34- bob. TASHQI SAVDO SIYOSATI 34.1. Tashqi savdo siyosatining mohiyati va vositalari Biror mamlakatning tashqi iqtisodiy faoliyatga bevosita va bilvosita aralashuvi
jarayoni eksport va import hajmi va tarkibiga ta’sir ko‘rsatish orqali ichki bandlilikni
ta’minlash, iqtisodiy o‘sishga erishish, makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash,
to‘lov balansini yaxshilash hamda valuta kursini tartibga solish maqsadlarini ko‘zda
tutadi. Davlat tomonidan amalga oshiriladigan bunday tadbirlar savdo siyosati deb
yuritiladi.
Savdo siyosati – budjet-soliq siyosatining tashqi savdo hajmlarini soliqlar, subsidiyalar, valuta nazorati va import yoki eksportni to‘g‘ridan-to‘g‘ri cheklashlar orqali tartibga solishni o‘z ichiga olgan nisbatan mustaqil yo‘nalishidir. Tashqi savdoni cheklash borasida olib borilayotgan har qanday chora- tadbirlar
qisqa muddatli samara beradi. Uzoq davrda esa, faqat erkin savdogina iqtisodiy
resurslarni samarali joylashtirish imkonini beradi. Shuning uchun ham ko‘pgina
mutaxassis-iqtisodchilar mamlakat iqtisodiyoti va aholisi turmush darajani yaxshilash
uchun erkin tashqi savdo siyosati foydaliroq, chunki, tashqi savdoni cheklashga
nisbatan uni erkinlashtirish iqtisodiy resurslardan samarali foydalanishga ko‘proq
imkoniyat yaratadi, deb hisoblashadi.
Garchand, erkin savdo jahon iqtisodiyoti nuqtai nazaridan foydali bo‘lishi
mumkin bo‘lsada, ammo alohida olingan mamlakat iqtisodiyoti manfaati nuqtai
nazaridan erkin savdo hamma vaqt ham foydali bo‘lavermaydi.
Tashqi savdoni cheklash usullarining 50 dan oshiqroq turi mavjud. Ularning
ayrimlari davlat g‘aznasini to‘ldirishga yo‘naltirilgan bo‘lsa, ba’zilari umuman
importni cheklashga va yana boshqasi esa eksportni cheklashga yoki
rag‘batlantirishga yo‘naltirilgan. Amaliyotda tashqi savdoni tartibga solishning ta’rif
va nota’rif usullaridan foydalaniladi.
Ta’rif usullariga import va eksport bojlarini joriy qilish kirsa, nota’rif
usullariga eksporterlar va ishlab chiqaruvchilarga subsidiyalar berish, kvotalash,
litsenziyalash kabilar kiradi.
Bojxona bojlari avvalo import bojlari va eksport bojlariga ajraladi.
Import bojlari davlat budjetini to‘ldirish maqsadida va ichki bozorlarga
tushadigan chet el tovarlari oqimini tartibga solish uchun belgilanadi. Eksport bojlari
mamlakat ichida talab ko‘p bo‘lgan mahsulotlar taqchilligining oldini olish
maqsadida belgilanadi.