O‘zbekiston respublikasi oliy va o‘rta


Abul-Qosim Mahmud Ibn Umar Az-Zamaxshariy



Yüklə 1,55 Mb.
səhifə144/146
tarix11.04.2023
ölçüsü1,55 Mb.
#95990
1   ...   138   139   140   141   142   143   144   145   146
Укув кулланма 2022

Abul-Qosim Mahmud Ibn Umar Az-Zamaxshariy (1075-1144) jahon ilm-fani va madaniyatiga salmoqli hissa qo‘shgan mashhur olim va adibdir. U o‘z asarlarida halollik va pokizalikni, ilmga muxabbatni, mardlik va olijanoblikni ulug‘laydi. Ulug‘ mutafakkir “Navobig‘ ul-kalim” (“Nozik iboralar”) asarida kishilar ilmli bo‘lish, o‘qitish, yozish bilan hosilu mukammal bo‘ladi, olim kishi oqil, bilimdon va chiroyli xushxat yozuvga ega bo‘lsa, bu uning kamolotga etganligidan dalolatdir, deydi. Asarda mudarrislar to‘g‘risida noyob fikrlar bildirilgan: “Murabbiy o‘qib tursagina murabbiy bo‘la oladi, agar o‘qishni to‘xtatib qo‘yar ekan, unda murabbiylik o‘ladi”.
Buyuk mutafakkir Abdurahmon Jomiy XV asrda yashab ijod qilgan. U o‘z asarlarida insonning yuksak axloqiy hislatlarini, go‘zal fazilatlarini kuylaydi. «Iskandar xirodnomasi” asarida muallimlar to‘g‘risida noyob fikrlarni bildirgan: “muallim aqlli, adolatli, o‘zida barcha yuksak fazilatlarni mujassamlashtirgan bo‘lishi kerak. O‘zini nomunosib tutgan murabbiy hech vaqt bolalarga bilim bera olmaydi”. Shoir muallimning hayotdagi o‘rnini quyidagi baytida bayon qiladi:
Ustod, muallimsiz qolganda zamon, Nodonlikdan qora bo‘lurdi jahon.
Alisher Navoiy (1441-1501) ijodida muallimlarga munosabat alohida berilgan. Uning fikricha, har bir inson o‘ziga ta’lim va tarbiya bergan ustozini, o‘qituvchisini umrbod hurmat qilishi va uni e’zozlashi kerak. O‘qituvchi mehnatini har qanday xazina bilan o‘lchab bo‘lmaydi:
Haq yo‘linda kim senga, bir harf o‘qitmish ranj ila, Aylamak bo‘lmas ado, oning haqqin yuz ganj ila.
Buyuk alloma o‘zining “Mahbub-ul qulub” didaktik asarida o‘qituvchi xalq oldida obro‘ga, hurmat va izzatga sazovor bo‘lishi kerakligini, u xalq g‘ami bilan yashashini, xalqqa yordam beruvchi, xalq bilan birga bo‘lishi lozimligini aytadi. Nodon, mutaasib, johil mudarrislarni tanqid qilib, mudarris olimlar orasidagi eng sara “malak qiyofali” kishi bo‘lishi, ya’ni sof ko‘ngilli, pok qalbli, insofli, karam-muruvvatli, odobli, vafoli, kishilikning eng yaxshi va oliyjanob hislatlarini o‘zida aks ettiruvchi bo‘lishi kerak deydi. Ayniqsa madrasalarda ta’lim-tarbiya bilan shug‘ullanuvchi mudarrislarga jiddiy talablarni qo‘yadi: «Mudarris kerakki, g‘arazi mansab bo‘lmasa va bilmas ilmni aytishga urinmasa, manmanlik uchun dars berishga havas ko‘rgazmasa va olg‘irlik uchun gap-so‘z va g‘avg‘o yurgizmasa, nodonlikdan sallasi katta va pechi uzun bo‘lmasa, gerdayish uchun madrasa ayvoni unga bosh o‘rin bo‘lmasa, yaramasliklardan qo‘rqsa va nopoklikdan qochsa... nainki, o‘zini olim bilib, necha nodonga turli xil fisq ishlarni qilish mumkin, balki halol desa, qilmas ishlarni qilmoq undan sodir bo‘lsa va qilar ishlarni qilmaslik unga qoida va odat bo‘lib qolsa, bu mudarris emas, yomon odatni tarqatguvchidir». Demak, mudarris bilimli, fozil va donishmand bo‘lishi, kishilikning eng yaxshi fazilatlarini o‘zida mujassamlashtirgan oliyjanob va kamtarin bo‘lishi, har qanday yaramas ishlardan holi va pok bo‘lishi, o‘z xulqi va odobi bilan boshqalarga namuna bo‘lishi lozim.
