285-modda. Jinoiy yo‘l bilan orttirilgan mol-mulkning bundan buyon kimga tegishli bo‘lishini belgilash Ayblanuvchi tomonidan jinoiy yo‘l bilan orttirilgan pullar, buyumlar va boshqa boyliklar sud hukmi bilan yetkazilgan mulkiy ziyonni qoplash uchun sarflanadi, ziyonni qoplashdan ortgan summa esa, davlat foydasiga o‘tkaziladi.
Jinoyat narsasi bo‘lmish mol-mulk uchinchi shaxslarda topilib, ulardan tortib olingan va tegishligiga qarab, qaytarilgan bo‘lsa, sudlanuvchi tomonidan ushbu mol-mulkni sotish yo‘li bilan orttirilgan pullar, buyumlar va boshqa boyliklar sud hukmi bilan davlat egaligiga o‘tkaziladi. Mol-mulkni insofli egallovchiga bu mol-mulk egasiga qaytarilishi natijasida yetkazilgan ziyonni undirish haqida mahkumga nisbatan fuqaroviy sud ishlarini yuritish tartibida da’vo qo‘zg‘atish huquqi tushuntiriladi.
286-modda. Hukmning fuqaroviy da’vo va boshqa mulkiy undirishlar bilan bog‘liq qismini ijro etish Hukmning va tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi ajrimning fuqaroviy da’voni qanoatlantirishga, shuningdek boshqa mulkiy undirishlarga oid qismi qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda ijro etiladi.
34-bob. MOL-MULKNI JABRLANUVChI YOKI FUQAROVIY DA’VOGARGA QAYTARISh 287-modda. Yo‘qolgan mol-mulkni qaytarish Jinoyat sodir etilishi natijasida jabrlanuvchi yoki yuridik shaxsning yo‘qolgan va ashyoviy dalil deb e’tirof etilgan mol-mulki egasiga qaytarilishi lozim. Jabrlanuvchi vafot etgan taqdirda uning mol-mulki merosxo‘rlariga, tugatilgan yuridik shaxsning mol-mulki esa, uning huquq vorisiga o‘tkaziladi.
Egasini aniqlab bo‘lmagan mol-mulk davlat egaligiga o‘tkaziladi.
Mol-mulkni qaytarib berish yoki uni davlat egaligiga o‘tkazish sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi yoki tibbiy yo‘sindagi majburlov choralarini qo‘llash to‘g‘risidagi ajrimiga asosan, ish tugatilganda esa, surishtiruvchining, tergovchining qarori yoki sudning ajrimiga ko‘ra amalga oshiriladi.
288-modda. Mol-mulk qiymatini undirib berish to‘g‘risida da’vo mavjud bo‘lgan taqdirda uning bundan buyon kimga tegishli bo‘lishini belgilash Jinoyat sodir etilishi natijasida mahrum bo‘lingan va ish bo‘yicha ashyoviy dalil deb e’tirof etilgan mol-mulkning mulkdori yoki qonuniy egasi bu mol-mulkdan voz kechsa va uning qiymatini undirib berish to‘g‘risida fuqaroviy da’vo qo‘zg‘atsa, sud mol-mulkdan voz kechishni asosli deb topib, fuqaroviy da’voni qanoatlantirgan holda mol-mulkni mahkumga yoki fuqaroviy javobgarga beradi.
Sud mol-mulkdan voz kechishni asossiz deb topsa, da’voni qondirmaydi yoki qisman qondirib, qaytariladigan mol-mulkning qiymati qanchaga pasaygan bo‘lsa, shu summani yoxud tovar ko‘rinishini yo‘qotganligi sababli ta’mirlashga qilinadigan chiqim summasini va tovonini jabrlanuvchi yoki fuqaroviy da’vogar foydasiga undirib beradi. Mol-mulkning dastlabki va keyingi qiymati hamda tovar ko‘rinishini yo‘qotganlik uchun tovon puli mutaxassis yoki ekspert ishtirokida aniqlanadi, ta’mirlash qiymati esa, ta’mirlashni amalga oshirayotgan korxona bergan hujjat asosida aniqlanadi.