[
OKOZ:
1.16.00.00.00 Xavfsizlik va huquq tartibot muhofazasi / 16.02.00.00 Xavfsizlikni ta’minlash kuchlari / 16.02.05.00 Ichki ishlar organlari]
[
TSZ:
1.Odil sudlov. Huquq-tartibotni muhofaza qilish. Adliya / Ichki ishlar organlari]
O‘zbekiston
Respublikasi Prezidentining
Qarori
Ichki ishlar organlarini xalqchil professional tuzilmaga aylantirish va aholi bilan yanada yaqin hamkorlikda ishlashga yo‘naltirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi “2022 — 2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi PF-60-son Farmoni ijrosini ta’minlash,
shuningdek, ichki ishlar organlarini aholining ishonchli himoyachisi sifatida xalqchil professional tuzilmaga aylantirish, ularning fuqarolar, jamoat tashkilotlari hamda keng jamoatchilik bilan yaqin hamkorlikda, o‘zaro ishonch va hamjihatlik ruhida ishlashini ta’minlash, mahallalar, aholi turar joylari va butun yurtimizda qonun ustuvorligi, tinchlik-osoyishtalikni yanada mustahkamlash maqsadida:
1. Quyidagi asosiy maqsadlarga yo‘naltirilgan Ichki ishlar organlari xodimlarining kasbiy madaniyat va xizmat intizomi kodeksi (keyingi o‘rinlarda — Kodeks) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
ichki ishlar organlari xodimlarini “Inson qadri uchun” tamoyili asosida davlatning yuksak ma’naviy-axloqiy fazilatlarga ega, o‘z burchiga sodiq, vatanparvar va xalqparvar vakili etib tarbiyalash orqali aholining chinakam roziligiga erishish;
ichki ishlar organlari xodimlarida xizmat vazifalariga halol, vijdonan, Vatan va xalq oldidagi burchini chin dildan his etgan holda, yuksak mas’uliyat bilan yondashish, jamiyatda umume’tirof etilgan odob-axloq normalariga so‘zsiz amal qilish tuyg‘usini shakllantirish;
ichki ishlar organlarida sodir etilishi mumkin bo‘lgan nojo‘ya xatti-harakatlar, suiiste’molchilik va korrupsiya holatlarining barvaqt oldini olish, huquq-tartibot tizimi obro‘siga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi nizoli vaziyatlarni yuzaga keltirmaslik.
Belgilansinki:
ichki ishlar organlarining har bir xodimi Kodeksda belgilangan qoida va talablarni bilishi, ularga qat’iy va so‘zsiz amal qilishi majburiy hisoblanadi;
Kodeksda belgilangan qoida va talablarga amal qilish xodimning xizmat faoliyati samaradorligi va xizmat intizomini baholashning asosiy mezoni hisoblanadi;
Kodeksdagi qoida va talablarga amal qilmaslik yoki ularni qo‘pol ravishda buzish xodimni ichki ishlar organlaridan xizmatdan bo‘shatishgacha bo‘lgan intizomiy jazo chorasini qo‘llash uchun asos bo‘ladi.
Ichki ishlar vaziri P. Bobojonov va uning o‘rinbosari A. Ikramov Kodeks qoidalari va talablariga so‘zsiz rioya etilishi, shuningdek, barcha darajadagi rahbar va xodimlarning o‘zaro munosabatlari faqat qonun hujjatlariga asoslangan holda tashkil qilinishini ta’minlash bo‘yicha shaxsan mas’ul etib belgilansin.
Barcha darajadagi hududiy, sohaviy va tarmoq ichki ishlar organlari boshliqlari o‘z bo‘ysunuvidagi shaxsiy tarkib bilan Kodeks talablarini bajarishga qaratilgan ma’naviy-ma’rifiy va tarbiyaviy ishlarni amalga oshirish, shuningdek, xodimlarning oilaviy-maishiy muammolarini doimiy o‘rganish va hal etish bo‘yicha samarali choralarni ko‘rish uchun shaxsan javobgar ekanligi to‘g‘risida ogohlantirilsin.
2. Ichki ishlar vazirligi tuzilmasida Ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash departamenti (keyingi o‘rinlarda — Departament) tashkil etilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
Ichki ishlar organlarida kadrlar salohiyatini oshirish zamon talabi va dolzarb vazifa ekanidan kelib chiqqan holda, quyidagilar Departament faoliyatini yanada takomillashtirishning ustuvor yo‘nalishlari etib belgilansin:
ichki ishlar organlarida xizmatga qabul qilish bo‘yicha nomzodlarni tanlashning adolatli, xolis va shaffof tizimini yaratib, o‘rnatilgan tartiblarni tubdan soddalashtirish va byurokratik to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni belgilash;
ma’naviy-ma’rifiy ishlarni “ta’lim muassasasidan — xizmatning oxiriga qadar” tamoyili asosida tizimli va uzluksiz tashkil etish orqali ularning samaradorligi hamda ta’sirchanligini oshirish;
xizmatning o‘ziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda, ichki ishlar organlari shaxsiy tarkibi o‘rtasida manzilli psixologik tadbirlarning zamonaviy usullarini tatbiq etish, lavozimga tayinlash va attestatsiya o‘tkazish jarayonlarida mutaxassis-psixologlarning rolini oshirish;
ichki ishlar organlarida istiqbolli yosh rahbar kadrlar zaxirasini shakllantirishning yangi tizimini joriy etish, ularning faoliyatini tizimli monitoring qilish va doimiy ravishda o‘qitib borish mexanizmlarini yaratish;
jamoat xavfsizligini ta’minlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasining xususiyatlaridan kelib chiqib, ichki ishlar organlari shaxsiy tarkibining jangovar va jismoniy tayyorgarlik darajasini oshirishning uzluksiz tizimini yaratish va uni baholashni yangi mezonlar asosida amalga oshirish;
inson omilini istisno etish hamda korrupsiya holatlarining barvaqt oldini olish maqsadida ichki ishlar organlarida kadrlar bilan ishlash, xizmatni o‘tash qoidalariga rioya etilishini ta’minlash, shuningdek, shaxsiy tarkib va ularning oila a’zolarini ijtimoiy himoya qilish tizimini zamon talablariga mos ravishda to‘liq raqamlashtirish.
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash departamenti to‘g‘risidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Departament va uning quyi bo‘linmalari faoliyatini belgilangan ustuvor yo‘nalishlar asosida yanada takomillashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni samarali amalga oshirish mas’uliyati shaxsan ichki ishlar vazirining o‘rinbosari A. Ikramov zimmasiga yuklansin.
3. Ichki ishlar vazirligining quyidagi takliflariga rozilik berilsin:
ichki ishlar organlarida xizmatga birinchi marta qabul qilingan xodimlarga nisbatan tayinlanadigan dastlabki sinov muddatini bir yil etib belgilash;
hududiy ichki ishlar organlari ehtiyojini inobatga olib, Ichki ishlar vazirligining akademik litseylari bitiruvchilari uchun Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida bakalavriatning “Huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyati” va “Tezkor-qidiruv faoliyati” ta’lim yo‘nalishlariga, to‘lov-kontrakt asosida o‘qitishni nazarda tutgan holda, 200 nafargacha qo‘shimcha har yillik qabul kvotasini kiritish.
Ichki ishlar vazirligi (A. Ikramov):
intizomiy jazo tariqasida lavozimidan ozod etilayotgan xodimlarni boshqa sohaviy tuzilmalarga o‘tkazish amaliyotiga chek qo‘yib, o‘z yo‘nalishi bo‘yicha quyi bo‘linmalarga yo‘naltirish yoki malakasiga baho bergan holda xizmatga loyiqligini aniqlash maqsadida attestatsiyadan o‘tkazish tartibini yo‘lga qo‘ysin;
2023-yil yakuniga qadar mansab lavozimlarini yuqori ma’naviy-axloqiy, ishchanlik va kasbiy sifatlarga ega bo‘lgan nomzodlar bilan to‘ldirishni nazarda tutgan holda, ichki ishlar organlarida xizmatga qabul qilishning sifat jihatidan yangi, soddalashtirilgan tartibini o‘rnatish hamda “E-nomzod” elektron axborot tizimini yaratish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni ko‘rsin;
ikki oy muddatda xizmatning o‘ziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda, ichki ishlar organlari xodimlarida muloqot psixologiyasi va muomala madaniyati hamda nostandart vaziyatlarda ruhiy barqarorlikni saqlash bo‘yicha zarur ko‘nikmalarni shakllantirish yuzasidan kompleks
chora-tadbirlarni belgilasin;
uch oy muddatda ichki ishlar organlarida malaka toifasini berish tartibi va mezonlarini tanqidiy qayta ko‘rib chiqib, unda xodimlarni kasbiy bilimlari, jangovar va jismoniy tayyorgarlik darajasi, axborot texnologiyalaridan foydalana olishi hamda Kodeks qoida va talablarini o‘zlashtirganligi bo‘yicha sinovdan o‘tkazish tizimini joriy etsin.
4. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:
ichki ishlar organlariga xizmatga birinchi marta qabul qilingan xodimlar Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish institutida uch oylik boshlang‘ich kasbiy tayyorgarlik kurslarini muvaffaqiyatli tamomlaganidan so‘ng tegishli lavozimga tayinlanadi;
ichki ishlar organlariga xizmatga birinchi marta qabul qilingan xodimlar dastlabki sinov muddati davrida Kodeks qoida va talablarini buzgan holatlarda ularga biriktirilgan murabbiylar, aybdorlik darajasidan kelib chiqib, egallab turgan lavozimidan ozod etishgacha bo‘lgan intizomiy jazoga tortiladi;
Ichki ishlar vazirligi akademik litseylarining fan nomzodi yoki falsafa doktori (PhD), shuningdek, fan doktori yoxud fan doktori (DSc) ilmiy darajalariga, professor yoki dotsent ilmiy unvonlariga ega bo‘lgan kafedra boshliqlari mehnatga haq to‘lash shartlariga ko‘ra, oliy ta’lim muassasasining kafedra boshlig‘i (mudiri)ga tenglashtiriladi;
2023-yil 1-sentabrdan boshlab huquqbuzarliklar profilaktikasi, yo‘l-patrul va patrul-post xizmati bo‘linmalari xodimlarini “Fuqarolar bilan ishlash moduli” bo‘yicha uzluksiz o‘qitish amaliyotini yo‘lga qo‘yish orqali ularning sohada samarali xizmat olib borishdagi shaxsiy mas’uliyati oshiriladi.
Bunda, Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish institutida davomiyligi 144 soatdan kam bo‘lmagan dastur asosida xodimlar har uch yilda bir marta o‘qitilib, maxsus sinovdan o‘tkaziladi hamda sinovlarni muvaffaqiyatli topshirgan xodimlarga kelgusida ushbu sohada xizmat qilish huquqini ta’minlaydigan sertifikat beriladi.
5. Ichki ishlar organlarida kadrlar salohiyati darajasini oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar “yo‘l xaritasi” 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
6. Ichki ishlar organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati tizimini yaratish maqsadida Ichki ishlar vazirligi va uning hududiy bo‘linmalarida jamoatchilik asosida doimiy faoliyat yurituvchi maslahat-kengash organi hisoblangan, soha olimlari, faxriylari va jurnalistlardan iborat jamoatchilik kengashlari tuzilsin.
Quyidagilar jamoatchilik kengashlarining asosiy vazifalari etib belgilansin:
ichki ishlar organlari faoliyatida qonunchilik hujjatlari talablariga rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish, soha bo‘yicha ijtimoiy fikrni o‘rganish va tizimli monitoring olib borish;
ichki ishlar organlari faoliyatini tartibga soluvchi qonunchilik hujjatlari loyihalarini ishlab chiqish jarayonida ijtimoiy fikr va jamiyat manfaatlari hisobga olinishini ta’minlash choralarini ko‘rish;
ichki ishlar organlari faoliyatidagi korrupsiya holatlari bo‘yicha internet va ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan xabarlarni batafsil o‘rganish va uning natijasini keng jamoatchilikka yetkazish.
7. Quyidagilarga:
a) Ichki ishlar vazirligi Akademiyasiga — ichki ishlar organlari ta’lim va o‘quv muassasalarining pedagog kadrlarini, shu jumladan shartnoma asosida qayta tayyorlash va malakasini oshirish;
b) Ichki ishlar vazirligi akademik litseylariga — o‘quv-tayyorlov markazlarini tashkil etgan holda, ish vaqtidan tashqari paytda akademik litsey o‘qituvchilari tomonidan o‘quvchi va fuqarolar uchun ixtiyoriylik asosida qo‘shimcha o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazish bo‘yicha pulli ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish huquqi berilsin.
Bunda, qo‘shimcha o‘quv mashg‘ulotlaridan tushgan mablag‘lar akademik litsey jamg‘armasida jamlanib, uning 50 foizi mashg‘ulot o‘tkazgan o‘qituvchining oylik maoshiga, 50 foizi akademik litseyning moddiy-texnik va o‘quv bazasini rivojlantirish hamda boshqaruv-yordamchi xodimlarini rag‘batlantirishga yo‘naltiriladi.
