Payvandlash transformatorlari Payvandlash transformatorlari payvandlashning turiga qarab turli konstruktsiyada tayyorlanadi. Ular elektr yoyi yordamida yoki kontakt usulida payvandlash qurilmalarida ishlatiladi. Payvandlash transformatori tarmoq kuchlanishini pasaytiruvchi oddiy bir fazali ikki chulg`amli transformatordir. Bunday transformator uchun ikkilamchi chulg`amning qisqa tutashish sharoitida ishlashi normal sharoit xisoblanadi. Qisqa tutashish tokining qiymatini kamaytirish maqsadida chulg`amlarning induktiv qarshiligi katta qilib tayyorlanadi. Shuning uchun payvandlash transformatorlarining quvvat koeffitsiyenti kichkina bo`ladi. Induktiv qarshilikni kattalashtirish uchun bunday transformatorlarda maxsus konstruktsiyadagi chulg`am yoki ikkilamchi chulg`am zanjiriga qo`shimcha induktiv qarshilik ulanadi. Chulg`amning induktiv qarshiligini kattalashtirish uchun sochilma oqim qiymatini kattalashtirish lozim. Buning uchun chulg`am o`zakning ikkita yoki bitta sterjenida turli balandlikda o`rnatiladi. Magnit o`tkazgichda magnit shuntlarni qo`llash ham sochilma oqimni va chulg`amning induktiv qarshiligini ancha oshiradi (6.1–rasm, a).
Payvandlash transformatorining ikkilamchi chulg`amining kuchlanishi 60 . . .70 V va nominal yuklama bilan ishlaganda 30 V bo`ladi. Elektr yoyning uzluksiz va turg`un yonib turishi uchun zanjirda tok deyarli o`zg`armasligi, induktivlik esa ancha o`zgarishi lozim. Payvandlash zanjirida tokni rostlash uchun transformatornnng ikkilamchi chulg`amiga magnit o`tkazgichli induktiv g`altak ketma–ket ulanadi (6.1.–rasm, b). Payvandlash toki induktiv g`altakning reaktiv qarshiligini o`zgartirib rostlanadi. Tok qiymati elektrod diametriga qarab tanlanadi. Induk–tiv g`altakning o`zagi qo`zg`almas va qo`zg`aluvchan qismlardan iborat. G`altakning reaktiv qarshiligi uning ko`zg`almas va qo`zg`aluvchan o`zaklari orasidagi masofaga bog`liq bo`ladi.
Havo oralig`i (δ) katta bo`lsa, g`altakning reaktiv qarshiligi kamayadi, zanjirda tok qiymati oshadi va aksincha. Havo oralig`ini o`zgartirib zanjirda payvandlash tokini 70 A dan 300 A gacha o`zgartirish mumkin. Payvandlash vaqtida ikkilamchi chulg`am kuchlanishi 30 V gacha kamanishi mumkin.
Bitta transformator bir nechta payvandlash apparatni ta’minlashi mumkin, lekin har bir apparat o`zining alohida reaktiv g`altagiga ega bo`lishi kerak. Reaktiv g`altak payvandlash qurilmasining tashqi xarakteristikasini keskin tushuvchi qilib uning egriligini oshiradi (6.1.–rasm, v) Amalda induktiv g`altak transformator bilan bir butun qurilma sifatida tayyorlanishi ham mumkin. Turli sohalarda STE–22, STE–34, STN–500 va boshqa markali payvandlash transformatorlari keng ishlatiladi. STE–34 markali payvandlash transformatorining texnik ta’rifi quyidagicha: Rn=30 kVA; U1/U2 = 220/60 V; I1/I2=147/500 A; salt ishlash toki 3,4%; o`zak markasi E41 = 0,5; FIK 93%; tok zichligi 3,2 A/mm2. Induktiv g`altakniki: kuchlanishi 50 V, po`lat markasi 341-0,5; tok zichligi 3,48 A/mm2.