizm ham qadimgi xind dini bo‘lib, uning nomi Vedalar kitobida keltirilgan xind oliy tabaqa vakillari – braxmanlar (ruhoniylar) nomidan olingan. Bu dinda qadimgi Xindistondagi ijtimoiy tabaqalanish himoya qilinadi. Braxmanizm ta’limotiga ko‘ra xind jamiyati 4 ta kasta (tabaqa)ga bo‘lingan. Bular quyidagilar: 1-kasta Braxmanlar (ruxoniylar) eng oliy tabaqa hisoblangan. 2-kasta Kshatriylar – podsholar, knyazlar, xarbiylardan iborat. 3- kasta Vayshiylar – savdogar va xunarmandlardan iborat tabaqa. 4-kasta – Shudriylar eng past tabaqa bo‘lib, ular oddiy xalq, dehqonlardan iborat. Braxmanlik Veda dini asosida miloddan avvalgi ming yillik boshlarida vujudga kelgan. U mohiyatan veda dinining rivojlangan shaklidir. Bu dinda Braxma, Shiva va Vishnu xudolari tan olinadi. Braxma – koinotni yaratuvchisi, unga jon ato etuvchi; Vishnu – tabiatni asrovchi; Shiva – tabiatni vayron etuvchi xudo deb tasvirlanadi, e’tirof etiladi. Braxmanlikda sigir, maymun, ayrim o‘simliklar muqaddaslashtiriladi. Bu dinda jonli narsalar, shu jumladan insonlar ham o‘lgandan so‘ng qayta tirilish, tug‘ilish xususiyatiga ega deyiladi. Shu asosda jonning ko‘chib yurishi to‘g‘risidagi qarashlar diniy jihatdan asoslab berilgan. Er.av. VI-V asrlarda buddizm vujudga keldi va braxmanizmga qarshi kurash olib bordi. Bu ikki din o‘rtasidagi kurash jarayonidagi Braxmanizm asta-sekin xinduizmga aylanib ketdi. Xinduizm vedalar va braxmanlik dinlari zaminida vujudga kelgan ko‘p xudolik dinidir. Braxmanlikdagi uch xudo- Braxma, Vishnu va Shiva tan olinadi. Xinduizmda ajdodlar ruhiga, tog‘lar, daryolar (xususan Gang), nilufar o‘simligi, sigir, fil, maymun, ilon va boshqalarni muqaddas hisoblab, ularga sig‘inishadi. Har bir xindu Gang daryosi bo‘yida o‘lim topishini, shu daryo bo‘yida jasadini kuydirishini va kulini (hokini) shu daryoga sochilishini o‘zi uchun baxt hisoblaydi. Ruh (jon)ning ko‘chib yurishi to‘g‘risidagi qarash barcha dindorlar uchun umumiy ta’limotdir. Unga ko‘ra, kishi o‘lgandan so‘ng uning joni yangi o‘simlik, hayvon yoki inson tanasiga kirib olish yo‘li bilan qayta tug‘iladi. Xinduizmning asosiy maqsadi insonni mana shu qayta tug‘ilishdan, azob-uqubatlardan xalos etishdir. Bunga esa Braxmaga erishish, jonning unga qo‘shilib ketish bilan erishiladi, deyiladi. Bu maqsadga erishish uchun Braxmaning ilohiy mohiyatini to‘la bilib olish, unga mehr qo‘yish, sevish, u ko‘rsatgan yo‘ldan borish orqali erishiladi deb talqin etiladi. 62 Xindistonda hech bo‘lmasa onasi yoki otasi xind bo‘lgan va boshqa biror dinga e’tiqod qilmaydigan har bir kimsa xinduist hisoblanadi. VIII asrda Xindistonda Islom tarqalishi bilan, uni qabul qilmaganlarni «xindu» lar deb atash rasm bo‘lgan. Bugungi kunda Xindiston aholisining 83 foizi shu dinga e’tiqod qiladi.10 Hindistonda tarqalgan milliy dinlardan biri Jaynizm bo‘lib, xozirgi kunda bu dinga qariyb 3 mln kishi e’tiqod qiladi.11 Jaynizm er.av. VI asrda vujudga kelgan. Rivoyatlarga ko‘ra, jaynizm asrlar osha 24 ustoz-payg‘ambar orqali yetib kelgan. Bularning so‘nggisi Jinna bo‘lib shu din asoschisi hisoblanadi. Vedalarning muqaddasligini, qurbonliklar qilishni, ruhoniylar va xudolarning inson taqdiriga hal qiluvchi ta’sirini inkor etadi. Jaynizmda markaziy o‘rinni turli moddiy jismlarga muntazam joylasha oladigan abadiy jon haqidagi ta’limot egallaydi. Bunga ko‘ra, inson joni barcha qilmishlari uchun javobgar, chunki bu qilmishlar karma qonuni asosida ro‘y beradi. Karma qonuni tanni jon bilan bog‘laydi, insonni yerdagi ishlar bilan zanjirband etadi va uning keyingi tug‘ilishlarini bergilab beradi. Kishilar «o‘z jonini o‘zi xalos qilishi», «qayta tug‘ilishdan ozod bo‘lishi» mumkin. Buning uchun taqvodor bo‘lishi, Jinnaga e’tiqod qilishi, Jinna ta’limotiga ishonishi, Jinna belgilagan axloq me’yorlariga amal qilishi kerak. Jaynizmda ikki asosiy oqim mavjud. Ulardan biri – digambarlar bo‘lib, ular hayotning barcha lazzatlaridan voz kechganlar, zohidlik yo‘lini tutganlar. Hech nimani, hatto oddiy tirik jonivorlarni o‘ldirmaslik to‘g‘risidagi ta’limotga amal qiladilar. Kichkina bo‘lsa hamki, jonivorni o‘ldirib qo‘ymaylik deb xatto suv ichganlarida ham og‘izlarini latta bilan berkitadilar. Xindistonda XVI asrda shakllangan milliy dinlardan yana biri Sikhizmdir. Sikhizm – sanskrit tilida «shogird» degan ma’noni bildiradi. Bu dinning asoschisi siklar qabilasi ichidan chiqqan guruh (ustoz) Nanak degan kishi bo‘lgan. Bu dinda yagona, qiyofasiz Xudoga e’tiqod qilinadi. Ular Borliq va olamdagi barcha xodisalar yaratuvchining oliy qudratining natijasidir, barcha odamlar esa Xudo oldida tengdirlar deb bilib, xinduizmdan yuz o‘girganlar. Xindiston jamiyatidagi diniy bo‘linishga qarshi bo‘lganlar. Shunday qilib umumbashariyat madaniyat o‘choqlaridan biri bo‘lgan Xindistonda asrlar osha vedaizm, braxmanizm, xinduizm, jaynizm, sikhizm kabi milliy dinlar shakllanganligini ko‘rishimiz mumkin. 5. Uzoq sharq dinlari: daosizm, konfutsiylik, sintoizm 10 Qarang. Jo‘raev U., Saidjonov Y. Dunyo dinlari tarixi. «Sharq», Toshkent-1998, 44-bet. 11 O‘zbek milliy ensiklopediyasi. Toshkent –2002. 