O‗zR Konstitutsiyasining 11-moddasida "O‗zR davlat hokimiyatining tizimi hokimiyatning qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatiga bo‗linishi" belgilab berilgan. Sudlarning alohida hokimiyat sifatida belgilanishidan maqsad O‗zRda shaxs huquqi va erkinliklarining xolis organ sifatida faqat sud orqali ta‘minlanishiga erishish va sudni avvalgi jazolovchi organdan shaxs huquq va erkinliklarini to‗laqonli himoya qila oladigan organga aylantirishdir. Sud hokimiyatiga nisbatan ishonch bilan qarash, buzilgan huquq va qonuniy manfaatlarni himoya qilishda sud organlaridan tegishli yordamga erisha olishni, sodir etilgan huquqbuzarlik yoki jinoyatlarga nisbatan qonun doirasida davlat choralarini sud orqali ta‘min- lash sud hokimiyatining mohiyatini belgilab beradi. O‗zRda sud hokimiyati sud tizimi orqali amalga oshiriladi. Sud tizimi sud hokimiyatining alohida hokimiyat tarmog‗i sifatida mavjud.
Mustaqillik tufayli O‗zRda sud hokimiyati mustaqil, turli mafkuralardan holi bo‗lgan, faqat qonunga bo‗ysunadigan tizim sifatida shakllandi. O‗zR Konstitutsiyasining 106-moddasiga muvofiq, "O‗zRda sud hokimiyati qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlardan, siyosiy partiyalardan, boshqa jamoat birlashmalaridan mustaqil holda ish yuritadi".
O‗zRning mustaqillik yillarida qabul qilingan bir qator qonunlari va Prezident farmonlari sud hokimiyatini shakllantirishga qaratildi. Jumladan, O‗zRning "Sudlar to‗g‗risida"gi Qonuni, Jinoyat-protsessual, Fuqarolik protsessual, Xo‗jalik protsessual, Jinoyat, Fuqarolik, Mehnat, Oila, Uy-joy kodekslari, O‗zR Prezidentining "O‗zR xo‗jalik sudlarining tarkibini takomillashtirish to‗g‗risida"gi, "O‗zR Harbiy sudini tashkil qilish to‗g‗risida"gi Farmonlari ana shu maqsadga xizmat qilmoqda. Shuningdek, O‗zR Prezidentining "O‗zRning sud tizimini takomillashtirish to‗g‗risida"gi, "Sudyalarni tanlash va lavozimlarga tavsiya etish bo‗yicha Oliy malaka komissiyasini tuzish to‗g‗risida"gi, O‗zR VMning "O‗zR sudlari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‗g‗risida"gi qarori, "Sudlar va adliya organlarini rivojlantirish jamg‗armasini tashkil etish to‗g‗risida"gi qarori bilan tasdiqdangan "Sudlar va adliya organlarini rivojlantirish jamg‗armasi to‗g‗risidagi nizom"larda ham sud hokimiyatini takomillashtirish maqsadlari qo‗yilgan.
Sud hokimiyatini shakllantirishning muhim yutug‗i sifatida sud tomonidan Konstitutsiyaviy nazorat qilishning joriy etilganligi alohida e‘tiborga loyiq. Ta‘kidlash joizki,
sudning huquqni qo‗llaydigan subyekt sifatida asosiy vazifasi odil sudlovni amalga oshirish orqali Konstitutsiya va qonunlar ustuvorligini ta‘minlashdir. Davlat mustaqil sud hokimiyatiga ega bo‗lgandagina mustaqil va xolis bo‗lishi mumkin. Konstitutsiyaviy nazorat qilish vazifasining amalga oshirilishi davlat hokimiyatining boshqa tarmoqlariga, ular tomonidan qabul qilingan qarorlarni bekor qilish orqali ta‘sir etishga imkon beradi.
O‗zR Konstitutsiyasining 107-moddasiga muvofiq, O‗zbekistonda quyidagi uchta kichik tizimni o‗z ichiga olgan sud tizimi tashkil etilib, u o‗z faoliyatini amalga oshirmoqda:
O‗zR Konstitutsiyaviy sudi.
O‗zR Oliy sudi, Qoraqalpog‗iston Respublikasi fuqarolik va jinoyat ishlari bo‗yicha oliy sudlari, fuqarolik va jinoyat ishlari bo‗yicha viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, fuqarolik va jinoyat ishlari bo‗yicha tumanlararo, tuman, shahar sudlari, shuningdek, harbiy sudlardan iborat bo‗lgan umumiy yurisdiksiya sudlari. Harbiy sudlar tizimi, o‗z navbatida, O‗zR Oliy sudi Harbiy xay‘ati, O‗zR Harbiy sudi, okrug va hududiy harbiy sudlardan iborat.
Xo‗jalik sudlari. Mazkur sudlar O‗zR Oliy xo‗jalik sudi, Qoraqalpog‗iston Respublikasi xo‗jalik sudi, viloyatlar va Toshkent shahar xo‗jalik sudlaridan iborat.