294-modda. Xatlangan mol-mulkni olib qo‘yish va saqlash Xatlangan mol-mulk olib qo‘yilib, saqlash uchun fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi yoxud boshqa tashkilot vakiliga topshirilishi mumkin.
Xatlangan mol-mulk mulkdorga yoki mol-mulk egasiga, uning voyaga yetgan oila a’zolaridan biriga yoki boshqa shaxsga saqlab turish uchun qoldirilib, unga ushbu mol-mulkning to‘la-to‘kis saqlanishi uchun qonunda nazarda tutilgan javobgarlik tushuntiriladi va bu haqda undan tilxat olinadi.
Muomalada bo‘lishi man qilingan ashyolar har qanday hollarda ham olib qo‘yilishi kerak. Ularni saqlash tartibi qonun bilan belgilanadi.
Bank muassasalarida saqlanayotgan pullar, shuningdek davlat zayomi obligatsiyalari, aksiyalar va boshqa qimmatli qog‘ozlar olib qo‘yilmaydi, lekin mol-mulk xatlangani to‘g‘risidagi qarorni yoki ajrimni olish bilanoq, ularni xarjlash operatsiyalari to‘xtatib qo‘yiladi.
295-modda. Mol-mulk xatlanganligini bekor qilish Oqlov hukmi qonuniy kuchga kirganda, jinoyat ishi tugatilganda, shuningdek fuqaroviy da’vogar o‘z da’vosidan voz kechganda hamda fuqaroviy da’voni qanoatlantirish yuzasidan ko‘rilgan choralarga sabab bo‘lgan asoslar bartaraf etilgan boshqa hollarda mol-mulkning xatlanganligi bekor qilinadi. Bunda garov reyestridan mol-mulkni xatlash to‘g‘risidagi yozuv chiqarib tashlanadi.
[OKOZ: 1.16.00.00.00 Xavfsizlik va huquq tartibot muhofazasi / 16.12.00.00 Jinoyat-protsessual qonunchiligi / 16.12.06.00 Jinoyatlarning oldini olish choralari]
OLTINChI BO‘LIM
JINOYATLARNING OLDINI OLISh ChORALARI 36-bob. Jinoyatlarning oldini olish choralari 296-modda. Jinoyatning sabablarini va uning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarni aniqlash majburiyati Jinoyat ishlarini yuritishda surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sud jinoyatning sabablarini va uning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarni aniqlashlari shart.
297-modda. Jinoyatning sabablarini va uning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarni bartaraf qilish to‘g‘risida surishtiruvchining, tergovchining, prokurorning taqdimnomasi Surishtiruvchi, tergovchi, prokuror jinoyat ishini tergov qilish chog‘ida jinoyatning sabablarini va uning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarni aniqlab chiqib, tegishli davlat organiga, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organiga, jamoat birlashmasiga, jamoaga yoki mansabdor shaxsga ana shu sabab va shart-sharoitlarni bartaraf qilish choralarini ko‘rish to‘g‘risida taqdimnoma kiritadi. Taqdimnomaning nusxasi ishga qo‘shib qo‘yiladi.