27-modda. Xorijda doimiy yashayotgan va doimiy konsullik hisobiga turmagan O‘zbekiston Respublikasining fuqarolarini aniqlash Xorijda doimiy yashayotgan va yetti yil mobaynida doimiy konsullik hisobiga turmagan
O‘zbekiston Respublikasining fuqarolarini aniqlash uchun konsullik muassasalari:
konsullik muassasasiga shaxsan murojaat qilgan shaxslarning murojaatlarini yoxud
konsullik muassasalariga Tashqi ishlar vazirligi orqali kelib tushgan ma’lumotlarni tekshiradi;
shaxsning O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga mansubligi to‘g‘risidagi chet davlatning
so‘rovnomalarini o‘rganadi;
o‘z konsullik okruglaridagi mamlakatlarda ozodlikdan mahrum etish joylarida
saqlanayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining hisobini yuritadi;
xorijga doimiy yashashga chiqib ketgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini O‘zbekiston
Respublikasi Ichki ishlar vazirligining (bundan buyon matnda Ichki ishlar vazirligi deb yuritiladi) har
chorakda beradigan so‘rovnomalariga ko‘ra doimiy konsullik hisobi ro‘yxatlari bo‘yicha tekshiradi.
Ushbu moddaning
birinchi qismida
nazarda tutilgan fakt aniqlangan taqdirda, Tashqi ishlar
vazirligi xulosa tayyorlaydi va uni materiallar bilan birga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
huzuridagi Fuqarolik masalalari komissiyasiga yuboradi.
Xorijda doimiy yashayotgan va yetti yil mobaynida uzrli sabablarsiz doimiy konsullik
hisobiga turmagan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi konsullik muassasasiga doimiy konsullik
hisobiga qo‘yish to‘g‘risida ariza bilan murojaat qilish huquqiga ega. Konsullik muassasasi ariza
beruvchining shaxsini aniqlaydi, O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini yo‘qotgan shaxslarning
ro‘yxati bilan solishtiradi va O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining doimiy konsullik hisobiga o‘z
vaqtida turmaganligi sabablarini o‘rganadi. Bunda ariza beruvchiga ushbu Qonun
25-moddasining
qoidalari tushuntiriladi.
Uzrli sabablar mavjud bo‘lganda konsullik muassasasi O‘zbekiston Respublikasi fuqarosini
doimiy konsullik hisobiga qo‘yish uchun hujjatlarni qabul qilish to‘g‘risida qaror qabul qilishi
mumkin. Kasallik, yashab turilgan mamlakatda konsullik muassasasi mavjud emasligi va fuqaroga
bog‘liq bo‘lmagan boshqa sabablar uzrli sabablar hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining
doimiy konsullik hisobiga qo‘yilganligi to‘g‘risidagi axborot Tashqi ishlar vazirligiga yuboriladi.
LexUZ sharhi Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 10- martdagi PF-6185-son Farmoni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi masalalarini ko‘rib chiqish tartibi to‘g‘risidagi nizomning 34-bandi .