304-modda. Mulkiy ziyonni qoplash hajmi Reabilitatsiya etilgan shaxsga ushbu Kodeksning 302 va 303-moddalarida ko‘rsatilgan qonunga xilof harakatlar bilan yetkazilgan mulkiy ziyon to‘la hajmda qoplanadi.
Quyidagilar qoplanishi lozim bo‘ladi:
1) reabilitatsiya etilgan shaxs o‘ziga nisbatan sodir etilgan qonunga xilof harakatlar natijasida mahrum bo‘lgan ish haqi va mehnatdan topiladigan boshqa daromadlar;
2) pensiya va nafaqalar, basharti ularni to‘lash to‘xtatib qo‘yilgan bo‘lsa;
3) pullar, pul jamg‘armalari va ularga to‘lanadigan foizlar, davlat zayomi obligatsiyalari va ularga chiqqan yutuqlar, aksiyalar va boshqa qimmatli qog‘ozlar, shuningdek sudning hukmi, ajrimiga (qaroriga) asosan musodara qilingan yoxud davlat foydasiga o‘tkazilgan ashyolar yoxud boshqa mol-mulkning qiymati;
4) surishtiruv, dastlabki tergov organlari yoki sud tomonidan olingan va yo‘qotilgan mol-mulk qiymati;
5) sud hukmini ijro qilish chog‘ida undirilgan jarimalar va sud chiqimlari;
6) yuridik yordam ko‘rsatilishi uchun shaxs tomonidan advokatlar byurosiga, hay’atiga yoki firmasiga to‘langan pul, shuningdek unga nisbatan sodir etilgan qonunga xilof harakatlar natijasida qilingan boshqa xarajatlar.
Reabilitatsiya etilgan shaxs vafot etgan taqdirda ushbu moddaning 1, 3, 4, 5 va 6-bandlarida nazarda tutilgan ziyonni undirish huquqiga uning merosxo‘rlari, 2-bandida nazarda tutilgan ziyonni undirish huquqiga esa boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi bilan ta’minlanishi lozim bo‘lganlar jumlasiga kiruvchi oila a’zolari ega bo‘ladilar.
305-modda. Mulkiy ziyonni qoplash manbai Ushbu Kodeks 304-moddasining 1, 3, 4, 5 va 6-bandlarida ko‘rsatilgan ziyon moliya organlari tomonidan, 2-bandida ko‘rsatilgan ziyon O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi bo‘limlari tomonidan davlat budjeti hisobidan qoplanadi.
306-modda. Mulkiy ziyonni undirish huquqi va uning miqdori masalasini hal qilish Ushbu Kodeks 83-moddasida nazarda tutilgan asoslarga ko‘ra chiqarilgan oqlov hukmida yoki ishni tugatish haqidagi ajrimda sud, ishni tugatish to‘g‘risidagi qarorda esa surishtiruvchi, tergovchi, prokuror reabilitatsiya etilgan shaxsning o‘ziga yetkazilgan mulkiy ziyonni undirib olish huquqini e’tirof etishlari lozim. Hukm, ajrim yoki qarorning nusxasi reabilitatsiya etilgan shaxsga topshiriladi yoki pochta orqali yuboriladi. Ayni vaqtda unga hukm, ajrim yoki qaror ustidan shikoyat qilish tartibi, shuningdek mulkiy ziyonni qoplash va boshqa huquqlarini tiklab olish tartibi tushuntiriladi.
Reabilitatsiya etish to‘g‘risida qaror chiqargan sud, prokuror, tergovchi yoki surishtiruvchi reabilitatsiya etilgan shaxsdan ariza tushgan kundan boshlab bir oydan kechiktirmasdan ziyon miqdorini aniqlaydi, zarurat tug‘ilganda buning uchun moliya organlaridan va O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi bo‘limlaridan hisob-kitob talab qilib oladi. Ish apellatsiya, kassatsiya yoki taftish tartibida ko‘rish chog‘ida sud tomonidan tugatilgan bo‘lsa, ziyon miqdorini hukm chiqargan sud aniqlaydi.