Ayni o‘rinda o‘qituvchi mehnatini eng murakkab va mashaqqatli ish ekanligini xolisona baholaydi: “Uning ishi odam qo‘lidan kelmas, odam emas, balki dev ham qila bilmas. Bir kuchli kishi bir yosh bolani saqlashdan ojizlik qilardi. U esa bir to‘da bolaga ilm va adab o‘rgatadi, ko‘rkim bunga nima etsin. Shunisi ham borkim, u to‘dada fahm-farosati ozlar ham bo‘ladi, unday kishiga yuzlarcha mashaqqat qilsa qanday bo‘ladi. Har qanday bo‘lsa ham, yosh bolalarda uning haqqi ko‘pdir. Agar shogird podshohlikka erishsa unga (muallimga) qulluq qilsa arziydir”.
Kamoliddin Husayn Voiz al-Koshifiy (1440-1505) “Futuvvatnomai Sultoniy yoxud javonmardlik tariqati” asarida ustoz-shogird munosabatlariga keng to‘xtalgan. U muallimlarning shogirdlariga beradigan har bir o‘gitini qadrlaydi. “Maraka joylarida” (dars–ma’ruza o‘qiladigan joy) shogirdlar muallimning har bir so‘zini e’tibor bilan tinglashini va unga amal qilishini ta’kidlaydi. Jumladan, Husayn Koshifiy ustozlik shartlarini ham bayon qiladi: “Bilgilkim hech bir ish ustozsiz amalga oshmaydi va kimki ustozsiz bir ishni qilur ersa, ul ishning asosi mustahkam bo‘lmaydi. Kimki, ustozsiz ish
boshlagan bo‘lsa, ishi va amali samara qozonmaydi, ustozning etagini tutib shod bo‘l, bir muddat ustozga xizmat qilginda, so‘ngra o‘zing ustoz bo‘l. ...Agar ustoz tarbiyasini olgan komil inson kim deb so‘rasalar, u pok mazhabli o‘z aybini ko‘radigan, dono va tamizli kishidir deb aytgil. Unda hasad, gina va baxillikdan asar bo‘lmaydi”.
Sharq allomalari adabiy meroslarida ta’kidlangan, o‘qituvchilar haqida bildirilgan dono fikrlarni yoshidan, pedagogik mahoratidan, qanday dars berishidan qat’iy nazar barcha o‘qituvchilar bilishlari va ularga qat’iy amal qilishlari maqsadga muvofiqdir.
Antik davrdagi maktablar Sparta, Afina va Rim tarbiya tizimining muhim tarkibiy qismi sifatida faoliyat olib borganlar. Qadimgi Yunonistonda bunday joylar akademiya deb nomlangan. «Akademiya» so‘zi afsonaviy qahramon Akadema nomidan kelib chiqqan. Eramizdan avvalgi V asrda Afina yaqinidagi Akadema so‘zi bilan nomlanuvchi joyda Platon o‘z shogirdlariga ma’ruzalar o‘qigan bo‘lib, keyinchalik ta’lim-tarbiya berish uchun tashkil etiluvchi maskanlar ham shunday nom bilan atala boshlangan. Qadimgi Yunonistonda bolalarga ta’lim-tarbiya berish faylasuflar zimmasiga yuklatilgan edi.
Ular notiqlik san’atining yetuk namoyondalari bo‘lib, o‘zlarining chiroyli so‘zlari, baland va ta’sirchan ovozlari bilan ta’lim oluvchilarning tafakkuriga, ongiga kirib borganlar, ta’lim va tarbiyada ulkan yutuqlarga erishganlar. Shu sababli, notiqlik san’ati va nutq madaniyatining nazariyasiga, uning cheksiz tarbiyaviy ahamiyatiga ilk marotaba qadimgi Yunonistonda asos solinganligi ilmiy adabiyotlarda bayon etiladi. Yunonistonda epos, lirika, drama, haykaltaroshlik, musiqa va me’morchilik san’ati bilan birga notiqlik san’ati ham murakkab va muhim san’at asari sifatida tan olingan. Notiqlik san’atini davlatning muhim ijtimoiy-siyosiy ishlariga taalluqli faoliyatdagi ahamiyati uchun hamda yosh avlodni tarbiyalashda ular ongi va tafakkuriga qizg‘in ta’sir etuvchi murakkab vosita sifatida rivojlantirganlar.
