O‘zbekiston va Rossiya: strategik sherik va ishonchli do‘st
Davlatimiz rahbari rasmiy tashrif dasturining ikkinchi kunida Moskva shahrining Aleksandr bog‘idagi Noma’lum askar qabriga gulchambar qo‘ydi.
Kreml devorlari yonida joylashgan ushbu yodgorlik Ikkinchi jahon urushida Vatan himoyasida mardlarcha jang qilgan va halok bo‘lgan millionlab askarlar xotirasiga bag‘ishlab barpo etilgan, ajdodlarimiz jasorati va matonati ramzidir.
O‘zbekiston Prezidenti insoniyatning tinch kelajagi yo‘lida jonini fido qilgan qahramonlar xotirasiga hurmat bajo keltirdi.
Kremlda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning tor doiradagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv avvalida Shavkat Mirziyoyev Vladimir Putinga har doimgidek samimiy qabul va mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirib, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarining bugungi holatini yuksak baholadi.
Tomonlar O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikning jadal sur’atini mamnuniyat bilan qayd etdilar.
Ushbu oliy darajadagi tashrifga tayyorgarlik doirasida bir qator tadbirlar, shu jumladan, Hukumat rahbarlari darajasidagi qo‘shma komissiyaning to‘rtinchi yig‘ilishi, tibbiyot, rektorlar va hududlar forumlari muvaffaqiyatli o‘tkazilgani ta’kidlandi.
Sanoat kooperatsiyasi jadal rivojlanmoqda. O‘zbekistonda Rossiya investitsiyalari hajmi oshib bormoqda.
Prezidentlar hududlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish muhim ekanini qayd etdilar. 4-oktyabr kuni Qozon shahrida o‘tgan uchinchi Hududlararo hamkorlik forumi yakunida 3,5 milliard dollarlik bitim va shartnomalar imzolandi.
Hududlar kesimida sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha yil bo‘yi o‘zaro tashriflar reja-jadvalini o‘z ichiga olgan “yo‘l xaritasi”ni tayyorlash yuzasidan kelishuvga erishildi.
Uchrashuv chog‘ida Rossiyada mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston fuqarolari uchun ijtimoiy kafolatlarni ta’minlash masalalari ham batafsil ko‘rib chiqildi.
Kuni kecha Butunrossiya ko‘rgazma markazida O‘zbekistonning yangilangan paviloni ochildi.
Prezidentlar tadbirlarga boy va serqirra madaniy-gumanitar hamkorlikni yuqori baholadilar. Muhim madaniy voqealar: Moskvada “Lazgi” milliy baleti premerasi, O‘zbekiston madaniyati kunlari, mamlakatimizda esa “Rossiya fasllari” loyihasi doirasidagi tadbirlar bo‘lib o‘tdi.
Davlat rahbarlari 2024-2025-yillarga mo‘ljallangan Madaniy hamkorlik dasturini qabul qilishga kelishib oldilar.
Tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Samimiy va do‘stona o‘tgan uchrashuv yakunida tomonlar keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash borasidagi intilish qat’iy ekanini yana bir bor tasdiqladilar.
Ikki davlat yetakchilari tor doiradagi uchrashuvdan so‘ng muzokaralarni rasmiy delegatsiyalar a’zolari ishtirokida kengaytirilgan tarkibda davom ettirdilar.
Davlatimiz rahbari O‘zbekiston – Rossiya munosabatlarining barcha yo‘nalishlari bo‘yicha hamkorlik izchil kengayib borayotgani va salmoqli darajada yuksalayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.
Savdo-iqtisodiyot va investitsiya sohalaridagi aniq yo‘naltirilgan birgalikdagi faoliyat natijalari yuqori baholandi, ular sifat jihatidan o‘zgargani ta’kidlandi.
Sanoat kooperatsiyasini, eng avvalo, mashinasozlik, metallurgiya, energetika, qayta ishlash, to‘qimachilik, oziq-ovqat sanoati va boshqa tarmoqlarda kengaytirish bo‘yicha doimiy faoliyat yurituvchi qo‘shma guruh tuzilgan.
Muzokaralarda madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan bir qator boshqa kelishuvlarga erishildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin Keng ko‘lamli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini chuqurlashtirish to‘g‘risida qo‘shma bayonot qabul qildilar.
