A gepatitga qarshi o’choqdagi va profilaktik tadbirlar A gepatitida asosiy epidemiyaga qarshi tadbirlar klinik-diagnostik, ajratish, tartib - cheklash, sanitar-gigiyenik, dezinfeksion va dezinseksion tadbirlar hisoblanadi. Shoshilinch xabarnoma (058/x) olingach epidemik o’choq chegarasini,
infeksiya manbaini, yuqish yo’llari, omillarini va kasallik paydo bo’lishiga
ko’maklashgan shart-sharoitlarni aniqlash maqsadida o’choqda epidemiologik
tekshiruv o’tkaziladi. Bemor bilan yashirin davr oxirlaridan shifoxonaga
yotqizilgunicha muloqotda bo’lganlar aniqlanadi va ular ustidan 35 kun davomida
tibbiy kuzatuv yo’lga qo’yiladi. Tibbiy kuzatuvda termometriya, teri va shilliq
qavatlarni ko’rish, najas va siydik rangidagi o’zgarishlarni so’rash, jigarni
palpasiya qilish tegishli uchastka tibbiyot xodimlari tomonidan amalga oshiriladi.
Shu vaqt mobaynida bemor qayd etilgan uyushgan bolalar jamoalarida (bog’cha,
yasli, boshlang’ich sinflar) ommaviy tadbirlar, sport musobaqalari, o’yinlar
cheklanadi. Guruhga yangi bolalar qabul qilinmaydi yoki bu guruhdan boshqa
joyga bolalar o’tkazilmaydi. O’choqda sanitar-gigiyenik, dezinfeksion,
dezinseksion ishlar amalga oshiriladi. Shuningdek muayyan vaziyatlardan kelib
chiqqan holda muloqotdagilarda gammaglobulinoprofilaktika o’tkazish, zardob
fermentlarini (ALT, AST),Agepatitga nisbatan immunitet holatini (anti - AGV Ig
M va anti - AGV Ig G) aniqlash tavsiya etilishi mumkin.