3-jild, 530-bet. 63 Daosizm qadimgi xitoy falsafasidagi yo‘nalishlardan biri. Er.av. VI-V asrlardavujudga kelgan. Asoschisi Lao-szi hisoblanadi. Uning g‘oyalari «Dao de szin» kitobida bayon etilgan. Daosizmga ko‘ra tabiat va inson hayoti «ilohiy samoviy qonun» ga bog‘liq emas, balki narsalarning tabiiy yo‘li, qonuni – «dao» ga asoslanadi. «Dao» - «yo‘l» degan ma’noni bildiradi. Daosizm falsafiy ta’limoti asosida I-III asrlarda daosizm diniy ta’limoti vujudga kelgan. Bu dinga Chjan Dao – lin asos solgan. Daosizm dini urf-odatlari animizm va sehrgarlikka ishonishga asoslangan. Bu dinda uch xudo – Shan di, Lao-szi hamda dunyoning yaratuvchisi Pan gu g‘oyalari ilgari suriladi. V asrdan Daosizm diniy ta’limoti, marosimlari rasmiylashib davlat dini bo‘lib qolgan. Daosizm kohinlari shaxsning axloqiy o‘z-o‘zini takomillashtirish g‘oyasini targ‘ib qilib, dindorlarga uzoq umr ko‘rishning muayyan usullarini taklif qilganlar. Keyinchalik Daosizm Xitoyda o‘z mavqeini yo‘qotib o‘rnini boshqa dinlarga bo‘shatib bergan. Xozir uning tarafdorlari nisbatan ozchilikni tashkil etadi. Qadimgi Xitoyda Lao-Szi falsafiy ta’limoti bilan deyarli bir davrda Kun-Szi (Konfutsiy – er.av. 551-479) ning falsafiy ta’limoti ham yuzaga kelgan. Konfutsiyning fikricha, har bir inson jamiyatda o‘zining o‘rnini bilishi kerak. Ya’ni «podsho-podsholik qilishi, xizmatkor-xizmatkorlik, ota-otalik, o‘g‘ilo‘g‘illik qilishi» zarur. Inson taqdirini «osmon» belgilaydi, odamlarning boy yoki kambag‘al, yaxshi yoki yomon kishilarga bo‘linishini o‘zgartirib bo‘lmaydi. Shuning uchun kichik kattaga, pastda turuvchi yuqorida turuvchiga so‘zsiz itoat qilishi lozim. Konfutsiychilik qadimgi Xitoy dinlarida tabiatga, qahramonlarga, ajdodlar ruhiga, arvohiga sig‘inishni qabul qilgan. Bu dinda Osmon oliy xudo deb ta’riflanadi. Inson butun faoliyatini «Osmon» bilan kelishgan holda olib borishi zarur, deyiladi. Konfutsiy aytganidek, «o‘lim va tug‘ilish osmonning hukmi, boylik va farovonlik uning irodasiga bog‘liq». Yangi eraning III asriga kelib konfutsiychilik davlat dini deb e’lon qilinadi, imperator «Osmon o‘g‘li» va bosh kohin deb taniladi. Bu dinda diniy-axloqiy masalalarga, insonparvarlikka alohida ahamiyat berilgan. Ammo bularning hammasi imperator hokimiyatini, zodogonlar hukmronligini mustahkamlashga qaratilgan. Unda «osmon o‘g‘li – imperatorni ota-onadek hurmat qilish, unga itoat qilish oliy burch» deb aytiladi. Kishining hayot maqsadi amaldorga, podshohga xizmat qilishdir deb ko‘rsatiladi. Konfutsiychilik IX asrda buddizm, XI asrda daosizm ustidan to‘la g‘alaba qozondi.12 12 Qarang. O‘zbek milliy ensiklopediyasi. Toshkent – 2003. 5-jild, 64 Sintoizm. Sintoizm Yaponlar e’tiqod qiladigan milliy dindir. Bu din VI-VII asrlarda shakllangan. Sintoizmning tarjimasi «Xudo yo‘li» demakdir. Bu dinga buddaviylik dinining ta’siri kuchli bo‘lgan. Sintoiylik ta’limotining asosini imperator hokimiyatining ilohiyligi to‘g‘risidagi aqida tashkil etadi. Sintoiylikda ham Konfutsiychilikdagi kabi ajdodlarning oila-urug‘iga extiromi katta rol o‘ynaydi. Bu din ta’limotiga ko‘ra, vafot etgan har bir odam Kami (barcha ruh va xudolarning umumiy nomi) ga aylanadi. har bir Yaponning uyida oilaviy mehrob bo‘lib undagi kichkina shkafchaga vafot etgan oila a’zolarining nomlari yozilgan taxtacha qo‘yib boriladi. Sintoizm marosimlarining bajarilishi juda oson va soddaligi bilan ajralib turadi. Chunonchi bu duo so‘zlarini o‘qish va guruch, sabzavot, baliq kabilarni qurbonlik qilishdan iborat, xalos. Sintoizmda ozodalik va tozalik masalasiga aloida e’tibor beriladi. Toza bo‘lmagan ishga qo‘l urgan odam albatta poklanish marosimini bajarishi lozim. har yili Yaponiyada 30 iyun va 31 dekabrda umumxalq poklanish tadbiri o‘tkaziladi. Bu dinning axloqiy tamoyili ham juda oddiy. Undagi eng muhim axloqiy burch – imperatorga so‘zsiz itoat etmolik. Imperator saroyi va ularning qabrlari muqaddas joy sanaladi. Sintoiylikda aqidaviy muqaddas kitoblar yo‘q, ammo har xil afsonalar, rivoyatlar maxsus mifologik solnoma «Kadziki» nomli to‘plamda jamlangan. Xozirda yaponlarning 49,4 foizi sintoizm, 44,7 foizi esa buddaviylik, qolgan aholi xristianlik va boshqa dinlariga e’tiqod qiladilar. hayotiy marosimlar – chaqaloqlarga duo o‘qish, nikoh o‘qish sintoistlar ibodatxonasida, dafn marosimlari buddistlar ibodatxonasida o‘tkaziladi.13 Sintoizm 1868-1945 yillarda davlat dini bo‘lgan.
Buddaviylik diniy ta’limoti Buddaviylik (budizm) jahonda keng tarqalgan qadimgi jahon dinlaridan biri bo‘lib, uning asoschisi Budda nomidan olingan. Buddizm (Budda nomidan olingan), Buddaviylik – diniy-falsafiy ta’limot, jahonda keng tarqalgan dinlardan biri (xristianlik va islom dini bilan birga). Unga e’tiqod qiluvchilar taxm. 500 mln.dan 66 ortiq. Mil.av. 6-5 asrlarda Hindistonda paydo bo‘lgan. Markaziy Osiyo, Jan.- Sharqiy Osiyo mamlakatlarida va Uzoq Sharqda tarqalgan. Hozirgi kunda Buddaviylik Shri Lanka, Myanma (Birma), Tailand, Laos, Kambodja, Vetnam, Butan va Yaponiya kabi davlatlar, Tibetning asosiy dinidir. Bu muyyan tarixiy davrlarda Xitoy, Hindiston, Koreya va Indoneziyada, derli butun Osiyo xalqlari, ya’ni jahonning salkam 2/3 qismi aholisi ma’naviy qadriyatlariga juda katta ta’sir ko‘rsatgan. Budda so‘zining ma’nosi «hotirjam», «nurlangan», «oliy haqiqatga erishgan», «ziyolangan» demakdir. Buddaning asl ismi Siddxartha Gautama bo‘lib, laqabi Siddhartha «dili ravshan» degan ma’noni anglatadi. Budda tarixiy shaxs. Ammo uning qachon yashaganligi to‘g‘risida adabiyotlarda turli ma’lumotlar keltiriladi. Masalan, adabiyotlarda Budda milod.avval 623-544 yoki 567-488 yillarda yashaganligi qayd etilgan14. Budda shohning o‘g‘li bo‘lgan. Uni to‘q, farovon