Bog‘lanishli nutq. Boshlang‘ich sinflarda olib boriladigan ta’limiy ishlarning asosiy yo‘nalishlaridan biri o‘quvchilarning og‘zaki va yozma nutqini o‘stirish, muomala odobini shakllantirish hisoblanadi.
O‘quvchilar nutqini o‘stirish ustida ishlash savod o‘rgatishning birinchi kunlaridanoq, o‘qish va ona tili darslari, atrofimizdagi olam, matematika va boshqa fanlar, sinfdan tashqari mashg‘ulotlar bilan bog‘liq holda izchillik bilan davom ettiriladi. Nutqiy mashqlardan bog‘lanishli nutqqa oid og‘zaki va yozma mashqlarga alohida ahamiyat beriladi. «Sinfda, sinfdan tashqari o‘qish va nutq o‘stirish» dasturiga ko‘ra o‘qilgan matnni qayta hikoyalash (og‘zaki bayon), o‘qiganlari, ko‘rgan-bilganlari, eshitganlari asosida og‘zaki hikoya tuzish(insho)ga oid og‘zaki mashqlar o‘tkaziladi; «Fonetika, grammatika, imlo va nutq o‘stirish» dasturiga ko‘ra kichik yoshdagi o‘quvchilarning yoshlariga mos ravishda namuna asosida matn tuzishga va uni lug‘aviy-imloviy tayyorgarlikdan so‘ng, o‘qituvchi yordamida yozish(bayon)ga doir ko‘rgan bilganlari, o‘qiganlari, kuzatishlari asosida matn tuzishlariga, ya’ni inshoga oid mashqlarni bajarishga o‘rgatib boriladi.
Boshlang‘ich sinflarda bayon va insho ta’limiy xarakterda bo‘ladi. Bayon ham, insho ham kichik hikoya shaklida bo‘lishi zarur.
Tabiatni kuzatishga, qatnashuvchi shaxslarning tashqi ko‘rinishini tasvirlashga oid hikoyaga nega?, nima uchun? kabi so‘roqlarga javob bo‘ladigan muhokamaga oid bir-ikki gap qo‘shib boriladi. Buning uchun o‘quvchilar avval tabiat hodisalari, kishilar mehnat va narsalarni tasvirlab, ikki-uch gapni og‘zaki tuzishga, ma’lum tayyorgarlikdan so‘ng ularni yozishga o‘rgatilishi kerak. Bog‘lanishli nutq mashqlarini o‘tkazishga dasturda maxsus soatlar ajratilmaydi. Boshlang‘ich sinflarda lug‘aviy-imloviy tayyorgarlikdan so‘ng bayon yozdirishga, hikoyani og‘zaki tuzdirish (insho) va berilgan savollarga javob yozdirishga 10-15 kunda bir dars ajratish tavsiya etiladi.
Husnixatga o‘rgatish.Yozuvga husnixatga o‘rgatishning vazifasi harf, so‘z, gap va matnni to‘g‘ri va chiroyli yozishni takomillashtirishdir. Yozuvni o‘rganish jarayonida o‘quvchi tovushning belgisi bo‘lgan harfni, so‘z va gapni kitobdan va doskadan to‘g‘ri, husnixat qoidalariga rioya qilib ko‘chirib yozish, yozganlarini tekshira olish va yo‘l qo‘ygan kamchilik hamda xatolarini o‘qituvchi rahbarligida yoki o‘zi tuzata olishi kerak.
1-sinfda o‘quv yilining yarmidan boshlab husnixat malakalarini takomillashtirib boriladi. 2-4-sinflarda esa har bir ona tili darsining 8-10 daqiqasini husnixat mashqlariga ajratish tavsiya etiladi.
2-sinfda qo‘l muskullari harakatini va ko‘z bilan chamalashni rivojlantirish uchun ayrim harflar, harf birikmalari, harflar guruhini yozishni murakkablashib borishiga qarab husnixat mashqlari o‘tkazib boriladi. O‘quvchilar harflardan tashqari so‘zlarni, gaplarni, ko‘chirib yozishni, eshitib yozishni mashq qiladilar.
