O‘n ikkinchi mavzu: O‘zbek terminologiyasini takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar
Reja:
O‘zbek terminologiyasi tizimida arxaizmlarning o‘rni.
Soha terminologiyasida ro‘y berayotgan o‘zgarishlar.
Terminlarni unifikasiyalash va tartibga solish.
Asosiy tushunchalar: arxaizm, eskirgan so‘z, istiloh, motivlangan, motivlanmagan, semantik ko‘chim, kalkalash, so‘z yasovchi affiks, suffiks, tushuncha, element, almashtirish, fe’ldan yasalgan ot-terminlar.
Arxaizmlar ostida o‘tmishda faol qo‘llangan, biroq vaqt-zamon o‘tishi bilan ishlatilish chastotasi o‘ta susaygan yoxud o‘rnini tub yoki o‘zlashmalarga bo‘shatib berishga majbur bo‘lgan leksik birliklar nazarda tutiladi. Arxaizmlar o‘zbek tili so‘z boyligining shakllanish va rivojlanishining bizga ma’lum barcha davrlarida mavjud bo‘lgan. Sobiq sho‘rolar hukmronligi davrida o‘zbek tili leksikasida qadimdan faol qo‘llanib kelgan ko‘pdan-ko‘p tub hamda arab va fors-tojik tilidan turli
omillar oqibatida o‘zlashgan so‘z va iboralar ruscha yoki rus tili orqali G‘arbiy Yevropa tillaridan kirib kelgan leksik birliklar bilan almashtirilgan edi. Buning natijasida, eski turkiy til va eski o‘zbek adabiy tilida ishlatilgan minglab so‘zlar, terminlar eskirgan, ya’ni arxaizmlar sirasiga kirib qolgan edi. O‘zbek tilining 1980-yilda Moskvada nashr qilingan ikki tomdan iborat izohli lug‘atida talaygina so‘zlarga eskirgan belgisi qo‘yilgani ma’lum.
O‘zbekiston Respublikasi 1991-yilda o‘z mustaqilligini qo‘lga kiritgach, mamlakat rahbariyati va hukumati oldida yuqoridagi nohaqlikka barham berish, moziyda ajdodlar tilida keng ko‘lamda ishlatilgan so‘z va terminlarga qayta jon ato etib, ularga til so‘z boyligidan munosib o‘rin berish, ya’ni eskirgan tamg‘asi bosilgan leksik birliklarni ruscha va u orqali tilimizga zo‘rma-zo‘raki olib kirilgan g‘arbiy yevropacha so‘z va istilohlar o‘rnida qo‘llash borasida jiddiy harakatlar amalga oshirildi. Buning natijasi o‘laroq, o‘zbek tilining leksik tarkibi, xususan, terminlar tizimida sezilarli o‘zgarishlar yuz berdi. Ijtimoiy hayotning barcha jabhalarini qamrab olgan ushbu hodisa oqibatida ko‘pdan-ko‘p eskirgan so‘zlar qaytadan muomalaga olib kirildi, va aksincha, totalitar tuzum va kommunizm qurish g‘oyasi, mafkurasi bilan bog‘liq tushunchalar insonlar turmush tarzidan chiqib ketgach, ularni ifodalovi ko‘pgina so‘z va terminlarni ishlatishga ortiqcha hojat qolmadi. Chunonchi, demokratik sentralizm, sotsializm, tarixiy materializm, ilmiy kommunizm kabi termin va birikmalar tarix sahifasidan o‘rin oldi. Aksincha, tom ma’nodagi erkin va ozod davlat barpo etish mafkurasi ostida o‘z yo‘lini tanlab olgan o‘zbek xalqi turmish tarzida paydo bo‘lgan mutlaqo yangi tushunchalar va realiyalar eski so‘zlar qatoriga kiritilgan leksemalar yordamida ifodalandi. Bunday holat ayniqsa, ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy terminlar tizimida ravshan ko‘zga tashlandi. Davlat boshqaruv strukturasining ijrochi, qonun chiqaruvchi va nazorat qiluvchi organlarga taqsimlanishi shu sohalarga oid terminlar tizimining sof o‘zbekcha yoki arabcha va forscha-tojikcha so‘zlar hisobiga kengayishiga olib keldi. O‘zbek tili ijtimoiy-siyosiy terminlar tizimidan vazir, bosh vazir, vazirlik, viloyat, tuman, qo‘rg‘on, hokim, viloyat hokimi, tuman hokimi, hokimlik// hokimiyat, oqsaqol, qishloq oqsoqoli singari arxaizmlar mustahkam o‘rin oldi. Jarayon, ma’ruza, mavzu, hujum, hamla, ilg‘or, soqchi, malham, shifokor, bosh shifokor, saraton, qorason, hay’at, bo‘hron, muhr, yorliq, taftish singari turfa sohalarga oid terminlar bugungi kunda millat vakillari tilida faol ishlatilmoqda. Xullas, istiqlol tufayli anchagina
eskirgan so‘z va istilohlar o‘zbek tili lug‘at tarkibidan qayta o‘rin egalladi va ular millat vakillarining kundalik muloqati uchun zarur vazifani bajarishda xizmat qilmoqda.