turmush qoniqtirmaydi. Bir kuni Siddxartxa sayr etgani ko‘chaga chiqqanida butun tanasiga yara toshib azoblanayotgan bir qari cholni, tag‘in bir kasal yotgan odamni, yana bir o‘layotgan kishini ko‘radi. Bulardan u barcha jonli mavjudlik, hayot azob-uqubatdan iborat degan xulosaga keladi. Budda kishilar boshiga tushadigan kulfat va azob-uqubatlar sababini o‘rganish va ularni bundan qutqarish maqsadida saroy hayotini tark etib, tarki dunyo qilib, o‘rmonga borib yashaydi. U yerda diniy, falsafiy kitoblarni o‘qib o‘rganib, braxmanlikdan yuz o‘girib, yangi ta’limot yaratishga urinadi. Nihoyat 35 yoshida unga haqiqat ayon bo‘ladi va u xalqqa «Haqiqiy bilim» topganini butun Xindiston bo‘ylab targ‘ib qilib 80 yoshida vafot etadi. Budda insoniyat boshiga tushadigan azob-uqubatlar sabablarini o‘rganish va insoniyatni ulardan xalos qilish uchun harakat qildi. Budda o‘z ta’limotining asosiy mazmunini Banorasda qilingan targ‘ibotida «to‘rt oliy haqiqat» shaklida bayon etgan. Buddaning shogirdlari yer yuzda birinchi rohiblar jamoasi Sanghani tashkil etganlar. 1956 yili Budda vafotining 2500 yilligi nishonlandi. Budda va uning ta’limotlari bir necha asr davomida og‘izdan-og‘izga o‘tib kelgan va miloddan avvalgi 1 asrda yozib olingan. Bu yozib olingan matn – «Tripitaka» deb nomlanadi. U «uch savat donolik» deb yuritilib, buddaviyliy dinining muqaddas kitobi sanaladi. Bu din miloddan avvalgi 273-232 yillarda podshoh Ashoka davrida Xindistonning rasmiy diniga aylanadi va boshqa Sharq mamlakatlariga tarqaladi. 9-asrga kelib 14 Qarang. O‘zbek milliy ensiklopediyasi. 2-jild. Toshkent, 2001, 232-bet; Falsafa. Qomusiy lug‘at. «O‘zbekiston faylasuflari milliy jamiyati nashriyoti». «Sharq», Toshkent -2004, 62-bet. 67 Buddizm Xindistonda inqirozga yuz tuta boshladi va pirovardida bu yerda uning o‘rnini xinduizm to‘liq egallagan. Buddizm ta’limotiga ko‘ra, inson doimo azob-uqubatga mahkum va bunga uning o‘zi sabab bo‘ladi. Zero u, garchand befoyda bo‘lsa-da, o‘z hayoti va farovon turmushini saqlab qolishga harakat qiladi. Azob-uqubatdan qutilish uchun ko‘ngil xush ko‘rgan barcha narsalardan o‘zini tiyishi, nafsini qaytarishi lozim. Mantazam ravishda bunga amal qilishi, yolg‘ondan, o‘g‘rilikdan, boshqa narsalarga zarar yetkazishdan, zinodan o‘zini tiyishi, ongini oliy haqiqatga yetishishga qaratishi, xotirjamlikka va oxir-oqibatda azob-uqubatning tugashiga- nirvanaga olib keladi. Nirvanaga yetishish uchun talab qilinadigan axloqiy barkamollik bir emas, bir necha hayotni, ya’ni qayta tug‘ilishni taqozo etishi mumkin. Buddizm zaminida 3 narsa – Budda, Dxarma va Sangxaga e’tiqod qilish yotadi. Budda – Siddxarta Gautama – oliy haqiqatga yetishishning yorqin timsoli. Dxarma – Gautama (Budda) qoldirgan ta’limot – «to‘rt oliy haqiqat» dan iborat. Sangha – Budda asos solgan va xozirgacha faoliyat ko‘rsatib kelayotgan rohiblar jamoasi. Budda o‘z ta’limotining asosiy qoidalarini Banorasdagi targ‘ibotida «to‘rt oliy haqiqat» shaklida bayon etgan: 1. Azob-uqubat haqidagi ta’limt. Unga ko‘ra, azob-uqubatning mutloq ekanligi tan olindi, ya’ni tug‘ilmoq, yashamoq, kasallik, ochlik, o‘lim, yaqin odamlaridan ajralish va hokazo azob-uqubatlar chekmoqlik. 2. Azob-uqubatlarning sabablari haqidagi ta’limot. Unga ko‘ra, mavjudlik yovuzlikka tengdir. Azob-uqubatlarning sababi – kishilarning istak, nafs-hirsga (ya’ni yashashga, baxtga) intilishlaridir, hayotga tashnalikdir. 3. Azob-uqubatlardan ozod bo‘lish haqidagi ta’limot. Unga ko‘ra, har qanday borliq, barcha ko‘rinish va shakllardagi har qanday hayot – bu, barcha mavjudotga azob beruvchi yomonlikdir. Yomonlik va azob-uqubatlarning sababi-insonning va barcha tirik mavjudotlarning bu dunyoga – ya’ni qayta tug‘ilish dunyosiga bog‘langanligi, ko‘ngil qo‘yganligidir. Har qanday insoniy tuyg‘u, hissiyot, istak azob-uqubatni chuqurlashtiradi, yana dahshatliroq tarzda qayta tug‘ilishga olib keladi. Borliq girdobidan, uning azob-uqubatlaridan chiqib olish uchun g‘aflatdan uyg‘onish, dunyo mohiyatini anglash, hayotga, yashashga chanqoqlikdan, turmush lazzatlaridan, hokimiyatga, boylikka intilishlardan batamom voz kechish, yerdagi barcha hodisalarning beqaror va o‘tkinchi ekanligini anglamoq, fahmlamoq darkor. Shuning uchun ham buddaviylik tarafdorlari «yurmoqdan ko‘ra o‘tirmoq», «uyg‘oq bo‘lgandan ko‘ra uxlamoq afzal», «yashamoqdan ko‘ra o‘lmoq yaxshi» degan naqlga amal qiladilar. 4. Azob-uqubatlardan qutqarishning najot yo‘llarini topish, uning tugashiga olib keladigan yo‘l mavjudligiga ishonmoq. Uning yechimi «najotning olijanob sakkizlik yo‘li» da o‘z ifodasini topgan. Bular taqvodorlik e’tiqodi, qat’iyati, so‘zi, 68 ishi, turmush tarzi, taqvodorlikka intilish, taqvodorlikni orzu qilish, taqvodorlik fikri – hayoli bilan yashash. Bu yo‘lga amal qilgan odam oqibatda yuksak kamolatga erishadi, ya’ni chin haqiqatni anglab yetgan avliyoga aylanadi va narvanaga o‘tadi. Buddaviylikda najot yo‘li bu har bir kishining bu dunyodan ya’ni sansaradan nirvanaga o‘tishdan iborat deb qaraladi. Nirvana – mutloq osoyishtalik hukm suradigan olam. U yerda inson barcha turmush tashvishlaridan xalos bo‘ladi, uning hayotiy istaklari ham, tuyg‘ulari ham, ehtiroslari ham bo‘lmaydi. Nirvana qayta tug‘ilishlar silsilasining olis qismi, insonning boshqa qiyofalarga kirishining to‘xtashi, azob-uqubatlardan abadiy halos bo‘lishi. Buddizmda olam uch bosqichli deb ta’riflanadi. Uning