UChINChI BO‘LIM
DALILLAR VA ISBOT QILINIShI LOZIM BO‘LGAN HOLATLAR 8-bob. DALILLAR 81-modda. Dalillarning turlari Ijtimoiy xavfli qilmishning yuz bergan-bermaganligini, shu qilmishni sodir etgan shaxsning aybli-aybsizligini va ishni to‘g‘ri hal qilish uchun ahamiyatga molik boshqa holatlarni surishtiruvchining, tergovchining va sudning qonunda belgilangan tartibda aniqlashiga asos bo‘ladigan har qanday haqiqiy ma’lumotlar jinoyat ishi bo‘yicha dalil hisoblanadi.
Bu ma’lumotlar guvohning, jabrlanuvchining, gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining ko‘rsatuvlari, ekspertning xulosasi, ashyoviy dalillar, ovozli yozuvlar, videoyozuvlar, kinotasvir va fotosuratlardan iborat materiallar, tergov va sud harakatlarining bayonnomalari va boshqa hujjatlar bilan aniqlanadi.
Agar tezkor-qidiruv tadbirlarining natijalari faqat qonun talablariga muvofiq olingan bo‘lsa, ushbu Kodeks normalariga muvofiq tekshirilgan va baholanganidan keyin hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining yoki tezkor-qidiruv tadbirida ishtirok etgan boshqa shaxslarning harakatlariga bog‘liq bo‘lmagan holda shaxsda jinoyat sodir etish uchun shakllangan qasd mavjud bo‘lganligidan dalolat bersa, ushbu natijalar dalil sifatida tan olinishi mumkin.
82-modda. Ayblash va hukm qilish uchun asoslar Ishni ayblov xulosasi yoki ayblov dalolatnomasi bilan sudga yuborish va ayblov hukmi chiqarish uchun quyidagilar isbotlangan bo‘lishi kerak:
1) jinoyat obyekti; jinoyat tufayli yetkazilgan ziyonning xususiyati va miqdori, jabrlanuvchining shaxsini tavsiflovchi holatlar;
2) sodir etilgan jinoyatning vaqti, joyi, usuli, shuningdek Jinoyat kodeksida ko‘rsatib o‘tilgan boshqa holatlari; qilmish va ro‘y bergan ijtimoiy xavfli oqibatlar o‘rtasidagi sababiy bog‘lanish;
3) jinoyatning ushbu shaxs tomonidan sodir etilganligi;
4) jinoyat to‘g‘ri yoki egri qasd bilan yoxud beparvolik yoki o‘z-o‘ziga ishonish oqibatida sodir etilganligi, jinoyatning sabablari va maqsadlari;
5) ayblanuvchining, sudlanuvchining shaxsini tavsiflovchi holatlar.