10-bob. SO‘ROQ QILIShNING UMUMIY QOIDALARI
96-modda. So‘roq qilish joyi
Surishtiruvchi yoki tergovchi guvohni, jabrlanuvchini, gumon qilinuvchini va ayblanuvchini surishtiruv, dastlabki tergov o‘tkaziladigan joyda yoki so‘roq qilinuvchi qayerda bo‘lsa, o‘sha joyda, sud esa sud muhokamasi yuritilayotgan joyda so‘roq qiladi.
97-modda. So‘roq qilish uchun chaqiruv
Guvoh, jabrlanuvchi, shuningdek ozodlikda yurgan gumon qilinuvchi, ayblanuvchi va sudlanuvchi surishtiruvchiga, tergovchiga, prokurorga va sudga chaqiruv qog‘ozi bilan chaqiriladi. Chaqiruv qog‘ozi pochta orqali jo‘natiladi yoki chopar orqali topshiriladi. Chaqiruv telefonogramma, telegramma, radiogramma bilan yoki telefaks orqali ham bo‘lishi mumkin.
Chaqiruv qog‘ozida shaxs kim sifatida, qaysi manzilga va kimning huzuriga chaqirilayotganligi, qaysi kunda va qaysi soatga kelishi kerakligi, shuningdek uzrsiz sabablarga ko‘ra kelmay qolgan taqdirda qanday oqibatlar ro‘y berishi ko‘rsatilgan bo‘lishi lozim.
Chaqiruv qog‘ozi chaqiriluvchiga topshirilib, tilxat olinadi. Chaqiruv qog‘ozi olib borilganda chaqiriluvchi vaqtincha yo‘q bo‘lsa, unga berib qo‘yish uchun chaqiruv qog‘ozi u bilan birga yashovchi voyaga yetgan oila a’zolaridan biriga, yotoqxona ma’muriyatiga, uy egasiga yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi vakiliga topshirilib, tilxat olinadi.
Qamoqda saqlash joylarida, reabilitatsiya markazlarida, jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan shaxslar so‘roq qilish uchun mazkur joylar va muassasalarning ma’muriyati orqali chaqirtiriladi.
98-modda. So‘roq qilinuvchining shaxsini aniqlash
Surishtiruvchi, tergovchi va sud so‘roq qilish oldidan so‘roq qilinuvchidan uning familiyasi, ismi va otasining ismini, tug‘ilgan vaqti (yili, oyi, kuni) va tug‘ilgan joyini, yashash joyi va ish joyini, mansabi, mashg‘ulot turi, ma’lumoti, oilaviy ahvolini, sudlanganligi yoki sudlanmaganligini aniqlashi hamda bu ma’lumotlarni jinoyat ishidagi yoki so‘roq qilinuvchining shaxsiy hujjatlaridagi ma’lumotlar bilan solishtirib ko‘rishi yoxud so‘roq qilinuvchi o‘zini kim deb tanishtirgan bo‘lsa, aynan o‘sha shaxs ekanligiga boshqa yo‘llar bilan ishonch hosil qilishi lozim.
Dostları ilə paylaş: |