birinchisi eng yuqori nirvana sanaladi. Ikkinchi olam ruhiy mavjudotlar bilan to‘lgan jannat bo‘lib, unda ruhi gunohlaridan xalos bo‘lgan, lekin eng oliy olamga – nirvanaga ko‘tarilmagan avliyolar yashaydilar. Olamning shu qismidan insonlarga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatish uchun Budda ta’limoti yuboriladi, deb hisoblanadi. Uchinchi olam bu eng quyi olam bo‘lib, unda odamlar va hayvonlar yashaydilar. Olamning bu qismida ruh qafasda yashaydi. U qafas changalidan qutilish va yuqori olamga ko‘tarilishga harakat qiladi. Ruh yuqori olamga o‘z-o‘zidan emas, balki odamlarning savobli ishlari orqaligina ko‘tarilishi mumkin. Agar odamlar buddaga e’tiqod qilsalar, ularning joni bir necha qayta tug‘ilishlardan so‘ng jannatga va undan so‘ng nirvanaga ko‘tariladi. Yomon odamlarning ruhlari esa, quyi dunyoda azoblanib qafas ichida yuraveradi, yuqori olamga ko‘tarila olmaydi. Agar inson nafsoniy va xirsiy aldanishlarga berilib ketsa, undan qutila olmasa, uning ruhi bir necha qayta tug‘ilishlardan so‘ng do‘zohga tushadi. Buddizm ta’limotiga ko‘ra, o‘lim insonni hayot azob-uqubatlaridan xalos eta olmaydi. Sansarning og‘ir azob-uqubatlaridan faqat uzoq qayta tug‘ilishlardan so‘ng chin haqiqatni anglab yetgan avliyolargina halos bo‘lishlari mumkin. Buddizmda tirik mavjudot – ya’ni ruh qayta tug‘ilishi natijasida nafaqat insoniy, ayni paytda, boshqacha qiyofada, chunonchi hayvon, o‘simlik, parranda va boshqa jonzotlar shaklida namoyon bo‘lishi mumkin, deb uqtiriladi. Buddaviylik ta’limoti mohiyatan barcha jonli narsalarga muhabbat bilan qarashni targ‘ib qiladi. Xozirda ham biron kishi buddaviy oldida biron bir hayvonni o‘ldirsa yoki biror daraxtni kesib tashlasa qattiq g‘azablanadi. Buddaviylik ta’limoticha, har bir kishini xulq-atvor qonuni – karma qonuni ta’qib etadi. Ya’ni har bir kishi o‘zining savob va gunoh, yaxshi va yomon ishlarining ajrini albatta oladi. Bu ajrni bu dunyoda olmasa keyingi, qayta dunyoga kelishida oladi yoki bu ajr uning kelgusi to‘rt avlodidan birining zimmasiga yuklanadi, deb ko‘rsatiladi. Shu bilan birga, Buddaviylikda oddiy odamlar faqat yaxshiroq bo‘lib qayta tug‘ilishlariga umid qilishlari mumkin. Buning uchun ular 5 ta axloqiy qoidaga amal qilishlari lozimligi aytiladi. 1. Yomonlik qilmaslik; 2. His- 69 tuyg‘ularga ortiqcha berilmaslik; 3. Ichkilikdan o‘zini saqlash; 4. Yolg‘on so‘zlamaslik; 5. O‘g‘rilik qilmaslik. Azob-uqubatdagi har bir kishi ilgari tug‘ilgan aka-ukalari, ota-onalarining gunohlari uchun ham shunday karmaga duchor bo‘lishlari mumkin. Buddaviylik ta’limotiga ko‘ra, har bir kishida bir umr tugagandan so‘ng ikkinchi umr boshlanadi. Inson o‘lar ekan uning tanasi, vujudi o‘ladi, lekin hayoti yangi vujudlarda davom etaveradi, deb ta’lim beradi. Buddaning o‘z shogirdlariga aytgan so‘nggi vasiyatida, uning ta’limotining mohiyati aks etgan: «Xirsu havas jamiyki baxtsizliklarning sababchisidir. Vaqt o‘tishi bilan hamma narsa o‘zgaradi. Shuning uchun hech narsaga ortiqcha ko‘ngil bog‘lamanglar. Buning o‘rniga ko‘ngilni toza tutinglar, haqiqat va abadiy baxt izlanglar!» Budda va uning izdoshlari yer yuzida birinchi monaxlik jamoasi Sanghaga asos solganlar va u xozirgacha faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Mazkur rohiblar jamoasi tor ma’noda o‘tgan asrlarda «oliy haqiqat» ga yetishgan ko‘plab avliyolardir. Sangha jamoasiga qabul qilingan shaxs quyidagi 10 farzni ado etishga qasamyod qiladi: 1. hech kim yoki hech narsani hayotdan judo qilmaslik; 2. yolg‘on so‘zlamaslik; 3. o‘g‘rilik qilmaslik; 4. jinsiy aloqaga kirmaslik; 5. mast qiluvchi ichimlik ichmaslik; 6. kunning ikkinchi yarmidan to ertangi sahargacha ovqat tanovul qilmaslik; 7. uch kiyimdan ortiq hech narsa bilan tanani bezamaslik; 8. ommaviy ko‘ngilxushliklarda ishtirok etmaslik va tomoshabin sifatida qatnashmaslik; 9. baland va yumshoq o‘rinda yotmaslik; 10. pul ishlatmaslik. Shuni ta’kidlash lozimki Buddaviylikda Siddxartha Gautama yagona Budda emas. Bunday Buddalar buddaviylikda 1000 nafarni tashkil etadi. Ularning eng mashxuri mazkur dinning asoschisi Siddxartha Gautamadir. Shunday qilib, Buddaviylik – Buddaga ergashib, u qoldirgan ta’limot talablarini bajarish va Sangha jamoasining a’zosi bo‘lib qolishdan iborat diniy ta’limotdir. Manbalari. Buddaviylik ta’limoti bir qator kitoblar shakliga keltirilgan to‘plamlarda bayon qilingan. Ulardan eng asosiysi –Tripitaka ( yoki Tipitaka – “ uch savat” ma’nosini anglatadi.) U uch qismdan iborat bo‘lgani uchun shunday deb atalgan. Bu manbaning qo‘lyozma nusxasi Shri Lankada saqlanib qolgan. U milodning boshlarida kitob shakliga keltirilgan. Unda Budda targ‘ibotining haqiqiy bayoni hisoblangan sutra matnlari –Sutra –pitaka, rohiblik ahloqi, xonaqohlar nizomlariga bag‘ishlangan vinaya matnlari Vinaya –pitaka, buddaviylikning falsafiy va psixologik muammolarini bayon qilib berishga bag‘ishlangan abxidxarma matnlari – Abxidxarma pitaka o‘rin olgan. Keyinchalik shakllangan sanskrit, xitoy, Tibet, kxmer, va yapon tillaridagi buddaviylikka oid adabiyotlar ancha keng tarqalgan, ammo ularning ilk buddaviylik tarixi uchun ahamiyati ozroq. Budda hayotiga tegishli rivoyatlarning asosiysi “Tripitaka” da jamlangan. 