279-modda. Prokurorning fuqaroviy da’voni qo‘zg‘atishi va uni quvvatlashi Prokuror fuqaroviy da’voni qo‘zg‘atishi yoki qo‘zg‘atilgan fuqaroviy da’voni quvvatlashi yoxud, basharti davlat yoki jamiyat manfaatlarini yoxud fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish taqozo etsa, da’voga qarshi e’tiroz bildirishi shart.
280-modda. Jinoyat protsessida fuqaroviy-protsessual qonunchilikdagi qoidalarning qo‘llanishi Surishtiruv, dastlabki tergov jarayonida va sudda fuqaroviy da’vo bo‘yicha ish yuritish ushbu Kodeksda nazarda tutilgan tartibda olib boriladi. Fuqaroviy da’vo bo‘yicha yuzaga keladigan protsessual munosabatlar ushbu Kodeks bilan tartibga solinmagan bo‘lsa, unda jinoyat protsessi prinsiplariga xilof bo‘lmagan fuqaroviy-protsessual qonunchilikning qoidalari qo‘llanadi.
281-modda. Ziyonni undirish asoslari, shart-sharoiti, hajmi va usuli to‘g‘risidagi qoidalarning qo‘llanilishi. Da’vo muddati Fuqaroviy da’vo bo‘yicha ish yuritishda ziyonni undirish asoslari, shart-sharoiti, hajmi va usuli fuqaroviy, mehnat va boshqa soha qonunchiligi qoidalariga muvofiq aniqlanadi.
Boshqa soha qonunchiligida belgilangan da’vo muddati jinoyat protsessidagi fuqaroviy da’voga nisbatan qo‘llanilmaydi.
282-modda. Da’voni tan olish, taraflarning o‘zaro kelishuvi va da’vodan voz kechish oqibatlari Ayblanuvchi, sudlanuvchi yoki fuqaroviy javobgarning da’voni tan olganligi, shuningdek fuqaroviy da’vogar, ayblanuvchi, sudlanuvchi yoxud fuqaroviy javobgarning o‘zaro kelishganlik to‘g‘risidagi arizasi fuqaroviy da’vo bo‘yicha ish yuritishning tugatilishiga olib kelmaydi va surishtiruvchini, tergovchini fuqaroviy da’voga doir holatlarni sinchkovlik bilan, to‘la, har tomonlama va xolisona tekshirish majburiyatidan, sudni esa fuqaroviy da’voni ko‘rish va hal qilish majburiyatidan ozod etmaydi.
Da’vodan voz kechishning qabul qilinishi da’vo bo‘yicha ish yuritishni tugatishga asos bo‘ladi va jinoyat protsessida ham, fuqaroviy sud ishlarini yuritish tartibida ham fuqaroviy da’vogarni o‘sha shaxsga xuddi shu asos bilan da’voni qayta qo‘zg‘atish huquqidan mahrum qiladi.