O‘zbekiston respublikasi oliy va o‘rta


Jinoyat tarkibining elementlari



Yüklə 1,35 Mb.
səhifə28/126
tarix12.05.2023
ölçüsü1,35 Mb.
#112156
1   ...   24   25   26   27   28   29   30   31   ...   126
jinoyat huquqi

4.3. Jinoyat tarkibining elementlari

Jinoyat tarkibining to‘rt belgisi elementlar orqali ta’riflansa, har bir tomoni esa, muayyan alomatlar orqali ifodalanadi.


Obyektiv belgilar deganda, jinoyat tarkibining obyekti va obyektiv tomonlarini ta’riflovchi belgilar nazarda tutiladi, subyek­tiv alomatlar deganda esa, jinoyatning subyektiv tomoni va jinoyat subyektini ifodalovchi belgilarga aytiladi.
Jinoyatning obyekti jinoiy tajovuz qaratilgan va ana shu tajovuz tufayli unga zarar yetkazilishi mumkin bo‘lgan ijtimoiy munosa­batlardir.
Jinoyat jinoyat qonuni bilan muhofaza qilinadigan har qanday ijtimoiy munosabatlarga, masalan, shaxsning hayoti, sog‘lig‘i, qadr-qimmati, davlat manfaatlariga, mulk huquqini amalga oshirishga, odil sudlovni amalga oshirishga xo‘jalik yoki iqtisodiy faoliyat va boshqalarga ziyon yetkazadi.
Jinoyat tarkibining ikkinchi elementi uning obyektiv tomonidir. Jinoyatning obyektiv tomoni sodir etilgan jinoyatning tashqi tomonini ifodalovchi elementdir.
Qilmishning ijtimoiy xavfliligi jinoyatlar obyektiv tomonining zaruriy belgisi hisoblanadi. Biroq, ko‘pchilik qilmishlarni jinoyat, deb hisoblash uchun u tufayli ro‘y bergan ma’lum bir oqibatlarini aniqlamoq zarur.
Amalga oshirilgan ijtimoiy xavfli qilmish va uning natijasida kelib chiqqan oqibatlar orasidagi sababiy bog‘lanish moddiy tarkibli jinoyatlarning uchinchi, zaruriy belgisi hisoblanadi. Jinoyatning obyektiv tomoni fakultativ belgilarisiz to‘liq bo‘lmay­di. Demak, jinoyatning obyektiv tomoni: ijtimoiy xavfli harakat yoki harakatsizlik va uning amalga oshirilishi natijasida kelib chiqadigan oqibatlar o‘rtasidagi sababiy bog‘lanish, shuningdek, fakultativ belgilar: joyi, vaqti, usuli, sharoiti, jinoyatni amalga oshirish quroli va vositasi singari belgilardan iboratdir.
Jinoyat tarkibining uchinchi elementi uning subyektiv tomo­nidir.
Jinoyat tarkibining subyektiv tomoni jinoiy qilmishning ichki tomoni bo‘lib, shaxsning o‘zi sodir etgan ijtimoiy xavfli qilmish va uning oqibatlariga bo‘lgan ruhiy munosabatini ko‘rsatadi. Bunda aybidan tashqari jinoyatning subyektiv tomonini tasniflovchi motiv va maqsad ham mavjud bo‘ladi.
Ayb qasddan yoki ehtiyotsizlik shaklida bo‘lishi mumkin. Ehtiyotsizlikdan sodir etilgan jinoyatlar jinoiy o‘z-o‘ziga ishonish yoki beparvolik ko‘rinishida amalga oshirilishi mumkin. O‘z navbatida qasddan qilingan jinoyat to‘g‘ri qasddan yoki egri qasddan sodir qilingan bo‘lishi mumkin. Ehtiyotsizlikdan sodir etilgan jinoyatlar o‘z-o‘ziga ishonish yoki beparvolik orqasida amalga oshirilishi mumkin. Ayrim hollarda, Jinoyat kodeksida moddaning nomi yoki uning dispozitsiyasida aybning shakli ko‘rsatiladi. Masalan, Jinoyat kodeksining 97-moddasida qasddan odam o‘ldirish, 98-moddasida kuchli ruhiy hayajonlanish holatida qasddan odam o‘ldirish, 102-mod­dasida ehtiyotsizlik orqasida odam o‘ldirish, 111-moddasida ehtiyotsizlik orqasida badanga o‘rtacha og‘ir yoki og‘ir shikast yetkazish ko‘rsatilgan.
Ammo ko‘pchilik moddalarning nomi va dispozitsiyalarida aybning shakli ko‘rsatilmagan. Bunday holatlarda jinoyat huquqiy normada ko‘rsatilgan jinoyatning ayb shakli qasddan (21-modda) yoki ehtiyotsizlik orqasida sodir etilgan (22-modda) jinoyat haqidagi umumiy tushunchalarni tahlil qilish orqali aniqlanadi.
