Sharq madaniy tafakkuri va ajdodlarimiz merosida mutolaa va kitobxonlik. Xalqimizning kitobxonlikkka, so‘z san’atiga bo‘lgan cheksiz muhabbat va oshuftaligining ildizi shonli tariximining eng olis nuqtalariga borib taqaladi. Zero, bizning elda, baxshilarimiz tilida “Alpomish” dostoni yangrab, tog‘u toshlar sel bo‘lib oqqan asrlarda boshqa elatlar endigina patqalamga o‘rgana boshlagan edi.
O‘rta Osiyoda ifodali o‘qish san’atining taraqqiy etishida “Avesto”, “Bundaxishn”, “Dinkard” kabi diniy xarakterdagi asarlaming ahamiyati katta bo‘lgan. Inson axloqini poklashga qaratilgan ushbu asarlar ko‘proq og‘zaki ijrochilik vositasida xalq orasiga kirib borganligi ma’lum. Jumladan, “Avesto”ning asosiy mohiyatini tashkil etgan.
“Ezgu fikr, ezgu so‘z, ezgu am al” ta’limotini xalq o‘rtasida targ‘ib qilib, odamlar qalbida ezgulik tuyg‘ularini uyg‘otishda kohinlarning xizmati beqiyos edi. Kohinlar faqat din targ‘ibotchilari sifatidagina emas, balki ifodali so‘z sehri bilan mo‘jizalar ko‘rsatuvchi san’atkor ijrochilar sifatida ham shuhrat qozonganlar. Ular “Avesto”dagi ibodat qo‘shiqlarini, Ahura Mazda so‘zlarini, afsona va rivoyatlami yorqin nutq, ifodali so‘z va jozibador ovoz bilan ijro etib xalq ommasini o‘z g‘oyalariga ishontirganlar.
Badiiy so‘z san’ati, shu jumladan, ifodali o‘qish san’ati xalqning umumtaraqqiyot tarixiga bog‘liq holda rivojlanib bordi. Jamiyat taraqqiyoti o‘rtaga qo‘ygan talablar hamda mavjud shart-sharoit tufayli, IX –XV asrlarda Markaziy Osiyoda ilm-fan va madaniyat yuksak taraqqiyot bosqichiga ko‘tarildi. Mana shu davrlarda Qur’oni karim targ‘ibi bilan bog‘liq holda, voizlik san’ati rivojlandi. Voizlik san’atining taraqqiy etishi esa, mutolaa va kitobxonlik madaniyati tarixida muhim o‘rin tutadi.
Dunyo ma’rifati rivojiga beqiyos ulush qo‘shgan ajdodlarimizdan biri Abu Rayhon Beruniy shunday yozadi: “Dengizda bir kema adashib uzoq orolga borib qolibdi. Orolda yashovchi bir oila kemalardagi odamlarni mehmon qilibdi, noz-ne’matlar qo‘yibdi. Ularning zaxirasini to‘ldirishga ko‘maklashibdi. Shunda kemadagilar ketar chog‘ida oila boshlig‘iga muruvvat qilayin deb, oltin tanga beribdi. Oltin tangani qo‘liga ushlagan mezbon uni tishlab ko‘ribdi, hidlab ko‘rib qaytarib beribdi va kema darg‘asiga shunday debdi: – Senga amaliy foydasi tegmaydigan narsani, senga foydasi tekkan narsalar evaziga berishing yaxshi emas”.
Sharqda axloq-odob borasida buyuk asarlar yaratgan Muhammad Jabalrudiy esa kitob haqida shunday yozadi: “Ey aziz! Kishi uchun kitobdan azizroq va yoqimliroq suhbatdosh yo‘qdir. Kitob fasohat, balog‘atda, latofatda tengi yo‘q, munofiqlikdan xoli hamrohdir. Yolg‘izlikda va g‘amli ayyomlarda munis ulfatdir. Unda na nifoq boru, na gina. U shunday hamdamki, so‘zlarida yolg‘on va xato bo‘lmaydi. Suhbatidan esa kishiga malollik yetmaydi. U o‘z do‘stining dilini og‘ritmaydi. Yuragini esa siqmaydi. U shunday rafiqdirki, kishi orqasidan g‘iybat qilib yurmaydi. Uning suhbatidan senga shunday fayzli foydalar yetadiki, bunday foydani odamlardan topa olmaysan. Aksincha, aksar odamlar suhbatidan kishiga zarar yetadi. Kitobdek do‘st ichida barcha ilmu hilm mujassamdirki, u kishilarni o‘tmishdan va kelajakdan ogoh qilib turadi. Shuning uchun ham “Kitob aql qal’asidir”, deganlar”.
O‘zidan keyingi Sharq va G‘arb so‘z san’atiga katta ta’sir o‘tkazgan jahon adabiyotining muazzam siymolaridan biri Jaloliddin Rumiy shunday yozgan edi:
Mo‘jiza emasdir falakda oftob,
Mo‘jiza aslida beminnat kitob.
Aslida tarixiy sahifalarini birma-bir varaqlasak, bobolarimiz butun ro‘yi olamni, Yerni ham, samoni ham bilim bilan, ham buyuk tafakkur va kitob bilan zabt etganligiga guvoh bo‘lamiz. Hadis ilmi sohiblari Termiziylardan Buxoriylargacha, qomusiy olimlar Ibn Sinolaru Beruniylar, Ulug‘beklaru Farg‘oniy va Xorazmiy bobolargacha jahonni aqlu zakovat, ilmu hikmat bilan egallagan buyuk jahongirlar bo‘lgan.
Bizga ma’lumki, yurtimizda kitob bilan oshno bo‘lgan, kitobni suygan, kitob yozgan, kitobni muqaddas bilib, qorachig‘idek asraganlarni ziyoli, deb ataganlar. Ziyoli – nur tarqatuvchi, u o‘zining say-harakatlari, faoliyati bilan jamiyatni nurlantiruvchi, ma’naviy-ijtimoiy barqarorlikni ta’minlovchilar hisoblangan.
Alisher Navoiy bir o‘rinda:
Olibmen taxti
farmonimg‘a oson,
Cherik chekmay
Xitodin to Xuroson.
Ne mulk ichraki
bir farmon yibordim,
Aning zabtig‘a
bir devon yibordim, deb yozgandi. Ulug‘ mutafakkirning mazkur satrlarini shunday sharxlash mumkin: “Men qo‘shin tortmasdan Xitoydan Xurosongacha bo‘lgan hamma mamlakatlarni egalladim. Qaysi mamlakatni egallamoqchi bo‘lsam, farmonga qo‘shib bitta she’rlar to‘plamimni jo‘natdim”.
“Ne mulk ichraki bir farmon yibordim,
Aning zabtig‘a bir devon yibordim”
deganida Alisher Navoiy birgina o‘zini emas, ilmu ma’rifati bilan jahonkushoylik qilgan sarzaminimizning barcha buyuk allomalari, dong‘i olamshumul bobolarimizni ham nazarda tutgan, desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.
Navoiyning zamondoshi, shogirdi, tarixchi Xondamir o‘zining “Makorim ul-axloq” asarida yozishicha, o‘sha davrda xorijdan juda ko‘p mehmonlar Hirotga kelar ekan. U paytlarda kitob topish muammo bo‘lganligi uchun sayyohlar Navoiy g‘azallarini o‘qish, o‘z yurtlariga olib ketish maqsadida xattotlarga iltimos qilishardi. Xattotlar esa Alisher Navoiy g‘azallaridan nusxa ko‘chirib, shoirning muxlislariga yetkazar ekan. Bu holat Navoiy tirikligidayoq ul zotning ijodiga bo‘lgan yuksak hurmatni, qiziqishni ko‘rsatadi.
Xalqimiz kitobxonlik madaniyati va mutolaa san’ati tarixida o‘zbek mumtoz adabiyotining yirik vakili, buyuk shoir, tarixchi, geograf, davlat arbobi, iste’dodli sarkarda, boburiylar sulolasi asoschisi Zahiriddin Muhammad Boburning ham alohida o‘rni bor. Jumladan uning “Boburnoma”sidan 1497-1498 yil voqealaridagi bir iqtibosda shunday yozilgan: “Samarqand shahri ajoyib orasta bir shahardir. Bu shaharning bir xususiyati borki, bunaqasi kamdan-kam shaharda bo‘ladi, ya’ni har hunarmandning alohida bozori bor, bir-biriga aralashgan emas, bu qiziq rasmdir. Yaxshi nonvoyliklari va oshpazliklari bordir. Olamda yaxshi qog‘oz Samarqanddan chiqadi. Qog‘oz juvozlariga suv butkul Konigildan keladi. Konigil Siyohob(qorasuv) yoqasidadirki, bu qorasuvni Obirahmat ham deydilar…”
Kitobat san’ati haqida gapirar ekan, Bobur 1505-1506 yil voqealarida Sulton Husayn Mirzo davridan, hazrat Navoiy zamonidan shunday ma’lumotni keltirib o‘tadi: “Chiroyli xat bituvchilardan ham ancha kishi bor edi. Lekin barchasining peshqadami nasxta’liq yozuvida Sulton Ali M ash hadiy edi. U Sulton Husayn mirzo va Alisherbekning ko‘plab matnlarini ko‘chirdi. Har kuni o‘ttiz bayt Mirzo uchun va yigirma bayt Alisherbek uchun yozardi”.
Xulosa shuki, inson uchun, eng muhimi, ma’naviyatli bo‘lishdir. Ma’naviyatni esa, Imom Buxoriydan, Termiziylardan va albatta, Navoiy kabi ulug‘lardan o‘rganishimiz kerak. Navoiy aytganidek:
Umidimdan mani xursand etgil,
Umidim shu, umidingg‘a yetg‘il”.
Zero kitobga muhabbat, uni qadrlash, o‘qishga ishtiyoq xalqimizning qon-qoniga singib ketgan. Xalqimiz o‘zining o‘lmas bebaho qadriyatlari, ilm-fan, adabiyot va san’atga oid nodir qo‘llanmalari, boy adabiy merosi bilan haqli ravishda faxrlanadi. Dunyoning qaysi bir mashhur kutubxonasida bo‘lmang, xalqimizning ulug‘ allomalari, tafakkur xazinasini yaratgan donishmandlarining qo‘lyozmalarini ko‘rish mumkin.