3-4-sinflarda grafik mashqlar hisobiga yozilishi murakkab bo‘lgan harflar va ularni boshqa harflarga bog‘lab yozish mashqlaridan keng foydalaniladi, matn ko‘chirib, eshitib va mustaqil yozishni o‘rganadilar.
Husnixatga oid kamchiliklarni (harflarning qiyaligiga yetarli e’tibor bermaslik, balandlik va kenglik o‘lchamini, shaklini buzib yozish kabi), shuningdek, har qaysi bolaning yozuviga xos bo‘lgan boshqa xatolarni tuzatish yuzasidan ayrim guruh o‘quvchilari bilan birgalikda va yakkama-yakka mashqlar ham o‘tkazib boriladi. Shu maqsadda yozuv namunalarini ko‘rsatib berish bilan birga, 1-2-sinf barcha o‘quvchilarning daftarlarini har kuni tekshirib borish, chiroyli va savodli yozishga oid mashqlar yordami bilan ham ona tilidan o‘rganilgan bilimlarni mustahkamlab borish tavsiya etiladi.
Doimiy tekshirish va baholash berilgan bilimlarning mustahkamlashni ta’minlovchi ta’limiy shartlardan biridir. Ona tilidan o‘rganilgan bilimlarni o‘quvchilar qanday o‘zlashtirganini aniqlashda yozma ish mashqlarning asosiy turlari bo‘lgan ko‘chirib yozish, ta’limiy (ta’kidiy, izohli, rasm, lug‘at, ijodiy, erkin) va tekshirish diktantlari hamda ta’limiy bayon va insholardan foydalaniladi.
Tekshirish maqsadida o‘tkaziladigan yozma ishlar lug‘at diktanti uchun taxminiy so‘z soni: 1-sinfda savod o‘rgatishdan so‘ng 8-10 so‘z, 2-sinfda 10-12 so‘z, 3-sinfda 14-16 so‘z, 4-sinfda 18-20 so‘z; tekshirish diktanti uchun tanlanadigan matndagi so‘z soni: o‘quv yilining oxiriga kelib 1-sinfda 15-20 so‘z, 2-sinfda 30-40 so‘z, 3-sinfda 50-60 so‘z, 4-sinfda 75-80 so‘z.
Bayon: 2-sinfda 35-40 so‘zli matn yuzasidan so‘roq gaplardan tuzilgan tayyor reja asosida bayon yozish; 3-sinfda 55-60 so‘zli va 4-sinfda 70-80 so‘zli matn yuzasidan birgalikda tuzilgan reja asosida so‘ngra esa mustaqil ravishda tuzilgan reja asosida bayon yozish.
O‘quvchilarni har bir darsda kitob bilan ishlashga (o‘rganilayotgan mavzuni, kerakli qoidani, mashqni tezda topishga, mashq topshiriqlarini tartibi bilan izchil bajarishga) bajarilayotgan mashqning maqsadini (nimaga o‘rgatishini) tushunishga o‘rgatish kerak.
O‘quvchilarda bilish jarayonini faollashtirish va ona tilidan beriladigan bilimlarni puxta o‘zlashtirish uchun ta’limiy o‘yinlar qatnashadigan turli qiziqarli mashqlar, boshqotirma krossvord – kataklarni harflar bilan to‘ldirib, o‘ylangan so‘zlarni topishga oid topishmoq mustaqil ma’noga ega bo‘lgan bir necha so‘zdan tuzilgan so‘zni topish (belbog‘, gultojixo‘roz); so‘z yoki gapni shakl, harf, belgilar bilan ifodalaydigan topishmoq; har xil ko‘rgazmali qurollar, texnik vositalardan foydalanish va darsda ish orqali bolalarning toliqishining oldini olishga hamda dasturda tavsiya etilgan ta’limiy, tarbiyaviy va rivojlantiruvchi vazifalarni birgalikda hal etishga erishish zarur.