Eramizdan avvalgi V asr Yunonistonda yoshlarga ta’lim-tarbiya berish va ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning eng takomillashgan davri bo‘lgan. Shu sababli “Notiqlik san’ati” ham qizg‘in rivojlangan davr hisoblanadi. Bu davrda notiqlikning uchta qonuniyati umumiy shior sifatida e’tirof etilgan:
-o‘quvchilarga tushuntirish (ma’lum bir mavzuni);
-o‘quvchilar ongini uyg‘otish (inson tafakkurini, ongini, maqsadini);
-har bir tinglovchiga huzur-halovat va qoniqish uyg‘otish.
Yunonistonda notiq ushbu qonuniyatlarga amal qilgan holda o‘quvchilarga, ya’ni “tinglovchilarga halovat bag‘ishlash” orqali ularni ezgulikka, adolatparvarlikka, vatan oldidagi burchga sadoqatli bo‘lishga, yaxshi amallarni bajarishga, axloq va odob qoidalariga rioya qilishga chorlar edi. Notiqlik san’atini chuqur egallagan, o‘zlarining go‘zal va chiroyli nutqlari bilan jamiyatda hurmat va e’tibor qozongan Dinarx, Giperid, Gorgiy, Isokrat, Isey, esxil, Demosfen kabi namoyondalar mashhur davlat arboblari bo‘lib etishganlar.
Mashhur faylasuf olim Sokrat (yeramizdan avvalgi 469 ─ 399) o‘quvchilar bilan savol-javob usuli orqali ta’lim-tarbiya berishning suhbat metodiga asos solgan. Sokratning shogirdi Platon o‘z ustozi g‘oyalarini davom ettirib, o‘quvchilar bilan savol- javob usulini notiqlik san’atining bir shakli sifatidagi ahamiyati cheksiz ekanligini bayon etadi hamda uni inson tafakkuri va ongini, dunyoqarashini og‘zaki nutq bilan boyituvchi noyob uslub sifatida baholaydi.
Yunonistonda yoshlarga ta’lim-tarbiya berishda notiqlik san’atining ahamiyatini yoritib berish hamda uning rivojlanishi faylasuf olim Demosfen (yeramizdan avvalgi 384─322) nomi bilan uzviy bog‘langan. U yoshlik yillaridanoq notiqlik san’atiga qiziqdi. Tug‘ma duduq bo‘lishiga qaramasdan, o‘quvchi va tinglovchilarning istehzolariga bardosh berib, qizg‘in va shiddatli mehnati bilan notiqlik mahoratini namoyish eta olgan. Demosfen Yunonistonda notiqlik san’atining yetuk namoyodasi, ya’ni elitasi sifatida mashhur bo‘ldi. U davlat tribunasini siyosiy va mafkuraviy kurash maydoniga aylantirdi.
O‘qituvchilarning kasbiy mahoratlarini takomillashtirish to‘g‘risidagi muammolar Yevropa olimlari Y. A. Komenskiy, Djon Lokk, G.Pestalotssi, A.Disterverg, K.D.Ushinskiy kabilarning asarlarida o‘z ifodasini topgan. Jumladan, chex olimi, mashhur pedagog Y. A. Komenskiy o‘qituvchining eng muhim xususiyatlari qatoriga bolalarni sevishi, yuksak axloqi, bilimdonligi, iqtidori, kobiliyati kabilarni kiritadi va ularning mohiyatini mukammal tavsiflab beradi.
