Hayot manbai bo‘lgan suvni tejab ishlatishga qaratilgan masalalar.
Odam hayoti uchun zarur ne`matlardan biri suvdir. Undan ehtiyotkorlik bilan foydalanish maqsadga muvofiq. Huda-behuda suvni isrof qilmaslik kerak. O‘qituvchi o‘quvchilarni suvni iflos qilmaslik, tejab foydalanishga o‘rgatib borishi zarur. Buni masalalar yechish jarayonida ko‘rish mumkin.
Boshlang‘ich sinf o‘quvchilari bilan quyidagi masalalarni muhokama qilib yechish o‘quvchilarda tejamkorlik xislatlarining shakllanishiga yordam beradi.
1-masala. Agar suv jo‘mragidan 1 sekundda 1 tomchi suv oqib tursa va 1 tomchi taxminan 1 gramm deb qaralsa, 1 soatda, 1 sutkada qancha suv isrof bo‘ladi?
Masalani yechish: 1 sutka 24 soat, 1 soat 60 minut yoki 3600 sekund. Demak, 1 sutkada 86400 sekund bor. Bir sutkada suv jo‘mragidan 86400 gramm yoki taxminan 90 litr suv behuda isrof bo‘lar ekan. Bu suv ichimlik suvi sifatida qaralsa va bir odam 1 kunda taxminan 2 litr suv ichishi mumkinligini nazarda tutsak, 90:2=45 kun bir odamning ichimlik suvi bo‘lar ekan. Bu bir suv jo‘mragidigan tomchilab turgan suv hajmidagi masala. Juda ko‘plab suv jo‘mragidan behuda oqib turgan suvni ko‘rib, odam hayratlanishi tabiiy. Ko‘pchilik odam bu holatga befarq qaraydi. O‘qituvchi bunday holatlarga befarq bo‘lmaslikni o‘quvchilarga o‘rgatib borishi, suvni tejab ishlatishga, isrof qilmaslikka o‘rgatib borishi zarur.
Hozirgi kunda xonadonlarga suv o‘lchash asbobi o‘rnatilgan. O‘qituvchi shu to‘g‘rida masala tuzib, uni yechishni tavsiya qiladi.
Masala: Mart oyida suv o‘lchagich ko‘rsatkichi 001234 ni ko‘rsatgan. Oy oxirida kelib ko‘rsatkich 001324 ni ko‘rsatmoqda. Mart oyida ishlatilgan suv uchun qancha pul to‘landi?
Suv o‘lchagich ko‘rsatkichi kub metrda ifodalanadi. 1 kub metr suv uchun
130 so‘m pul to‘lanadi. Demak, mart oyida 1324-1234=90 kub metr suv ishlatilgan. Demak, 90x130=11700 so‘m ishlatilgan suv uchun to‘lanadi.
Suvni tejab ishlatish bo‘yicha o‘qituvchi o‘quvchilarni suv jo‘mragini to‘liq ochib suvni oqizib qo‘lni yuvish, yoki biror meva yoki sabzavotni yuvish kabi
ishlarning oldini olishga chaqirishi shart. Ko‘pchilik hollarda tanaffus paytlarida shunday holatlarni tez-tez kuzatish mumkin. Shu sababli matematika darslarida suvni tejab, isrof qilmaslikka doir masalalarni tez-tez yechib turish maqsadga muvofiqdir.