Oilaviy tadbirkorlik, kasanachilik, tomorqa xo‘jaligi va xususiy biznes bilan mashg‘ul fuqarolarning zamonaviy mashinalar, uskunalar, xomashyo va materiallar xarid qilishiuchun moliyaviy resurslardan foydalanish imkoniyatlarini yanada kengaytiramiz.
Yaqin o‘n yilda aholi daromadlarining 2,5 - 3 marta ko‘payishiga erishish, eng kam ish haqini yashash minimumi miqdori darajasiga tenglashtirish bo‘yicha davlat dasturi ishlab chiqiladi.Barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalardan kelib chiqqan holda, 2030 yilgacha kambag‘allik darajasini 2 martaga kamaytirish choralari ko‘riladi.
Samarali migratsiya siyosatini amalga oshirish, xorijda mehnat qilayotgan fuqarolarimizga har jihatdan madad berish, qonuniy manfaatlarini himoyalash bo‘yicha uzluksiz ishlarni davom ettiramiz.
Kam ta’minlangan oilalarning 3 yoshgacha bo‘lgan farzandlariga to‘liq ovqatlanish uchun oylik naqd to‘lov yoki oziq-ovqat mahsulotlari hamda dori-darmonlar bepul berilishi bo‘yicha dastur qabul qilinadi.
Har qanday jamiyatning madaniyatlilik, bag‘rikenglik va mehribonlik xususiyatlari imkoniyati cheklangan, nogironligi bo‘lgan, boquvchisini yo‘qotgan shaxslar va keksalargabo‘lgan munosabati bilan belgilanadi.
Nogironlikni belgilash mezonlari jahon andozalariga mos ijtimoiy modelga bosqichma-bosqich o‘tkaziladi. Aholining muhtoj qismini protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya vositalari bilan ta’minlash bo‘yicha yangi tizim yaratiladi.Mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan nogironligi bo‘lgan shaxslarga qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish orqali ularning bandligiga ko‘maklashish, ularni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimi yanada takomillashtiriladi. Bu boradagi sa’y-harakatlarimizning huquqiy asoslari sifatida “Nogironlar huquqlari to‘g‘risida”gi kodeksni qabul qilishimiz kerak bo‘ladi.