Yan Amos Komenskiy o‘z davrida o‘qituvchilarning bola dunyoqarashini rivojlantirishdagi roliga yuqori baho berib, o‘qituvchilik «yer yuzidagi har qanday kasbdan ko‘ra yuqoriroq turadigan juda faxrli kasb» ekanligini ta’kidlaydi. Y.A.Komenskiy o‘qituvchi obrazini tasvirlar ekan, uning Shaxsida quyidagi fazilatlar namoyon bo‘lishi maqsadga muvofiqligini ta’kidlaydi: vijdonli, ishchan, sabotli, axloqli, o‘z ishini sevuvchi, o‘quvchilarga mehr bilan muomala qiluvchi, ularda bilimga havas uyg‘otuvchi, o‘quvchilarni o‘z ortidan ergashtiruvchi va diniy e’tiqodni shakllantiruvchi.
I.G.Pestalotssi o‘qituvchining kasbiy sifatlariga baho berish bilan birga, asosan uning xalq ta’limi tarmog‘ini takomillashtirishdagi roli hamda fan asoslarini egallashdagi ahamiyati va vazifalariga to‘xtalib o‘tadi.
A. Disterverg o‘qituvchining ta’limdagi roliga yuqori baho berib, u o‘z faoliyatini chuqur bilib, pedagogik mahoratini oshirib borishi o‘quvchilarni qalbdan yoqtirishi natijasida yuzaga keladi deb uqtiradi. O‘qituvchi bolalarning individual xususiyatlarini, qobiliyatini, faoliyatini mukammal bilishi uchun muayyan darajada psixologik bilimlarga ham ega bo‘lishi kerakligini takidlab o‘tgan.
Pedagog olim Djon Lokk o‘qituvchi psixologiyasining eng muhim jihatlarini ishlab chiqqan. Ular orasiga mo‘tadillik, g‘ayrat-shijoatlilik, ehtiyotkorlik kabi hislatlarni kiritib, o‘qituvchining pedagogik faoliyatidagi rolini asarlarida yoritib bergan.
A.I.Gersen, K. D.Ushinskiy, L.N.Tolctoy, I.G.Chernishevskiy kabi rus pedagog olimlari g‘arb mutafakkirlari g‘oyalarining vorislari sifatida mazkur muammolarga o‘z mulohazalarini bildirganlar. Jumladan, A.I.Gersen mulohazalariga ko‘ra, o‘qituvchining asosiy hislati – bu uning bolalar bilan munosabatda bo‘layotganligini sezishda, bolalar ruhiy dunyosini tushuna olishida, axloqiy qobiliyatining mavjudligida, chunki u shunday iste’dodga ega bo‘lmog‘i zarurki, unga har qaysi o‘qituvchi erisha olmaydi.
Taniqli rus pedagogi K.D.Ushinskiy ta’lim-tarbiya jarayonida o‘qituvchining roli va Shaxsiga yuqori baho berib, o‘qituvchi kasbiga oid ilmiy mulohazalarida hech bir qonun yoki tizim, ta’lim-tarbiya to‘g‘risidagi metod yoki tamoyillar o‘qituvchi shaxsining pedagogik faoliyatdagi mahorati o‘rnini bosa olmaydi deb hisoblaydi.
K.D.Ushinskiy o‘qituvchi ma’naviyati va kasbiy faoliyatiga yuqori baho beradi hamda ularning kasbiy malakalarini doimiy ravishda takomillashtirib borish maqsadga muvofiq ekanligi to‘g‘risidagi g‘oyani ilgari suradi. Mazkur g‘oyaning ijtimoiy ahamiyatini tasdiqlovchi tizim – o‘qituvchilarni qayta tayyorlovchi kurslar tizimini tashkil etishni u ilk bor asoslab bergan.
K.D.Ushinskiy o‘qituvchining mashaqqatli mehnatini ta’riflab shunday deydi: “Hali etilmagan va fikri xayoli tarqoq bo‘lgan o‘ttiz yoki qirqta o‘quvchining ongini butun dars davomida mashg‘ul qilib turish uchun o‘qituvchi o‘z so‘zlari va bergan masalalari to‘g‘risida ko‘p bosh qotirishi, serdiqqat bo‘lishi kerak. Mana shu sababdan bilimi bo‘lgan har bir kishi o‘qituvchi bo‘lishga layoqatli bo‘lavermaydi. Jamiyat tomonidan hamma vaqt ham etarlicha ta’rif qilinmaydigan bu vazifani insof bilan ado qilmoq uchun zo‘r matonat va mahorat talab qilinadi”.