8. Ichki ishlar vazirligi (P. Bobojonov, A. Ikramov) uch oy muddatda:
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan birgalikda Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida ichki ishlar organlari ta’lim va o‘quv muassasalarining pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish tartibini belgilasin;
Ichki ishlar vazirligi akademik litseylarida pulli ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish tartibi to‘g‘risidagi nizomni ishlab chiqib, tasdiqlasin;
manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda Ichki ishlar organlarida jismoniy va jangovar tayyorgarlikni tashkil etish konsepsiyasini tasdiqlasin;
barcha darajadagi hududiy, sohaviy va tarmoq ichki ishlar organlari xodimlarining jangovar shaylik va jismoniy tayyorgarlik darajasini oshirishni nazarda tutib, sportning yakka kurash turlari (qo‘l jangi, sambo va kurash) bo‘yicha hududiy terma jamoalar va sport seksiyalarini tashkil etish choralarini ko‘rsin;
ichki ishlar organlarida psixologik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha yangi tizim joriy etish, uning moddiy-texnik bazasini rivojlantirish, mutaxassislarni xorijiy ilmiy va ta’lim muassasalarida qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni nazarda tutuvchi chora-tadbirlarni belgilasin;
manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga 4-ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
10. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil etishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib ichki ishlar vaziri P. Bobojonov belgilansin.
Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi o‘rinbosari D. Kadirov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 20-yanvar,
PQ-10-son
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 20-yanvardagi PQ-10-son qaroriga
1-ILOVA
Ichki ishlar organlari xodimlarining kasbiy madaniyat va xizmat intizomi
KODEKSI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ichki ishlar organlari xodimlarining kasbiy madaniyat va xizmat intizomi kodeksi (keyingi o‘rinlarda — Kodeks) O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari xodimlari, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi (keyingi o‘rinlarda — IIV) ta’lim muassasalari kursantlari va tinglovchilari (keyingi o‘rinlarda — xodimlar)ning xizmat hamda xizmatdan tashqari faoliyatida odob-axloqi va intizomiga qo‘yiladigan talablarni belgilaydi, boshliqlar va xodimlarning o‘zaro munosabatlarini, shuningdek, ularga nisbatan rag‘batlantirish va intizomiy jazo choralarini qo‘llash masalalarini tartibga soladi.
Ichki ishlar organlari harbiy tuzilmalari boshliqlari va harbiy xizmatchilarining harbiy xizmat hamda harbiy xizmatdan tashqari faoliyatida odob-axloq va intizomiga qo‘yiladigan talablar, boshliqlar va harbiy xizmatchilarning o‘zaro munosabatlari, shuningdek, ularga nisbatan rag‘batlantirish va intizomiy jazo choralarini qo‘llash O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining Intizom ustavi, O‘zbekiston Respublikasining mehnat munosabatlariga doir qonunchilik hujjatlari bilan ham tartibga solinadi.
2. Kodeksda belgilangan qoida va talablar xodimlarning xizmat vazifalariga halol, vijdonan, Vatan va xalq oldidagi burchini chin dildan his etgan holda, chuqur mas’uliyat va tashabbuskorlik hissi bilan yondashish, ularda yuksak ma’naviy-axloqiy fazilatlar, vatanparvarlik va o‘z kasbiga sadoqat tuyg‘usini shakllantirish, sodir etilishi mumkin bo‘lgan nojo‘ya xatti-harakatlar, suiiste’molchilik va korrupsiya holatlarining barvaqt oldini olishga yo‘naltirilgan.
Har bir xodim ichki ishlar organlarida xizmatga qabul qilingan kundan e’tiboran Kodeks qoida va talablarini bilishi, ularga qat’iy va so‘zsiz rioya qilishi majburiy hisoblanib, egallab turgan lavozimi va bajaradigan ishining xususiyatidan qat’i nazar, ularning barchasiga birdek tatbiq etiladi.
Kodeks qoidalariga amal qilish xodimning xizmat faoliyati samaradorligi va xizmat intizomini baholashning asosiy mezonlaridan biri hisoblanadi.
3. Shaxsiy vaj va boshqa subyektiv sabablar xodimlar tomonidan qonunchilik talablari va Kodeks qoidalari buzilishiga asos bo‘la olmaydi.
2-bob. Ichki ishlar organlarida kasbiy madaniyat qoidalari
4. Kasbiy madaniyat qoidalari qaysi lavozimni egallashidan qat’i nazar, xodimlarning odob-axloqi va xizmatda o‘zini tutishning asosiy talab va mezonlarni o‘z ichiga oladi.
5. Xodimlar kasbiy madaniyat qoidalarining quyidagi asosiy talablariga amal qilishga majburdir:
fuqarolar bilan muloqotda xushmuomala, kamtar va bosiq bo‘lish, ijtimoiy kelib chiqishi, iqtisodiy ahvoli va boshqa omillardan qat’i nazar, hech bir shaxs, guruh yoki tashkilotning kamsitilishi yoki afzal ko‘rilishiga yo‘l qo‘ymaslik;
O‘zbekiston Respublikasi va boshqa davlatlar xalqlarining urf-odat va an’analarini hurmat qilish, turli etnik, ijtimoiy guruh hamda konfessiyalarning madaniy va boshqa xususiyatlarini inobatga olish, ijtimoiy barqarorlik, millatlar va dinlararo hamjihatlikka ko‘maklashish;
jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini to‘liq, xolisona va o‘z vaqtida qonuniy ko‘rib chiqish;
o‘z xizmat burchini vijdonan bajarishiga nisbatan fuqarolarda shubha uyg‘otuvchi xatti-harakatdan tiyilish, shuningdek, ichki ishlar organlari obro‘siga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi nizoli vaziyatlarni yuzaga keltirmaslik;
o‘z xizmat majburiyatlarini bajarayotganda fuqarolar va boshqa shaxslarni kamsitmaslik, ularning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini hisobga olish;
xizmat majburiyatlarini bajarishga to‘sqinlik qiladigan yoki ularni bajarishda biron-bir shaxsiy, mulkiy yoki boshqa manfaatlarga daxldor bo‘lishi mumkin bo‘lgan harakatlar (harakatsizlik)dan o‘zini tiyish;
guruhbozlik, mahalliychilik, tanish-bilishchilik ko‘rinishlariga, shuningdek, o‘z xizmat vazifalarini bajarish jarayonida boshqa salbiy holatlarga yo‘l qo‘ymaslik va qat’iy ravishda ularning oldini olish;
ichki ishlar organlarining faoliyati to‘g‘risida jamoatchilikni xabardor qilishda rasmiy ommaviy axborot vositalari vakillariga hurmat bilan munosabatda bo‘lish, shuningdek, ularning belgilangan tartibda ishonchli ma’lumotlarni olishiga ko‘maklashish;
o‘z xizmat vazifalarini vijdonan, halol va yuksak professional darajada bajarish, rasmiyatchilik, soxtakorlik va suiiste’molchilikka yo‘l qo‘ymaslik;
ichki tartib qoidalarga, shuningdek, telefonda so‘zlashish va kiyinish madaniyatiga qat’iy rioya etish;
ijtimoiy tarmoqlarda davlat organlari va mansabdor shaxslar faoliyatini muhokama qilmaslik, axloqqa zid iboralarni ishlatmaslik, mamlakatda, shu jumladan, ichki ishlar organlarida amalga oshirilayotgan islohotlarga nisbatan odamlarda ishonchsizlik kayfiyatini yuzaga keltirishi mumkin bo‘lgan noxolis, subyektiv materiallarni joylashtirmaslik;
o‘z xizmat majburiyatlarini bajarayotganda xizmat xonalari, davlat mulki, moddiy-texnika bazasidan hamda ichki ishlar organlarining boshqa mulkidan faqat xizmat maqsadlarida foydalanish.
6. Xodimlar korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga qarshi kurashishi va uning profilaktikasiga faollik bilan ko‘maklashishi shart.
Xodimlar o‘z boshlig‘i yoki vakolatli organlarga o‘zlarini boshqa shaxslar huquqbuzarlik sodir etishga undab murojaat qilgan har bir holat, shuningdek, boshqa xodimlar tomonidan sodir etilgan har qanday o‘ziga ma’lum bo‘lgan huquqbuzarliklar haqida xabar berishi zarur.
7. Xodimlar xayrixoh, xushmuomala va e’tiborli, fuqarolar va hamkasblariga sabr-toqat va hurmat bilan munosabatda bo‘lishi lozim.
8. Xodimlar fuqarolarga nisbatan qo‘pollik qilmasligi, ularning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitish, asossiz ruhiy va jismoniy ta’sir o‘tkazish holatlariga yo‘l qo‘ymasligi lozim.
9. Xizmat vazifalarini bajarish vaqtida xodimlarning tashqi ko‘rinishi ish sharoiti va xizmat tadbiri xususiyatini inobatga olgan holda, aholida ichki ishlar organlariga nisbatan hurmat uyg‘otishi, ular toza va orasta kiyingan bo‘lishi zarur.
10. Xodimlarga xizmat majburiyatlarini bajarish va xizmat vaqtida yoxud xizmat kiyimida spirtli ichimliklar iste’mol qilish taqiqlanadi.
11. Xodimlar mansab vakolatlarini siyosiy partiyalar, jamoat birlashmalari va ularning organlari manfaatlari yo‘lida amalga oshirishi taqiqlanadi.
12. Xodimlarga tadbirkorlik faoliyati subyekti sifatida yoki uning nomidan bu sohada qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladigan, o‘zi tavakkal qilib va o‘z mulkiy javobgarligi ostida daromad (foyda) olishga qaratilgan faoliyat bilan shug‘ullanishi taqiqlanadi.
Xodimlarga tadbirkorlik faoliyati subyektlarini tashkil etishga, ularning muassisi (ishtirokchisi) bo‘lishga, tadbirkorlik faoliyati subyektida tashkiliy-boshqaruv, ma’muriy-xo‘jalik vazifalarini bajarishga ruxsat berilmaydi, bundan aksiyadorlik jamiyatlarining erkin muomalada bo‘lgan aksiyalariga qonunchilikda belgilangan talablar doirasida egalik qilish hollari mustasno.
13. Xodimlar o‘z mansab vakolatini suiiste’mol qilgan holda, fuqarolar, jamiyat va davlatning qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlariga zarar yetkazish orqali shaxsiy foyda olishi mumkin emas.
Xodimlar o‘z mansab vakolatlaridan noqonuniy foydalanib, fuqarolar, jamiyat yoki davlatning qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlariga zarar yetkazgan taqdirda qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortiladi.
14. Xodimlarga xizmat vakolatlarini jismoniy va yuridik shaxslar manfaatlarini ko‘zlab bajarish yoki bajarmaslik evaziga ulardan har qanday sovg‘alar hamda har qanday ko‘rinishdagi moddiy boyliklarni olish yoxud ularning xizmatlaridan foydalanish taqiqlanadi. Bundan xodim tomonidan alohida xizmatlari uchun davlat organining tegishli qarori asosida olingan sovg‘alar, shuningdek, musobaqalar va tanlovlarda erishgan yutuqlari, umumxalq bayramlari, rasmiy ravishda nishonlanadigan sanalar hamda boshqa rasmiy tadbirlar munosabati bilan mukofotlash natijasida olingan sovg‘alar mustasno.
15. Xodimlar fuqarolar bilan munosabatda o‘zlarining xolisligi, mustaqilligi va beg‘arazligini shubha ostiga qo‘yadigan, shuningdek,
har qanday afzalliklar, g‘araz va korrupsiyani keltirib chiqaruvchi vaziyatlardan o‘zini tiyishi shart.
16. Xizmatdan tashqari vaqtda xodimlar:
jamiyatda umume’tirof etilgan odob-axloq normalariga amal qilishi, milliy urf-odat, qadriyat va an’analarga hurmat bilan munosabatda bo‘lishi;
ichki ishlar organlarining obro‘siga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan xatti-harakatlardan tiyilishi;
dabdababozlik, shuhratparastlik, guruhbozlik, maishatbozlik, ichkilikbozlik va boshqa salbiy illatlarga yo‘l qo‘ymasligi;
xizmat faoliyati bilan bog‘liq ma’lumotlarni oila a’zolari, tanish-bilishlari yoki xizmatga aloqador bo‘lmagan boshqa shaxslar ishtirokida muhokama qilmasligi;
g‘ayriijtimoiy harakatlar sodir etmasligi shart.
17. Xodimlar chet el va O‘zbekiston Respublikasi hududlariga xizmat safarlari davomida qonunchilik hujjatlari va IIVning normativ hujjatlarida belgilangan tartib-qoidalarga rioya qilgan holda zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishi lozim.
3-bob. Ichki ishlar organlarida xizmat intizomiga oid talablar
18. Ichki ishlar organlarida xizmat intizomi xodimlar tomonidan ushbu Kodeks talablariga qat’iy va so‘zsiz rioya etishdan iborat.
Xizmat intizomi har bir xodimning xizmat burchini yuksak darajada anglashiga va qo‘yilgan vazifalar uchun shaxsiy javobgarligini chuqur tushunishiga asoslanadi.