Qasddan yoki ehtiyotsizlik orqasida sodir etilgan ayb jinoyat subyektiv tomonining zaruriy belgisi hisoblanadi.
Motiv va maqsad jinoyat subyektiv tomonining qo‘shimcha (fakultativ) belgisi hisoblanadi, ammo ba’zi bir jinoyatlarda ularning mavjudligi zarur bo‘ladi, Jinoyat kodeksining 97-mod­dasi, 2-qismida g‘arazli maqsadlarda yoki bezorilikdan yoxud o‘likning qismlaridan foydalanish yoki transplantat olish maqsadida yoxud boshqa jinoyatlarni yashirish maqsadida odam o‘ldirish jinoyatlarida motiv va maqsad zaruriy belgi hisoblanadi. Bunday jinoyatlarda motiv va maqsad og‘irlashtiruvchi holatlarda qasddan odam o‘ldirishning zaruriy belgilari hisoblanadi. Ba’zi bir boshqa jinoyat tarkiblarida jinoyatning motivi va maqsadi zaruriy belgi bo‘lmasligi va shunga bog‘liq holda ular jinoyat subyektiv tomo­nining fakultativ belgilari bo‘ladi.
Jinoyat tarkibining to‘rtinchi elementi uni sodir etgan shaxs, ya’ni jinoyatning subyektidir.
Jinoyat kodeksining 17-moddasiga binoan jinoiy javobgarlikka jismoniy shaxslar tortiladi. O‘zbekiston Respublikasi jinoyat huquqiga binoan faqat jismoniy shaxslargina jinoyatning subyekti bo‘lishi mumkin. Yuridik shaxslar esa, jinoyatning subyekti bo‘la olmaydi, lekin ba’zi bir xorijiy davlatlar qonunchiligida yuridik shaxslarning ham jinoiy javobgarligi ko‘zda tutilgan. Shaxs Jinoyat kodeksining 17-moddasida ko‘rsatilgan belgilarga ega bo‘lsagina uni jinoiy javobgarlikka tortish mumkin, ya’ni birinchidan, u jinoyat sodir etish vaqtida qonunda belgilangan yoshga to‘lgan bo‘lishi lozim. Jinoyat kodeksining 17-moddasiga binoan aybdorning sodir etgan ijtimoiy xavfli harakati uchun javobgarlikka tortilishning yosh chegaralari aniq belgilangan. Ushbu moddaning 1-qismiga muvofiq, jinoyat sodir etgunga qadar o‘n olti yoshga to‘lgan shaxslar javobgarlikka tortiladi. 17-moddaning 2-qismida ko‘rsatilishicha, «Jinoyat sodir etgunga qadar o‘n uch yoshga to‘lgan shaxslar javob­garlikni og‘irlashtiradigan holatlarda qasddan odam o‘ldirgan­liklari (97-moddaning 2-qismi) uchungina javobgarlikka tortila­dilar».
Ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan shaxsning aqli raso bo‘lishi lozim. Aqli rasolik tushunchasi Jinoyat kodeksining 18-moddasida bayon etilgan bo‘lib, unda ta’kidlani­shicha: «Jinoyat sodir etish vaqtida o‘z qilmishining ijtimoiy xavfli xususiyatini anglagan va o‘z harakatlarini boshqara olgan shaxs aqli raso, deb topiladi».
Agar jinoyat sodir etgan shaxs sud tibbiyot tekshiruvi xulosasiga ko‘ra aqli noraso, deb topilsa, jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin emas (Jinoyat kodeksining 18-moddasi, 2-qismi).
Ayrim holatlarda ijtimoiy xavfli harakatlar sodir etgan shaxs jinoiy javobgarlikka tortilishi uchun subyektning umumiy belgilari (yoshi va aqli rasoligi) yetarli bo‘lmay, bundan tashqari jinoyat subyektining maxsus belgilarini aniqlash lozim bo‘ladi, masalan, harbiy jinoyatlarning subyektlari, albatta, harbiy xizmatchi bo‘lishi, mansabdorlik jinoyatlarning subyekti mansabdor shaxs bo‘la oladi. Ayrim hollarda subyekt faqat shifokor, transport vositasining haydovchisi bo‘ladi va hokazolar.
Shuning uchun ham yuridik adabiyotlarda jinoyatning maxsus subyekti tushunchalari beriladi, ya’ni bunday shaxs umumiy belgilardan tashqari jinoyat huquqiy normalarda ko‘rsatilgan alohida (maxsus) belgilarga ham ega bo‘lishi lozim.

Yüklə 1,35 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   24   25   26   27   28   29   30   31   ...   126




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin