Ona tili fanidan o‘quv dasturi
Uqtirish xati
“Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonunda ta’limning ravnaqi, uning insonparvarligi, ta’lim va tarbiya tizimining uzluksizligi, ilmiyligi va dunyoviyligi, ta’limda umuminsoniy va ilmiy qadriyatlarning ustuvorligi, davlat ta’lim standartlari doirasida hammaning bilim olishi uchun imkoniyat yaratilishi ta’kidlab ko‘rsatilgan.
Uzluksiz ta’lim tizimida boshlang‘ich ta’lim muhim bosqich hisoblanadi va unda ona tilini o‘qitish asosiy o‘rin egallaydi. Ona tili dasturi quyidagi bo‘limlarni o‘z ichiga oladi:
1. Savod o‘rgatish, nutq o‘stirish.
2. Fonetika, grammatika, imlo va nutq o‘stirish.
Boshlang‘ich sinflar ona tili ta’limi o‘quvchilarda nutq faoliyatining asosiy turlarini o‘stirish bilan bir qatorda, quyidagi muhim masalalarni hal etishni ko‘zda tutadi: Boshlang‘ich sinflarda ona tilidan beriladigan bilimlar mazmunini o‘zbek tilining tovush tuzilishi va yozma nutqda tovushlarni ifodalash usullari haqidagi, so‘zlarning o‘zgarishi va gapda so‘zlarning bog‘lanishi haqidagi, so‘zlarning morfemik tarkibi va so‘z yasalishi, so‘zlarning leksik – semantik guruhi haqidagi, o‘zbek tilining to‘g‘ri yozuv qoidalari va tinish belgilarining ishlatilishi haqidagi bilimlar tashkil etadi. Berilgan bu bilimlar o‘quvchilar nutqini o‘stirishga xizmat qiladi.
Ona tili o‘qitishning mazmuni va metodlari o‘quvchilarga dastur talab qilgan hajmda puxta bilim berish, ko‘nikma va malakalar hosil qilishga ko‘maklashishi lozim.
Maktabni bitirib chiqqan yoshlar ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy hayotning rang – barang jabhalarida, muloqot va munosabatning barcha turlarida o‘zbek tilidan bemalol – erkin, samarali va to‘g‘ri foydalana olish, uning cheksiz imkoniyatlaridan to‘laqonli bahramand bo‘lish, zaruriy ko‘nikma va malakalarga ega bo‘lishlari kerak.
«Ona tili» darslarida o‘quvchilarni mustaqil va ijodiy fikrlashga yo‘naltirish lozim. Shuning uchun ushbu dastur va u asosida yaratilajak darsliklarda grammatik qoidalarni yodlatishdan voz kechish, ijodiy tafakkur tarzini shakllantirish, dars va mashg‘ulotlarni o‘quvchilarning nutqiy malakasini yuzaga keltirishga qaratish maqsad qilib olindi.
Ona tili ta’limi oldida quyidagi bosh maqsad turadi: ona tili mashg‘ulotlari bolalarda ijodiylik, mustaqil fikrlash, ijodiy fikr mahsulini nutq vaziyatiga mos ravishda og‘zaki va yozma shakllarda to‘g‘ri, ravon ifodalash ko‘nikmalarini shakllantirish va rivojlantirishga qaratilishi lozim. Savod o‘rgatish, sinfdan tashqari o‘qish va nutq o‘stirish
Savod o‘rgatish davri sentabrdan dekabrgacha davom etadi. Savod o‘rgatish jarayoni ikki davrni: alifbogacha tayyorlov davri va alifbo (asosiy) davriga ajratiladi. Tayyorlov davri ikki bosqichga bo‘linadi:
Tovush – harf o‘rganilmaydigan bosqich;
Unli tovushlar va harflar o‘rganiladigan bosqich.
Alifbo davri o‘rganiladigan tovush va harflar, so‘zlarning va bo‘g‘inlarning tuzilishi, murakkablik darajasiga ko‘ra 3 bosqichga bo‘linadi.
Bu davrda bolalarning fonematik eshitish qobiliyatlari o‘stiriladi, o‘quvchilarning atrof-muhit haqidagi tasavvurlari boyitiladi.