19. Xizmat intizomi har bir xodim zimmasiga quyidagi majburiyatlarni yuklaydi:
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmon, qaror va farmoyishlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaror va farmoyishlariga amal qilish, IIVning normativ hujjatlari talablarini qat’iy bajarish;
ichki ishlar organi xodimining qasamyodiga sodiq bo‘lish, faqat va faqat xalq va davlat manfaatlariga xizmat qilishdan iborat bo‘lgan o‘z xizmat burchini so‘zsiz bajarish;
fuqarolarning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini, jismoniy va yuridik shaxslarning mulkini, konstitutsiyaviy tuzumni himoya qilish, qonun ustuvorligini, shaxs, jamiyat va davlatning xavfsizligini ta’minlash, shuningdek, huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktikasi yo‘lida fidoyilik bilan xizmat qilish;
o‘ziga yuklatilgan xizmat vazifalari va funksional majburiyatlarini samarali amalga oshirish;
ishonib topshirilgan tabel quroli, mol-mulk va texnikani asrab-avaylash;
hushyor bo‘lish, davlat va xizmat sirini qat’iy saqlash;
murakkab vazifalarni bajarishda hamkasblariga ko‘maklashish;
xodimlar o‘rtasida o‘zaro munosabatlarga oid qoidalarga amal qilish, boshliqlar va hamkasblarni hurmat qilish;
xizmat guvohnomalarini saqlash va foydalanish tartibiga qat’iy rioya etish, ulardan xizmatga aloqador bo‘lmagan holatlarda foydalanmaslik, shu jumladan, xizmat guvohnomasini ko‘rsatib, mavqeyini suiiste’mol qilmaslik;
doimiy ravishda o‘z bilim va kasbiy ko‘nikmalarini takomillashtirib borish, malaka va huquqiy madaniyatini oshirish;
xizmatdan tashqari holatlarda o‘zini munosib ravishda tutish, jamoat tartibi va odob-axloq qoidalariga amal qilishda namuna bo‘lish.
4-bob. Ichki ishlar organlarida boshliqlar va xodimlarning o‘zaro munosabatlari
20. Xodim xizmat vazifasini bajarish paytida bevosita va to‘g‘ridan to‘g‘ri boshliqqa bo‘ysunadi.
21. Xodimlar xizmat bo‘yicha bo‘ysunadigan, shu jumladan, vaqtincha bo‘ysunadigan rahbarlar to‘g‘ridan to‘g‘ri boshliqlar bo‘lib hisoblanadi.
Xodimga eng yaqin bo‘lgan to‘g‘ridan to‘g‘ri rahbar bevosita boshliq hisoblanadi.
22. Boshliq o‘zi rahbarlik qilayotgan ichki ishlar organi bo‘linmasida xizmat intizomiga rioya etilishi, ma’naviy-ma’rifiy va tarbiyaviy ishlar samarali amalga oshirilishi uchun shaxsan javobgar hisoblanadi.
23. Boshliq unga bo‘ysunuvchi xodimlar tomonidan Kodeksga amal qilinishida talabchan bo‘lishi, yuksak kasbiy mahorat, qonuniylik talablari hamda qasamyodga rioya etish borasida doimiy ravishda ularga namuna ko‘rsatishi, xizmat burchi hissini kuchaytirishi va qo‘llab-quvvatlashi, tashabbus, intilish va xizmatlarini rag‘batlantirishi, shuningdek, xizmat intizomi buzilgan holatlarda ta’sir choralari qo‘llanilishini ta’minlashi zarur.
24. Buyruq va topshiriqlar bo‘ysunish tartibida beriladi. Yuqori turuvchi boshliq zarur hollarda xodimga bevosita boshlig‘ini xabardor qilmasdan buyruq yoki topshiriq berishga haqli. Mazkur hollarda xodim o‘zining bevosita boshlig‘ini bundan xabardor qilishi zarur.
25. Noqonuniyligi yaqqol ko‘rinib turgan va xizmat faoliyatiga aloqasi bo‘lmagan buyruq va topshiriqlar berilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Boshliq qo‘l ostidagi xodimlardan ularning xizmat majburiyatlari doirasidan chiquvchi topshiriqlarni bajarishni, shuningdek, qonunga xilof xatti-harakatlar (harakatsizlik) sodir etishni talab qilishga haqli emas.
Xodim qonunga yaqqol zid bo‘lgan (xizmat faoliyatiga aloqador bo‘lmagan) buyruq yoki topshiriq olganda zudlik bilan yuqori turuvchi rahbarga yoki xizmatni o‘tash joyidagi shaxsiy xavfsizlik bo‘linmasiga xabar beradi.
Xodim yuqori turuvchi rahbar yoki shaxsiy xavfsizlik bo‘linmasiga xabar berish imkoniyati bo‘lmagan taqdirda qonunchilik talablariga rioya etgan holda g‘ayriqonuniy buyruq va topshiriqlarni bajarishdan bosh tortishga haqli, imkon paydo bo‘lishi bilan ularni xabardor qilishi lozim.
26. Boshliqning buyruq va topshiriqlari (qonunga zid buyruq va topshiriqlardan tashqari) so‘zsiz, aniq va o‘z vaqtida bajarilishi shart. Buyruq va topshiriqlarni muhokama etishga, shuningdek, ularni tanqid qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Xodim buyruq yoki topshiriqning bajarilgani to‘g‘risida buyruq yoki topshiriq bergan boshliqqa, shuningdek, bevosita boshlig‘iga axborot beradi.
Buyruq yoki topshiriqni bajarish imkoniyati bo‘lmagan taqdirda, xodim zudlik bilan bu haqda buyruq yoki topshiriq bergan boshliqni xabardor etishi shart.
27. Boshliq xodimlarni qarindosh-urug‘chilik, mahalliychilik, tanish-bilishchilik yoki shaxsiy sadoqat belgilari bo‘yicha tanlash va joy-joyiga qo‘yish holatlariga yo‘l qo‘ymasligi lozim. U o‘z xizmat burchini o‘tash paytida mahalliychilik va tanish-bilishchilik, shuningdek, boshqa salbiy omillarning namoyon etilishiga barham berishi kerak.
28. Boshliq quyidagilarga majbur:
bo‘ysunuvidagi xodimlarga professionalizm, halollik, xolislik va adolatlilikda o‘rnak bo‘lish;
jamoada sog‘lom ma’naviy-ruhiy muhit va ishchan kayfiyatni shakllantirish;
xodimlarni qonunga xilof xatti-harakatlarni (harakatsizlikni) sodir etishga undamaslik hamda ulardan bunday harakatlarni bajarishni talab qilmaslik;
manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish va hal qilish, xodimlar uchun qulay va munosib xizmat sharoitlarini yaratish bo‘yicha o‘z vaqtida choralar ko‘rish;
jamoada guruhbozlik va favoritizm (ayrim xodimlarni yaqin olish va qo‘llab-quvvatlash) ko‘rinishlariga yo‘l qo‘ymaslik;
korrupsiya va o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilish holatlarining oldini olish choralarini ko‘rish, xodimlarni hurmat qilish, ularning sha’ni va qadr-qimmatini kamsituvchi harakatlarni amalga oshirmaslik;
shaxsiy tarkibni samarali boshqarish, xodimlarning xizmat faoliyatini xolisona baholash;
o‘ziga biriktirilgan mol-mulk va moliyaviy mablag‘larga nisbatan ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish;
xodimlarning individual xususiyatlarini o‘rganish, ular bilan o‘zaro yaqin munosabat o‘rnatish, jamoani birlashtirish, xodimlar tomonidan sodir etilgan nojo‘ya xatti-harakatlarning sababini o‘z vaqtida aniqlash va ularning oldini olish, xizmat intizomi buzilishiga murosasiz munosabatda bo‘lish;
xodimlarning, ular oila a’zolarining talab va ehtiyojlarini o‘rganish, ularni ijtimoiy va huquqiy himoya qilish, ijtimoiy adolat prinsiplariga amal qilish, yuqori turuvchi rahbarga qo‘l ostidagi xodimlarning huquqlarini ta’minlash bo‘yicha takliflar kiritish;
xodimlar oldiga qo‘yilayotgan vazifa va berilayotgan topshiriqlarni aniq va tushunarli ifodalash.
5-bob. Ichki ishlar organlarida kasbiy madaniyat va xizmat intizomini ta’minlash
29. Ichki ishlar organlarida kasbiy madaniyat qoidalari va xizmat intizomi talablariga rioya etish xodimlarda yuksak ongu tafakkurni shakllantirish, ma’naviy-ma’rifiy ishlarni izchil olib borish, shuningdek, ularga nisbatan rag‘batlantirish va intizomiy jazo choralarini qo‘llash orqali ta’minlanadi.
30. Xodimlarga nisbatan quyidagi rag‘batlantirish choralari qo‘llaniladi:
a) minnatdorlik e’lon qilish;
b) qimmatbaho yoki esdalik sovg‘asi yoxud pul mukofoti bilan taqdirlash;
v) faxriy yorliq bilan taqdirlash;
g) idoraviy ko‘krak nishoni bilan taqdirlash;
d) muddatidan oldin navbatdagi maxsus unvon berish;
e) egallab turgan lavozimi bilan nazarda tutilgandan bir pog‘ona yuqori maxsus unvon berish.
Shuningdek, rag‘batlantirish tariqasida Kodeksning 34-bandi “a”, “b” va “v” hamda 35-bandi “a” va “b” kichik bandlarida nazarda tutilgan muqaddam qo‘llanilgan intizomiy jazo muddatidan oldin bekor qilinishi mumkin.
31. IIV ta’lim muassasalarida Kodeksning 30-bandida nazarda tutilgan rag‘batlantirish choralaridan tashqari kursantlar (tinglovchilar)ga nisbatan quyidagi rag‘batlantirish choralari ham qo‘llaniladi:
a) ta’lim muassasasi hududidan navbatdan tashqari chiqib kelishga ruxsat berish;
b) “Hurmat taxtasi”ga kiritish;
v) kursant (tinglovchi)ning ota-onasi yoki turar joyiga
minnatdorlik xati yuborish;
g) O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri yoki “Jaloliddin Manguberdi” stipendiyasini tayinlash.
32. Alohida xizmatlari uchun xodimlar O‘zbekiston Respublikasining faxriy unvonlari va davlat mukofotlariga tavsiya etilishi mumkin.
33. Oylik ish haqi, davriy mukofotlar, qo‘shimcha to‘lovlar, ustama haqlari va xodimlarning pul ta’minotida nazarda tutilgan boshqa to‘lovlar rag‘batlantirish choralariga kirmaydi.
34. Xodimlarga nisbatan quyidagi intizomiy jazo choralari qo‘llanilishi mumkin:
a) tanbeh;
b) hayfsan;
v) qattiq hayfsan;
g) lavozim maoshining ellik foizidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda jarima;
d) maxsus unvonini bir pog‘ona pasaytirish;
e) egallab turgan lavozimidan ozod etish;
j) gauptvaxtada hibsda ushlab turish;
z) ichki ishlar organlari xizmatidan bo‘shatish.
35. IIV ta’lim muassasalarida Kodeksning 34-bandida ko‘zda tutilgan intizomiy jazo choralaridan tashqari ta’lim muassasalarining belgilangan ichki tartib-qoidalarini buzgan, o‘quv dasturini qoniqarsiz o‘zlashtirgan kursantlar (tinglovchilar)ga nisbatan quyidagi intizomiy jazo choralari ham qo‘llanilishi mumkin:
a) navbatdan tashqari naryadda xizmat o‘tashga yoki besh sutkagacha xo‘jalik ishlariga jalb etish;
b) bir oy muddatgacha ta’lim muassasasi hududidan navbatdagi chiqish huquqidan mahrum etish;
v) kursantlar (tinglovchilar) ro‘yxatidan o‘chirish.
Ushbu bandning “a” va “b” kichik bandlarida nazarda tutilgan intizomiy jazo choralari IIV ta’lim muassasalari magistratura bosqichi tinglovchilariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
36. Rag‘batlantirish va intizomiy jazo choralari boshliqlar tomonidan o‘ziga berilgan vakolatlar doirasida qo‘llaniladi.
37. Tuman (shahar) ichki ishlar organlari, transportda xavfsizlikni ta’minlash boshqarmalari, jazoni ijro etish muassasalari, tergov hibsxonalari boshliqlari, brigada va batalon komandirlari, mintaqaviy muvofiqlashtirish markazlari rahbarlari, shuningdek, ularga tenglashtirilgan rahbarlar quyidagi huquqlarga ega:
Kodeksning 30-bandi “a”, “b” va “v” kichik bandlarida nazarda tutilgan rag‘batlantirish choralarini qo‘llash;
Kodeksning 34-bandi “a” va “b” kichik bandlarida nazarda tutilgan intizomiy jazo choralarini qo‘llash.
38. O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining o‘rinbosarlari — departament boshliqlari (o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha hududiy va tarmoq ichki ishlar organlari xodimlariga nisbatan), Qoraqalpog‘iston Respublikasi ichki ishlar vaziri, Toshkent shahri va Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmalari, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari, IIV huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti hamda ta’lim muassasalari boshliqlari, shuningdek, ularga tenglashtirilgan rahbarlar quyidagi huquqlarga ega:
Kodeksning 30-bandi “a”, “b” va “v” kichik bandlari hamda 31-bandida (“g” kichik bandidan tashqari) nazarda tutilgan rag‘batlantirish choralarini qo‘llash;
Kodeksning 34-bandi “a”, “b”, “v” va “g” kichik bandlari hamda 35-bandida nazarda tutilgan intizomiy jazo choralarini qo‘llash.
O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining o‘rinbosari — Ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash departamenti boshlig‘i ichki ishlar xodimlariga nisbatan:
Kodeksning 30-bandi “a”, “b” va “v” kichik bandlarida nazarda tutilgan rag‘batlantirish choralarini qo‘llash;
Kodeksning 34-bandida nazarda tutilgan (“d” va “z” kichik bandidan tashqari) intizomiy jazo choralarini qo‘llash huquqiga ega.