Davlat rahbarlari huzurida ikki mamlakat hukumatlari va vazirliklari tomonidan imzolangan 10 ta hujjat almashildi. Samarqand shahrida Rossiya Federatsiyasining bosh konsulxonasini ta’sis etish, vakolatli iqtisodiy operator institutlarini o‘zaro tan olish, “Agroekspress” tezkor temir yo‘l tashuvlarini tashkil etish loyihasini amalga oshirish to‘g‘risidagi bitimlar, Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida 2024-2025-yillar uchun hamkorlik dasturi, shuningdek, transport, ilm-fan, ta’lim va madaniyat sohalarida hamkorlik bo‘yicha hujjatlar shular jumlasidan.
Ushbu kelishuvlar O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi hamkorlikni bir qator istiqbolli yo‘nalishlarda yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Prezidenti Vladimir Putin muzokaralardan so‘ng ommaviy axborot vositalari vakillari uchun brifing o‘tkazdilar.
Yetakchilar sermazmun muzokara o‘tkazganlari, ularda O‘zbekiston – Rossiya munosabatlarining barcha yo‘nalishlari batafsil muhokama qilingani, o‘zaro manfaatli hamkorlikning yangi istiqbollari belgilab olinganini ta’kidladilar. Ikki tomonlama ko‘p qirrali hamkorlik yuqori sur’atda ekanini, barcha sohalarda salmoqli natijalarga erishilayotganini qayd etdilar.
O‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish va uni yangi marralarga yetkazish borasidagi intilish qat’iy ekani tasdiqlandi.
O‘zbekiston Prezidenti mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikda nafaqat miqdoriy ko‘rsatkichlar barqaror o‘sib borayotgani, balki sifat jihatidan o‘zgarishlar ro‘y berganiga e’tibor qaratdi. Xususan, ilgari o‘zaro tovar ayirboshlash tarkibining aksariyatini xomashyo tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kunda savdoning 70 foizi yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlarga to‘g‘ri kelmoqda.
Investitsiya sohasida ham yengil va kimyo sanoati, avtomobilsozlik va mashinasozlik, sog‘liqni saqlash va farmatsevtika tarmoqlarida innovatsion loyihalar salmog‘i ortib borayotgani kuzatilmoqda.
Rossiya fuqarolari orasida O‘zbekistonning turistik jozibadorligi oshayotgani qayd etildi. Rossiyalik sayyohlar oqimi yil boshidan buyon 20 foizga oshgani ko‘rsatib o‘tildi.
Tomonlar 2024-2025-yillarda Madaniyat, san’at va adabiyot kunlarini o‘zaro tashkil etishga kelishib oldilar.
Madaniyat, ta’lim va tibbiyot sohalarida ikki tomonlama aloqalarni yanada kengaytirish muhimligi aytildi.
Prezidentlar an’anaviy va yangi tahdid hamda xatarlarga, eng avvalo, terrorizm, ekstremizm, uyushgan jinoyatchilik va narkotrafikka qarshi kurashish masalalari diqqat markazida qolayotganini ta’kidladilar.
Tomonlar erishilgan kelishuvlar va imzolangan hujjatlar strategik sheriklik va ittifoqchilikni yanada rivojlantirishga, O‘zbekiston va Rossiya xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik aloqalarini mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.
O‘zbekiston Prezidenti Rossiya Federatsiyasi Hukumati Raisi Mixail Mishustin bilan muzokara o‘tkazdi.
Uchrashuv Rossiya Hukumatining Muvofiqlashtirish markazida bo‘lib o‘tdi.
Ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Tovar ayirboshlash sur’atini saqlab qolish va kooperatsiya aloqalarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi. Sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish bo‘yicha ishlarni samarali muvofiqlashtirish uchun qo‘shma Ishchi guruhi tuzilgan.
Raqamlashtirish, sog‘liqni saqlash, ta’lim sohalarida hamda O‘zbekistonda elektron savdoni joriy qilish bo‘yicha loyihalarni birgalikda amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Ikki mamlakat hududlarining amaliy sherikligini yanada rivojlantirish va uni aniq loyihalar bilan boyitish uchun keng imkoniyatlar borligi qayd etildi.
Shaharsozlik, uy-joy fondini renovatsiya qilish sohalarida tajriba almashishni yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi.
Muzokaralar yakunida Prezidentimiz Rossiya Hukumati Raisini rasmiy tashrif bilan mamlakatimizga kelishga taklif etdi.
So‘ng O‘zbekiston delegatsiyasi Rossiya Hukumatining Muvofiqlashtirish markazi bilan tanishdi. Mixail Mishustin davlatimiz rahbariga ijro hokimiyati organlarining tezkor va kelishilgan harakatlarini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan ushbu doimiy faoliyat yurituvchi idora faoliyati to‘g‘risida batafsil axborot berdi.