Umumta'lim maktabi o’quvchilarining jismoniy tarbiya darslari quyidagi vazifalarga ega:
Ta'lim (o’rgatish) vazifalari o’quvchilarni dasturda ko’zda tutilgan mashqlarni bajarishga, o’rganilgan mashqlarni takomillashtirishga, ularni turli sharoitda qo’llashga, shuningdek, malaka va ko’nikmalarni rivojlantirishga yo’naltirilgan. Ta'lim vazifalarini izchil ravishda bajarish dasturdagi butun o’quv materialini tizimli va mustahkam o’rganishga olib keladi. Ayrim ta'lim vazifalarini hal etish uchun nisbatan uzoq vaqt (ketma-ket bir qancha dars) zarur, ayrimlarini hal etish uchun esa bir darsning o’zi kifoya qiladi.
Masalan, arqonga muayyan usulda tirmashib chiqish va bunda harakatlarni to’g’ri navbatlashni bir darsda o’rgatish mumkin emas. Bu umumiy vazifa bo’lib, uni bajarish uchun darslar turkumi talab qilinadi. O’quvchilarni arqonni oyoqlari bilan ushlab tirmashib chiqishga bir darsda o’rgatish mumkin, bu kichikroq xususiy vazifa bo’lib, uni mazkur darsning muayyan vazifalaridan biri sifatida qo’yish mumkin.Ta'lim vazifalariga, shuningdek, o’quvchilarga jismoniy tarbiya va sport, sog’liqni saqlash, kun tartibi, to’g’ri nafas olish, chiniqish, jismoniy mashqlarni to’g’ri bajarish haqida bilim berish ham kiradi.
Dostları ilə paylaş: |