39. O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri Kodeksda nazarda tutilgan barcha rag‘batlantirish va intizomiy jazo choralarini qo‘llaydi, qo‘llanilgan intizomiy jazolarni bekor qilish orqali rag‘batlantiradi, shuningdek, xodimlarni O‘zbekiston Respublikasining faxriy unvonlari va davlat mukofotlariga tavsiya etadi.
40. Ichki ishlar organlari xizmatiga qabul qilish va xizmatdan bo‘shatish vakolatiga ega boshliqlar xodimlarga nisbatan Kodeksning 34-bandi “e”, “j” va “z” kichik bandlarida nazarda tutilgan intizomiy jazo choralarini qo‘llash huquqiga ega.
41. Qo‘l ostidagi xodimlariga nisbatan o‘z vakolatlariga kirmaydigan rag‘batlantirish choralarini qo‘llash zaruriyati tug‘ilgan holatda boshliq yuqori turuvchi rahbarga bu haqda iltimosnoma kiritadi.
42. Boshliq qo‘l ostidagi xodim tomonidan sodir etilgan nojo‘ya xatti-harakatning o‘ta jiddiyligi sababli uni lozim darajada jazolash uchun o‘ziga berilgan vakolatlarni yetarli emas deb hisoblasa, yuqori turuvchi rahbarga xodimga nisbatan og‘irroq intizomiy jazo qo‘llash to‘g‘risida iltimosnoma kiritadi.
43. Intizomiy jazo chorasini qo‘llashda o‘z vakolatini oshirgan yoki Kodeksda nazarda tutilmagan intizomiy jazo chorasini qo‘llagan boshliq intizomiy javobgarlikka tortiladi, qo‘llanilgan intizomiy jazo esa yuqori turuvchi rahbar tomonidan bekor qilinadi.
44. Xodim xizmat safari yoki davolanishda bo‘lgan vaqtda xizmat intizomini buzgan taqdirda mazkur xatti-harakatdan xabar topgan boshliq ushbu holatni bartaraf etish choralarini ko‘radi va bu haqda xodimning xizmat joyiga xabar beradi.
45. Rag‘batlantirish choralari alohida xodimga nisbatan ham, bir guruh xodimlarga nisbatan ham qo‘llanilishi mumkin.
Xodimga nisbatan bir yutug‘i (natijasi) uchun faqat bitta rag‘batlantirish chorasi qo‘llanilishi mumkin.
Rag‘batlantirish chorasini belgilashda xodimning xizmat ko‘rsatkichlari xususiyati, shuningdek, uning avvaldan xizmatga bo‘lgan munosabati e’tiborga olinadi.
46. Kodeksning 34-bandi “a”, “b” va “v” kichik bandlarida nazarda tutilgan intizomiy jazo qo‘llanilgan xodim mazkur jazoni bekor qilish orqali rag‘batlantiriladi. Intizomiy jazoni bekor qilish huquqi uni qo‘llagan boshliqqa yoki unga teng vakolatga ega, shuningdek, yuqori turuvchi vakolatli rahbarga beriladi.
47. Rag‘batlantirish choralari, qoida tariqasida, quyidagicha qo‘llaniladi:
minnatdorlik e’lon qilish — kasbiy madaniyat qoidalariga rioya etib, yuklatilgan vazifani, boshliqning buyrug‘i yoki topshirig‘ini muvaffaqiyatli bajargan xodim (xodimlar guruhi)ga nisbatan;
qimmatbaho yoki esdalik sovg‘a yoxud pul mukofoti bilan taqdirlash — kasbiy madaniyat qoidalari va xizmat intizomi talablariga rioya etgan xodim (xodimlar guruhi)ga nisbatan xizmat faoliyati davomida yuqori natijalarga erishgani, xizmat vazifasini namunali bajargani va benuqson xizmati uchun, shuningdek, zaxiraga (iste’foga) chiqishi munosabati bilan yoki musobaqa (bellashuv)ning yakuniy natijalariga ko‘ra;
faxriy yorliq bilan taqdirlash — kasbiy madaniyat qoidalari va xizmat intizomi talablariga rioya etgan xodim (xodimlar guruhi)ga nisbatan xizmat faoliyati davomida yuqori natijalarga erishgani, xizmat vazifasini namunali bajargani uchun, shuningdek, musobaqa (bellashuv)ning yakuniy natijalariga ko‘ra va o‘qishni (o‘quv yilini) muvaffaqiyatli yakunlaganda;
idoraviy ko‘krak nishoni bilan taqdirlash — xodimga nisbatan yuqori xizmat intizomi, kasbiy madaniyati va ko‘p yillik benuqson xizmati, ichki ishlar organlari tizimini takomillashtirishga salmoqli hissa qo‘shgani, xizmat burchini bajarish chog‘ida mardlik va jasorat ko‘rsatgani, shuningdek, yosh avlodni Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashga munosib hissa qo‘shgani uchun;
muddatidan oldin navbatdagi maxsus unvon berish yoki egallab turgan lavozimi bilan ko‘zda tutilgandan bir pog‘ona yuqori maxsus unvon berish — xodimga nisbatan yuqori xizmat intizomi, kasbiy madaniyati, xizmat burchini bajarish chog‘ida ko‘rsatgan qahramonligi, jasorati va fidoyiligi, ichki ishlar organlari amaliy faoliyatiga salmoqli ilmiy hissa qo‘shgani (ilmiy darajani olganda), xizmat vazifalarini yuksak darajada bajarishda namuna bo‘lgani uchun (ichki ishlar organlarida xizmat o‘tash masalalarini tartibga soluvchi qonun hujjatlari talablariga muvofiq);
ta’lim muassasasi hududidan navbatdan tashqari chiqib kelish —
yuklatilgan vazifalarni, komandirlarning buyruq yoki topshiriqlarini vijdonan bajargan IIV ta’lim muassasalarining kursantlari (tinglovchilari)ga nisbatan;
“Hurmat taxtasi”ga kiritish — ijtimoiy-madaniy hayotda faol ishtirok etgan, o‘quv dasturlarini a’lo baholarga o‘zlashtirgan IIV ta’lim muassasalarining kursantlari (tinglovchilari)ga nisbatan;
ota-onasiga yoki turar joyiga minnatdorlik xati yuborish — ijtimoiy-madaniy hayotda faol ishtirok etgan, o‘quv mavsumini a’lo baholar bilan yakunlagan IIV ta’lim muassasalarining kursantlari (tinglovchilari)ga nisbatan;
O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri yoki “Jaloliddin Manguberdi” stipendiyasini tayinlash — ijtimoiy-madaniy hayotda faol ishtirok etgan, o‘quv va xizmat intizomiga rioya qilishda namuna bo‘lgan, o‘quv yilini a’lo baholar bilan yakunlagan IIV ta’lim muassasalarining kursantlariga nisbatan.
48. Qo‘llanilgan rag‘batlantirish chorasi buyruq bilan e’lon qilinadi. Minnatdorlik e’lon qilish va ta’lim muassasasi hududidan navbatdan tashqari chiqib kelish buyruq orqali ham, og‘zaki ham e’lon qilinishi mumkin.
Rag‘batlantirilganligi haqida xodimga shaxsan, saf oldida yoki kengaytirilgan majlis (yig‘ilish)da tantanali tarzda e’lon qilinadi.
Rag‘batlantirish to‘g‘risidagi buyruq e’lon qilingan vaqtda, qoida tariqasida, xodimlarga faxriy yorliq, qimmatbaho yoki esdalik sovg‘a yoxud pul mukofotlari, ko‘krak nishonlari topshiriladi.
49. Buyruq bilan e’lon qilingan rag‘batlantirish chorasi xodimning shaxsiy hujjatlar yig‘ma jildiga kiritish orqali hisobga olinishi lozim.
Rag‘batlantirish choralarini hisobga olish tartibi O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan belgilanadi.
50. Kodeksda nazarda tutilmagan intizomiy jazo choralarini qo‘llash taqiqlanadi.
51. Sodir etilgan nojo‘ya xatti-harakat uchun faqat bitta intizomiy jazo tayinlanadi.
Xizmat intizomi bir necha xodimlar tomonidan buzilganda, intizomiy jazo ularning har biriga nisbatan alohida qo‘llaniladi.
Sodir etilganligi ma’muriy jazo tayinlashga olib kelgan xatti-harakatlar uchun intizomiy jazo qo‘llashga yo‘l qo‘yilmaydi.
Intizomiy jazo choralari qo‘llangan xodimlar, agarda ularning xatti-harakatlarida jinoyat alomatlari bo‘lsa, jinoiy javobgarlikdan ozod etilmaydi.
52. Intizomiy jazo choralarining qo‘llanilishi asosli bo‘lishi va sodir etilgan nojo‘ya xatti-harakat og‘irligi hamda ayb darajasiga muvofiq kelishi zarur. Intizomiy jazo choralarini belgilash chog‘ida nojo‘ya xatti-harakat xususiyati, sodir etish holati, uning oqibatlari, aybdorning avvalgi xulq-atvori, ichki ishlar organlarida xizmat o‘tagan muddati, shuningdek, yuklatilgan xizmat vazifalarini bajarishga bo‘lgan munosabati e’tiborga olinadi.
Xodim tomonidan sodir etilgan nojo‘ya xatti-harakat kam ahamiyatli bo‘lsa, boshliq unga nisbatan intizomiy jazo chorasini qo‘llamasligi va boshqa bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik borasida og‘zaki ogohlantirish berish bilan kifoyalanishi mumkin.
Jamoada yuzaga kelgan nizoli vaziyatlarni hal etish, nojo‘ya xatti-harakatlar sodir etgan xodimlarga jamoatchilik ta’sirini o‘tkazish maqsadida ichki ishlar organlarida saylov asosida intizomiy kengashlar tashkil etilib, O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan belgilangan tartibda faoliyat ko‘rsatadi.
53. Intizomiy jazo choralari, qoida tariqasida, quyidagicha qo‘llaniladi:
tanbeh — yuklatilgan vazifalarni, boshliqning topshiriqlari va uslubiy ko‘rsatmalarni bajarmagan, xizmat kiyimini kiyish qoidalarini buzgan xodimlarga nisbatan;
hayfsan — normativ-huquqiy hujjatlar va Kodeks talablarini, xizmat guvohnomasidan foydalanish, fuqarolar hamda hamkasblari bilan muomala madaniyati qoidalarini buzgan, belgilangan kun tartibiga muntazam ravishda amal qilmagan va xizmat majburiyatlarini bajarmagan, jamoadagi ma’naviy-ruhiy muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatgan xodimlarga nisbatan;
qattiq hayfsan — amaldagi “hayfsan” intizomiy jazosi bo‘lgan xodimlarga nisbatan, kasbiy madaniyat qoidalari va xizmat intizomi talablarini, normativ-huquqiy hujjatlar va Kodeks normalarini takroran buzganligi uchun;
lavozim maoshining ellik foizdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda jarima — amaldagi intizomiy jazosi bor-yo‘qligidan qat’i nazar, kasbiy madaniyat qoidalari va xizmat intizomi talablarini, normativ-huquqiy hujjatlar va Kodeks normalarini qo‘pol ravishda buzgan, xizmat burchiga mas’uliyatsiz yondashgan, ish samaradorligi past bo‘lgan xodimlarga nisbatan;
maxsus unvonini bir pog‘ona pasaytirish yoki egallab turgan lavozimidan ozod etish — amaldagi intizomiy jazosi bo‘lgan, kasbiy madaniyat qoidalari va xizmat intizomi talablarini, normativ-huquqiy hujjatlar va Kodeks normalarini qo‘pol ravishda buzgan, xizmatni o‘tashga loqaydlik bilan munosabatda bo‘lgan, yuklatilgan xizmat majburiyatlarini bajarmagan xodimlarga nisbatan;
gauptvaxtada hibsda ushlab turish — intizomiy jazoning qat’iy chorasi sifatida ichki ishlar organlari xizmatidan bo‘shatish uchun asos bo‘ladigan nojo‘ya xatti-harakatni sodir etgan xodimlarga nisbatan;
ichki ishlar organlari xizmatidan bo‘shatish — xizmat intizomini qo‘pol ravishda buzgan, ichki ishlar organi xodimi sha’niga putur yetkazuvchi xatti-harakat sodir etgan, intizomiy jazo chorasi mavjud bo‘lgan taqdirda, muntazam ravishda xizmat intizomini buzgan, qonun hujjatlarida belgilangan cheklov va taqiqlarga rioya etmagan xodimlarga nisbatan;
navbatdan tashqari naryadda xizmat o‘tashga yoki besh sutkagacha xo‘jalik ishlariga jalb etish, bir oy muddatgacha ta’lim tashkiloti hududidan navbatdagi chiqish huquqidan mahrum qilish — yuklatilgan vazifalarni yoki komandir (boshliq)ning topshiriqlarini bajarmagan, ta’lim tashkilotining o‘rnatilgan ichki tartib-qoidalarini buzgan, o‘quv dasturini qoniqarsiz o‘zlashtirgan IIV ta’lim muassasalari kursantlari (tinglovchilari)ga nisbatan;
kursant (tinglovchi)lar ro‘yxatidan o‘chirish — IIV ta’lim muassasalari kursant (tinglovchi)lariga nisbatan kasbiy madaniyat qoidalari va xizmat intizomi talablarini buzganligi, o‘quv dasturini o‘zlashtira olmaganligi uchun.
