258-modda. Sud ajrimi Sudya ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish to‘g‘risidagi iltimosnomani ko‘rib chiqib, ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish to‘g‘risida yoki ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirishni rad qilish haqida ajrim chiqaradi.
Sudyaning ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish to‘g‘risidagi ajrimida: lavozimidan chetlashtiriladigan shaxs haqidagi ma’lumotlar; uning ish joyi; lavozimdan chetlashtirish asoslari; ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish to‘g‘risida tegishli korxona, muassasa, tashkilot rahbariga qo‘yiladigan talab ko‘rsatiladi.
Sudyaning ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirishni rad qilish haqidagi ajrimi asoslantirilgan bo‘lishi kerak.
Sudyaning ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish to‘g‘risidagi ajrimi u o‘qib eshittirilgan paytdan e’tiboran kuchga kiradi. Ajrim tegishli korxona, muassasa, tashkilot rahbariga ijro uchun, prokurorga, ayblanuvchiga, himoyachiga esa ma’lumot uchun yuboriladi.
Sudyaning ushbu modda birinchi qismida nazarda tutilgan ajrimi ustidan u chiqarilgan kundan e’tiboran yetmish ikki soat ichida ayblanuvchi, uning himoyachisi va qonuniy vakili, lavozimidan chetlashtirilgan ayblanuvchi ishlagan tegishli korxona, muassasa, tashkilot rahbari tomonidan apellatsiya tartibida shikoyat berilishi yoxud prokuror tomonidan protest bildirilishi mumkin. Shikoyat, protest ajrimni chiqargan sud orqali beriladi, mazkur sud qirq sakkiz soat ichida ularni materiallar bilan birga apellatsiya instansiyasi sudiga yuborishi shart. Shikoyat yoki protest berish sudning ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish to‘g‘risidagi ajrimi ijrosini to‘xtatib qo‘ymaydi. Apellatsiya instansiyasi sudi ushbu materiallarni shikoyat yoki protest bilan birga ular kelib tushgan paytdan e’tiboran yetmish ikki soatdan kechiktirmasdan ko‘rib chiqishi kerak.
Apellatsiya instansiyasi sudi apellatsiya shikoyatini, protestini ko‘rib chiqib, o‘z ajrimi bilan:
sudyaning ajrimini o‘zgarishsiz, shikoyatni yoki protestni esa qanoatlantirishsiz qoldirishga;
sudyaning ajrimini bekor qilish va ayblanuvchiga nisbatan lavozimidan chetlashtirish tarzidagi protsessual majburlov chorasini qo‘llashga yoki mazkur protsessual majburlov chorasini bekor qilishga haqli.