Unli va undosh harflarning bosh va kichik shakllarini yozish. O‘quvchida yozuv sifatini, ya’ni: harflarni to‘g‘ri bog‘lab yozish; harflarni belgilangan qiyalikda yozish; har bir qatorda harflarning bir xil balandlikda bo‘lishiga erishish; harf unsurlari, harflar va so‘zlar orasidagi masofalarni bir xilda saqlash kabilarni shakllantirish.
Har bir harf yoki harflarning bog‘lanishi, og‘zaki yoki doskaga tushuntirish orqali, qo‘lni qayerga qo‘yish, qayerda bu harakatni burish yoki uzish kerakligi, harflarning yozuv chizig‘i bo‘ylab joylashishi haqida nazariy va amaliy tushuncha va malakalarni rivojlantirish.
Avval nuqtalar bilan ifodalangan harflar ustidan qo‘lni yurgizib, so‘ng namunaga qarab yozishga o‘rgatish.
Harflarning shaklini tasavvur orqali yozdirish asosida yozuvga o‘rgatish.
Bir va undan ortiq bo‘g‘inlardan tashkil topgan talaffuzi va yozilishi bir xil so‘zlarni, 2-3 so‘zdan tuzilgan gaplarni eshitib yozish.
So‘z va gapni to‘g‘ri yozish. (Gapning birinchi so‘zini bosh harf bilan yozish, so‘ngiga tinish belgisini ( nuqta) qo‘yish).
Eshituv va ko‘ruv xotirasiga asoslangan kichik diktantlar yozish.
Bog‘lanishli nutq (matn) ustida ishlash Og‘zaki nutq madaniyatini egallash, unga xos xususiyatlarni bilish; o‘quvchilarni gap va nutqni grammatik, orfografik, stilistik jihatdan adabiy til me’yorlariga rioya qilgan holda tuzishga o‘rgatish. Og‘zaki nutqni rivojlantirish uchun o‘quvchilar lug‘at boyligini izchil oshirib borish, gapning sintaktik tuzilishiga oid bilimlarni amaliy jihatdan egallash, nutq birliklari o‘rtasidagi mantiqiy uyg‘unlikni ta’minlashga oid malakalarni rivojlantirish, yangi harf-tovushga bog‘lab tavsiya etilgan so‘zlar ma’nosini o‘quvchilar to‘liq anglashiga erishish, rasm asosida o‘zaro bog‘langan kichik hikoyalar tuzishga o‘rgatish.
O‘quvchilarning bog‘lanishli nutqini o‘stirishga oid ta’limiy ishlarni amalga oshirish: O‘quvchilar bilan rasmlar asosida hikoya tuzish; rasm mazmuniga mos sarlavha topish; alifbe darsligi va sinfdan tashqari mashg‘ulotlarda o‘rganilgan o‘quv materiallarini qayta hikoyalash; savollarga to‘liq va ravon javob berish; adabiy nutq me’yorlarini amaliy jihatdan o‘rgatishga e’tibor qaratish (bu sohada o‘qituvchi nutqi o‘quvchilar uchun namuna bo‘lishi kerak); topishmoq, maqol, hikmatli so‘zlar ustida ishlash (darslik materiallari va sinfdan tashqari o‘qish uchun tanlangan o‘quv materiallari asosida); kichik guruhlar bilan ishlashda sinf o‘quvchilarini tez ajratish, guruhlarga bog‘lanishli matn tuzishga oid muammoli topshiriqlar berish, guruhlar javobini sharhlash asosida g‘olib guruhni rag‘batlantirish; yakka tartibda (individual) ishlarda o‘quvchida o‘z nutqini rivojlantirib borishga ishtiyoq uyg‘otish (lug‘at daftari, yangi she’r, hikoya, ertak mutolaasi asosida); so‘zlarni yaxlit, gaplarni ifoda mazmuniga (darak, buyruq, so‘roq) mos ohangda o‘qishga erishish; qahramon xarakterini ohang orqali ifodalash; matn ichida qo‘llanilgan tinish belgilariga rioya qilish malakasini shakllantirish; 4 va 8 misrali she’rlarni yod oldirish.
Lug‘at ustida ishlash. O‘quvchilar nutqini boyitish, ular nutqida kam qo‘llaniladigan so‘zlarni alohida yozdirib borish, dars jarayonida lug‘at daftaridagi so‘zlarning ishlatilishiga e’tibor berish bilan qo‘shib olib borilish.
Sinfdan tashqari o‘qish uchun hajm va mazmun jihatidan 1-sinf Alifbe davri uchun mos ertak, hikoya, masal kabilarni to‘g‘ri tanlash va o‘qish. O‘qigan asarlaridagi qahramonlar xatti-harakatini, she’r, topishmoq, maqol, tez aytishlarni elementar baholay olishi lozim. Har bir haftaning oxirgi o‘qish darsidan 20 daqiqasi sinfdan tashqari o‘qish uchun ajratiladi. Sinfdan tashqari o‘qish mashg‘ulotlari uchun sinf kutubxonasini tashkil qilish lozim.
O‘quvchilarni sinfdan tashqari o‘quv materiali bilan tanishtirishda ifodali, jonli nutq sharoiti, pedagogik mahorat va artistlik ko‘maklarini uyg‘un qo‘llash lozim.
Sinfdan tashqari o‘quv mashg‘ulotlarida o‘quvchilarning ota-ona yoki o‘qituvchi ko‘magida o‘rgangan she’r, hikoya va ertaklaridan namuna aytib berishlari, uyda bolani kitobga havas uyg‘otuvchi muhit yaratishga erishish.