54. Amaldagi intizomiy jazo bor-yo‘qligidan qat’i nazar, xizmat intizomini qo‘pol ravishda buzgan xodimga nisbatan ichki ishlar organlaridan bo‘shatish intizomiy jazosi ham qo‘llanilishi mumkin.
Quyidagilar xizmat intizomini qo‘pol ravishda buzish deb e’tirof etiladi:
xodimning sababsiz ravishda uzluksiz uch kundan ortiq muddatda xizmat joyida bo‘lmasligi;
xizmat joyida alkogol ichimlik, giyohvandlik vositasi va (yoki) boshqa moddalar ta’sirida mast holatda bo‘lish;
fuqarolarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini buzishga, odamlarning hayoti va (yoki) sog‘lig‘iga xavf tug‘dirishga olib keluvchi xatti-harakatlar sodir etish (agar bu jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lmasa);
maxfiylikka oid tartib-qoidalarini buzish (agar bu jinoiy javobgarlikka olib kelmasa);
xodimga ishonib topshirilgan tabel quroli va uning o‘qlarini, mol-mulk va (yoki) texnikalarni qasddan yo‘q qilish, zarar yetkazish yoki uning (ularning) yo‘qolishiga sabab bo‘ladigan tarzda ehtiyotsizlik bilan saqlash (agar bu jinoiy javobgarlikka olib kelmasa);
mahbusning yoki qo‘lga olingan shaxsning qochib ketishiga, pul mablag‘i yoki tovar boyliklarini va hujjatlarni yo‘qolishiga sabab bo‘lgan tarzda post va konvoy xizmatini o‘tash qoidalarini buzish (agar bu jinoiy javobgarlikka olib kelmasa).
Xodim xizmat joyida alkogol ichimlik, giyohvandlik vositasi va (yoki) boshqa moddalar ta’sirida mast bo‘lgani sababli intizomiy javobgarlikka tortish uchun ushbu holatni isbotlash maqsadida tibbiy tekshiruv natijalariga, agar xodim tekshiruvdan bosh tortsa, kamida ikki xodim yoki boshqa shaxslar ko‘rsatmalariga asoslaniladi.
55. Kasbiy madaniyat qoidalarini, shuningdek, boshliq va xodimlar o‘rtasidagi munosabat qoidalarini qo‘pol ravishda buzish ichki ishlar organi xodimi sha’niga putur yetkazuvchi xatti-harakat sodir etish hisoblanadi.
Jamiyatdagi odob-axloq qoidalarini ochiqdan-ochiq pisand qilmaslik bilan bog‘liq bo‘lmagan oilaviy kelishmovchiliklar, janjallar va maishiy nizolar ichki ishlar organi xodimi sha’niga putur yetkazuvchi xatti-harakat sirasiga kirmaydi.
56. Intizomiy jazo chorasi mavjud bo‘lgan taqdirda, muntazam ravishda xizmat intizomini buzish, deganda buyruq asosida e’lon qilingan amaldagi intizomiy jazosi bo‘lgani holda, xodim tomonidan xizmat intizomini bir necha bor buzish tushuniladi.
57. Maxsus unvonini bir pog‘ona pasaytirish yoki egallab turgan lavozimidan ozod etish tarzidagi intizomiy jazo choralari, qoida tariqasida, aybdorga boshqa intizomiy jazo turlari tegishlicha ta’sir ko‘rsatmagan hollarda qo‘llaniladi.
58. Gauptvaxtada hibsda ushlab turish tarzidagi intizomiy jazo qo‘llanilganda, xodim ushbu nojo‘ya xatti-harakati uchun (agar bu jinoiy javobgarlikka olib kelmasa) ichki ishlar organlari xizmatidan bo‘shatilmaydi.
Gauptvaxtada hibsda saqlash muddati safdorlar, serjantlar va kichik ofitserlar tarkibi xodimlari uchun — 10 sutkagacha, katta ofitserlar tarkibi xodimlari uchun — 5 sutkagacha bo‘lishi mumkin.
Gauptvaxtada hibsda ushlab turish tarzidagi intizomiy jazo ayollarga nisbatan qo‘llanilmaydi.
59. Intizomiy jazo qo‘llashdan avval xodimdan yozma tushuntirish olinishi lozim. Agar xodim ushbu tushuntirishni berishdan bosh tortsa, tegishli ravishda dalolatnoma rasmiylashtiriladi.
Tushuntirishni berishdan bosh tortish holati sodir etilgan qilmish uchun intizomiy jazo tayinlashga to‘sqinlik qila olmaydi va jazoning og‘irroq ko‘rinishi va choralarini qo‘llashga olib kelmaydi.
Intizomiy jazo choralarini qo‘llash paytida boshliq xodimning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitmasligi, u bilan munosabatda qo‘pollikka yo‘l qo‘ymasligi zarur.
60. Intizomiy jazoning qo‘llanilishi xodimni nojo‘ya xatti-harakat oqibatida yetkazilgan moddiy zararni qoplash majburiyatidan ozod etmaydi.
61. Intizomiy jazo nojo‘ya xatti-harakat boshliqqa ma’lum bo‘lgan kundan boshlab bir oy muddat ichida, xizmat tekshiruvi o‘tkazilganda esa — tekshiruv tugagan kundan boshlab 10 sutkadan kechikmay qo‘llanilishi kerak, bunda aybdorning xastalik va ta’tilda bo‘lgan vaqti hisobga olinmaydi.
Intizomiy jazo nojo‘ya xatti-harakat sodir etilgan kundan bir yildan ortiq muddat o‘tgandan keyin qo‘llanilishi mumkin emas.
62. Mast holatda bo‘lgan aybdorga nisbatan intizomiy jazo qo‘llash, shuningdek, undan har qanday tushuntirish olish xodim hushyor holga kelguncha kechiktiriladi.
63. Qo‘llanilgan intizomiy jazo chorasi buyruq bilan e’lon qilinadi. Navbatdan tashqari naryadda xizmat o‘tashga yoki besh sutkagacha xo‘jalik ishlariga jalb etish, bir oy muddatgacha ta’lim muassasasi hududidan navbatdagi chiqish huquqidan mahrum etish ham buyruq orqali, ham og‘zaki e’lon qilinishi mumkin.
Buyruqda e’lon qilingan intizomiy jazo qo‘llash haqidagi qaror intizomiy kengash xulosasi, shuningdek, o‘tkazilish tartibi O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan belgilanadigan xizmat, kompleks yoki inspektorlik tekshiruvlari asosida qabul qilinadi.
Intizomiy jazo chorasi qo‘llanilganligi haqida xodimga shaxsan, saf oldida yoki kengaytirilgan yig‘ilish (majlis)da e’lon qilinadi.
64. Amaldagi intizomiy jazosi mavjud bo‘lgan xodimning nomzodi ushbu jazo bekor qilingunga qadar rag‘batlantirishga, navbatdagi maxsus unvon olishga va yuqori lavozimlarga tayinlanishga taqdim etilmaydi.
65. Shikoyat bilan arz qilingan hollarda tayinlangan intizomiy jazoni ijro etish to‘xtatilmaydi.
Xodim intizomiy jazo e’lon qilingan kundan e’tiboran bir oy muddat ichida yuqori turuvchi boshliqqa yoki xizmatni o‘tash joyidagi shaxsiy xavfsizlik bo‘linmasiga shikoyat bilan murojaat etishi mumkin.
66. Buyruq asosida tayinlangan intizomiy jazo tayinlangan vaqtdan boshlab bir yil o‘tgach bekor qilinadi (agar xodim shu muddat ichida yangi intizomiy jazoga tortilmasa). Rag‘batlantirish tartibida intizomiy jazo bir yil o‘tmasdan bekor qilinishi mumkin.
Agarda bir yil ichida xodimga nisbatan bir necha intizomiy jazo tayinlansa, ularni bekor qilish muddati oxirgi tayinlangan intizomiy jazo chorasi sanasi bo‘yicha hisoblanadi.
67. Buyruqda e’lon qilingan intizomiy jazo chorasi xodimning shaxsiy hujjatlar yig‘ma jildiga kiritish orqali hisobga olinishi lozim.
Intizomiy jazo choralarini hisobga olish tartibi O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan belgilanadi.
6-bob. Boshliqning harakatlari ustidan shikoyat qilish
68. Har bir xodim boshliqning unga nisbatan qonunga zid yoki nohaq harakatlari ustidan yuqori turuvchi rahbar yoki xizmat joyidagi shaxsiy xavfsizlik bo‘linmasiga yozma shikoyat berishga haqli.
69. Xodimning shikoyatida bayon etilgan masalalarni hal etish vakolatiga kirmaydigan yuqori turuvchi rahbar ushbu murojaatni besh kun muddatda vakolatli idoraga yuboradi.
70. Yuqori turuvchi rahbarga yoki xizmat joyidagi shaxsiy xavfsizlik bo‘linmasiga qonunchilikni buzish faktlari yoxud o‘ziga nisbatan nohaq munosabatda bo‘linganligi haqida murojaat etganligi uchun qo‘l ostidagi xodimni ta’qib etgan boshliq intizomiy tartibda javobgarlikka tortiladi (agar uning xatti-harakatlari jinoiy javobgarlikka olib kelmasa).
71. Xodimlarning shikoyati bir oy ichida hal etiladi, qo‘shimcha tekshiruv talab etmaydiganlari esa zudlik bilan, biroq kelib tushgan kundan e’tiboran 15 kundan kechiktirmagan holda ko‘rib chiqiladi.
72. Qasddan yolg‘on shikoyat bilan murojaat etgan xodimlar belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.
7-bob. Yakuniy qoidalar
73. Kodeks normalarining bajarilishi ustidan nazorat ichki ishlar organlari ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash bo‘linmalari tomonidan amalga oshiriladi.
74. Kodeks normalarining buzilishi qonunchilik hujjatlariga muvofiq belgilangan javobgarlikka tortish uchun asos hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 20-yanvardagi PQ-10-son qaroriga
2-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash departamenti to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash departamenti (keyingi o‘rinlarda — Departament) ichki ishlar organlarida kadrlar siyosatini amalga oshirish, ma’naviy-ma’rifiy va mukofotlash ishlarini tashkil etish, xizmatni o‘tash qoidalari va mehnat munosabatlariga rioya etish, kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish, shuningdek, ijtimoiy himoya jarayonlarini ta’minlaydigan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi (keyingi o‘rinlarda — IIV) markaziy apparatining mustaqil bo‘linmasi hisoblanadi.
2. Departament o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, O‘zbekiston Respublikasining “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi qonuni va boshqa qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari,
IIVning normativ hujjatlari, shuningdek, ushbu Nizomga amal qiladi.
3. Ichki ishlar organlarining ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash bo‘linmalari tizimiga quyidagilar kiradi:
Departament;
IIV departamentlari va ularning quyi tuzilmalari, harbiy tuzilmalari, ta’lim, o‘quv va tibbiyot muassasalarining ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash bo‘linmalari (boshqarma, bo‘lim, bo‘linma, guruh);
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahri va Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmalari, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalarining ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash xizmatlari;
tuman va shaharlar ichki ishlar organlarining ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash bo‘linmalari (bo‘lim, bo‘linma, guruhlari).
4. Departament o‘z faoliyati bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha belgilangan tartibda ichki ishlar organlarining boshqa bo‘linmalari, huquqni muhofaza qiluvchi va boshqa davlat organlari, tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq xorijiy davlatlarning vakolatli idoralari bilan o‘zaro hamkorlikni amalga oshiradi.
5. Departament O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘zining to‘liq nomi yozilgan muhri hamda blankasiga, shtampiga ega.
Departament O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan ta’sis etiladigan va faoliyatining o‘ziga xos xususiyatini aks ettiradigan ramziga ega bo‘lishi mumkin.
2-bob. Departamentning asosiy vazifalari va funksiyalari
6. Quyidagilar Departamentning asosiy vazifalari hisoblanadi:
ichki ishlar organlarining ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash bo‘linmalari tizimiga kiradigan tuzilmalarning (keyingi o‘rinlarda — kadrlar bilan ishlash bo‘linmalari) faoliyatini muvofiqlashtirish, kompleks tahlil qilish, baholash, ularga amaliy va uslubiy yordam ko‘rsatish;
ichki ishlar organlarida ma’naviy-ma’rifiy va axloqiy-ruhiy ishlarni tashkil etish, kasbiy madaniyat va xizmat intizomi talablariga so‘zsiz rioya etilishini ta’minlash, shuningdek, shaxsiy tarkibni vatanparvarlik ruhida doimiy ravishda tarbiyalash faoliyatini amalga oshirish;
ichki ishlar organlaridagi xizmatga, shuningdek, idoraviy ta’lim muassasalariga nomzodlarning tanlov asosida qabul qilinishini tashkil etish, kadrlar siyosatini amalga oshirishni ta’minlash, xizmatni o‘tash tartibining qoidalari va mehnat munosabatlariga rioya etilishini, uzluksiz o‘quv-karyera jarayoniga doir talablarning bajarilishini nazorat qilish;
ichki ishlar organlari uchun professional kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning doimiy ravishda malakasini oshirish jarayonini tashkil etish;
ichki ishlar organlarida shaxsiy tarkibni mukofotlash ishlarini ta’minlash, nomzodlarni davlat va idoraviy mukofotlarga xolislik tamoyili asosida taqdim etish, tizimda geraldika faoliyatini amalga oshirish;
ichki ishlar organlarida shaxsiy tarkibning xizmat, jangovar, jismoniy va psixologik tayyorgarligini ta’minlash, tizimda musobaqalarni o‘tkazish orqali xodimlar va ularning oila a’zolarida sportga bo‘lgan qiziqishni oshirish;
ichki ishlar organlari shaxsiy tarkibi va ularning oila a’zolarini ijtimoiy himoya qilish kafolatlarini ta’minlash, sog‘lig‘i muhofaza qilinishini va malakali tibbiy xizmat ko‘rsatilishini tashkil etish;
ichki ishlar organlarida ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash sohasidagi qonunchilikni, faoliyat shakllari va usullarini yanada takomillashtirishga doir takliflar ishlab chiqish va amalga oshirish.
