Darsda jismoniy tarbiya yuklamasini mutanosiblashtirish uchun quyidagi usullardan foydalaniladi:
o’yinlar va mashqlar miqdorini o’zgartirish;
mashqlarni turlicha miqdorda takrorlash;
mashq bajarishga ajratilgan vaqtni ko’paytirish yoki ozaytirish;
mashqning bajarish sur'atini o’zgartirish;
harakatlar amplitudasini ko’paytirish yoki ozaytirish; - mashq bajarishni murakkablashtirish yoki soddalashtirish;
mashq bajarishda turli predmetlarni qo’llash.
Jismoniy tarbiya darslarida o’quvchilar faoliyatini tashkil qilish usullari
Darsda o’quvchilar faoliyatini tashkil qilish usullari deganda o’qituvchi rejasiga muvofiq o’quvchilarni mashq bajarish uchun uyushtirish usullari tushuniladi.
Frontal (yoppasiga) shug’ullanish usuli - mashqlarni barcha o’quvchilar bir vaqtda bajaradilar. Uning ustunligi ko’proq o’quvchilarni qamrab olishda, darsda yuqori zichlikka va katta jismoniy yuklamaga erishishdadir, o’quvchilar o’qituvchi farmoyishi yoki buyrug’ini baravariga bajarsalar, yoppasiga shug’ullanish usuli mashqlarni jamoa bo’lib bajarishning yaxshi namunasi bo’la oladi.
Mazkur usul o’quv muassasalarining barcha bosqich o’quvchilari bilan olib boriladigan ishlarda, ayniqsa, o’quv materiali bilan tanishtirishda keng qo’llaniladi.
Guruhli usul shundan iboratki, unda o’quvchilar guruhlarga bo’linadilar, har bir guruh o’qituvchi topshirig’iga binoan mustaqil shug’ullanadi. Mashq uchun jihoz va anjomlar yetishmaganda shu usulga murojaat qilinadi. Vaqtdan oqilona foydalanish maqsadida bir vaqtda ikkita-uchta mashq turi o’rganiladi. Guruhlar ma'lum bir vaqtdan so’ng joy almashadilar. Har bir guruhga o’quvchilarning mashg’ulot paytidagi harakatini kuzatib turish uchun boshliq tayinlanadi.
Guruhlarga bo’linish ikkigacha, uchgacha sanash yoki bir qator kolonnadan ikki, uch qator kolonnaga qayta saflanish va har bir qatorni tegishli joyga burib olib borish orqali amalga oshiriladi.
Darsda guruhlar bir-biriga halal bermaydigan tarzda joylashadi.
Guruhli usul barcha o’quvchilar mustaqil mashg’ulotlarga yetarli darajada tayyor bo’lganlaridan so’ng qo’llanilishi mumkin.
Individual usul shundan iboratki, bunda har bir o’quvchi mashq bajaradi, qolganlar esa uni kuzatib turishadi. Bunday usul yakunlovchi darslarda qo’llaniladi. Bu o’qituvchiga har bir mashq bajarilganidan so’ng yakun chiqarish, bolalar e'tiborini mashqni yaxshiroq bajarishga, kamchilik va xatolarga jalb etish imkonini beradiki, bu ta'lim va tarbiya jihatidan juda muhim.
Dostları ilə paylaş: |