302-modda. Reabilitatsiya etilishning mulkiy va boshqa oqibatlari Reabilitatsiya etilgan shaxs qonunga xilof ravishda ushlab turilgani, ehtiyot chorasi sifatida qonunga xilof ravishda qamoqda saqlangani yoki uy qamog‘iga joylashtirilgani, pasportining (harakatlanish hujjatining) amal qilishi qonunga xilof ravishda to‘xtatib turilgani, ishda ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilingani tufayli vazifasidan qonunga xilof ravishda chetlashtirilgani yoxud tibbiy muassasaga qonunga xilof ravishda joylashtirilgani natijasida unga yetkazilgan mulkiy zararni undirish hamda ma’naviy ziyon oqibatlari bartaraf etilishini talab qilish huquqiga ega.
Bunday hollarda reabilitatsiya etilgan shaxsning ushbu Kodeksning 310-moddasida nazarda tutilgan mehnat qilish, nafaqa olish, uy-joydan foydalanish va boshqa huquqlari ham tiklanishi lozim.
303-modda. Qisman reabilitatsiya etishning asoslari va oqibatlari Shaxsning qisman reabilitatsiya etilishiga quyidagilar asos bo‘ladi:
1) shaxsning qamoqda yoki uy qamog‘ida saqlab turilganiga qaraganda kamroq muddatga ozodlikdan mahrum etishga yoki ozodlikni cheklashga yoxud ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazoga hukm qilinganligi;
2) hukmdan ayblovning qisman chiqarib tashlanganligi va buning natijasida qonunga ko‘ra qamoqda yoki uy qamog‘ida saqlash yoxud ozodlikdan mahrum qilish yoki ozodlikni cheklash mumkin emasligi;
3) ozodlikdan mahrum qilish yoki ozodlikni cheklash muddatining yuqori sud tomonidan haqiqatda o‘talgan muddatga qaraganda kamaytirilganligi yoxud boshqa yengilroq jazo turi bilan almashtirilganligi;
4) jinoiy jazo tayinlamay hukm chiqarilgan hollarda ushlab turish, qamoqqa olish yoki uy qamog‘ining, tibbiy muassasaga joylashtirishning asossizligi.
Qisman reabilitatsiya etish ayblanuvchiga yoki mahkumga yetkazilgan mulkiy ziyonning asossiz qismi qoplanishiga va ma’naviy ziyon oqibatlarining asossiz qismi bartaraf qilinishiga sabab bo‘ladi.
38-bob. REABILITATSIYA ETILGAN ShAXSGA YETKAZILGAN ZIYONNI QOPLASh VA UNING BOShQA HUQUQLARINI TIKLASh TARTIBI