SAQLANISH QONUNLARI Fizika — materiyaning umumiy xossalari, moddalar va maydonlarning harakat qonunlarini o'rganishini biz bilamiz. Materiyaning. ya'ni moddalarning va maydonlarning harakati esa makon va zamonda ro'y beradi. Shunday ekan, makon va zamonda ro'y beradigan barcha jarayonlarni ma'lum tartibga solib turadigan universal qonunlar mavjudmi degan savol tug'iladi. Bunday qonunlar mavjud va fizikada ular saqlanish qonunlari deyiladi.
U yoki bu nazariyaning, tajriba natijalarining to'g'riligi aynan shu qonunlarning bajarilishiga qarab tekshiriladi.
Bu qonunlar nimalarga tayanib kiritilgan?Modomiki, materiyaning harakati makon va zamonda ro'y berar ekan, bu universal qonunlar ham makon va zamonga tayangan, ya'ni ularning biror xossasiga asoslangan bo'lmog'i kerak. Bu xossalar: makonning, ya- 'ni fazoning bir jinsliligi va izotrvpligi, zamonning, ya 'ni vaqtning esa bir jinsliligidir. Fazoning bir jinsliligi.Fazoning bir jinsliligi deyilganda uning barcha nuqtalarining teng kuchliligi tushuniladi. Boshqacha aytganda, fizik jarayonning ro'y berishi, tajriba fazoning qaysi nuqtasida o'tkazilishidan qat'iy nazar bir xilda kechadi. Harakat miqdorining (impulsining) saqlanish qonuni fazoning bir jinsliligining natijasidir.
Fazoning izotropligi.Fazoning izotropligi deyilganda uning barcha yo'nalishlarining teng kuchliligi tushuniladi. Boshqacha aytganda, fizik jarayonning ro'y berishi tajriba fazoning qaysi yo'nalishida o'tkazilishidan qat'iy nazar bir xilda kechadi. Harakat miqdori momentining (impuls momentining) saqlanish qonuni fazoning izotropligining natijasidir.
Vaqtning bir jinsliligi.Vaqtning bir jinsliligi deyilganda uning har bir onining teng kuchliligi tushuniladi. Boshqacha aytganda, fizik jarayonning ro'y berishi tajribaning qachon boshlanishiga (ertalab soat sakkizdami yoki kechqurun soat o'ndami) mutlaqo bog'liq emas. Energiyaning saqlanish qonuni vaqtning bir jinsliligining natijasidir.