274-modda. Pul undirish va jarima solish to‘g‘risidagi masalani sud tomonidan hal qilish tartibi Ushbu Kodeksda nazarda tutilgan hollarda pul undirish va jarima solish jinoyat ishini ko‘rish qaysi sudga taalluqli bo‘lsa, shu sud tomonidan amalga oshiriladi. Protsessual majburiyatlarni yoki tartibni buzishga bevosita sud majlisida yo‘l qo‘yilgan bo‘lsa, jarima solish haqidagi ajrim ishni ko‘rayotgan sud tomonidan shu majlisning o‘zida chiqariladi.
Boshqa hollarda pul undirish to‘g‘risidagi masala sud tomonidan pul undiriladigan shaxs chaqirilib hal qilinadi. Mazkur shaxsning uzrsiz sabablarga ko‘ra kelmasligi ishni ko‘rishga monelik qilmaydi.
Sud majlisida surishtiruvchi, tergovchi yoki prokuror tomonidan tartibbuzarlik to‘g‘risida tuzilgan bayonnoma va unga ilova qilingan materiallar yoxud sud majlisi bayonnomasidan olingan tegishli ko‘chirma o‘qib eshittiriladi. Shundan so‘ng javobgarlikka tortilayotgan shaxsning izohlari, sud majlisida prokuror qatnashayotgan bo‘lsa, uning fikri eshitiladi va ajrim chiqariladi.
Tarjimonga, mutaxassisga, kafilga pul undirish yoxud sud majlisi zalida tartibni buzgan shaxsga jarima solish to‘g‘risidagi ajrimni chiqargan sud bu ajrimning ijrosini uch oygacha muddatga kechiktirishga yoki ijroning bo‘lib-bo‘lib bajarilishiga ruxsat berishga haqlidir.
[OKOZ: 1.16.00.00.00 Xavfsizlik va huquq tartibot muhofazasi / 16.12.00.00 Jinoyat-protsessual qonunchiligi / 16.12.05.00 Jinoyat natijasida yetkazilgan moddiy zararni qoplash]
BEShINChI BO‘LIM
JINOYAT NATIJASIDA YETKAZILGAN MULKIY ZIYONNI QOPLASh 33-bob. JINOYAT PROTSESSIDA FUQAROVIY DA’VO. BOShQA MULKIY UNDIRIShLAR 275-modda. Jinoyat protsessida ko‘riladigan fuqaroviy da’volar Bevosita jinoyat tufayli yoki aqli noraso shaxsning ijtimoiy xavfli qilmishi natijasida fuqarolarga va yuridik shaxslarga yetkazilgan mulkiy ziyonni qoplash, shuningdek jabrlanuvchini dafn etish yoki uning statsionarda davolanish xarajatlarini hamda sug‘urta tariqasida unga to‘langan pul, nafaqa yoki pensiya pulini undirish to‘g‘risidagi fuqaroviy da’volar jinoyat protsessida ko‘riladi.
Fuqaroviy da’voning sudlovga tegishliligi bu da’vo qo‘zg‘atilgan jinoyat ishining qaysi sudlovga tegishliligiga qarab aniqlanadi.