7. Zimmasiga yuklatilgan vazifalarga muvofiq Departament quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
a) kadrlar bilan ishlash bo‘linmalari faoliyatini muvofiqlashtirish, kompleks tahlil qilish, baholash, ularga amaliy va uslubiy yordam ko‘rsatish sohasida:
kadrlar bilan ishlash bo‘linmalari faoliyati ustidan tashkiliy-uslubiy rahbarlikni amalga oshirish;
kadrlar bilan ishlash bo‘linmalarining yaqin hamkorlikda samarali ishlashini tashkil etish;
kadrlar bilan ishlash bo‘linmalari faoliyati ustidan idoraviy nazoratni amalga oshirish, shu jumladan, joylarga chiqqan holda, ularning ishlarini o‘rganish, nazorat tekshiruvlarini o‘tkazish, aniqlangan kamchiliklar va muammolarni bartaraf etish choralarini ko‘rish;
ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash sohasidagi hisobotlarning yagona shaklda yuritilishini ta’minlash, axborot-tahlil hamda hisobot ma’lumotlari bazasi va tizimlarini shakllantirish;
kadrlar bilan ishlash bo‘linmalari faoliyatini kompleks, tizimli tahlil qilish, baholash, faoliyat samaradorligini oshirish bo‘yicha choralar ishlab chiqish, ijobiy ish amaliyotini tizim miqyosida ommalashtirish;
kadrlar bilan ishlash bo‘linmalari faoliyatini ommaviy axborot vositalarida yoritish, amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida jamoatchilikni muntazam xabardor qilib borish, ichki ishlar organlari xodimining ijobiy imijini shakllantirish;
kadrlar bilan ishlash bo‘linmalarini yuqori malakali mutaxassislar bilan to‘ldirish, ularning xodimlarini rag‘batlantirish ishlarini tashkil etish va ta’minlash;
kadrlar bilan ishlash bo‘linmalari xodimlari o‘rtasida xizmat intizomi va qonuniylik buzilishi holatlarining oldini olish, korrupsion omillarga barham berish borasida ishlarni tashkil etish va amalga oshirish;
ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash yo‘nalishida axborot-tahliliy materiallar, sharhlar, uslubiy tavsiyalar va ko‘rsatmalar tayyorlash;
kadrlar bilan ishlash bo‘linmalari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqishda qonuniylikka rioya etilishini tashkil etish;
kadrlar bilan ishlash bo‘linmalari zimmasiga yuklatilgan vazifalarni samarali bajarishida ularga uslubiy, amaliy yordam ko‘rsatish, shu jumladan, joylarga chiqqan holda bevosita ko‘maklashish;
kadrlar bilan ishlash bo‘linmalarining ichki ishlar organlari boshqa sohaviy xizmatlari, boshqa davlat organlari va tashkilotlar, fuqarolik jamiyati institutlari bilan yaqin hamkorligini tashkil etish;
b) ichki ishlar organlarida ma’naviy-ma’rifiy va axloqiy-ruhiy ishlarni tashkil etish, kasbiy madaniyat va xizmat intizomi talablariga so‘zsiz rioya etilishini ta’minlash, shuningdek, shaxsiy tarkibni vatanparvarlik ruhida doimiy ravishda tarbiyalash faoliyatini amalga oshirish sohasida:
ichki ishlar organlarida ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tashkil etish konsepsiyasini hayotga samarali tatbiq etish faoliyatini amalga oshirish, bu borada barcha sohaviy, tarmoq va hududiy ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish;
ichki ishlar organlarining shaxsiy tarkibi bilan ma’naviy-ma’rifiy, tarbiyaviy va psixologik ishlarni tashkil etish va amalga oshirish;
“xodimbay” ishlash tizimi asosida shaxsiy tarkib o‘rtasida odob-axloq qoidalari, qonuniylikka va xizmat intizomiga so‘zsiz rioya etilishini ta’minlash, korrupsion holatlarni barvaqt oldini olish;
ichki ishlar organlarida “murabbiylik instituti”ni samarali amalga oshirishni tashkil etish, murabbiylar va yosh xodimlar faoliyatini monitoring qilish, baholash hamda uslubiy ta’minlash ishlarini yo‘lga qo‘yish;
yoshlarga oid davlat siyosatining ichki ishlar organlarida amalga oshirilishini ta’minlash, yosh xodimlarni sadoqat va vatanparvarlik ruhida tarbiyalashni tashkil etish;
tegishli tashkilotlar va muassasalar bilan hamkorlikda ichki ishlar organlarining shaxsiy tarkibi va ularning oila a’zolari uchun madaniy-ma’rifiy ishlar amalga oshirilishini tashkil etish;
madaniyat, san’at va badiiy tadbirlarni tashkil etish orqali shaxsiy tarkibni g‘oyaviy, vatanparvarlik ruhida va madaniy-estetik tarbiyalashni targ‘ib etish;
ichki ishlar organlari faxriylar kengashi faoliyatini samarali tashkil etish orqali “Ustoz-shogird” an’anasini ommalashtirish;
xodimlarning ma’naviy-axloqiy xatti-harakatlari bilan bog‘liq xizmat intizomining buzilishi va boshqa salbiy holatlar bo‘yicha xizmat tekshiruvlar o‘tkazish, ichki ishlar organlarida intizomiy jazo choralarini qo‘llash
faoliyatini tashkil etish;
shaxsiy tarkib o‘rtasida yuksak vatanparvarlik ruhidagi muhitni shakllantirish, ularning ruhiy-psixologik tayyorgarligini ta’minlash va muvofiqlashtirish;
ichki ishlar organlarida ma’naviy-ruhiy muhitni muntazam ravishda o‘rganish va monitoringini olib borish, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilash;
ichki ishlar organlariga xizmatga, oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilinayotgan nomzodlarni individual-psixologik va psixofiziologik o‘rganish choralarini tashkil etish va amalga oshirish;
ichki ishlar organlarida psixologlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish hamda xizmat faoliyatini yaxshilash bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
ichki ishlar organlarida xotin-qizlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha faoliyatini tashkil etish;
v) ichki ishlar organlaridagi xizmatga, shuningdek, idoraviy ta’lim muassasalariga nomzodlarning tanlov asosida qabul qilinishini tashkil etish, kadrlar siyosatini amalga oshirishni ta’minlash, xizmatni o‘tash tartibining qoidalari va mehnat munosabatlariga rioya etilishini, uzluksiz o‘quv-karyera jarayoniga doir talablarning bajarilishini nazorat qilish sohasida:
ichki ishlar organlaridagi xizmatga nomzodlarni qabul qilish, lavozimga tayinlash, lavozimdan ozod etish, xizmat muddatini uzaytirish, ichki ishlar organlari ixtiyorida qoldirish va xizmatdan bo‘shatish uchun kelib tushgan taqdimnomalarni ko‘rib chiqish va ushbu masalalar yuzasidan rahbariyatga taklif kiritish;
ichki ishlar organlaridagi bo‘sh lavozimlarni yuksak vatanparvar kadrlar bilan to‘ldirish, ichki ishlar organlari ixtiyorida qoldirilgan xodimlarni lavozimga tayinlashni tashkil etish;
ichki ishlar organlarida xizmat o‘tash, maxsus va harbiy unvonlar berish hamda rahbar kadrlarni rotatsiya qilish ishlarini tashkil etish va amalga oshirish;
shaxsiy tarkibning kasbiy salohiyati va faoliyati natijalarini KPI tizimi asosida baholash, baholash natijalari bo‘yicha ularning reytingini yuritish;
ichki ishlar organlarida xizmatda bo‘lishning belgilangan chegaradagi yoshiga to‘lgan va to‘ladigan xodimlar monitoringini yuritish;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va IIV nomenklaturasi (ro‘yxati)ga kiritilgan rahbarlik lavozimlariga kadrlar zaxirasini shakllantirish va yuritish;
maxfiy hujjatlar bilan ishlash uchun ruxsatnoma talab etiladigan lavozimlar ro‘yxatini shakllantirish, xodimlar va nomzodlarga ruxsatnomalarni rasmiylashtirish, saqlash va yuritishni tashkil etish;
shaxsiy tarkib va uning yaqin qarindoshlariga nisbatan qo‘shimcha maxsus tekshiruv ishlarini rejalashtirish va amalga oshirish, chet el davlatlariga chiqish uchun ruxsat so‘rab qilgan murojaatlarni ko‘rib chiqish;
shaxsiy tarkibni attestatsiyadan o‘tkazish borasidagi ishlarni tashkil etish va amalga oshirish;
xodimlarning anketa hamda xizmat faoliyatiga oid ma’lumotlarini yuritish, ularni lavozimga tayinlash, lavozimdan ozod etish, rotatsiya qilish, xizmat muddatini uzaytirish, xizmatdan bo‘shatish, ularga maxsus unvonlar berish haqidagi taqdimnomalarni ko‘rib chiqish uchun kiritish ishlarining “E-kadr” yopiq axborot tizimi orqali amalga oshirilishini ta’minlash;
shaxsiy tarkibning shaxsiy hujjatlari yig‘majildlarini saqlash, yuritish hamda xizmat o‘tashga oid ma’lumotlarni qayd etib borish;
xizmatdan bo‘shatilgan xodimlarning mehnat daftarchalari yoki mehnat faoliyatini tasdiqlovchi hujjatlarni rasmiylashtirish va hisobini yuritish, harbiy hisobga qo‘yish uchun yo‘llanmalar berishni ta’minlash;
shaxsiy tarkibga xizmat guvohnomalari va jetonlar berilishini tashkil etish hamda ushbu masalaga oid hisobotlarni yuritish;
IIV tarkibiy tuzilmalari va hududiy bo‘linmalari xodimlariga xizmat yillari uchun foizli ustama haq o‘rnatishga oid hujjatlarni rasmiylashtirish;
g) ichki ishlar organlari uchun professional kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning doimiy ravishda malakasini oshirish jarayonini tashkil etish sohasida:
kadrlarni maqsadli tayyorlashni tashkil etish, idoraviy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik qilish, ularning o‘quv-tarbiya jarayonini nazorat qilish hamda muvofiqlashtirish;
idoraviy ta’lim muassasalarining o‘quv-metodik, ilmiy-tadqiqot, kadrlar bilan ishlash va tarbiyaviy yo‘nalishlardagi faoliyatini nazorat qilish va muvofiqlashtirish;
ichki ishlar organlarining kadrlarga bo‘lgan ehtiyojlarini o‘rganish va idoraviy hamda turdosh ta’lim muassasalari, shu jumladan xorijiy davlatlar huquq-tartibot organlarining ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul o‘rinlarini ajratish bo‘yicha takliflar kiritish;
idoraviy ta’lim muassasalariga nomzodlarni qabul qilish bo‘yicha tanlovlar o‘tkazilishini tashkil etish, ushbu faoliyatni nazorat qilish va muvofiqlashtirish;
idoraviy ta’lim muassasalarida o‘qitiladigan mutaxassislik yo‘nalishlarida kadrlar tayyorlash bo‘yicha davlat ta’lim standartlari, malaka talablari hamda o‘quv rejalari va dasturlarini tayyorlashni tashkil etish;
idoraviy ta’lim muassasalarida o‘quv-tarbiya jarayoni, ilmiy-tadqiqot ishlari tashkil etilganligini, oliy ta’limdan keyingi ta’lim jarayonini muntazam ravishda o‘rganib borish;
ichki ishlar organlarining kadrlarga bo‘lgan ehtiyojidan kelib chiqib, idoraviy va turdosh oliy ta’lim muassasalari, shu jumladan xorijiy davlatlar huquq-tartibot organlarining ta’lim muassasalari bitiruvchilarining taqsimotini o‘tkazish;
yosh kadrlarga biriktirilgan murabbiylar faoliyatini o‘rganish orqali ularning kasbiy o‘sishlari uzluksiz monitoring qilinishini tashkil etish;
idoraviy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari tarkibiga pedagog kadrlarni ishga qabul qilish bo‘yicha komissiya (ishchi guruh) faoliyatini nazorat qilish;
idoraviy ta’lim muassasalari va hududiy ichki ishlar organlarida konferensiya, ilmiy anjumanlar, o‘quv-uslubiy seminarlar, davra suhbatlari va fan olimpiadalari, shuningdek, xodimlarning kasbiy mahoratini oshirish yuzasidan o‘quv yig‘inlari va treninglar o‘tkazilishini tashkil etish;
idoraviy ta’lim muassasalari kursantlari va tinglovchilariga belgilangan namunadagi ko‘krak nishonlari va stipendiyalar tayinlashga oid hujjatlarni ko‘rib chiqish va rasmiylashtirish;
IIVning tarkibiy va hududiy bo‘linmalari bilan birgalikda xodimlarning malaka oshirishga bo‘lgan ehtiyojini o‘rganish;
kadrlarni boshlang‘ich tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish jarayonini tashkil etish, monitoringini o‘tkazish va muvofiqlashtirish;
shaxsiy tarkibning respublika davlat boshqaruvi organlari, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar, ta’lim muassasalari va boshqa tashkilotlarda belgilangan kelishuvlar asosida malakasini oshirish va qayta tayyorlash ishlarini tashkil etish;
xodimlarning xorijiy davlatlar, xususan ta’lim muassasalarida uzoq muddatli o‘quv dasturlari asosida malaka oshirishi va tajriba orttirishi bo‘yicha chora-tadbirlarni tashkil etish;