Terminologiyaga doir adabiyotlarda ta’kidlanishicha, motivlanmagan, ya’ni belgili terminlar o‘z tarkibiga tilda mavjud tub leksik birliklar, boshqa tillardan kirgan o‘zlashmalar, kalkalar, shuningdek, o‘z so‘zlardan semantik (metonimik) ko‘chim orqali hosil bo‘lgan terminlarni qamrab oladi.
O‘zlashmalarning har qanday til taraqqiyoti va boyishi qonuniyatining manbalaridan biri ekanligi sir emas. O‘zlashtirish jarayoni murakkab hodisa bo‘lib, lingvistik hamda ekstralingvistik omillar bilan chambarchas bog‘langan. Ijtimoiy – siyosiy, tijoriy- iqtisodiy, diniy munosabatlar, madaniy aloqalar, bir tildan boshqa tilga qilinadigan adabiy tarjimalar va h.k. natijasida u yoki bu til lug‘at tarkibida o‘zlashmalar paydo bo‘ladi. Tabiiy, ushbu hodisa boshqa qarindosh bo‘lmagan tillardan kirgan katta miqdordagi o‘zlashmalarga ega o‘zbek adabiy tili uchun ham taalluqlidir.
Uzoq muddatli tarixiy taraqqiyot davomida o‘zbek xalqi o‘zga xalq va millatlar bilan mustahkam siyosiy, iqtisodiy, madaniy, ilmiy va lisoniy munosabatlarda bo‘lgan. Bunday aloqlar natijasida o‘zbek adabiy tilining lug‘at tarkibi yangi tushunchalar hamda realiyalar hisobiga yanada boyidi va boyib bormoqda. O‘zbek adabiy tiliga kelib chiqishi nuqtai nazaridan turfa va rang-bararang so‘zlar o‘zlashgan.
Kalkalash so‘z o‘zlashtirishning oliy shakli bo‘lib, tilning bugungi kundagi lug‘at tarkibi kengayishi va boyishida juda faolligi allaqachon aniqlangan.
Kalkalash jarayoni o‘zbek tilining barcha terminologik sistemalariga xos bo‘lib (Shaaxmedov, 1974), asosan ikki ma’lum, ya’ni: a) sturuktur (so‘z yasash), b) semantik kalka turi orqali reallashadi. Bu tizimda, shubhasiz, struktur kalkalar yetakchilik qiladi. Struktur (so‘z yasash) kalkalar sirasiga o‘zbek adabiy tili vositalari yordamida boshqa tillarga oid modellardan, ularning morfologik qismlarini tarjima qilish bilan yasalgan terminlar kiradi. Muayyan tilning leksik – so‘z yasash materiallari negizida hosil qilingan struktur kalkalar tom ma’nodagi o‘zlashma hisoblanmaydi (Tixonov 1991; 136).
Hozirgi o‘zbek terminologiyasi tizimida chet tillarga xos elementlarning alohida miqdori mavjud bo‘lib, ularni kalkalashga hech qanday hojat yo‘q. Masalan, telefon, telegraf, traktor, tank, izotop, indikator, orden, bolt, arfa, ring, xokkey, departament, parlament, mina,
import, eksport, antenna, armatura, prokuror, aerobus, avtobus, metro, ampermetr, motor, dizel, astronavt, mexanik, radiotexnik, proton, neytron, elektron, radioaktiv, distributiv, audiovizual, identifikatsiya, autentifikatsiya, retranslyatsiya,divergensiya, dissimilyatsiya, iyeroglif , diftong kabi ruscha-baynalmilal xarakterdagi ko‘pgina terminlar tarkiban o‘ta rang –barang bo‘lib, texnika, ilm-fan, madaniyat, san’atning hamma sohalarini qamrab olgan. Bunday yuzaga kelishni ifodalovchi hamda muttasil rivojlanuvchi terminlar qatlami o‘zbek tilining mulkiga aylangan. Hozirgi paytda ham tayyor terminlarni o‘zlashtirish jarayoni o‘z faolligini saqlab qolmoqda.
Ayni chog‘da, o‘zbek tili ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, ilmiy- texnikaviy va h.k. sohalari terminologiyasi tizimida o‘zbek tili qonunlariga bo‘ysungan holda muayyan qismi o‘zbek tilining so‘z yasovchi elementlari bilan almashtirilgan ulkan miqdordagi ruscha- baynalmilal terminlar qo‘llanmoqda.
Dostları ilə paylaş: |