77-modda. Jamoat birlashmasi yoki jamoa vakilining ishda ishtirok etishiga monelik qiladigan holatlar Jamoat ayblovchisi, jamoat himoyachisi va jamoat birlashmasi yoki jamoaning boshqa vakillari ushbu Kodeksning 76-moddasida nazarda tutilgan holatlar mavjud bo‘lgan taqdirda ishda ishtirok etishga haqli emaslar va rad qilinishlari lozim.
78-modda. Ekspertning, mutaxassisning, tarjimonning, xolisning ishda ishtirok etishiga monelik qiladigan holatlar Ekspert, mutaxassis, tarjimon, xolis ushbu Kodeksning 76-moddasida nazarda tutilgan holatlar mavjud bo‘lgan taqdirda, shuningdek ishda ishtirok etayotgan shaxslardan birortasiga xizmat yuzasidan yoki boshqa jihatdan tobe bo‘lsa, jinoyat ishini yuritishda ishtirok etishga haqli emas va rad qilinishi lozim.
Bundan tashqari, basharti ekspert, mutaxassis, tarjimonning o‘z kasbiga noloyiqligi ayon bo‘lib qolsa, xolislar esa, ichki ishlar organi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati, prokuratura, adliya yoki sud xodimi bo‘lsalar, rad qilinishlari lozim.
Materiallari ishning qo‘zg‘atilishiga asos bo‘lgan taftish yoki o‘zga idoraviy tekshiruv o‘tkazgan shaxs ushbu ishda ekspert yoki mutaxassis sifatida ishtirok etishga haqli emas.
Ishda mutaxassis sifatida ishtirok etgan shaxs kelgusida ushbu ish bo‘yicha ekspert qilib tayinlanishi mumkin.
79-modda. Himoyachining, jabrlanuvchi, fuqaroviy da’vogar yoki fuqaroviy javobgar vakilining ishda ishtirok etishiga monelik qiladigan holatlar Himoyachi, shuningdek jabrlanuvchining, fuqaroviy da’vogarning yoki fuqaroviy javobgarning vakili quyidagi hollarda jinoyat ishini yuritishda ishtirok etishga haqli emas, basharti u:
1) ilgari shu ish bo‘yicha sudya, xalq maslahatchisi, prokuror, tergovchi, surishtiruvchi tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organning mansabdor shaxsi, sud majlisining kotibi, guvoh, ekspert, mutaxassis, tarjimon yoki xolis sifatida ishtirok etgan bo‘lsa;
2) ushbu ishning tergovida yoki sudda ko‘rilishida ishtirok etgan yoxud ishtirok etayotgan sudya, prokuror, tergovchi, surishtiruvchi yoki sud majlisining kotibi bilan qarindoshlik munosabatida bo‘lsa yoxud yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida u bilan bitim tuzgan protsess ishtirokchisining manfaatlariga manfaati qarama-qarshi bo‘lgan shaxs bilan qarindoshlik munosabatida bo‘lsa;
3) sudya, prokuror, tergovchi, surishtiruvchi lavozimida bo‘lsa, quyidagi hollar bundan mustasno: basharti u muomalaga layoqatsiz shaxslarning vakili bo‘lsa yoki o‘zi ishlaydigan va fuqaroviy da’vogar deb e’tirof etilgan yoki fuqaroviy javobgar tariqasida ishga jalb qilingan muassasaning vakili sifatida qatnashsa;
4) o‘z himoyasidagi gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining yoki o‘zi vakillik qilayotgan jabrlanuvchining, fuqaroviy da’vogarning, fuqaroviy javobgarning manfaatlariga manfaati qarama-qarshi bo‘lgan shaxsga yuridik yordam ko‘rsatayotgan yoki muqaddam shunday yordam ko‘rsatgan bo‘lsa.