Savod o‘rgatish darslari o‘quvchilarning umumiy kamolotiga, ularda do‘stlik, o‘rtoqlik kabi xislatlarni milliy qadriyatlarni shakllantirish, jamoa ichida o‘zini boshqarish, mehnatsevarlik, halollik, rostgo‘ylik, o‘qishga ongli munosabatda bo‘lish kabi ijobiy xususiyatlarni tarbiyalashga ko‘maklashuvi lozim.
Boshlang‘ich ta’limda o‘qish va yozishga o‘rgatish tilshunoslik, pedagogika, adabiyotshunoslik va metodika sohasida erishilgan yutuqlarga asoslangan, takomillashgan hozirgi zamon analitik-sintetik tovush metodi vositasida amalga oshiriladi hamda o‘quvchilar nutqini rivojlantirishni nazarda tutadi. Darsda o‘quvchilar gapni so‘zlarga, so‘zni bo‘g‘inlarga, bo‘g‘inni tovushlarga ajratadilar, so‘zdagi tovushlarni tartibi bilan aytishni o‘rganadilar, o‘rganilgan tovushlarni o‘zaro bog‘lab so‘z tuzish va o‘qish yuzasidan mashq qiladilar. Bolalar tovushlarni yozuvda harf bilan ifodalash, harflardan bo‘g‘in va so‘z tuzishga, ularni o‘qishga o‘rganadilar. Gap va bog‘lanishli matnni ongli, to‘g‘ri, bo‘g‘inlab ravon o‘qish, so‘ngra so‘zni butunicha sidirg‘a o‘qish malakasini egallaydilar.
O‘quvchilarni o‘qish va yozishga o‘rgatish baravar olib boriladi. Yozuvda tovushlarni harflar bilan belgilashga, harflar va bo‘g‘inlardan so‘z tuzishga, so‘z va gaplarni yozma to‘g‘ri shakllantirishga, talaffuzi bilan yozilishida farq qilmaydigan so‘zlarni va qisqa gaplarni eshitib yozishga, gapning birinchi so‘zini, kishilarning ismini, shahar, qishloq, ko‘cha nomlarini, ayrim hayvonlarga atab qo‘yilgan nomlarni bosh harf bilan yozishni bilib oladilar.
Savod o‘rgatish darslarida o‘quvchilarning boshqalar nutqini diqqat bilan tinglash va nima haqida gapirayotganini tushunib olish ko‘nikmalari o‘stiriladi. Bolalar sinfdoshlari oldida gapirishga, o‘qituvchining savollariga javob berishga, topshiriqlarni mustaqil bajarishga, bilmagan va o‘zlari qiziqqan narsalar to‘g‘risida so‘rab bilib olishga, o‘qiganlarini qayta hikoyalashga, o‘zlari kuzatgan, ko‘rgan kinofilmlar hamda eshitgan va o‘qigan hikoya, ertaklari, kuzatgan rasmlari haqida hikoya qilib berishga o‘rganadilar.
Savod o‘rgatish davrida o‘quvchilar olgan bilim va hosil qilingan ko‘nikmalar birgalikda o‘qish jarayonida maxsus sinfdan tashqari o‘qish mashg‘ulotlarida bolalar adabiyoti namunalari bilan tanishtirishga tatbiq etiladi. Savod o‘rgatish davrida sinfdan tashqari o‘qish haftada bir marta o‘tkaziladi va unga o‘qish darslarining ikkinchi qismidan 15- 20 daqiqa ajratiladi. O‘qish va yozishga o‘rgatish darslarida bolalar ruhiyatini hisobga olgan holda ish turlarini mukammallashtirish talab etiladi, dam olish mashqlari o‘tkaziladi. “Alifbe”, kartoteka va metodik qo‘llanmalarda berilgan didaktik o‘yinlardan foydalanib, bir turidan boshqa turiga o‘tiladi va o‘quvchilar toliqishining oldi oladi.
Savod o‘rgatish davrida o‘quvchilar o‘qituvchi rahbarligida tabiatdagi o‘zgarishlar, kishilarning turli mavsumda bajaradigan mehnatlarini kuzatadilar va shular asosida hikoya tuzishni o‘rganadilar. Bu davrda olib boriladigan barcha ishlarda oila va maktab hamkorligining uzviyligi, o‘zaro muomala madaniyati alohida ahamiyat kasb etadi.
Dostları ilə paylaş: |