266-modda. Ishni sudga qadar yuritish bosqichida shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish to‘g‘risida iltimosnoma qo‘zg‘atish Shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish uchun asoslar mavjud bo‘lganda prokuror, tergovchi va surishtiruvchi shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish to‘g‘risida iltimosnoma qo‘zg‘atish haqida mazkur protsessual majburlov chorasini qo‘llash asoslarini bayon etgan holda qaror chiqaradi.
Shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish to‘g‘risida iltimosnoma qo‘zg‘atish haqidagi qarorda: tibbiy muassasaga joylashtiriladigan shaxs haqidagi ma’lumotlar va uning protsessual holati; shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish asoslari; shaxs joylashtiriladigan tibbiy muassasaning nomi; ehtiyot chorasi to‘g‘risida taklif etilayotgan qaror ko‘rsatiladi. Qarorga iltimosnomani asoslovchi zarur materiallar ilova qilinadi.
Surishtiruvchining yoki tergovchining shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish to‘g‘risida iltimosnoma qo‘zg‘atish haqidagi qarori va zarur materiallar prokurorga yuboriladi.
Prokuror shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish to‘g‘risidagi iltimosnomaning asosliligini tekshirib, unga rozi bo‘lgan taqdirda, shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish to‘g‘risida iltimosnoma qo‘zg‘atish haqidagi qarorni va zarur materiallarni sudga yuboradi.
267-modda. Shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish to‘g‘risidagi yoki ayblanuvchining tibbiy muassasada bo‘lishi muddatini uzaytirish haqidagi iltimosnomani ko‘rib chiqish Shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish to‘g‘risidagi iltimosnoma surishtiruv yoki dastlabki tergov yuritilayotgan joydagi jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudining, hududiy harbiy sudning sudyasi tomonidan, mazkur sudlarning sudyasi bo‘lmagan yoxud tibbiy muassasaga joylashtirish to‘g‘risidagi iltimosnomani ko‘rib chiqishda uning ishtirokini istisno etuvchi holatlar mavjud bo‘lgan taqdirda, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyat, Toshkent shahar sudi, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi raisining ko‘rsatmasiga binoan boshqa tegishli sudning sudyasi tomonidan yakka tartibda ko‘rib chiqiladi.
Shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish to‘g‘risidagi iltimosnoma yopiq sud majlisida, materiallar kelib tushgan paytdan e’tiboran qirq sakkiz soat ichida ko‘rib chiqiladi.
Shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish to‘g‘risidagi iltimosnoma prokuror, himoyachi, shuningdek, agar ishda qatnashayotgan bo‘lsa, o‘ziga nisbatan ekspertiza o‘tkazish uchun tibbiy muassasaga joylashtirish masalasi ko‘rib chiqilayotgan shaxslarning manfaatlarini ifodalovchi jabrlanuvchining vakili, guvohning advokati, qonuniy vakillar ishtirokida ko‘rib chiqiladi. Tibbiy muassasaga joylashtirilayotgan shaxs, agar uning sog‘lig‘i imkon bersa, sud majlisida qatnashishga haqli. Zarur hollarda surishtiruvchi yoki tergovchi sudga chaqirilishi mumkin.
Sud majlisining joyi, sanasi va vaqti haqida lozim darajada xabardor qilingan shaxslarning kelmaganligi shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish to‘g‘risidagi iltimosnomani ko‘rib chiqish uchun monelik qilmaydi.
Shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish to‘g‘risidagi iltimosnomani ko‘rib chiqish prokurorning ma’ruzasi bilan boshlanadi, u mazkur protsessual majburlov chorasini qo‘llash zaruratini asoslab beradi. So‘ngra tibbiy muassasaga joylashtirilayotgan shaxs, agar u sud majlisida ishtirok etayotgan bo‘lsa, himoyachi, sudda hozir bo‘lgan boshqa shaxslar eshitiladi, taqdim qilingan materiallar tekshiriladi. Shundan keyin sudya ajrim chiqarish uchun alohida xonaga kiradi.
Ayblanuvchining tibbiy muassasada bo‘lishi muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi iltimosnoma surishtiruv yoki dastlabki tergov yuritilayotgan joyda yoki tibbiy muassasa joylashgan erda, ushbu moddada nazarda tutilgan tartibda ko‘rib chiqiladi.
Ayblanuvchining tibbiy muassasada bo‘lishi muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi iltimosnomani ko‘rib chiqishda sud taqdim etilgan materiallarning asosliligini, shuningdek protsessual normalarga va talablarga rioya etilganligini hisobga oladi.