289-modda. Jabrlanuvchi va boshqa shaxslarning mol-mulkini rekvizitsiya qilish va musodara etish Xususiy egalikda bo‘lishi man qilingan mol-mulk ish bo‘yicha ashyoviy dalil deb e’tirof etilgan bo‘lsa, mulkdor to‘g‘ri yoki g‘ayrihuquqiy ravishda qo‘lga kiritganiga qarab, u rekvizitsiya qilinadi yoki musodara etiladi, ya’ni mol-mulk haqini to‘lash yoki to‘lamaslik sharti bilan sud tomonidan bunday mol-mulkka egalik qilish, undan foydalanish hamda uni tasarruf etish huquqiga ega bo‘lgan tegishli davlat organiga yoki yuridik shaxsga beriladi.
35-bob. HUKMNING MULKIY UNDIRIShLAR TO‘G‘RISIDAGI QISMI IJROSINI TA’MINLASh 290-modda. Mol-mulkni xatlash Hukmning fuqaroviy da’voga va boshqa mulkiy undirishlarga doir qismining ijrosini ta’minlash uchun surishtiruvchi, tergovchi yoki sud gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi va fuqaroviy javobgarning mol-mulkini xatlashi shart. Ashyoviy dalil deb e’tirof etilgan mol-mulkni o‘zlashtirishning, xarj qilib yuborishning, yashirishning, yo‘q qilib tashlashning yoki shikastlantirishning oldini olish maqsadida ushbu mol-mulk ham xatlanadi.
Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi va fuqaroviy javobgar oilasining normal turmushini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan uy-joy, kvartira, uy anjomlari va jihozlari, kiyim va buyumlar xatlanmaydi.
Turar joylar yoki yashash uchun mo‘ljallanmagan joylar, mulk shaklidan qat’i nazar, davlatga xoinlik qilish, konstitutsiyaviy tuzumga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga tajovuz qilish, terrorizm, qo‘poruvchilik jinoyatlari sodir etish uchun foydalanilgan yoxud bu jinoyatlar qasddan odam o‘ldirish, bosqinchilik, talonchilik yoki boshqa og‘ir, o‘ta og‘ir jinoyatlar bilan bog‘liq bo‘lgan hollarda — bu joylar xatlanadi.
Xatlash mulkdorga yoki mol-mulkning egasiga mol-mulkni tasarruf qilish, zarur hollarda esa, undan foydalanish man etilganligini e’lon qilishdan yoxud mol-mulkni tortib olishdan va uni saqlab turish uchun boshqa shaxslarga topshirishdan iboratdir.
Mol-mulkni xatlash surishtiruvchining yoki tergovchining qarori bo‘yicha prokuror roziligi bilan yoxud bu tergov harakatini bajarishni tergov organiga topshirishga haqli bo‘lgan sudning ajrimi bo‘yicha amalga oshiriladi. Kechiktirib bo‘lmaydigan hollarda mol-mulkni xatlash prokurorning roziligisiz ham amalga oshirilishi mumkin, lekin keyinchalik yigirma to‘rt soat ichida prokuror qaror va bayonnoma nusxasi ilova qilingan holda xabardor qilinadi. Kechiktirib bo‘lmaydigan holatlar surishtiruvchining yoki tergovchining prokurorga yuborilgan xabarnomasida asoslantirilishi lozim.
Xatlash to‘g‘risidagi qarorda yoki ajrimda u kim tomonidan, qachon va qaysi ish bo‘yicha chiqarilgani, nima maqsadda va kimning mol-mulki xatlanishi lozimligi, fuqaroviy da’voni ta’minlash uchun xatlanayotganda esa, xatlanayotgan mol-mulk summasi ham ko‘rsatiladi.
Surishtiruvchi yoki tergovchi hukmning mulkiy undirish yoxud mulkiy yo‘sindagi jazo qismining ijrosini ta’minlovchi choralarni ko‘rmagan taqdirda, ishni yuritayotgan sud ularga bunday choralarni ko‘rish majburiyatini yuklaydi.
Mol-mulkni xatlash to‘g‘risida qaror chiqarilgandan keyin surishtiruvchi yoki tergovchi tomonidan garov reyestriga bir kun ichida tegishli yozuv kiritiladi, mol-mulkni xatlash haqida sud ajrimi chiqarilgandan keyin esa, qonunchilikka muvofiq vakolatli bo‘lgan organlar tomonidan uch sutka ichida shunday yozuv kiritiladi.
Fuqaroviy da’voni qanoatlantirganda yoki boshqa mulkiy undirishlarni qo‘llayotganda hukm qonuniy kuchga kirguniga qadar, basharti oldin chora ko‘rilmagan bo‘lsa, sud hukmning shu qismi ijrosini ta’minlaydigan choralar ko‘rish haqida ajrim chiqarishga haqlidir.
Diplomatiya vakolatxonalari binolaridagi va diplomatiya vakillariga qarashli mol-mulkni xatlashda ushbu Kodeksning 165-moddasida nazarda tutilgan qoidalarga rioya qilinishi lozim.