70 Oqimlari. Xinayana buddaviylikning asosiy yo‘nalishlaridan biridir. “Xinayana” so‘zi “kichik arava” ma’nosini anglatib, u diniy yo‘nalish sifatida mil. av. I asrda shakllangan. Biroq uning asosiy qoidalari ancha avval, jumladan, “Tripitaka” da bayon qilingan. Xinayana ta’limotiga ko‘ra, dharmalar tabiatini o‘rganishga va nirvanaga ma’naviy yo‘l bilan erishiladi. Bu yo‘l juda og‘ir, shu sababli monaxlargina nirvana holatiga yetishi mumkin. Keyinchalik Xinayanada murakkab va dabdabali ibodatlar (masalan, “Budda tishiga sig‘inish”), buddaviylikning muqaddas joylariga ommviy ziyoratlar joriy qilingan. Bu yo‘nalish Sharqiy Hindiston, Shri Lanka, Hindixitoy davlatlarida tarqalgan. Maxayana Xinayana bilan bir qator buddaviylikda ikkinchi asosiy yo‘nalish bo‘lib, u ruhiy kamolot ahdiga rioya etuvchi, xudoga iltijo qiluvchi rohiblarga in’omlar berib yordam ko‘rsatuvchi har qanday oddiy dindor najot topishi mumkin, degan ta’limotga asoslanadi. Unga ko‘ra, Budda tanasi jonzotlarni azobdan qutqarish uchun turli maxluqotlar shakliga kirishi va hayot zanjirining barcha vakillari uni o‘rganishi, anglashi mumkin. Bu narsa cheksiz Budda ramzlarining, xudolarning kelib chiqishiga sabab bo‘ladi. Xudolarga ishonishning bu yo‘li barcha uchun mumkin bo‘lgan sababli u “ katta arava” nomini olgan. Lamaizm – buddaviylikning asosiy yo‘nalishlardan biri. U Tibet tilida “ lama” – “ eng ulug‘” degan ma’noni anglatadi. Mazkur diniy yo‘nalish rahbari Lama deb ataladi. Lamaizm Tibetda VII – XIV asrlarda tibetliklarning qadimiy dini Bon –po (shomanizmning bir turi) unsurlarini qabul qilgan Maxayana va Tantrizm asosida vujudga kelib, hozirgi vaqtda tibetliklarning asosiy dini hisoblanadi. U bir necha firqa va mazhablarga bo‘linadi. Lamaizm XVI asrlar oxirlaridan mo‘g‘ullar, XVI asr boshlaridan Rossiya hududida yashovchi buryatlar, tuvaliklar va qalmiqlar orasida ham tarqaladi. Buddaviylikning barcha aqidalarini qabul qilgan lamaizmda inson faqat lamalar yordamiada najot topadi. Lamalarsiz nirvanaga yetishish u yoqda tursin, kishi bu dunyoga qaytib kelishda ham hech narsaga erisha olmaydi, deb ta’kidlanadi
Xristianlik diniy ta’limoti va muqaddas kitobi Xristianlik ya’ni Nasroniylik Yaxudiylik dinidan mustaqil din sifatida ajralib chiqqan va jahon dinlaridan biriga aylangan. Xozirgi kunda Xristian cherkovi ma’lumotlariga ko‘ra, jahonda bu dinga 2 milliarddan ortiq kishi e’tiqod qiladi15. 15 Qarang. Islom ensiklopediya. 260-bet. 73 Yevropa Amerika mamlakatlarida, Avstraliyada, faol missionerlik harakati natijasida Afrika, yaqin Sharqda va Uzoq Sharqning bir necha mintaqalarida keng yoyilgan. Xristianlik nomi, uning asoschisi Iyso Masix, yunoncha Iisus Xristos nomidan olingan. Uning aqidalari, diniy ta’limotlari Bibliya tarkibiga kiruvchi Injil – Yevangeliya (Xushhabar)da, ya’ni «Yangi ahd» qismida bayon etilgan. Masix ya’ni Xristos so‘zining ma’nosi «xudo tanlagan», «Xudo siylagan», «Xaloskor» ma’nolarini anglatadi. Xristian so‘zi yunoncha bo‘lib mazmuni Iyso Masix yo‘lidan yuruvchi kishi demakdir. Mazkur dinining nomi ham ana shu – Xristian, masihchi so‘zidan olingan. Iso alayxissalom yaxudiy millatiga mansub bo‘lib, taxminan milodiy 1-33 yillarda Falastinda, xozirgi Isroilda yashab o‘tgan. Milodiy yil hisobini ham Iso Masih tug‘ilgan sanadan boshlab hisoblash qabul qilingan. Diniy adabiyotlarda Iso onasi Bibi Maryamdan otasiz ilohiy xomiladorlik asosida tug‘ilgan deb rivoyat qilinadi. Unga o‘ttiz yoshida Tavrot va Zaburdan keyingi uchinchi ilohiy kitob – Injil nozil qilingan. «Injid» yunoncha «Evangeleon» so‘zidan iborat bo‘lib, nasroniylikda «Evangelie» deb yuritiladi. Ma’nosi «ilohiy xabar», «xushxabar», «ezgu xabar» demakdir. Bu dinni Islomda nasroniylik deyilishi Iso Masihning tug‘ilgan yeri Nosira nomi bilan bog‘liq. Bu shahar ahli Iso Masixni Nosiriy deb atar edilar. Unga ergashgan kishini esa, nasroniy deb yuritganlar. Iso Masih 30 yoshidan boshlab 3 yil davomida payg‘ambarlik faoliyatini olib borgan. Isoning yangi dinni targ‘ib qilishdagi muvaffaqiyatlaridan darg‘azab bo‘lgan Quddus kohinlari va ruhoniylari uni sudga berishga qaror qiladilar. Ushlab olingan Iso o‘lim jazosiga hukm etiladi. Quddus ahli Isoni xudoning o‘g‘li va odamzotning xaloskori deb e’tirof etmay, uni toshbo‘ron qiladilar. Iso Galgofa tog‘ida qiynab o‘ldiriladi. Uni juda katta yog‘och xoch (sanam)ga tiriklayin mixlab tashlaydilar. Rivoyat qilishicha o‘limining uchinchi kuni Iso tirilib, birmuncha vaqt davomida o‘z shogirdlari bilan birga bo‘ladi. Shundan so‘ng u ularning ko‘z o‘ngida osmonga chiqib ketadi. U kelajakda ya’ni oxirat kuni tiriklar va o‘liklar ustidan xukm chiqarish uchun yerga qaytib kelishiga xristian diniga e’tiqod qiluvchilar ishonadilar. Xristian dinining kelib chiqishi va tarqalishi milodning I-III asrlarida Rim imperiyasida yoyilgan umumiy tushkinlik, inqiroz, qullarning shafqatsizlarcha ezilishi, yahudiylar jamoasida esa oddiy yaxudiylarning uch tomonlama ezilishi, og‘ir hayoti sababchi bo‘lgan. Chunonchi, Rim imperiyasi tarkibiga kirgan yaxudiylar bir tomondan Rim xukumdorlari, ikkinchi tomondan yaxudiy podsholigi, uchinchi tomondan yaxudiy ruhoniylaridan jabr ko‘rar edilar. Azobuqubat chekayotgan va ezilayotganlarning bunday ijtimoiy kuchlar oldidagi ojizligi 74 ularni diniy tasalli axtarishga olib keldi. Shu tariqa insonlarni cheksiz jabr-zulm, azob va uqubatlardan ozod qilish haqidagi «xaloskorlik» g‘oyalari paydo bo‘ldi. Bunday «xaloskorlik» g‘oyalariga millionlab qullar, ezilganlar, jabr-diydalar maxliyo bo‘ldilar. Shunday qilib xristianlik dastavval qullarning, ezilganlarning, jabr-diydalarning orzu-umidlarini ifodalovchi, xaloskorlik dini sifatida paydo bo‘lgan. Bu dindagi mazlumlarni shukur qilib yashashga, itoatgo‘ylik, oxiratda tenglik va’da qilinishi kabi g‘oyalari hukmron tabaqalarga qo‘l kelgan. Shu sababli xristian dini uch-to‘rt asrdan so‘ng davlat diniga aylangan. Chunonchi Rim imperatori Konstantin bu dinni qabul qilib, 324 yilda xristianlikni davlat dini deb e’lon qildi. 