Buyuk rus adibi L.N.Tolstoy o‘qituvchi fazilatining mukammalligini o‘z mutaxassisligiga nisbatan ijobiy munosabatda bo‘lishi bilan bir vaqtda bolalarga bo‘lgan munosabatida, ularni xuddi o‘z farzandlaridek jon-dilidan sevishida ekanligida ko‘rgan. Uning ta’kidlashicha, “agar o‘qituvchi faqat ishiga havas qo‘ygan bo‘lsa, u yaxshi o‘qituvchi bo‘ladi. Agar o‘qituvchi bolaga faqat otasi va onasi kabi havas qo‘ygan bo‘lsa, u oldingi o‘qituvchidan yaxshiroq bo‘ladi. Bordiyu, ikkala hislatni ham o‘zida mujassamlashtirsa, u holda u mukammal va mahoratli o‘qituvchi bo‘la oladi”.
«Aqlli, fikran boy, bag‘ri keng insonchalik hech narsa yoshlarni qiziqtirmaydi, o‘zining ortidan ergashtira olmaydi ham..., aql – aql bilan tarbiyalanadi, vijdon – vijdon bilan, vatanga sadoqatlilik – bevosita vatan uchun xizmat qilish bilan..., – deb ta’kidlagan edi mashhur rus pedagogi V.A.Suxomlinskiy. – O‘qituvchi o‘zining butun borlig‘i, kundalik hayoti, ma’naviy madaniyati bilan hamkasblari va o‘quvchilarga o‘rnak bo‘ladi va ularni o‘z ortidan ergashtiradi».
O‘qituvchida pedagogik mahoratni shakllantirishning ilmiy – nazariy asoslari pedagog olim V.A. Slastyonin tomonidan ham tadqiq qilingan. U kasbiy – pedagogik
tayyorgarlik, o‘qituvchining shaxsi va kasbiy shakllanish yo‘nalishi va bunda pedagogik mahorat to‘g‘risida so‘z yuritib, shunday yozadi: “O‘qituvchi muntazam ravishda pedagogik nazariyalarga tayansagina, o‘qituvchilik mahoratini egallaydi. Chunki, pedagogik amaliyot doimiy ravishda pedagogik nazariyaga murojaat qilishni taqozo etadi. Birinchidan, ilmiy nazariyalar – taraqqiyotning umumiy qonuniyatlari, tamoyillari, qoidalarini aks ettiruvchi ilmiy bilimlardir, amaliyot bo‘lsa, doimo aniq vaziyatga asoslanadi. Ikkinchidan, pedagogik faoliyat – falsafa, pedagogika, psixologiyaga oid bilimlar sinteziga asoslanuvchi yaxlit jarayondir. Bu bilimlar sintezisiz pedagogik amaliyotni maqsadli qurish juda mushkul”. Demak, o‘qituvchidan nafaqat pedagogik mahoratni mukammal egallash talab etiladi, balki pedagogik amaliyotni to‘g‘ri va maqsadli tashkil qilish uchun chuqur ilmiy – nazariy ma’lumotlarga ham ega bo‘lish lozim.
Taniqli rus pedagogi A.S.Makarenko o‘z asarlarida o‘qituvchining kasbiy fazilati to‘g‘risida quyidagi fikrlarini bayon qilgan: “Pedagog darsda ma’lum bir o‘ziga xos rolni o‘ynamasligi mumkin emas. Sinf sahnasida rol o‘ynashni bilmaydigan o‘qituvchi kasbiy faoliyat olib borolmaydi. U ma’lum ma’noda aktyor. Bizning xulq-atvorimiz, fe’limiz, xarakterimiz biz uchun pedagogik qurol bo‘lishi ham aslo mumkin emas. Bolalarni qalb va ko‘ngil azoblari bilan, hijronli his-tuyg‘ularimiz yordamida tarbiyalashga umuman yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi”. Pedagog olim o‘qituvchining hech bir kasbga o‘xshamaydigan kasbiy faoliyatini yuksak baholab, “Tarbiyachi tashkil etishni, yurishni, hazillashishni, quvnoq yoki jahldor bo‘lishni bilishi lozim, u o‘zini shunday tutishi kerakki, uning har bir harakati, yurish-turishi, kiyinishi bolalarni tarbiyalasin” – deb yozgan edi.



Yüklə 1,55 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   138   139   140   141   142   143   144   145   146




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin