KONSTITUTSIYADA ATROF TABIIY MUHITNI EKOLOGIK-HUQUQIY MUHOFAZA QILISH
O‘zbekiston davlatchiligi tarixida 1991 yil 31 avgust kuni muhim va ulkan tarixiy yangilik bo‘ldi: mamlakatimiz Oliy Kengashining o‘n ikkinchi chaqiriq navbatdan tashqari oltinchi sessiyada yurtboshimiz Islom Karimovning tashabbuslari bilan O‘zbekiston davlat mustaqilligi e’lon qilindi va 1 sentyabr – Mustaqillik kuni sifatida o‘zbek davlatchiligi tarixining yangi sahifalarini ochib berdi. SHu kundan e’tiboran O‘zbekiston Respublikasi suveren huquqiy demokratik davlat tariqasida jahon xaritasidan joy oldi.
Davlat suvereniteti mamlakatimizga nafaqat ijtimoiy va iqtisodiy, balki siyosiy va huquqiy taraqqiyotning, madaniy va ma’naviy yangilanishning ulkan istiqbollarini keng ochib berdi.
Huquqiy davlat prinsipiga amal qilib, davlatimiz inson huquqlarini himoya qilishga qaratilgan o‘zini strategiyasini belgilab oldi. SHu ma’noda, asosiy qonunimiz insonning farovonligiga xizmat qiladigan davlat qurishga yo‘naltirilgan xalqaro huquqning umume’tirof etgan tamoyillarini o‘z ichiga oladi. Masalan, asosiy qonunimiz bo‘lgan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 13-moddasida demokratiyaning umuminsoniy prinsiplarga asoslanishi, ularga ko‘ra inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat deb hisoblanishi belgilangan. Demak, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi ham xalqaro inson huquqlari borasida to‘plangan ijobiy tajribani o‘zida mujassam etdi.
Umuman olganda, Konstitutsiyani davlatimizni ravnaq toptirishning maqsad va istiqbollarini belgilab bergan, uning barqarorligi hamda ijtimoiy taraqqiyoti poydevoriga asos solgan, fuqarolarning huquq va erkinliklari garovi bo‘lgan bag‘oyat muhim, asosiy siyosiy- huquqiy hujjat, deya ta’kidlash mumkin.
Tarixdan biz AQSHda 1737 yilda, Belgiyada 1831 yilda, Italiyada 1848 yilda, Fransiyada 1858 yilda, SHveysariyada 1874 yilda qabul qilingan va hozirgi kunga qadar dastlabki mazmunini saqlab kelayotgan, barcha haq-huquqlarini o‘zida har tomonlama to‘g‘ri aks ettirgan Konstitutsiyalarni bilamiz.
O‘zbekiston Respublikasining asosiy qonuni – Konstitutsiyasi 1992 yil 8 dekabr kuni qabul qilingan. Mustaqil O‘zbekiston Respublikasining bu Konstitutsiyasi birinchi Konstitutsiya bo‘lib, unda 30 ga yaqin, ya’ni AQSH, Fransiya, Italiya, Germaniya, Daniya, Kanada, SHvetsiya, Ispaniya, Portugaliya, Hindiston,Pokiston, Eron, Turkiya, Arabiston kabi mamlakatlarning konstitutsiyaviy tajribalaridan ijobiy foydalanildi. O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi davlatimizning o‘ziga xos taraqqiyot yo‘lini belgilab turadi. Bundan ko‘rinib turibdiki, O‘zbekiston xalqi ilk bor o‘z davlat mustaqilligiga ega bo‘ldi.
Darhaqiqat, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimovning “Davlatimizning kelajagi, xalqimizning taqdiri ko‘p jihatdan Konstitutsiyamiz qanday bo‘lishiga bog‘liq” degan gaplarining ahamiyati naqadar katta ekanligini tushunamiz. Demak, Konstitutsiya – xalq taqdiri Davlatimiz mustaqilligidir.
Ta’kidlash joizki, 1992 yil 8 dekabrda qabul qilingan mustaqil O‘zbekiston Respublikasining birinchi konstitutsiyasi yosh yangi davlatning ichki va tashqi siyosati tamoyillarini, uning mustaqilligini, inson huquqlari va erkinliklari, fuqarolar uchun yaxshi hayotni ta’minlaydigan, barqaror madaniy bozor munosabatlariga o‘tishni aks ettiradigan asosiy qomus sifatida tan olindi.
Qabul qilingan Konstitutsiya oldingi (1978 y.) konstitutsiyaga nisbatan 100 dan ortiq yangi huquqiy talablar kiritilishi bilan tubdan farq qiladi. YAngi Konstitutsiya o‘zida 6 bo‘lim, 26 bob, 128 moddani tashkil etadi.
Davlatning asosiy qonuni bo‘lmish konstitutsiya konstitutsiyaviy tizim asosiy qoidalarini belgilab beradi hamda qonunchilik (shu jumladan, ekologik qonunchilik) tarmoqlari uchun muhim huquqiy zamin yaratadi. Binobarin, ekologik muammolarning echimini izlashda, ularni hal etish yo‘llarining huquqiy mustahkamlanishida hamda ushbu sohada fuqarolarning huquq va majburiyatlarini belgilab berishda, muxtasar qilib aytganda, davlatlarning bu boradagi ekologik siyosatini shakllantirish va yo‘naltirishda ekologik qonunchilikning, ayniqsa konstitutsiyaviy normalarning o‘rni beqiyos.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 2010 yil 12 noyabrda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisidagi “Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi” mavzusidagi ma’ruzasida ta’kidlab o‘tganidek, “Xususan, atrof-muhitni himoya qilishni ta’minlash tizimida nodavlat notijorat tashkilotlarning roli va o‘rnini belgilashga qaratilgan “Ekologik nazorat to‘g‘risida”gi Qonun loyihasini ishlab chiqish va boshqa qator qonun hujjatlarini qabul qilish fursati etdi, deb o‘ylayman”7. davlatimiz rahbari tomonian qabul qilinishi taklif etilgan mazkur qonun bugungi kunda ekologiya huquqi nuqtai nazaridan juda dolzarb bo‘lgan bir qator muammolarning echimini o‘zida qamrab oladi.
Alohida e’tirof etish joizki, o‘z taraqqiyot yo‘lini tanlab olgan xalqimiz uchun Konstitutsiya yangi erkin fuqarolik jamiyatini barpo etishning ishonchli huquqiy kafolati bo‘lib qoldi. Mustaqillik yillari mobaynida davlatchilik hamda huquqiy rivojdanish borasida O‘zbekiston erishgan yutuqlar Konstitutsiyamiz prinsiplari va normalari amal qilinayotganligining samarasidir. Halqimizni keyingi yillardagi yutuqlariga baho berar ekan. Asosiy qonunning ulkan roli hamda salohiyatini xolislik bilan e’tirof etish zarurligini ta’kidlab o‘tish lozim.
YUrtboshimiz ta’biri bilan aytganda “... mamlakatimizda huquqiy davlat, demokratik jamiyat barpo etish, inson manfaati, huquq va erkinliklarini eng oliy va ustuvor qadriyat sifatida qaror toptirish borasida o‘tgan davr mobaynida qonunchilik sohasida va amaliy siyosatimizda qanday natija va yutuqlarni qo‘lga kiritgan bo‘lsak ularning barchasi Konstitutsiyamizda muhrlab qo‘yilgan talab va tamoyillar bilan uzviy bog‘liqdir”.
Ta’kidlash o‘rinliki, Konstitutsiya negizida suveren taraqqiyot yillarida bizda butunlay yangi ilg‘or qonunchilik shakllanganligiga ham e’tiborni qaratish o‘rinli. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga mamlakatni erkinlashtirish va modernizatsiyalash o‘zanida kiritilgan tuzatishlar konstitutsiyaviy – huquqiy islohot amalga oshirilayotganligi va konkretlik kasb etayotganligidan yorqin dalolatdir. Bu tuzatishlar demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish, fuqarolarning ijtimoiy – siyosiy faolligini oshirish, mamlakatimizni kuchli davlatdan kuchli fuqarolik jamiyati sari ilgarilab borishi zarurati taqozosi ekanligidan dalolat beradi.
Hozirgi vaqtda amalga oshirilayotgan huquqiy islohotlar, jumladan, saylovlar o‘tkazishni huquqiy jihatdan tartibga solish mexanizmining qayta shakl topishiga olib keldiki, bu xususan, davlat boshqaruvini yangilash va yanada demokratlashtirish hamda mamlakatni modernizatsiya qilishda siyosiy partiyalarning roli kuchayganligida namoyon bo‘lmoqda. Bularning hammasi Konstitutsiyaning barqarorligi va hayotiyligi qonunlarimiz doimiy ravishda yangi mazmun va mohiyat bilan to‘ldirib borilayotganida, Asosiy Qomusimiz normalari ijtimoiy – huquqiy amaliyotda mujassam topayotganligi ko‘rsatmoqda.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tavsiyalariga ko‘ra 2008 yil 2 avgustda mamlakatimiz ekolog olimlar, shu yo‘nalishda ish olib borayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari va faol jamoatchilikning tashabbusi asosida O‘zbekiston ekologik harakatining tuzilganligi bugungi davrning dolzarb talabi hisoblanib xalqaro andozalarga mos keladi. E’tirof etish o‘rinliki, 2008 yil 2 avgustda Ekoharakatning tashkil
etilganligi mamlakatimizda ekologik jamoat birlashmalari rivojlanishining yangi bosqichini boshlab berdi. Ayniqsa, yurtimizda faoliyat yuritayotgan ekologik jamoat birlashmalari Ekoharakat timsolida atrof tabiiy muhit va inson salomatligi muhofazasi bo‘yicha barcha sa’y-harakatlarni birlashtirish hamda safarbar etish imkoniyatiga ega bo‘lindi.
Hozirda O‘zbekiston ekologik harakatining jamiyatimizda mavjud ekologik muammolarni hal etishda hamda fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini ta’minlashdagi o‘rni va roli tobora ortib bormoqda.
SHuning uchun ham har kim Konstitutsiyaning mazmun-mohiyatini chuqur anglab olishi hamda shaxsiy xayotida uchrab turadigan muammolarning echimini aynan Konstitutsiyadan topa bilishi zarur. Ma’lumki, demokratik huquqiy davlat qurish yo‘lidagi eng dastlabki va muhim qadam Konstitutsiyani o‘rganish hamda uni hayotga tadbiq etishdan boshlanadi.. zero, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2001 yil 4 yanvarda e’lon qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini o‘rganishni tashkil etish to‘g‘risida”gi farmoni ham yurtimizda demokratik tamoyillarga to‘la amal qilish ustuvor vazifa etib belgilanganligini ko‘rsatadi.
SHu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimov to‘g‘ri ta’kidlaganidek, “Asrlar tutash kelgan pallada butun insoniyat, mamalakatimiz aholisi juda katta ekologik xavfga duch kelib qoldi. Buni sezmaslik, qo‘l qovushtirib o‘tirish o‘z-o‘zini o‘limga mahkum etish bilan barobardir”8. demak, bu g‘oya insonlarni tabiatni hamda atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish va ekologik muammolarni oldini olish unga zamon talabi asosida yanada e’tibor berishni taqazo etadi.
Zero, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 55-moddasida er, er osti boyliklari, suv, o‘simlik va hayvonot dunyosi va boshqa tabiat zaxiralar umummilliy boylikdir, ulardan oqilona foydalanish zarur va ular davlat muhofazasidadir9, - deb ko‘rsatilgan. Bundan ko‘rinib turibdiki, tabiatni muhofaza qilish, ekologik talablarga har doim rioya etish va ekologik halokatlarni oldini olish mustaqil davlatimizning sotsial-iqtisodiy huquqiy masalasi bo‘libgina qolmay, balki ekologik siyosatning asosiga aylanishi lozim. CHunki ushbu global muammoning ortida butun mustaqil davlatimiz, millatimizning taqdiri yotibdi.
Ayniqsa, so‘nngi yillarda jahon miqyosida yuz berayotgan ekologik falokatlar natijasida atrof tabiiy muhitning yomonlashuvi o‘z navbatida insonlar salomatligi va irsiyatiga o‘ta salbiy ta’sir etdi, bu esa, tabiiyki, dunyo ahlini befarq qoldirmadi hamda jamoatchilikni atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish sohasida birlashishiga va ushbu munosabatlarda faol ishtirok etishiga turtki bo‘ldi. Xususan, O‘zbekiston misolida mustaqillik yillarida atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish va ekologik tizimni saqlash yuzasidan faoliyat olib boruvchi 180 dan ortiq nodavlat notijorat tashkilotlari tashkil etilganligi ham fikrimizni tasdiqlaydi10.
Prezidentimiz tashabbusi bilan 2009 yil – “Qishloq taraqqiyoti va farovonligi yili”, deb e’lon qilingan edi. Bu borada maxsus Davlat dasturi ishlab chiqilib, izchil amalga oshirilmoqda. Bunday ulkan ishlar zamirida yurtdoshlarimiz, xususan, qishloqlarda yashaydigan insonlar turmush farovonligini yuksaltirish, qishloqlarimiz qiyofasini tubdan o‘zgartirish ijtimoiy, iqtisodiy, ma’naviy xayotimizni yanada yaxshilash singari ezgu maqsadlar mujassamdir.
Ushbu yilda amalga oshirilgan yutuqlar va qilingan ishlar ham konstitutsiya talablariga mos bo‘lib, alohida tahsinga sazovordir. Biz bundan keyin ham yosh barkamol avlodni tarbiyalashga, ularga baxtimiz qomusi bo‘lgan Konstitutsiyani har bir moddasini mazmun va mohiyatini keng tushuntirib borishimiz maqsadga muvofiqdir.
SHunday qilib, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi katta siyosiy, huquqiy va xalqaro ahamiyatga molik tushunchadir. Ushbu hujjat jahon maydonida O‘zbekiston deb atalmish yangi suveren davlat paydo bo‘lganligidan dalolat berib, xalqaro miqyosida keng obro‘-e’tibor qozonishini ta’minlashga hissa qo‘shadigan asosiy manbadir.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, Konstitutsiya-bu, avvalo, millatning yuzi, xalqning erki ifodasi, jamiyat taraqqiyotining asosidir. Milliy konstitutsiyamizning hoyasi, asosiy
prinsiplari va qoidalari umum e’tibof etilgan xalqaro talabalar bilan birga xalqimizning ming yillar davomida shakllanib kelgan qadriyatlarini ham o‘zida mujassam etgan. U millatning bugungi va ertasini belgilab beruvchi o‘tmish hamda kelajak o‘rtasidagi ko‘prikdir.