259-modda. Ayblanuvchini, sudlanuvchini lavozimidan chetlashtirish to‘g‘risidagi ajrimni ijro etish Sudning ayblanuvchini, sudlanuvchini lavozimidan chetlashtirish to‘g‘risidagi ajrimi korxona, muassasa, tashkilot rahbari uchun majburiy bo‘lib, rahbar ajrimni olishi bilan darhol uni ijro etishi hamda bu haqda surishtiruvchini, tergovchini, prokurorni va sudni xabardor qilishi shart.
260-modda. Shaxsni lavozimidan qonunga xilof ravishda chetlashtirish oqibatida yetkazilgan ziyonni qoplash Shaxsning lavozimidan qonunga xilof ravishda chetlashtirilgani oqibatida yetkazilgan ziyon, basharti keyinchalik unga nisbatan oqlov hukmi chiqarilgan yoki jinoyat ishi ushbu Kodeksning 83-moddasida nazarda tutilgan asoslarga ko‘ra tugatilgan bo‘lsa, to‘la hajmda qoplanadi.
30-bob. MAJBURIY KELTIRISh 261-modda. Chaqiruvga binoan hozir bo‘lish majburiyati Jinoyat ishini yuritish munosabati bilan surishtiruvchi, tergovchi, prokuror, sud tomonidan belgilangan tartibda chaqirilgan shaxslar aynan ko‘rsatilgan vaqtda hozir bo‘lishlari shart.
Uzrsiz sabablarga ko‘ra kelmaganlari taqdirda ular majburiy keltiriladilar.
262-modda. Majburiy keltirish lozim bo‘lgan shaxslar Majburiy keltirish gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining, jabrlanuvchining, guvohning protsessual harakatlarda yoki sud majlisida ishtirok etishini ta’minlash uchun, basharti ular uzrsiz sabablarga ko‘ra kelishdan bosh tortganligi aniqlangan taqdirda, qo‘llaniladi.
Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchini oldindan chaqiruvsiz majburiy keltirish ular surishtiruv, dastlabki tergov va suddan yashirinib yurgan yoki aniq yashash joyi bo‘lmagan taqdirda qo‘llanilishi mumkin.
Sudlanuvchining sudga kelmaganligi sababini oldindan aniqlamasdan turib, majburiy keltirishga alohida hollarda, ishni ko‘rish sudlanuvchi bo‘lmaganligi sababli keyinga qoldirilayotgan va bunda uning turgan joyi to‘g‘risida ma’lumot bo‘lmagan taqdirda yo‘l qo‘yiladi.
Guvohga yoki jabrlanuvchiga nisbatan majburiy keltirishning qo‘llanilgani ularni ko‘rsatuv berishdan bosh tortganlik uchun qonunda belgilangan javobgarlikdan ozod qilmaydi.