94-modda. Dalillarni tekshirish Ish bo‘yicha qabul qilinadigan qaror sinchkovlik bilan, to‘la, har tomonlama va xolisona tekshirilgan dalillargagina asoslangan bo‘lishi lozim. Tekshiruv qo‘shimcha dalillarni to‘plashdan iborat bo‘lib, ular tekshirilayotgan dalillarni tasdiqlashi yoki rad etishi mumkin.
95-modda. Dalillarga baho berish Surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sud ishdagi barcha holatlarni sinchkovlik bilan, to‘la, har tomonlama va xolisona ko‘rib chiqishga asoslangan holda qonunga va huquqiy ongga amal qilib o‘zlarining ichki ishonchlari bo‘yicha dalillarga baho beradilar. Har bir dalil ishga aloqadorligi, maqbulligi va ishonchliligi nuqtai nazaridan baholanishi lozim.
Dalillar jinoyat ishi uchun ahamiyatli bo‘lgan mavjud holatlar haqidagi xulosalarni tasdiqlovchi, rad etuvchi yoki shubha ostiga oluvchi faktlar yoki narsalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni aks ettirgan taqdirdagina ishga aloqador deb e’tirof etiladi.
Dalillar belgilangan tartibda to‘plangan va ushbu Kodeksning 88, 90, 92 — 94-moddalarida nazarda tutilgan shartlarga muvofiq bo‘lsagina, ular maqbul deb e’tirof etiladi.
Tekshiruv natijasida haqiqatga muvofiq ekanligi aniqlangan dalillar ishonchli deb hisoblanadi.
Isbotlanishi kerak bo‘lgan barcha va har bir holatning haqiqiyligini so‘zsiz tasdiqlovchi ishga oid barcha ishonchli dalillar to‘plangan bo‘lsa, ularning jami ishni hal qilish uchun yetarli deb hisoblanadi.
951-modda. Dalillarning maqbul emasligi Agar faktik ma’lumotlar qonunga xilof usullar orqali yoki jinoyat protsessi ishtirokchilarini qonun bilan kafolatlangan huquqlaridan mahrum qilish yoki bu huquqlarni cheklash yo‘li bilan yoxud ushbu Kodeks talablari buzilgan holda olingan bo‘lsa, shu jumladan:
1) jinoyat protsessi ishtirokchilariga yoki ularning yaqin qarindoshlariga nisbatan qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llagan holda;
2) ularni soxtalashtirish (qalbakilashtirish) yo‘li bilan;
3) gumon qilinuvchining, ayblanuvchining yoki sudlanuvchining himoyaga bo‘lgan huquqlari, shuningdek tarjimon xizmatlaridan foydalanish huquqi buzilgan holda;
4) jinoyat ishi bo‘yicha protsessual harakatning mazkur jinoyat ishini yuritishni amalga oshirish huquqiga ega bo‘lmagan shaxs tomonidan bajarilishi natijasida;
5) noma’lum manbadan yoxud jinoyat ishini yuritish jarayonida aniqlash mumkin bo‘lmagan manbadan;
6) jabrlanuvchi, guvoh, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchining surishtiruvdagi, dastlabki tergovdagi sudda dalillar majmui bilan o‘z tasdig‘ini topmagan ko‘rsatuvlaridan olingan bo‘lsa, ular dalil sifatida maqbul emas deb topiladi.
Faktik ma’lumotlardan dalil sifatida foydalanishning maqbul emasligi tergovga qadar tekshiruvni amalga oshirayotgan organning mansabdor shaxsi, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sudning o‘z tashabbusi bilan yoki ishtirokchilarning iltimosnomasi bo‘yicha aniqlanadi. Tergovga qadar tekshiruvni amalga oshirayotgan organning mansabdor shaxsi, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sudya dalillarning maqbul emasligi to‘g‘risidagi masalani hal qilayotganida har bir holatda yo‘l qo‘yilgan buzilish nimada aniq ifodalanganligini aniqlab olishi va asoslantirilgan qaror qabul qilishi shart.
Guvoh, jabrlanuvchi, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchidan ushbu Kodeks normalari buzilgan holda olingan ko‘rsatuvlardan, ekspert xulosasidan, ashyoviy dalillardan, audio-, videoyozuvlardan va boshqa materiallardan dalil sifatida foydalanish taqiqlanadi.