325 yilda Konstantinning ko‘rsatmasi bilan jahon xristianlarining birinchi yig‘ini – Nikey sobori chaqirildi. Bu sobor (yig‘in)da yepiskop va ilohiyotchilar xristianlikning asosiy aqidalarini tasdiqladilar, cherkov qonunqoidalari yozilgan kitoblarni qabul qildilar va cherkov tashkiloti tugal holga keltirildi. Diniy tashkilotda – pop, d’yakon, yepiskop, kardinal kabi quyi va oliy mansablar joriy etildi. Ular xristianlikni targ‘ib etish, mustahkamlash, diniy talablarni bajarilishini nazorat qilish ishlari bilan shug‘ullanganlar. Din ishlari markazlashtirilib, unga yakka rahbar-dastlab yepiskop, keyinroq esa papa lavozimlari ta’sis etildi. Xristianlik xukmron mafkuraga aylanib har qanday ish, ta’lim-tarbiya, hatto davlat ishlari ham ular nazorati ostiga olindi. Xristian davlatlarida yepiskop va papalar cheklanmagan xuqukqa ega bo‘ldilar. Xristianlikda zohidlik, tarkidunyochilik kuchayib monastirlar paydo bo‘ldi. Rim yepiskoplari, V-asrdan esa papalar xristian olamiga tanxo xukumronlik qila boshladilar. XIII asrga kelib butun Ovro‘po xristianlashtirildi. Rossiyada bu dinga cho‘qintirish marosimi 988 yilda Kiev knyazi Vladimir tomonidan amalga oshirildi. Shunday qilib xristianlik yaxudiylik dini zaminida Falastinda paydo bo‘lib so‘ng jahon dinlaridan biriga aylandi. Xristianlikning muqaddas kitobi. Xristianlik dinining ta’limoti «Bibliya» da bayon etilgan. «Bibliya» kitoblar demakdir. U yaxudiylik va xristianlikda muqaddas hisoblangan diniy kitoblar va risolalar majmuasi. Bibliya o‘z ichiga Tavrot, Zabur va Injilni olgan, Eski axd (Eski vasiyat) va Yangi ahd (Yangi vasiyat) deb nomlanuvchi ikki qismdan iborat ilohiy kitobdir. Tavrot va Zabur Bibliyaning Eski ahd qismiga kiritilgan bo‘lib, u yaxudiylar va nasroniylar uchun birday ilohiy muqaddas kitob sanaladi. Bibliyaning xristianlik bilan bog‘liq ikkinchi qismi Yangi ahd deb yuritilib, unga Injil kiritilgan. Yaxudiylar Injilni tan olmaydilar va muqaddas hisoblamaydilar. «Ahd» so‘zi Xudoning insonlar bilan maxsus aloqasini, ahdlashuvini ifodalaydi. Mazkur dinlarning aqidalariga binoan, Bibliya – Xudoning kalomi, barcha insonlarga yo‘llangan, dunyo va odamzodning paydo bo‘lishi va «oxirat» sirini 75 ochib beruvchi muqaddas kitobidir. Uning asosiy mavzusi – yagona Xudoning fazilatlari va insoniyat bilan munosabati haqidadir. Bibliya miloddan avvalgi 8-asr va milodiy 2-asrlar oralig‘ida oromiy va yunon tillarida yozilgan. Bibliya matnlari tadqiq etilganda shu narsa tasdiqlandiki, ular qariyib ming yil davomida xilma-xil joylarda yaratilgan. Bibliya eng qadimiy adabiy yodgorliklardan biri bo‘lib, diniy pand-nasihatlar, aqidalar, bashoratlar, duolar, solnomalar, masallar, hikoyat, rivoyat va maktublardan iborat. Bibliyada, bir yoqdan, odamzotning gunohkor bo‘lib tug‘ilishi, abadiy halokatga mahkum qilinishi, Xudo tomonidan rad etilishi to‘g‘risida gap ketsa, ikkinchi yoqdan, Xudoning gunohkor insonni qutqarish uchun qanday rejalar tuzgani haqida hikoya qilinadi. Ayniqsa, odamlarga najot yo‘lini ochgan Iso Masix to‘g‘risida to‘laqonli xabar beriladi. Ja’mi qadimiy yaxudiy tilida 66, lotin tilida 70 kitob (bo‘lim)ni o‘z ichiga olgan Bibliya XIII asrda kardinal Stefan Lengton tomonidan xozirgi ko‘rinishga keltirilgan. Bibliyaning Yangi ahd deb ataluvchi qismi Injil 27 kitob (bo‘lim) chadan iborat bo‘lib, unda Iso Masixning dunyoga kelishi, yashashi, o‘lib keyin tirilishi va ta’limoti bayon qilingan. Injilni Iso Masixning 12 shogirdi va safdoshi apostollar ya’ni xavoriylar payg‘ambar o‘limidan keyin 1-2 asrlarda yozib kitob holiga keltirganlar. Matto, Luka, Mark va Yuxanno kabi aposto(xavoriy)lar yozgan 4ta Injil kitobi: Yevangeliya (xushxabar), havoriylarning amallari, 21 risolasi va Ioann «Vahiynoma» si milodiy 313 yilda Papa Buyuk Konstantinning buyrug‘iga muvofiq qabul qilingan. Xristianlikning diniy ta’limoti. Xristianlikning diniy ta’limoti mazmunini asosan quyidagilar tashkil etadi: Xudo muqaddas uchlikda namoyon bo‘ladi. Ya’ni Xudo uch qiyofali, lekin mohiyatan yagonadir. Ammo Xudo Xudo – ota, Xudo – o‘g‘il, Xudo – muqaddas ruh ko‘rinishida namoyon bo‘ladi. Bu holat esa yakkayu-yagona xudoga shirk keltirish edi. Mana shunday yanglish, hato aqidalari tufayli nasroniylar musulmonlar tomonidan «kofir» - kufrga ketgan deb ataladilar. Bu uch qiyofali xudolar ayni paytda shaxslariga ko‘ra farq qiladilar. Xristianlik ta’limotiga ko‘ra Xudo-ota tug‘ilish yo‘li bilan paydo bo‘lmagan, hech kim yaratmagan, u o‘zi abadiy mavjud. Xudo – o‘g‘il esa, tug‘ilgan. Xudo – muqaddas Ruh esa, Xudo – Otadan paydo bo‘lgan. Nasroniylar Iso Masixni Xudo-O‘g‘il darajasiga ko‘targanlar. Xristianlikning asosiy aqidalari quyidagilardir: Xudo – O‘g‘il (Iso) Masix – Xudo yarlaqagan vakil. U ilohiy xaloskor. Iso – Xristianlikning asoschisi; Iso o‘ldirilgandan keyin osmonga ko‘tarilib ketgan. U kelajakda tiriklar va o‘liklar ustidan hukm chiqarish uchun oxirat kuni yerga qaytib keladi; Iso