d) ichki ishlar organlarida shaxsiy tarkibni mukofotlash ishlarini ta’minlash, nomzodlarni davlat va idoraviy mukofotlarga xolislik tamoyili asosida taqdim etish, tizimda geraldika faoliyatini amalga oshirish sohasida:
ichki ishlar organlarida shaxsiy tarkibni rag‘batlantirish choralarini qo‘llash faoliyatini tashkil etish, nazorat qilish va amalga oshirish;
davlat mukofotlari va faxriy unvonlariga tavsiya etilgan nomzodlarning hujjatlarini ko‘rib chiqish, mukofotlashga taqdim etish bo‘yicha tegishli taqdimnomalar rasmiylashtirish hamda ushbu
faoliyatni muvofiqlashtirish;
ichki ishlar organlarining davlat mukofotlari va geraldika bo‘yicha markaziy, hududiy va sohaviy komissiyalar faoliyatini tashkil etish;
shaxsiy tarkibga nisbatan qo‘llanilgan rag‘batlantirish choralarining hisobini yuritish, bu borada shaxsiy hujjatlar yig‘majildlariga ma’lumotlarni kiritib borishni ta’minlash;
mukofotlash ishlariga mas’uliyatsizlik bilan yondashgan, nomzodlarni taqdim etishda xolislik tamoyiliga rioya etmagan ichki ishlar rahbarlari va xodimlariga nisbatan intizomiy jazo choralarini qo‘llash bo‘yicha takliflar kiritish;
ichki ishlar organlarida geraldika faoliyatini muvofiqlashtirish, tizim bo‘yicha tayyorlanayotgan barcha turdagi farqlovchi belgilar (ramzlar)ning asosliligini o‘rganish va kelishish, idoraviy ko‘krak nishonlarni ta’sis etish bo‘yicha ishlarni amalga oshirish;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi O‘zbekiston Respublikasi davlat mukofotlari va geraldika bo‘yicha komissiya bilan hamkorlikni amalga oshirish;
e) ichki ishlar organlarida shaxsiy tarkibning xizmat, jangovar, jismoniy va psixologik tayyorgarligini ta’minlash, tizimda musobaqalarni o‘tkazish orqali xodimlar va ularning oila a’zolarida sportga bo‘lgan qiziqishni oshirish sohasida:
jinoyatchilikka qarshi kurashishning zamonaviy shakl va usullariga mos ravishda shaxsiy tarkibning xizmat, jismoniy, jangovar va psixologik tayyorgarligini oshirib borishini tashkil etish va nazorat qilish;
shaxsiy tarkibning xizmat, jismoniy, jangovar va psixologik tayyorgarligi bo‘yicha mashg‘ulotlarning doimiy ravishda samarali o‘tkazilishini ta’minlash va nazorat qilish;
ichki ishlar organlarida xodimlarning xizmat, jismoniy, jangovar va psixologik tayyorgarligi borasida olib borilayotgan ishlarni nazorat qilish, hisobini yuritish, tahlil qilish, soha samaradorligini oshirish va takomillashtirish bo‘yicha ilg‘or tajribalarni joriy etish hamda chora-tadbirlarni belgilash;
shaxsiy tarkibning xizmat, jismoniy, jangovar va psixologik tayyorgarlik darajasini aniqlash bo‘yicha davriy sinovlar o‘tkazish hamda bu borada markazlashtirilgan reyting tizimini yuritish;
shaxsiy tarkibga malaka toifalarini berish borasidagi ishlarni tashkil etish, nazorat qilish va muvofiqlashtirish;
ichki ishlar organlaridagi xizmatga nomzodlarni qabul qilish yuzasidan jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha sinovlar metodikasini ishlab chiqish va o‘tkazilishini ta’minlash;
jamoat xavfsizligini ta’minlash va jinoyatchilikka qarshi kurashishda xodimlarning jismoniy va jangovar tayyorgarligi bo‘yicha sport musobaqalarini o‘tkazish va muvofiqlashtirish;
shaxsiy tarkibning ichki ishlar organlari tizimida, respublika, shuningdek, xalqaro miqyosida o‘tkaziladigan sport musobaqalarida ishtirokini ta’minlash;
shaxsiy tarkibning jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etilishini ommalashtirish chora-tadbirlarini belgilash;
ichki ishlar organlari shaxsiy tarkibining o‘qotar qurollardan foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirib borish maqsadida tabel va sport qurollaridan o‘q otish musobaqalarini tashkil etish va nazorat qilish;
ichki ishlar organlari shaxsiy tarkibi bilan saf tayyorgarligi mashg‘ulotlarini tashkil etish va nazorat qilish;
idoraviy ta’lim muassasalari kursantlari va tinglovchilari, shuningdek, xizmatga qabul qilingan xodimlar bilan o‘quv-dala mashg‘ulotlari o‘tkazilishini tashkil etish;
ichki ishlar organlari shaxsiy tarkibi va xizmatga nomzodlar o‘rtasida test sinovlari o‘tkazilishini ta’minlash, natijalarini tahlil qilish va muvofiqlashtirish;
xodimlarning jismoniy va jangovar tayyorgarligini ta’minlash sohasida hududiy, mahalliy va tarmoq ichki ishlar organlarining faoliyatini tashkil etish va muvofiqlashtirish;
aholi o‘rtasida musobaqalar o‘tkazish orqali sportga qiziqishni oshirish choralarini belgilash;
j) ichki ishlar organlari shaxsiy tarkibi va uning oila a’zolarini ijtimoiy himoya qilish kafolatlarini ta’minlash, sog‘lig‘i muhofaza qilinishini va malakali tibbiy xizmat ko‘rsatilishini tashkil etish sohasida:
ichki ishlar organlari shaxsiy tarkibi va uning oila a’zolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralarini amalga oshirish;
ijtimoiy himoya qilish kafolatlaridan foydalanish borasidagi barcha xizmatlar “yagona darcha” tamoyili asosida faqat “E-ijtimoiy-himoya.iiv.uz” yagona interaktiv xizmatlar portali orqali adolatlilik bilan ko‘rsatilishini, elektron navbat oshkora yuritilishini ta’minlash;
ichki ishlar organlari shaxsiy tarkibiga ta’tillar berilishini ta’minlash va nazorat qilish;
ichki ishlar organlari shaxsiy tarkibini ijtimoiy himoya qilish faoliyatiga oid hisobotlarni yuritish va monitoring qilish;
ichki ishlar organlari shaxsiy tarkibining sog‘lig‘ini muhofaza qilish yuzasidan davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etish;
IIV tibbiyot muassasalari tomonidan shaxsiy tarkib va uning oila a’zolariga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatilishini tashkil etish, nazorat qilish va monitoringini o‘rnatish;
shaxsiy tarkib o‘rtasida turli surunkali kasalliklar kelib chiqishining oldini olish va profilaktikasini ta’minlash yuzasidan davriy tibbiy ko‘riklar o‘tkazilishini nazorat qilish;
antropometrik ko‘rsatkichlari bo‘yicha semizlikning turli darajalari bo‘yicha ortiqcha vaznga ega xodimlar bilan davolash-sog‘lomlashtirish tadbirlarini tashkil etish va monitoring qilish;
z) ichki ishlar organlarida ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash sohasidagi qonunchilikni, faoliyat shakllari va usullarini yanada takomillashtirishga doir takliflar ishlab chiqish va amalga oshirish sohasida:
IIV faoliyatini joriy va istiqbolli rejalashtirishda, kadrlar bilan ishlash bo‘linmalari rivojlanishining asosiy yo‘nalishlari va konsepsiyalarini ishlab chiqishda ishtirok etish;
kadrlar bilan ishlash bo‘linmalari faoliyatining holati to‘g‘risida, ijtimoiy himoyani ta’minlashning muammoli masalalari yuzasidan axborot-tahliliy ma’lumotlar tayyorlash;
kadrlar bilan ishlash bo‘linmalari zimmasiga yuklatilgan vazifalarning amalda bajarilishini tizimli tahlil qilish, ularning samarali amalga oshirilishiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan kamchilik va muammolarni aniqlash, shuningdek, ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlashning shakl va usullarini yanada takomillashtirish, boshqaruvni tashkil etishning zamonaviy usullarini, ilg‘or ilmiy-texnik vositalar va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha takliflar tayyorlash;
ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash sohasiga doir qonunlar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va topshiriqlarining to‘liq va samarali ijrosiga to‘sqinlik qilayotgan tizimli kamchiliklarni aniqlash, shuningdek, ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash sohasidagi munosabatlarni huquqiy tartibga solish masalalari bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish, shuningdek, munosabat bildirish uchun taqdim etilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari yuzasidan xulosalar tayyorlash;
ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash sohasi bo‘yicha xalqaro tajriba va xorijiy qonunchilikni doimiy o‘rganish, o‘rganish natijalarini O‘zbekiston Respublikasi sharoitlarida joriy etishning maqsadga muvofiqligi to‘g‘risida takliflar ishlab chiqish;
ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash sohasida olib borilayotgan islohotlarning amalga oshirilishini ta’minlashdagi dolzarb masalalar bo‘yicha seminarlar, davra suhbatlari, konferensiyalar, simpoziumlar hamda boshqa tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazish;
geraldika masalalari bo‘yicha xalqaro tajribani o‘rganish, shuningdek, mukofotlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish.
Departament qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa funksiyalarni ham amalga oshirishi mumkin.
3-bob. Departamentning huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi
8. Departament o‘ziga yuklatilgan vazifalar va funksiyalarni bajarishda quyidagi huquqlarga ega:
vakolatiga kiradigan masalalar bo‘yicha davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar va boshqa muassasalarning bazalari (shu jumladan elektron bazalari)dan axborot, statistik va boshqa materiallarni so‘rash hamda olish;
boshqaruv qarorlarni qabul qilish, axborot-tahlillar va hisobot ma’lumotlarini tayyorlash uchun ichki ishlar organlari tarkibiy va hududiy bo‘linmalaridan zarur bo‘lgan hujjatlarni (ularning nusxalarini), ma’lumotlar va boshqa materiallarni so‘rash va olish;
boshqaruv qarorlarini ishlab chiqishda, IIV hay’atida va tezkor yig‘ilishlarda ko‘rib chiqilishi uchun axborot-tahlillar va boshqa hujjatlarni tayyorlashda IIV tegishli sohaviy xizmatlarini o‘rnatilgan tartibda jalb etish;
kadrlar bilan ishlash bo‘linmalari hujjatlari va materiallari bilan tanishish, ularning ijrosi yuzasidan zarur bo‘lgan ma’lumotlarni olish;
o‘z vakolatlariga kiruvchi masalalar bo‘yicha ichki ishlar organlari xodimlari ish yurituvidagi materiallar va ularga nisbatan o‘tkazilgan yoki o‘tkazilayotgan xizmat tekshiruvlari materiallari hamda boshqa hujjatlar bilan tanishish;
kadrlar bilan ishlash bo‘linmalariga yuklangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida ichki ishlar organlarining ma’lumotlar bazasidan foydalanish;
ichki ishlar organlari xodimlari va xizmatga qabul qilinayotgan nomzodlarni o‘rganish uchun tegishli sohaviy xizmatlardan zarur ma’lumotlarni talab qilib olish;
ichki ishlar organlariga sohaga oid bajarilishi majburiy bo‘lgan boshqaruv qarorlari va topshiriqlar berish;
kadrlar bilan ishlash bo‘linmalarining moddiy-texnik ta’minotini yaxshilash, xodimlarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash bo‘yicha takliflarni kiritish;
ichki ishlar organlarida qonuniylik va xizmat intizomiga rioya etilishi holatini tekshirish, xodimlarning formali kiyim boshini belgilangan tartibda kiyib yurishlari, xizmat avtotransport vositalarini boshqarishda belgilangan me’yorlarga amal qilinishini nazorat qilish maqsadida respublika hududida patrul-tekshiruvlarini olib borish;
kadrlar bilan ishlash bo‘linmalarida qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish masalalari bo‘yicha belgilangan tartibda takliflar kiritish;
davlat va idoraviy mukofotlarga munosib nomzodlarni aniqlash va ularni mukofotlash yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziriga takliflar kiritish;
mukofotlash ishlariga mas’uliyatsizlik bilan yondashgan, nomzodlarni taqdim etishda xolislik tamoyiliga rioya etmagan ichki ishlar rahbarlari va xodimlariga nisbatan intizomiy jazo choralarini qo‘llash bo‘yicha takliflar kiritish.
