283-modda. Sudning fuqaroviy da’voga oid hukmi va ajrimi Ayblov hukmini chiqarishda, shuningdek tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasini qo‘llash yoki sodir etgan qilmishning xususiyatiga va o‘zining ruhiy holatiga ko‘ra shaxs ijtimoiy xavfli bo‘lmagan hollarda bunday chorani qo‘llamaslik haqida ajrim chiqarishda sud asoslarning isbotlanishi va da’vo hajmini e’tiborga olib, uni to‘liq yoki qisman qanoatlantiradi yoxud uni qanoatlantirishni rad etadi.
Sud oqlov hukmini chiqarayotganda, shuningdek tibbiy yo‘sindagi majburlov choralarini qo‘llash bo‘yicha ishni tugatish haqida ajrim chiqarayotganda fuqaroviy da’voni qondirishni quyidagi hollarda rad etadi, basharti:
1) jinoyat yoki ijtimoiy xavfli qilmish hodisasi yuz bermagan bo‘lsa;
2) sudlanuvchining yoki tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasini qo‘llash masalasi hal etilayotgan shaxsning sodir etilgan jinoyatga yoki ijtimoiy xavfli qilmishga daxli yo‘qligi aniqlangan bo‘lsa;
3) sudlanuvchining yoki tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasini qo‘llash masalasi hal etilayotgan shaxsning mulkiy ziyon keltirgan harakati zaruriy mudofaa chegarasidan chiqmagan holda sodir etilgan bo‘lsa.
Sudlanuvchi tomonidan sodir etilgan qilmish jinoyat deb topilmaganligi sababli u oqlangan taqdirda, shuningdek ushbu moddaning ikkinchi qismida ko‘rsatilgan asoslardan boshqa asoslarga ko‘ra tibbiy yo‘sindagi majburlov choralarini qo‘llash bo‘yicha ish yuritish tugatilganda sud da’voning isbotlanish darajasi va hajmini e’tiborga olib, uni to‘liq yoki qisman qanoatlantiradi yoki qanoatlantirishni rad etadi.
Da’voning hajmi jinoyat tavsifiga va aybdorga jazo chorasi tayinlashga ta’sir etmasa, fuqaroviy da’voni qanoatlantirishda sud da’vo talabi chegarasidan chiqishga haqlidir.
Jinoyat protsessida qo‘zg‘atilgan fuqaroviy da’vo qanoatlantirilmagan taqdirda da’vogar shu shaxsga va xuddi shu asoslar bo‘yicha fuqaroviy sud ishlarini yuritish tartibida da’vo qo‘zg‘atish huquqidan mahrum bo‘ladi.
284-modda. Jinoyat narsalarini davlat egaligiga o‘tkazish Jinoyat narsasi bo‘lgan mol-mulk, basharti avvalgi egasiga qaytarib berilishi lozim bo‘lmasa, sud hukmi bilan davlat egaligiga o‘tkaziladi. Bu mol-mulk topilmagan bo‘lsa, sud hukmi bilan, jinoyat ishi tugatilgan bo‘lsa, sudning fuqaroviy sud ishlarini yuritish tartibida chiqargan hal qiluv qaroriga ko‘ra uning qiymati davlat foydasiga undiriladi.