2. Tayyorgarlik davrida yozuv darslari (4 soat) Yozuv darslari o‘qish darslari bilan uzviy bog‘langan holda, biri ikkinchisiga bevosita aloqadorlikda olib boriladi. Yozuv darslarining ilk bosqichida o‘quvchilarda yozuv qoidalarga oid ko‘nikma va malakalar shakllantiriladi. O‘quvchilar ruchkani to‘g‘ri ushlash, yozuv holatida bosh va yelkani mutanosib tutish, daftar qiyaligini to‘g‘ri chamalashga o‘rgatiladi. (daftar parta ustiga belgilangan 75є qiyalikda qo‘yiladi).
Qo‘lni yozuvga tayyorlash, qo‘l panjalari va mayda muskullar harakatini rivojlantirishga oid boshlang‘ich yozuv mashg‘ulotlari va jismoniy qo‘l harakati mashg‘ulotlari o‘tkaziladi.
Tayyorgarlik davri yozuv darslarida o‘quvchilar yozuv daftaridan to‘g‘ri foydalanish, yozuv mashg‘ulotlari gigiyenasiga oid ilk ko‘nikma va malakalarni egallaydilar.
Bu davrda “Alifbe” darsligi va yozuv daftarida ko‘rsatilgan yozuv yo‘li bo‘ylab chamalash mashqlari (bayroqchalar chizish, bir xil masofada nuqtalar qo‘yish, ilgakchalar, tayoqchalar, kabilar) asosida mashg‘ulot o‘tkaziladi.
Tayyorgarlik davri yozuv darslarida o‘quvchilar egallashi lozim bo‘lgan tushuncha va ko‘nikmalar quyidagilardan iborat: Yozuv daftari bilan o‘quvchi oralig‘ida muayyan masofani saqlash; yozuv qurollaridan to‘g‘ri foydalanish; parta ustiga daftarni to‘g‘ri qo‘yish; yozayotganda gavdani to‘g‘ri tutish va tirsaklarni to‘g‘ri harakat qildirish; yozuv elementlarini to‘g‘ri idrok etish (qayerdan boshlash, qayerda to‘xtalish, o‘ngga, chapga burilish, yoza boshlash va h.k.)
Alifbegacha (tayyorgarlik) davrida yuqoridagi tushuncha va ko‘nikmalarning shakllantirilishi alifbe davrida darsni yanada samarali olib borish uchun imkoniyat yaratadi.
Alifbe davri (120 soat) 1. O‘qishga o‘rgatish (60 soat)
Unli va undosh tovushlar, ularning talaffuzidagi farqlanish haqida ma’lumot berish.
Harf va tovush munosabatiga oid tushunchalar bilan o‘quvchilarni tanishtirish.
Kesma harf va bo‘g‘inlar asosida so‘z hosil qilish, tuzilgan so‘zlarni to‘g‘ri o‘qish.
So‘zlarni avval bo‘g‘inlab, so‘ngra bo‘g‘inlab ravon o‘qishga o‘rgatish.
Tinish belgilariga rioya qilib, ifodali o‘qishga o‘rgatish.
O‘qish jarayonida amal qilinishi lozim bo‘lgan gigiyena qoidalariga rioya qilishga o‘rgatish.