Departament qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
9. Departament quyidagi majburiyatlarga ega:
o‘z vakolatlari doirasida fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish choralarini ko‘rish;
ichki ishlar organlarida ma’naviy-ma’rifiy, kadrlar siyosatini amalga oshirish, ta’limni tashkil etish, jismoniy va jangovar tayyorgarlik, tibbiy xizmat ko‘rsatishda qonuniylik, ochiqlik va shaffoflik prinsiplariga amal qilish;
ichki ishlar organlarida ma’naviy-ma’rifiy hamda tarbiyaviy ishlarni samarali tashkil etish, shaxsiy tarkib o‘rtasida qonuniylik va xizmat intizomini mustahkamlash choralarini ko‘rish;
ichki ishlar organlari muzeylari, kutubxona va axborot-resurs markazlarining fondini boyitish, shaxsiy tarkib o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish choralarini ko‘rish;
shaxsiy tarkibni ijtimoiy himoya qilish va ularni psixologik ta’minlash choralarini ko‘rish;
kadrlar bilan ishlash bo‘linmalarining ish faoliyati haqidagi zarur ma’lumotlarni tayyorlash va IIV rahbariyatiga taqdim etish.
Departament qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
10. Departament o‘ziga yuklatilgan vazifa va funksiyalarning samarali bajarilishi uchun javobgardir.
4-bob. Departament faoliyatini tashkil etish
11. Departamentga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri o‘rinbosari — Ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash departamenti boshlig‘i (keyingi o‘rinlarda — Departament boshlig‘i) rahbarlik qiladi.
12. Departament boshlig‘i O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi bilan kelishilgan holda O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan uch nafar o‘rinbosarga ega.
13. Departament boshlig‘i:
Departament ishini tashkil etadi va faoliyatiga rahbarlik qiladi;
Departamentga yuklatilgan vazifalar, funksiyalar va majburiyatlarning lozim darajada bajarilishi uchun shaxsan javobgar bo‘ladi;
o‘z o‘rinbosarlari va Departamentning mustaqil boshqarma (bo‘lim) boshliqlarining funksional majburiyatlarini belgilaydi, ularga yuklatilgan majburiyatlarning bajarilishini nazorat qiladi;
Departamentning ish rejalari va xodimlarning funksional majburiyatlarini tasdiqlaydi;
kadrlar bilan ishlash bo‘linmalari rahbarlarining hisobotlarini eshitadi;
kadrlar bilan ishlash bo‘linmalari, idoraviy tibbiyot, sog‘lomlashtirish va ta’lim muassasalari faoliyatini bevosita, shuningdek, tegishli ravishda o‘z o‘rinbosarlari orqali nazorat qiladi;
kadrlar bilan ishlash bo‘linmalarining ichki ishlar organlarining boshqa bo‘linmalari bilan hamkorligini muvofiqlashtiradi;
kadrlar bilan ishlash bo‘linmalari faoliyatini tashkil etish va ichki ishlar organlarining boshqa bo‘linmalari bilan hamkorligini ta’minlash masalalari bo‘yicha buyruq va farmoyishlar loyihalarini O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziriga kiritadi;
Departament xodimlariga, shuningdek, IIV ixtiyorida qoldirilgan xodimlarga belgilangan tartibda yillik asosiy va qo‘shimcha mehnat ta’tillari beradi;
Departament xodimlarini xizmat safarlariga yuboradi;
IIVning tarkibiy va hududiy bo‘linmalari faoliyatiga oid masalalarni o‘rganish va tekshiruvlar o‘tkazilishini tashkil qiladi;
tekshiruvlar va ularning natijalari bo‘yicha takliflar, shuningdek, normativ-huquqiy, uslubiy, axborot-tahlil hujjatlarini tayyorlashga o‘rnatilgan tartibda IIVning tarkibiy va hududiy tuzilmalari xodimlarini safarbar etadi;
davlat hokimiyati organlarida, vazirliklar, idoralar, tashkilotlar va muassasalarda Departament vakolatiga kiradigan masalalar bo‘yicha IIV nomidan ish ko‘radi;
xodimlarni vakolati doirasida maxsus va harbiy unvonlarga tavsiya etadi, mukofotlaydi, intizomiy jazolar qo‘llaydi;
kadrlar bilan ishlash bo‘linmalari faoliyatini bevosita va o‘z o‘rinbosarlari orqali nazorat qiladi;
ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash sohasida ichki ishlar organlarining barcha shaxsiy tarkibi tomonidan bajarilishi majburiy bo‘lgan hujjatlar qabul qiladi;
o‘z vakolati doirasida taalluqli masalalarda buyruq va farmoyishlar qabul qiladi;
ichki ishlar organlariga kadrlarni tanlash, joy-joyiga qo‘yish va boshqa lavozimga o‘tkazishni ta’minlaydi va tashkil etadi;
o‘z vakolati doirasida IIV markaziy apparatining ishchi va xizmatchilarini ishga, bo‘lim boshlig‘igacha bo‘lgan xodim va harbiy xizmatchilarni safdorlar, serjantlar hamda ofitserlar tarkibi lavozimlariga xizmatga qabul qiladi, lavozimga tayinlaydi va ichki ishlar organlaridan bo‘shatadi;
jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bo‘yicha kadrlar bilan ishlash bo‘linmalari xodimlarining xatti-harakatlari qonunga muvofiqligini, shuningdek, sodir etilgan qonun buzilishi holati o‘rnatilgan tartibda tekshirilishini ta’minlaydi;
soha faoliyatiga taalluqli respublika komissiyalari va kengashlariga raislik qiladi va Departamentning boshqa komissiyalari ishini nazorat qiladi;
ichki ishlar organlari tizimidagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari hamda bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlariga xodimlarning farzandlarini joylashtirish uchun yo‘llanmalar berish faoliyati ustidan nazoratni amalga oshiradi;
qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshiradi.
14. Departament boshlig‘i Departamentga yuklatilgan quyidagi asosiy vazifalarni samarali amalga oshirilishini tashkil etadi hamda shaxsan nazorat qiladi:
ichki ishlar organlarida ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tashkil etish konsepsiyasini amaliyotga uzluksiz tatbiq etish;
xodimlarni ijtimoiy himoya qilishning samarali tizimini tashkil etish;
xodimlar o‘rtasida ma’naviy-tarbiyaviy tadbirlarni olib borish, ularni ijtimoiy himoya qilish, rag‘batlantirish va mukofotlashga doir hujjatlarni ko‘rib chiqish, xizmat intizomi va qonuniylikni mustahkamlash choralarini ko‘rish;
ichki ishlar organlari faoliyatini psixologik jihatdan ta’minlash;
xodimlarning xizmat o‘tashlarini
tashkillashtirish, kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo‘yish, ularning zaxirasini shakllantirish hamda kadrlar tarkibi sifatini yaxshilash;
xodimlarning xizmat o‘tashlarini qayd qilish hamda maxsus va harbiy unvonlar berish;
IIVning tarkibiy va hududiy tuzilmalarining ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash faoliyatini muvofiqlashtirish, ularga tashkiliy-uslubiy yordam ko‘rsatish, faoliyatga oid hisobotlarni yuritish hamda tahlil qilish;
kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash, o‘qitish va ularning malakasini oshirish, xodimlarning kasbiy, jangovar va jismoniy tayyorgarligini oshirish, sog‘lig‘ini saqlash;
idoraviy ta’lim, sport-sog‘lomlashtirish va tibbiyot muassasalarining samarali faoliyatini tashkil etish.
15. Departament boshlig‘i O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziriga quyidagilar to‘g‘risida takliflar kiritadi:
xodimlarni intizomiy jazolash, idoraviy mukofotlar bilan taqdirlash, shuningdek, ularni davlat mukofotlariga taqdim etish;
ichki ishlar organlari tarkibiy va hududiy bo‘linmalari xodimlari, ishchi va xizmatchilarining cheklangan soniga va mehnatga haq to‘lash fondiga o‘zgartirish kiritish;
ichki ishlar organlari tarkibiy va hududiy bo‘linmalari tuzilmasiga va shtatlar soniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish;
o‘z o‘rinbosarlari, Departament tarkibiy va hududiy bo‘linmalari boshliqlarini, shuningdek, xodimlarni IIV nomenklaturasi (ro‘yxati)ga kiruvchi lavozimlarga tayinlash va ozod etish, shuningdek, ichki ishlar organlarining boshliqlar tarkibiga kiruvchi xodim va harbiy xizmatchilarni ichki ishlar organlaridan bo‘shatish;
ichki ishlar organlari faoliyatini yaxshilash hamda bevosita zimmasiga yuklatilgan vazifalarni samarali tashkil etish, sohada islohotlarni amalga oshirish.
16. Departament xizmatlari boshliqlari:
jismoniy shaxslar va yuridik shaxslarning vakillari qabulini amalga oshiradi, shikoyat, ariza va takliflarni ko‘rib chiqadi, ular yuzasidan qarorlar qabul qiladi;
jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bo‘yicha kadrlar bilan ishlash bo‘linmalari xodimlarining xatti-harakatlari qonunga muvofiqligini, shuningdek, xodimlar tomonidan qonun buzilishi holatlarining o‘rnatilgan tartibda tekshirilishini ta’minlaydi;
rahbarlik qilayotgan xizmatning ishini tashkil etadi, shaxsiy tarkibining xizmat va mehnat intizomiga rioya etishini ta’minlaydi, ish rejalarini tasdiqlaydi;
xizmat boshlig‘i o‘rinbosarlarining funksional majburiyatlarini belgilaydi, ular zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarning bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
o‘z vakolati doirasida kadrlar bilan ishlash bo‘linmalari faoliyatini tashkil etish masalalari bo‘yicha sharh va metodik tavsiyalar chiqaradi, shaxsiy tarkibi tomonidan bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma loyihalarini Departament boshlig‘iga kiritadi;
rahbarlik qilayotgan xizmatda kadrlarni tanlash, joy-joyiga qo‘yish va lavozimga o‘tkazish, xizmat safarlariga yuborish masalalari bo‘yicha Departament boshlig‘iga taklif kiritadi;
rahbarlik qilayotgan xizmat xodimlariga maxsus unvonlar berish, rag‘batlantirish, shu jumladan, mukofotlash hamda ularga intizomiy jazolar qo‘llash to‘g‘risida Departament boshlig‘iga taqdimnomalar kiritadi;
rahbarlik qilayotgan xizmat xodimlariga ta’til beradi;
o‘ziga bo‘ysunuvchi kadrlar bilan ishlash bo‘linmalari faoliyati ustidan bevosita va o‘z o‘rinbosarlari orqali nazoratni amalga oshiradi, shuningdek, tegishli rahbarlarning hisobotlarini eshitadi;
Departament boshlig‘ining topshirig‘iga binoan davlat, shu jumladan, huquqni muhofaza qilish va nazorat organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlarning rasmiy tadbirlarida ishtirok etadi;
Departamentda o‘rnatilgan tartibda safarbarlik tayyorgarligini tashkil etadi, shuningdek, fuqaro muhofazasi bo‘yicha tadbirlarning bajarilishini ta’minlaydi;
Departamentda maxfiylik tartibotiga rioya etilishi, shu jumladan, axborotlarni texnik himoyalash bo‘yicha tadbirlarning tashkil etilishi uchun javob beradi;
qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
17. Departament boshlig‘i bo‘lmagan taqdirda uning vazifalarini o‘rinbosarlaridan biri bajaradi.
18. Quyidagilar:
a) Departament boshlig‘ining taqdimnomasiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan belgilangan tartibda lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi:
Departamentning tarkibiy bo‘linmalari va unga bevosita bo‘ysunuvchi bo‘linmalarning rahbarlari;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar ichki ishlar organlari rahbarlarining o‘rinbosarlari — ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash xizmati boshliqlari;
b) tegishlicha IIV departamentlari, harbiy tuzilmalari, ta’lim, o‘quv va tibbiyot muassasalarining rahbarlari Departament boshlig‘ining qo‘shma taqdimnomasiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi:
tegishlicha IIV departamentlari, qo‘mondonlik, ta’lim, o‘quv va tibbiyot muassasalarining ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash xizmatlari rahbarlari;
v) tegishlicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri ichki ishlar organlari rahbarlari Departament boshlig‘ining qo‘shma taqdimnomasiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi:
tuman va shaharlar ichki ishlar organlari rahbarlarining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari;
g) Departament boshlig‘i tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi:
Departamentning xodimlari;
d) Departament bilan kelishilgan holda tegishlicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri ichki ishlar organlari rahbarlari tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar ichki ishlar organlari ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash xizmatlari tarkibidagi bo‘linmalar rahbarlari;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar ichki ishlar organlari rahbarlarining o‘rinbosarlari — ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash xizmati boshliqlarining mukofotlash masalalari va kadrlar tayyorlash bo‘yicha yordamchilari.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
19. Departament faoliyati ustidan nazorat O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan amalga oshiriladi.
20. Ish yuritish va maxfiylik tartibotini tashkil etish va ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar Departament tomonidan belgilangan tartibda mustaqil ravishda amalga oshiriladi.
21. Kadrlar bilan ishlash bo‘linmalarini qurol-aslaha va boshqa moddiy-texnika vositalari bilan ta’minlash belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 20-yanvardagi PQ-10-son qaroriga
3-ILOVA
Ichki ishlar organlarida kadrlar salohiyati darajasini oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarning
“YO‘L XARITASI”