ham ilohiy, ham 76 insoniy tabiatga ega; Bibi Maryam Xudo (Iso)ning onasi, u qizlik iffati saqlangan holda ilohiy xomilador bo‘lgan va Isoni tuqqan; ikonalarga sig‘inish; Xudo hamma narsadan ustun turadi va abadiydir. Uni hech kim yaratgan emas. Xudo dunyoni yaratuvchisidir; odamzot tug‘ilgan paytidan boshlaboq gunohkordir. Xudo yaratgan mavjudotlarning gultoji inson bo‘lgan, chunki u insonni o‘ziga o‘xshash qilib yaratgan edi. Bu o‘xshashlikning asosiy qirralari – bu insonga berilgan aqlidrok, iroda, abadiy o‘lmasliklarida edi. Xudo butun kosmik tartibni insonga bog‘lab qo‘ydi. Biroq inson o‘zining irodasini, erkini Xudo irodasiga, erkiga qarama-qarshi qilib qo‘yganligi uchun uni abadiy gunohkorlikka mahkum etgan. Cho‘qintirish yo‘li bilan Xudo odamlarga najot yo‘lini ochib bergan. Odam Ato va Momo Havo qilgan ish shunday gunohi azim ediki, odamlar qiladigan har qanday qurbonlik Xudoni qanoatlantira olmaydi. Shuning uchun Xudo odamlarga rahm qilib, o‘z o‘g‘li Isoni o‘limga mahkum etgan. Bu qurbonlik Xudoni Isoga ergashganlar bilan yarashtirgan va ularga cho‘qintirish marosimi orqali najot yo‘lini ochib bergan. Faqat xristian cherkovi bag‘ridagina odamlar Xudoning marhamatiga, uning himoyasida bo‘lishlariga umid bog‘lashlari mumkin. Iso o‘gitlariga, vasiyatlariga amal qilish, hayot mashaqqatlariga Iso kabi bardosh berish, buning evaziga narigi dunyoda ajr (mukofat)ga erishajaklikning muqarrarligiga ishonish. Jannat va do‘zohning mavjudligi va jonning o‘lmasligi kabilar xristianlik diniy ta’limotining mohiyatini tashkil etadi16. Shunday qilib Xristianlik diniy ta’limotining bosh g‘oyasi yakkaxudolik, gunohga botish va undan xalos bo‘lish aqidalaridir. Odamlar xudo oldida gunohkor, yahudiymi yo yunon, rimlikmi yo varvar, qulmi yo erkin fuqaro, boymi yo kambag‘al – barchasi «xudoning bandasi», barchasi gunohga botgan. Bandasi o‘z gunohini xudoga, buyuk xaloskori (Iso) ga chuqur e’tiqod qilish orqali yuvadi. Iso Masix butun odamzotning gunohini yuvish uchun qancha azoblar chekib, bandalariga o‘rnak bo‘lsin deb o‘zini qurbon etadi. Muqaddas uchlik – Ota – Xudo, O‘g‘il-xudo (Iso) va Muqaddas ruhga ishongan, tavba qilgan, oxiratdagi yaxshi hayotga umid bog‘lagan taqvodor kim bo‘lishidan qat’i nazar to‘g‘ri jannatga borishi mumkin. Aksincha, betavfiq gunohkor va ta’magir do‘zoh olovida qovuriladi. Xristianlikning Muqaddas uchligi va Isoning dunyoviy odamlikdan xudo darajasiga ko‘tarilishi uni iudaizm va Islomdan farqlaydigan asosiy aqidalaridir17. Xristianlikdagi oqim va yo‘nalishlar. Tarixdan ma’lumki milodiy 395 yilda qudratli Rim imperiyasi parchalanib – G‘arbiy (Rim) va Sharqiy (Vizantiya) qismlarga bo‘linib ketdi. 476 yilga kelib esa G‘arbiy Rim saltanati butunlay quladi. Natijada Rim cherkovi va uning 16 Qarang. Falsafa qomusiy lug‘at. 444-bet. 17 Qarang. IJabborov, S.Jabborov. Jahon dinlari tarixi. 128-bet. 77 boshlig‘ining nufuzi mislsiz oshib ketdi. Cherkov boshlig‘i Rim papasi deb atalib, cheksiz xuquqqa ega bo‘ldi. Sharqiy Vizantiyada esa imperatorlik hokimiyati kuchli bo‘lganligi sababli cherkov xokimiyatga bo‘ysundirilgandi. 1054 yilga kelib Rim va Konstantinapol cherkovlari o‘rtasida diniy ta’limotlarni talqin etish, yangi vujudga kelgan cherkovlarni nazorat qilish, daromadlarni taqsimlash yuzasidan kelib chiqqan ixtilof keskinlashdi. Oqibatda Rim papasi Lev IX va Konstantinopol cherkov boshlig‘i Kirudariy bir-birlarini la’natladilar. Xristianlik ana shu sanadan boshlab ikkiga ajralib ketdi. Ulardan biri Rim papasiga bo‘ysunuvchi katolik (butun dunyo) cherkovi, ikkinchisi esa Konstantinopol patriarxiga bo‘ysunuvchi Pravoslavie (chin e’tiqod) cherkovi degan nom oldi. Buni qisqa qilib Xristianlik G‘arbiy va Sharqiy cherkovlarga ajralib ketdi deb izohlasa bo‘ladi. Katolik – yunoncha so‘z bo‘lib, ma’nosi «umumjahon», «umumiy», «asosiy» demakdir. Katolik cherkovi qat’iy markazlashtirilganligi bilan ajralib turadi. Uning yagona jahon markazi – Vatikan davlatida joylashgan. Mazkur cherkovning bosh ruhoniysi, yepiskopi, birdan bir boshlig‘i – Rim papasi sanaladi. Rim papasiga Isoning yerdagi noibi, u din va axloq masalalarida mutloq gunohsiz, uning hokimiyati jahon soborlari hokimiyatidan ham yuqori turadi deb qaraladi. Katolik cherkovini papa va uning joylardagi kardinal (o‘rinbosar) lari boshqaradilar. Kardinallar yig‘ilishi Rim papasini saylaydilar. Katoliylik, xristian dinining asosiy aqida va marosimlarini e’tirof etadi. Jannat va do‘zox bilan birga oxirzamonda hisob-kitob mashxar kunini bor deb hisoblaydi. Muqaddas Ruh faqat Ota-Xudodan emas, balki O‘g‘il-Xudodan ham kelib chiqqan deb qaraydi. Ruhoniylarga uylanish – nikohni ta’qiqlaydi. Injilni faqat ruhoniylar sharhlashi mumkin deb hisoblaydi. Ruhoniylar odamlar bilan xudo o‘rtasida vositachi deb qaraladi. Katoliylik marosimiga ko‘ra chaqaloqni cho‘qintirayotganda suvga botirib olmaydilar, balki uning ustidan suv quyadilar. Cho‘qintirilgandan so‘ng suritiladigan xushbo‘y moy go‘daklikda emas, keyinchalik balog‘at yoshida suritilishi tayin etilgan. Diniy ibodat asosan lotin tilida olib borilishi, bu oqimga xos xususiyat sanaladi. Katolik cherkovi bid’atga va Papa hokimiyati dushmanlariga qarshi kurashish uchun XIII asrdan Inkvizatsiya (cherkov sudi, jazolash tashkiloti) ni tashkil qilgan. U yuz yillar mobaynida katolik mamlakatlarida faoliyat ko‘rsatgan. Sud qilinuvchilarga nisbatan