256-modda. Ishni sudga qadar yuritish bosqichida ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish to‘g‘risida iltimosnoma qo‘zg‘atish Ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish uchun asoslar mavjud bo‘lganda prokuror, tergovchi va surishtiruvchi ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish to‘g‘risida iltimosnoma qo‘zg‘atish haqida mazkur protsessual majburlov chorasini qo‘llash asoslarini bayon etgan holda qaror chiqaradi.
Ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish to‘g‘risida iltimosnoma qo‘zg‘atish haqidagi qarorda: lavozimidan chetlashtiriladigan shaxs haqidagi ma’lumotlar; uning ish joyi; lavozimdan chetlashtirish asoslari ko‘rsatiladi. Qarorga iltimosnomani asoslovchi zarur materiallar ilova qilinadi.
Surishtiruvchining, tergovchining ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish to‘g‘risida iltimosnoma qo‘zg‘atish haqidagi qarori va zarur materiallar prokurorga yuboriladi.
Prokuror ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish to‘g‘risidagi iltimosnomaning asosliligini tekshirib, unga rozi bo‘lgan taqdirda, ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish to‘g‘risida iltimosnoma qo‘zg‘atish haqidagi qarorni va zarur materiallarni sudga yuboradi.
257-modda. Ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish to‘g‘risidagi iltimosnomani ko‘rib chiqish Ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish to‘g‘risidagi iltimosnoma surishtiruv yoki dastlabki tergov yuritilayotgan joydagi jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudining, hududiy harbiy sudning sudyasi tomonidan, mazkur sudlarning sudyasi bo‘lmagan yoxud ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish to‘g‘risidagi materialni ko‘rib chiqishda uning ishtirokini istisno etuvchi holatlar mavjud bo‘lgan taqdirda, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyat, Toshkent shahar sudi, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi raisining ko‘rsatmasiga binoan boshqa tegishli sudning sudyasi tomonidan yakka tartibda ko‘rib chiqiladi.
Ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish to‘g‘risidagi iltimosnoma yopiq sud majlisida, materiallar kelib tushgan paytdan e’tiboran qirq sakkiz soatdan kechiktirmasdan ko‘rib chiqiladi.
Sud majlisida prokuror, ayblanuvchi, shuningdek, agar ishda qatnashayotgan bo‘lsa, himoyachi va qonuniy vakil ishtirok etadi. Zarur bo‘lganda surishtiruvchi, tergovchi sudga chaqirilishi mumkin.
Sud majlisining joyi, sanasi va vaqti haqida lozim darajada xabardor qilingan shaxslarning kelmaganligi ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish to‘g‘risidagi iltimosnomani ko‘rib chiqish uchun monelik qilmaydi.
Ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish to‘g‘risidagi iltimosnomani ko‘rib chiqish prokurorning ma’ruzasi bilan boshlanadi, u mazkur protsessual majburlov chorasini qo‘llash zaruratini asoslab beradi. So‘ngra ayblanuvchi, himoyachi, sudda hozir bo‘lgan boshqa shaxslar eshitiladi, taqdim qilingan materiallar tekshiriladi. Shundan keyin sudya ajrim chiqarish uchun alohida xonaga kiradi.