Bizning oldimizda aholi bandligini ta’minlash va ishsizlikni kamaytirish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan zarur choralarni ko‘rish kabi muhim vazifa turibdi
Bizning oldimizda aholi bandligini ta’minlash va ishsizlikni kamaytirish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan zarur choralarni ko‘rish kabi muhim vazifa turibdi.
Ijtimoiy sohada bizni qiynaydigan bir qancha savollar bor, jumladan: mamlakatimizda barcha ishsizlar ish bilan ta’minlanayaptimi? Buning uchun yana nimalar qilish kerak? Xorijga ish qidirib ketganlarning qaysi muammolari hal etilmagan? Biz bir narsani to‘g‘ri tushunishimiz kerak: bitta ishsiz odam - o‘nta muammo degani. Bu muammolar ishsiz odamning o‘ziga, oilasi va mahallasiga, jamiyatga keltiradigan zararini hisoblasak, masalaning naqadar jiddiy ekani yanada oydinlashadi.
Ijtimoiy sohada samarali mexanizmlarni yaratishga to‘sqinlik qilayotgan bir qator tizimli muammo va kamchiliklar mavjudligini ham yaxshi tushunamiz.Avvalo, ijtimoiy himoyaga va doimiy yordamga muhtoj shaxslarni o‘z vaqtida hisobga olish mexanizmlarini samarali ishlatish, muhtojlik belgilari paydo bo‘lgan vaqtdan boshlab ularni kuzatib borish va qo‘llab-quvvatlashning, shu jumladan zamonaviy axborot- kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda bunday shaxslarning ijtimoiyahvolini ta’sirchan monitoring qilish,ularning turmush sharoitlarini har tomonlama baholash, individual rivojlanish dasturlarini ishlab chiqishva amalga oshirish, shuningdek, o‘z vaqtida zarur yordam ko‘rsatish imkonini beruvchi tizimni takomillashtirishga alohida ahamiyat qaratish darkor.
Jamoaviy yordam va ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarning oilasi, jamiyat va davlat bilan o‘zaro aloqasini kuchaytirish, ularning qulay muhitda bo‘lishi, shahar yo‘lovchi transporti, ijtimoiy va boshqa infratuzilma obyektlaridan tekin foydalanishi bo‘yicha zarur sharoitlar yaratish bu boradagi islohotlar ta’sirchanligini oshiradi.
Xotin-qizlar va yoshlarni ish bilan ta’minlash darajasini oshirish, ular tadbirkorligini rivojlantirish hamda og‘ir turmush sharoitida yashayotgan ayollarning og‘irini yengil qilishga xizmat qiladigan samarali faoliyat mexanizmlarining to‘la kuch bilan ishlamayotganini alohida ta’kidlash lozim.