o‘ta shafqatsiz qiynoq usullari qo‘llanilgan. Aybdorlarga nisbatan jamoa oldida aytganlaridan voz kechish, jarima solish, qamash, tiriklayin o‘tda kuydirish kabi jazo choralari qo‘llanilgan. Buning misoli tariqasida fan namoyondalari Nikolay Kopernik, Galileo Galiley, Jardano Bruno, fransuz 78 xalqining milliy qahramoni Janna D’Ark va boshqalarning boshlariga solingan kulfat, qiynoq, dorga osish va tiriklayin o‘tda kuydirish kabi jazo choralarini qo‘llanilganligini eslash kifoya. Cherkov statistikasiga ko‘ra, xozir Yer yuzida katoliklar 900 milliondan ortiq. Italiya, Ispaniya, Portugaliya, Fransiya, Belgiya, Avstraliya, Lotin Amerikasi mamlakatlarida katoliylik hukmron diniy tashkilot sanaladi. Polsha, Chexiya, Slovakiya, Vengriya, Boltiq bo‘yi mamlakatlari va Kubada aholining ko‘pchiligi katoliylikka e’tiqod qiladilar. Provaslavie – ma’nosi chin e’tiqod demakdir. Provaslavie – oqimining katoliylikdan farqlaridan biri shuki, bu oqimda yagona diniy markaz, cherkovlarning yagona rahbari yo‘qligidir. Xozirgi vaqtda pravoslavieda 15 ta avtokafel (mustaqil) cherkov mavjud. Bular – Konstantinopol, Aleksandriya, Quddus, Rus, Gruziya, Serb, Rumin, Bolgar, Alban, Polyak, Chexiya, Amerika va boshqa cherkovlardir. Yuqorida qayd etilganidek Pravoslavie 1054 yilda Xristianlikning Sharqiy Rim imperiyasi o‘rnida rasmiylashgan va uning davlat dini bo‘lgan. Pravoslavie – olamning yaratuvchisi va boshqaruvchisi muqaddas uchlikdan iborat yagona Xudo ekanligi, narigi dunyo, ajr to‘g‘risidagi, dastlabki gunoh tufayli azobuqubatlarga duchor qilingan insoniyat najot topishga imkon beruvchi Iso Masihning xaloskorlik faoliyati (missiyasi) haqidagi aqidalarni tan oladi. Bu oqimda 7 sirli marosim asosiy o‘rinni egallaydi. Bular cho‘qintirish, non va vino tortish, ruhoniylik unvonini berish, tavba-tazarru, miro surtish, muqaddas zaytun moyi surtish, nikoh marosimlaridir. Provaslaviening katoliylikdan farqlari shundaki, muqaddas ruh faqat Ota – Xudodan kelib chiqqanligi, cherkov boshliqlari emas, balki cherkovning o‘zi gunohsizligi va aqidalarning o‘zgarmasligi e’tirof etiladi. Ruhoniylarning uylanishlari va nikohdan o‘tishlari majburiy qilib belgilangan. Provaslavieda bayramlar nihoyatda ko‘p bo‘lib, ular – ulug‘, o‘rta va kichik bayramlarga bo‘linadi. Jumladan, Pasxa bayrami Xochga tortilgan Isoning mo‘jizaviy qayta tirilishi xotirasiga bag‘ishlangan bo‘lib, bahorgi tengkunliklarda nishonlanadi. Rajdestvo Xristovo – Iso Masixning tug‘ilish bayrami, katoliylikda har yili 25 dekabrda, Pravoslavieda 7-yanvarda nishonlanadi va boshqalar. Xristianlikdagi uchinchi oqim – Protestanizm bo‘lib, norozilik bildruvchi, kelishmaslik degan ma’noni bildiradi. 1526 yilda Shpeyer reyxstagi nemis lyuteranchi knyazlari talabi bilan har bir nemis knyazi o‘zi va fuqarosi uchun xohlagan dinni tanlash huquqiga ega ekanligi to‘g‘risida qaror qabul qildi. Ammo, 1529 yilda 2 –Shpeyer reyxetagi bu qarorni bekor qildi. Bunga qarshi Germaniyaning bir qancha shaharlari va 5 knyazi 79 norozilik – protest bildirdi. «Protestanizm» atamasi shu so‘zdan kelib chiqqan. Uning cherkovi esa protestanizm cherkovi deb yuritiladi. Protestanizm ham xudoning borligini, uning uch qiyofada namoyon bo‘liishini, jonning o‘lmasligi, jannat va do‘zoh haqidagi umumxristian ta’limotini e’tirof etadi. Shu bilan birga protestanizm 3 ta yangi qoidani joriy etdi: 1. Shaxsiy e’tiqod bilan najot topish mumkinligi; 2. Dinga ishonuvchi barcha kishilarning ruhoniy bo‘lishi mumkinligi; 3. Injilning oliy nufuzi. Protestanizm katolik cherkovi gunohdan holi, Rim papasi birlamchi, degan ta’limotlarni rad etadi. Xristianlikning bu oqimida insonning xudoga va cherkovga munosabati soddalashtirilgan. But va sanamlarga sig‘inish yo‘k. Monaxlik va ruhoniylarning uylanmasligi qoralanadi. Protestanizm sirli marosimlarning ko‘pchiligini bekor qildi, faqat cho‘qintirish hamda non va vino tortish marosimini qoldirdi. Protestantlar soni xozirgi davrda butun dunyoda 250 milliondan ortiq. Bu oqim Skandinaviya mamlakatlari, Germaniya, Britaniya, Kanada, Avstraliya, Yangi Zellandiya, AQSh va boshqa mamlakatlarda keng tarqalagan. Protestanizmdagi asosiy oqimlarga – babtizm, staroverlar, duxoborlar, molokonlar, mormonlar, adventistlar, Iegova shoxidlari va boshqalar kiradi. Baptizm – yunoncha so‘z bo‘lib, «suv bilan cho‘qintirish» degan ma’noni bildiradi. Bu ta’limot bo‘yicha bolalar yoshligida emas, balki voyaga yetganda, dinga nisbatan ongli bo‘lgandagina cho‘qintirilishi lozimligi uqdiriladi. Xristianlikda muqaddas hisoblanadigan avliyolar, monaxlik, ikona, but va boshqalar rad etiladi. Baptizm ruxoniylarning dindorlar bilan insonlar o‘rtasidagi vositachiligini rad etadi. Insonning yashashdan maqsadi, o‘zini narigi dunyoga tayyorlashdir deyiladi. Baptitstlar har hil yig‘inlarlarga, teatrlarga, xursandchilik maskanlariga bormaydilar. Begonalarga qarshi qurol ko‘tarmaydilar. Hatto armiyaga berganlarida ham qurolga qo‘l tegizmaydilar, boshqa ishlar bilan shug‘ullanadilar. Kamdan-kam xursand bo‘lib yuradilar, ko‘pincha xomush yuradilar. O‘z yaqinlari va dushmanlarini ham birdek sevishlari, hammani kechirishlari, yomonlikka qarshilik ko‘rsatmasliklari muttasil tashviqot qilinadi. Jahonda baptistlar soni 35 milliondan ortiq. 1905 yilda jahon baptistlar ittifoqi tuzilgan, uning markazi AQShda. O‘zbekistonda baptistlarning ro‘yhatga olingan 14 jamoasi mavjud